Umr o'tmoqdadir, umr o'tmoqda…

Radio yoki televidenieda Faxriddin Umarov qo'shiqlari yangrasa, befarq eshita olmayman. Biror yumush bilan ketayotgan bo'lsam, to'xtab quloq tutaman. Qo'shiq tugaganidan keyin ham bir necha daqiqa uning ohangi og'ushida sehrlanib turaman. Nega shunday ekanini ko'p o'ylayman.

Axir qanchadan-qancha mashhur san'atkorlarning qo'shiqlarini maroq bilan tinglayman. Ammo Faxriddin Umarov ijrosidagi qo'shiq yangraganda undan uzilib ketishim juda qiyin bo'ladi. Hatto kun bo'yi shu qo'shiq bilan birga yashayman, xirgoyi qilib yuraman. Buning sirini esa otam — Xudoyberdi boboning bir hikoyasidan topganday bo'ldim.

Otamning hikoya qilishlaricha, 1961 yilning fevral oyida (o'sha paytda Qashqadaryo viloyati Surxondaryo viloyati tarkibida bo'lgan) Termiz shahrida yil yakuniga bag'ishlangan qurultoy o'tkazilgan. Qatnashchilar Qarshi shahridan yuk mashinasida yo'lga chiqishgan. Ular orasida otam ham bo'lgan ekan.

Qurultoy so'ngida, albatta, konsert qo'yilgan. Buni qarangki, Termizdagi qurultoyga Faxriddin Umarov taklif etilgan ekan.

Ulug' hofiz savlat bilan sahnaga chiqib kelganida, odamlar uni gulduros qarsaklar bilan qarshi olishgan. Faxriddin Umarovning sohir ovozi zal bo'ylab yangraganda esa tomoshabinlar bu sehrdan, bu betakror ohangdan shunchalar sel bo'lishganki, otam bu voqeani yillar o'tib ham maroq bilan so'zlab berardi.

Tomoshabinlar hofizni ketgani qo'yishmabdi. Qarsaklar tinmagach, u yana sahnaga chiqib, qo'shiq kuylabdi. Shu oqshom Faxriddin Umarov 23 ta qo'shiq aytgan ekan.

Ammo otam hikoyasining men uchun eng qiziq, eng ta'sirli joyi hali oldinda.

Otam Termizdan uyga qaytganlarida, o'g'il farzand dunyoga kelibdi. Otam: “O'g'limning ismi Faxriddin bo'ladi”, degan ekanlar. O'sha chaqaloq men edim. Mening ismim ulug' hofiz Faxriddin Umarovga ixlosi baland otam tomonidan uning sharafiga qo'yilganidan doim g'ururlanib yuraman. Bugun Faxriddin Umarov qo'shiqlarini tinglaganimda yuragimning boshqacha ura boshlashiga ham, ehtimol, shu taqdir sababdir.

Chunki bolalik paytlarimda otam Faxriddin Umarov qo'shiqlarini tinglayotganda men u kishining yonida ko'p bora bo'lganman. Garchi qo'shiqning ma'nosini tushunmasam-da, ohang ongu shuurimga singib borgan. Bolalik tasavvurlarim shu kuy va shu ohanglar og'ushida shakllangan.

Otam rahmatli Faxriddin Umarovning plastinkalarini yig'ib yurar, ularni ko'z qorachig'idek asrar edilar. Har tong uyimizning ochiq derazasidan Faxriddin Umarovning Bobur g'azali bilan aytiladigan qo'shig'i yangrab turardi.

Otam shu qo'shiq yangraganda ko'zlarini yumib olardilar. Qo'shiq tugagachgina ko'zlarini ochardilar:

Oyog'im yetgancha Boburdek ketar erdim,

netay,

Sochining savdosi tushti boshima

boshtin yana…

Bu qo'shiq yangraganda otam mahzun bo'lib qolardilar. Gohida ko'zlarida yosh ko'rardim. Negaligini esa so'rashga botina olmasdim.

