Darslik quvvati bilan yozilgan monografiya

Badiiy asarlarni tanlab, mazmun-mohiyatini teranroq anglagan holda mutolaa qilishda adabiyotshunoslarning darslik, monografiya va maqolalari g'oyat muhim o'rin tutadi. Biz yoshligimizda badiiy asarlar bilan bir qatorda Izzat Sulton, Vohid Abdullayev, Matyoqub Qo'shjonov, Aziz Qayumov, Laziz Qayumov, Salohiddin Mamajonov, Botirxon Valixo'jayev, Baxtiyor Nazarov, Naim Karimov, To'ra Mirzayev, Ne'matulla Ibrohimov, Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov, Suyima G'aniyeva, Ibrohim G'afurov, Abdug'afur Rasulov, Hotam Umurov, Sanjar Sodiq kabi adabiyotshunos olimlarning adabiy kitoblari va maqolalarini qunt bilan o'qib ulg'ayganmiz. So'nggi o'n yilliklar mobaynida esa Shuhrat Sirojiddinov, Nurboy Jabborov, Hamidulla Boltaboyev, Dilmurod Quronov, Bahodir Rahmonov, Suvon Meli, Sultonmurod Olim, Bahodir Karim, Abdulla Ulug'ov, Uzoqboy Jo'raqulovlar kabi olimlar tomonidan yozilgan adabiy-tahliliy maqolalar, kitoblarni e'tibor bilan kuzatib boramiz.

Bunday tahliliy asarlarning ikkita muhim jihati bor. Birinchidan, olimlar tahlil etgan badiiy asarlarni keyinchalik tamomila o'zgacha nigoh bilan mutolaa qilasiz. Ikkinchidan, yozuvchi va shoirlar, ayniqsa, yosh ijodkorlar ulardan o'zi uchun tegishli xulosa chiqaradi, haqiqiy saboq oladi!

O'ttiz besh yillar burun ba'zi ijodkorlar orasida shunday gap yurardi: “Men yozayotgan paytimda yelkam osha Ozod Sharafiddinov kuzatib turganga o'xshaydi!..”

Bu, bir tomondan, qalamkashning o'ziga bo'lgan talabchanligi ifodasi bo'lsa, ikkinchi tomondan, adabiyotshunos olimga bo'lgan yuksak e'tibor va e'tirof edi. Chindan ham, o'sha davr yozuvchi-shoirlari biror asar yozsa, “bunga Ozod Sharafiddinov qanday munosabat bildirar ekan?” deb o'ylashining o'zi katta bir maktab edi.

Xo'sh, hozirgi paytda ham ijodkorlar va adabiyotshunos olimlar o'rtasida shunday rishtalar mavjudmi? Biror she'r, hikoya yoki qissa yozayotgan ijodkor qaysi munaqqidning “elkasi osha kuzatib turgani”ni his etadi? Nazarimda, bugun ham ana shunday tuyg'ular og'ushida ijod qilayotganlar kam emas. Ancha-muncha yozuvchi-shoirlar yangi asari haqida filologiya fanlari doktori, professor Dilmurod Quronovning fikrlarini bilishni istaydi.

Bu fidoyi adabiyotshunos olimning 2010-2019 yillarda chop etilgan “Adabiy jarayonda “Mom sindromi”, “Mutolaa va idrok mashqlari”, “Zavqimdan bir shingil”, “Talqin imkonlari”, “Adabiy o'ylar”, “Nazariy qaydlar”, “Adabiyot va b. haqida” deb nomlangan kitoblarini ham qiziqish bilan mutolaa qilganmiz. Shuningdek, uning qator monografiya, darslik va qo'llanmalaridan, xususan, “Adabiyotshunoslik lug'ati”dan unumli foydalanib kelyapmiz.

Adabiyotshunos olimning navbatdagi kitobi “Abdulla Qodiriy ijodi masalalari” deb nomlangan monografiya bo'ldi. Muallif so'zboshi o'rnida shunday yozadi:

“Ehtimol, ko'zingiz tushgan hamdir, bir vaqtlar “Ilk o'qigan kitobim “O'tkan kunlar” bo'ladi, desam, hozir o'zimga ham yolg'onga o'xshaydi. Lekin haqiqatda shunday bo'lgan”, deb yozganim bor. Xuddi shunday, murg'ak vaqtimda yaqinlarimdan yuqtirganim — Qodiriyga mehr umr bo'yi meni tark etmay, bil'aks, yildan yilga o'zim bilan baravar ulg'ayib kelmoqda. Faqat bu mehrda endi anglanganlik salmoqliroq… Beixtiyor bolalikdagi beg'ubor tuyg'uni sog'inib ham qolasan kishi, lekin anglashning ham zavqi beqiyos-da. Adabiyot men uchun allaqachon “ish”ga aylanib bo'lganidan, adabiy asar o'qiganingda ham, biron nima yozganingda ham o'zingni nedir majburiyat ostidadek sezasan… Ho' bir vaqtlari his qilganlaringni sog'inasan kishi… Beixtiyor “O'tkan kunlar”ni yo “Mehrobdan chayon”ni varaqlay boshlaysan — ortga qaytgandek, o'sha hislarni ko'ngildan kechirgandek, qoniqish his qilgandek bo'lasan. Ular haqida biror narsa qoralasang ham… Shu tariqa ancha-muncha narsa yozib ham qo'yibman, bor bisotimni umumlashtirib, butunroq bir narsa qilgim keldi…”

Taniqli adib O'tkir Hoshimovning “Roman quvvati bilan qissa, qissa quvvati bilan hikoya yozish kerak”, degan sabog'i bor. Shu nuqtai nazardan qaralsa, mazkur monografiya darslik quvvati bilan yozilgandek ajib taassurot qoldiradi. Unda buyuk adib Abdulla Qodiriy ijodi atroflicha tadqiq etilgan. Buni “Abdulla Qodiriyning badiiy falsafasi” nomli faslidanoq kuzatish mumkin.

“Bundan chamasi o'ttiz besh yillar avval adabiy davralarning birida gap “Nima uchun o'zbek romanlari jahon miqyosida e'tirof etilmaydi?” degan savol tegrasida aylandi-yu, suhbatdoshlardan biri buni “romanlarimizda falsafaning yo'qligi” bilan izohladi, — deb yozadi muallif. — O'shanda “Axir, masalan, “O'tkan kunlar”da o'ziga xos falsafa bor, faqat bu falsafa, aytaylik, dostoyevskiyona yo tolstoyona mushohadalar tarzida muallif tilidan emas, tasvir vositasida berilgan” qabilida e'tiroz qilgandim. Biroq suhbat muhiti shunday ediki, e'tirozim hech singishmadi, fikrimni o'tkaza olmadim, aniqrog'i, yetkaza olmadim. O'shandan beri shu masalani yoritish istagida yashayman, biroq har gal shu ishga jazm qilganimda o'zimda bir ojizlik, “O'ylaganlarimni ifoda qila olamanmi? Yana o'shandagidek yetkaza olmasam-chi?!” degan hadik-andisha tuyaman-da, paysalga solib kelaman. Vaqt esa ayovsiz o'tib boradi… So'nggi paytlarda “Yaxshidir, yomondir — boricha yozmasam bo'lmaydi!” degan o'y miyamga o'rnashdi…”

Shu tariqa muallif yuqorida bayon etilgan fikrlarini asoslashga va isbotlashga bel bog'lagan. U “O'tkan kunlar” romaniga shunchaki ishqiy-sarguzasht asar sifatida qarash biryoqlamalik ekanini ta'kidlab, “Go'zal va qayg'uli muhabbat tarixi zamirida mutafakkir bir zotning olamu odam mohiyati haqidagi teran mushohadalari, badiiy falsafasi botin” ekanini asoslab beradi. “Adib romanda chuqur dard bilan yoritgan, badiiy idrok etishga intilgan muammo ERK masalasi edi, — deb yozadi muallif. — Hozir jadidlar ijodi haqida so'z borganda ularning markaziy muammosi milliy erk masalasi bo'lganini ta'kidlaymiz. Abdulla Qodiriy chinakam san'atkor va gumanist sifatida bu muammoni juda keng qo'ydi: milliy erk masalasini shaxs erki masalasi bilan chambarchas bog'lab talqin qildi”.

Kitobdan o'rin olgan “Abdulla Qodiriy zamona haqida”, “O'tkan kunlar”ning teran ildizlariga doir”, “O'tkan kunlar”: nashrlar va matniy muammolar”, “Mehrobdan chayon”: nashrlar va matniy muammolar”, “O'tkan kunlar”: reseptiv muammolar” sarlavhali fasllarida ham buyuk adibning o'z zamonasiga munosabati va ma'naviy olami teran tahlil etilgan.

