Xalq xotirasi yashayotgan go'shalar
Muzey — tarix ko'zgusi. O'tmish va kelajakni bog'laydigan ushbu muqaddas maskanlar orqali xalqimizning ko'p asrlik boy tarixi bilan tanishamiz. Muzeylardagi har bir eksponat ajdodlarimiz hayoti, yashash tarzi, mehnat faoliyati, madaniyati va san'ati haqida so'zlaydi.
Bugungi kunda yurtimizda 130 ga yaqin muzey faoliyat olib bormoqda. Ma'lumotlarga qaraganda, ularda saqlanayotgan eksponatlar soni 2,17 milliondan ko'proq. Shu o'rinda o'z faoliyatini namunali yo'lga qo'ygan o'nlab muzeylarni sanab o'tish mumkin. Masalan, Saviskiy nomidagi Qoraqalpog'iston davlat san'at muzeyi respublikamizdagi eng yirik san'at maskanlaridan biri hisoblanadi. Nukus shahrida joylashgan bu muzey 1969 yilda tashkil topgan bo'lib, 1984 yildan buyon I.V.Saviskiy nomi bilan ataladi. Muzeyga taniqli etnograf va restavrator Igor Saviskiyning sa'y-harakatlari hamda u to'plagan qoraqalpoq xalq amaliy san'ati asarlari negizida asos solingan. Muzey zallarini aylanar ekanmiz, qoraqalpoq xalqining yaqin o'tmishdagi hayoti, go'zal san'ati va orzu-armonlari bilan yuzma-yuz kelganday bo'lamiz.
Albatta, O'zbekistonda bunday qutlug' maskanlar juda ko'p. O'zbekiston amaliy san'at muzeyi, Samarqanddagi “Afrosiyob” muzeyi hamda Termiz arxeologiya muzeyi shular jumlasidandir.
Hozirgi kunda yurtimizning barcha viloyatlarida hudud tarixi, madaniyati va san'atini aks ettiruvchi muzeylar faoliyati samarali yo'lga qo'yilgan. Bu esa, bir tomondan, mahalliy aholining madaniy ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, mamlakatimizga tashrif buyurayotgan xorijiy sayyohlar safi yildan-yilga kengayib borayotganini e'tiborga olgan holda, ularga qo'shimcha qulayliklar yaratish imkonini bermoqda.
Biz yaqinda Angren shahridagi O'lkashunoslik muzeyi faoliyati bilan atroflicha tanishdik. Ushbu muzey 1960 yil 21 sentyabrda “Sosgorod” posyolkasida tashkil topgan. 1972 yilda esa yangi, moslashtirilgan binoga ko'chirilgan. 2019 yil 19 avgustda shahar hokimining qarori bilan unga “Angren shahar tarixi muzeyi” nomi berildi. Muzey hozirgi kunda uchta — tabiat, tarix va san'at bo'limlaridan iborat.
Ayni paytda 25 nafar xodim faoliyat yuritayotgan bu maskanda 35 mingdan ortiq eksponat saqlanmoqda. Muzeyning tarix bo'limidan o'rin olgan eksponatlarda “Sosgorod” posyolkasining tashkil etilishidan tortib, Angrenning zamonaviy shaharga aylanishi va hozirgi kungacha bo'lgan rivojlanish davri hikoya qilinadi.
Muzeyga tashrif buyurganlar sanoat xomashyosi bo'lgan ko'mir konining ochilishi va u yerda olib borilgan dastlabki ishlar bilan batafsil tanishishlari mumkin. Albatta, o'tgan asrning 60-yillarida ko'mir qazib chiqarish oson kechmagan. Tomoshabinlar texnika rivojlangan keyingi yillarda ishlab chiqarish sifati va samaradorligi ortib borganini muzeydan joy olgan suratlar hamda boshqa noyob eksponatlar orqali yaqqol bilib oladilar.
Angren issiqlik elektr stansiyasi (IES) ham shahardagi yirik sanoat korxonalaridan biridir. Korxonaga tamal toshi qo'yilgan davrdan boshlab to shu kungacha, ya'ni u yirik ishlab chiqarish majmuasiga aylangunga qadar ishchilar tomonidan qanchalik fidokorlik va jasorat ko'rsatilgani muzey eksponatlarida batafsil aks ettirilgan.
Angren — tog'li hududda joylashgan so'lim go'shalarimizdan biri. Shuning uchun ham bu yerda o'nlab sanatoriy va dam olish maskanlari xalqimizga xizmat qilib kelmoqda. Dam oluvchilar muzeyga tashrif buyurib, Angrenning o'ziga xos go'zal tabiati, nabotot va hayvonot olami bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo'ladilar.
Shahar yildan-yilga rivojlanib, ishlab chiqarish sur'atlari oshib, aholining moddiy farovonligi yuksalib borayotgan ko'rkam maskanga aylanmoqda. Shu bilan birga, bu yerda san'at va madaniyat ham izchil taraqqiy etyapti.
Muzey ekspozitsiyalarida nafaqat kechagi kun tarixi, balki bugungi kun qahramonlari — madaniyat va san'at sohasida astoydil izlanib, yuksak natijalarga erishayotgan zamondoshlarimiz hayoti ham keng yoritilgan. Muzeyga tashrif buyuruvchilar ular haqida ham yetarlicha ma'lumot olishlari mumkin. Muzey jamoasi xalqimizning ma'naviy olamini yuksaltirish yo'lida xizmat qilayotganidan mamnun.
Dinara ELChIYEVA,
Pedagogika fanlari bo'yicha
falsafa doktori (PhD), dotsent.