Otam juda qattiqqo'l odam edilar. Shuning uchun plastinkalariga ham qo'l tekkiza olmasdik. Faqat o'zlari qo'shiqni qo'yganlarida eshitardik, xolos.

U paytlarda “sotka” degan matohlar yo'q edi, albatta. Televizor ham bitta kanaldan, faqat kunduzi ko'rsatuv berardi. Agar radio orqali sevimli hofiz qo'shig'i yangrasa, hamma ishlarni qo'yib tinglardik. Bu biz uchun eng baxtiyor onlar hisoblanardi.

Balki, bolalikning eng katta baxti ham shunda edi: bir qo'shiq, bir oila, bir xonadon va qalbga singib ketgan bir ohang…

Yillar o'tdi. Bolalik ortda qoldi. Ammo o'sha ohanglar qalbdan bir umr joy oldi.

Keyinchalik Faxriddin Umarov qo'shiqlariga butunlay mahliyo bo'lib qoldim. “Ey, muhabbat”, “Hargiz iltimosga kuning qolmasin”, “Onam derman”, “Umr o'tmoqdadir” kabi qo'shiqlarini butun vujudim bilan tinglardim.

Qo'shiqlar shunchalik keng va shirali ovozda ijro etilardiki, qalb bu ohangdan to'yar, vujud qoniqar, ongu shuur esa bezanardi. Ammo ohanglar orasida qandaydir dard borligini hamisha sezib turardim.

Bu dard nimadan ekanini keyinchalik izladim. Topdim. Bu — Faxriddin Umarovning go'dakligi, bolaligi oson kechmagani bilan bog'liq dard edi. Mash'um davrning qatag'on mashinasi ularni ham chetlab o'tmagan. Hofizning otasi — Aslpo'lat ota oilasi 1931 yilda Ukraina zaminiga surgun qilingan. Yosh Faxriddin 6 yoshida begona yurtda, Vatandan ayri zaminda sarosar yashagan.

Shunda men yana bir haqiqatni anglagandek bo'ldim: ayrim qo'shiqlar shunchaki kuylanmaydi. Ular insonning boshidan kechirgan umri, ko'rgan azobi, sog'inchi va dardi bilan tug'iladi. Shuning uchun ham ular yillar o'tsa-da, qalbdan qalbga ko'chib yuraveradi.

Faxriddin Umarovning ovozidagi dardni, ehtimol, shu bois bolaligimdan his qilganman. Chunki men bu ohanglarni shunchaki eshitib ulg'aymaganman. Men ular bilan birga o'sganman. Otamning qo'ynida, radiodan taralayotgan hofiz ovozi og'ushida, hali dunyoni anglamagan bolalik yillarimni o'tkazganman. Shuning uchun ham bu qo'shiqlar men uchun oddiy qo'shiq emas. Ularda otam bor. Ularda mening bolaligim bor. Ularda otamning ko'zlaridagi sirli yosh bor. Ularda Vatandan ayrilgan bolaning, mash'um davrning iztiroblari bor.

Ehtimol, men Faxriddin Umarovning “Esiz, bolalikni qoldirib ortda, umr o'tmoqdadir, umr o'tmoqda” qo'shig'ini eshitganimda bir zum beg'ubor bolaligimga qaytarman. O'sha bolalikning bir parchasi hali ham o'sha ohanglarda yashab kelayotgandir…

Urushdan so'ng hofiz oilasi bilan Vatanga qaytdi. Uning qonida san'atga muhabbat bor edi. Bu muhabbat otasi — Aslpo'lat otadan o'tgan edi. Otasi dutorni shunday kelishtirib chalardiki, eshitganlar beixtiyor lol bo'lib qolishardi. Shundan bo'lsa kerak, hofiz: “Eng birinchi ustozim — padari buzrukvorim, undan qolgan menga shu dutorim”, deb bot-bot takrorlar edi.