Kitobxonlarga yaxshi ma'lumki, “O'tkan kunlar”da qalamga olingan davrga “tariximizning eng qora, kirlik kunlari” deya ta'rif berilgan. Muallif “bunda na zamonasozlik, na sho'ro mafkurasi ta'siri bor — Abdulla Qodiriy mansub bo'lgan taraqqiyparvar ziyolilar avlodi mazkur zamonga shunday munosabatda bo'lgan” degan fikrni ilgari suradi.

Monografiyadagi tahliliy fikrlar o'quvchini mushohadaga chorlaydi. Negaki, ular zamirida buyuk adib shaxsiyatining yangi qirralari bo'y ko'rsatadi. Quyidagi jumlaga e'tibor bering-a:

“Abdulla Qodiriy “Ravot qashqirlari” filmida milliy turmush manzaralarini suratga olishda yo'l qo'yilgan nuqsonlarga to'xtalarkan, bunday hollardan forig' bo'lish shartini keltiradi: “Menga qolsa, o'zbek davlat kinosini chin muvaffaqiyatga olib boradurg'an narsa mumkin qadar ssenariya yozuvchilarni o'zbeklardan yetishdirish va hozircha bo'lsa ovrupolik ssenaristlar yoniga o'zbeklarni tirkab qo'yish, artist va artistkalarni o'zbeklardan tarbiyalashdir. Chunki o'zbek turmushini mayda-chuydasigacha o'zbek bolasi biladi. O'zbek bo'lmag'ach, har qanday mutaxassisning ham afsona ko'chasiga kirishi aniq va bu holda “o'zbek kinosi”ning ma'nosi ham bo'lmas”1. Ulug' adib fikridagi mantiqqa ko'ra, o'zbek turmushini to'laqonli badiiy aks ettirish uchun “o'zbek turmushini ikir-chikirigacha bilmoq” talab qilinadi, buning uchun esa “o'zbek bolasi” bo'lmoq kerak. Ayni paytda ushbu mantiqni rivojlantirib, o'zbek turmushi tasviridagi nuqsonlarni ko'ra olmoq uchun ham “o'zbek turmushini ikir-chikirigacha biladigan o'zbek bolasi” bo'lmoq kerak, deyish mumkin”.

Mustabid tuzum avji pallasiga chiqayotgan eng mudhish zamonda o'zbek millatining kelajagini o'ylab bu qadar dadil gap aytish katta jasorat edi. Bunday hayotbaxsh fikr boshqa millatga mansub odamdan chiqmasligini izohlashga hojat yo'q. Kitobda buyuk jadid bobomiz, atoqli adib Abdulla Qodiriyning betimsol jasorati shu tariqa yoritilgan. “O'tkan kunlar” ko'z oldimizda yo'qlikka singib borayotgan xalqning o'zligiga doxil urf-odatlar, turmush tarzimiz va e'tiqodimiz bilan bog'liq milliy sajiya, muomala odobi kabi jihatlarni o'zida manguga saqlab qolgan xazina, desak, yanglishmaymiz”, degan xulosaga keladi muallif.

Kitobdagi so'nggi fasl adabiyot ixlosmandlarining dilida jo'sh urib turgan fikrlarga payvastadir. Ya'ni “Qodiriyni qadrlash masalalari” faslida muallif ba'zi kimsalarning Abdulla Qodiriy haqida “Juda oshirib yuborilyaptimi? Maqtovlardan ozroq tiriklarga ham qoldirilsa yaxshimidi? Buncha maqtovga yarasha nimasi bor o'zi, shugina bir romanimi? Jahon mezonlarida qaralsa, ffu…” qabilida valdirab yurishlariga munosib javob qaytaradi.

“Abdulla Qodiriyni, — deb yozadi muallif xulosa o'rnida, — chin dildan qadrlash haqida gap borayotir. Ya'niki adibni butun holicha — betakror san'atkorligi-yu asarlarida oz bo'lsa-da uchrab turadigan g'alizroq o'rinlari, hayot haqiqatiga sodiqligi-yu ba'zan murosasozlikka ham borgani, e'tiqodda sobitligi-yu gohi zamona urfiga ergashib, bobomeros e'tiqodiy masalalarga teginibroq ham ketgani… — xullas, bor holicha qadrlashimiz kerak”.

Monografiyada o'quvchining ma'naviy olamini boyitadigan bunday teran g'oyalar bisyor.

Yaqinda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan ushbu monografiya kitob javonlarimizdan haqli ravishda o'z o'rniga ega bo'ladi, degan umiddamiz.

To'lqin EShBEK,

O'zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a'zosi.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen + sixteen =