Faxriddin Umarovning ilk qo'shiqlari, sahna, muxlislar, olqishlar… Bular yil sayin hofizni mashhurlik shohsupasi sari chorlardi. Ammo san'atkor uchun mashhurlikning o'zi kifoya emas edi. U qo'shiqning mazmuniga, so'zning qudratiga alohida e'tibor berardi. “San'atkor uchun muhim jihat — she'r tanlash va uni dona-dona qilib, muxlisga yetkazish. Muxlis shu so'zlar mag'zini chaqsin, faqat ohangga mahliyo bo'lib qolmasin”, der edi hofiz.

Bu fikrni buyuk hofizga 37 yil hamnafas bo'lgan shogirdi Hojiakbar Hamidov ham tasdiqlaydi.

— Ustoz faqat shirali ovoz va mashhur qo'shiqlar ijrochisi emas, balki ma'naviyati yuksak, hayotni chuqur anglab yetgan inson edi, — dedi Hojiakbar Hamidov. — U o'z Vatanini, xalqni, muxlislarni juda sevar, hurmat qilar edi. “Insoniylik har nedan ulug'”, der edi. O'zlari ham nodir fazilat sohibi edi. Bu uni bir umr el ardog'ida bo'lishiga, odamlar qalbida yashashiga olib keldi.

Ulug' hofizning qo'shiqchi bo'lib elga tanilganidan keyingi hayoti ham bir tekis kechmadi. Mevali daraxtga tosh otishadi, deganlaridek, hofizni orqavoratdan g'iybat qiluvchilar, uning nomiga dog' tushirishga intiluvchilar ko'paydi. Chunki hofiz to'g'riso'z, haqiqatni ochiq aytadigan, halol yo'ldan yuradigan inson edi. Bunday fazilatli kishilarni esa hamma ham xush ko'ravermaydi.

O'sha zamon laganbardor, boshliq oldida doim ta'zimda yuradigan kishilarga kulib boqardi. Bunday pastkashliklarni hofiz yoqtirmasdi, mayda-chuyda gaplarga parvo ham qilmasdi. Chunki g'iybatu bo'htonlar unga tegishli emas edi.

Baribir ularning asorati sezildi. Undan “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist” unvonini qaytarib olishdi. Sha'niga nojoiz gaplar bilan matbuotda tanqidlar qilishdi. Hofiz bunga ham parvo qilmadi.

“Menga qancha ko'p tosh otishsa, tosh oyog'im ostiga tushib, meni balandga ko'taraveradi”, der edi ulug' san'atkor.

Vaqt — odil hakam. Oltin-u javohirlar tuproq ostida yotsa ham, asl holida turadi. Artsangiz, yana yaraqlaydi. Asossiz qoralashlar faqat o'sha davrga va bir guruh kishilarga xizmat qiladi. Haqiqiy iste'dod esa hech qachon yo'qolmaydi.

Buni Faxriddin Umarov qo'shiqlarining barhayotligi misolida yaqqol ko'rib turibmiz. Unga mustaqillik yillarida “O'zbekiston xalq hofizi” unvoni berilgani ham tasdiqlaydi. Zero, yillar o'tadi, zamonlar o'zgaradi, ammo xalq qalbidan joy olgan haqiqiy san'at va uning sohiblari xotirasi hech qachon unutilmaydi.

Shu o'rinda padari buzrukvorim — Xudoyberdi bobo hikoyasiga yana bir bor qaytishga to'g'ri keladi. Qarang, otam o'z farzandiga — ya'ni menga mashhur hofiz ismini qo'yganiga ham necha-necha qovun pishig'i o'tib ketdi. Vaqt esa sarakni sarakka, puchakni puchakka ajratdi. Kimdir yillar bilan birga nomini ham qoldirmay o'tdi, kimdir esa bir avlodning emas, bir necha avlodning xotirasiga aylandi.

Hartugul, shunday ulug' ism hurmati, shunday buyuk san'atkor xotirasi oldidagi qarz tuyg'usi meni ushbu maqolani yozishga undadi. Chunki ulug' insonlarni yod etish uchun hech qachon kech bo'lmaydi. Zotan, xotira bor ekan, aytiladigan so'z ham, yangraydigan qo'shiq ham, qalbda yashaydigan ism ham hech qachon qadrini yo'qotmaydi.

Faxriddin BOZOROV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + 4 =