“Taroziy toshbaqasi” va metamorfozalar

Metamorfozalar adabiyotda, odatda, tushunarsiz, sirli va mistik narsalarni tasvirlash uchun ishlatiladi. Qadimgi asotirlar, miflar, ertaklar va xalq dostonlari metamorfozalar bilan to'la. U yerda odamlar vafot etadi, qayta tug'iladi, ular dahshatli maxluqlar va hayvonlarga evriladi, so'ng yana odamlarga aylanadi. “Metamorfoza” so'zi istiloh sifatida yunoncha — “o'zgarish” ma'nosini ifodalaydigan ilmiy tushuncha bo'lib, u individual rivojlanish jarayoni (ontogenez)da tana tuzilishining chuqur o'zgarishga yuz tutishini anglatadi.

Metamorfozalar o'simliklarda, hayvonlarda, umuman, tabiatda uchraydigan ilmiy jarayon bo'lib, bu bir shakldan ikkinchi shaklga o'tishni ifodalaydi. Inchunin, metamorfoza jarayoni tufayli qurt kapalakka aylanadi, suvdan tashqarida yashayolmaydigan qurbaqa uvuldiriqlari kattarib, quruqlikka chiqadi va boshqa hayotga moslashadi va hokazo. Endi metamorfoza jarayonining adabiyotda, xususan, adabiy asarlarda, ulardagi obraz va epizodlarda bo'y ko'rsatishining ham o'ziga xos katta tarixi va yo'li bor. Odamzod dunyoqarashi shakllanishining ilk bosqichida voqelikni mifologik talqin qilish va bu jarayonda metamorfozalardan unumli foydalanishga bo'lgan intilishlar silsilasi mifologiya sifatida falsafaning, mifologik obrazlar sifatida esa adabiyotning e'tiborini tortdi. Qahramonlik dostonlari va bestiariy janridagi adabiy asarlar metamorfozik obrazlar bilan to'lib toshdi. Keyinchalik adabiyotning realizmga yuz tutishi va gumanizmga katta e'tibor qaratishi natijasida mifologik obrazlarga bo'lgan tarixiy qiziqish birmuncha so'ngandek taassurot qoldirdi. Shunga qaramay, vaqti-vaqti bilan bunday asarlar u yoki bu milliy adabiyotlarga turli davr va makonda yashagan yozuvchilar ijodida bo'y ko'rsatib turdi. Bu o'rinda Frans Kafkaning “Evrilish”, Bulgakovning “Ityurak”, shuningdek, Lotin Amerikasidagi ko'plab metamorfozik romanlar va boshqa shunga o'xshash milliy adabiyotlarda yuz ko'rsatgan ko'plab jihatlar metamorfozaning adabiy istiqboli nechog'liq qiymatga ega ekanligini ko'rsatdi.

Zamonaviy o'zbek adabiyotida metamorfoza in'ikos etgan ilk roman Temur Po'latovning “Taroziy toshbaqasi” (1985) romani bilan ochiladi. Romanda toshbaqaning insonga evrilishi o'rta asr mistitsizmi bilan uyg'unlashtirilgan holda tasvirlanadi. Roman, yozuvchining ta'kidlashicha, taxminan 1974 yilda yozilgan. “Taroziy toshbaqasi” romani tarixi bo'yicha yozuvchi bilan suhbatlashganimda, Temur Po'latov menga bu haqda quyidagilarni aytgandi:

“…Romanni 1974 yilda 35 yoshimda juda tez yozib tugatganman. Birinchi marotaba “Zvezda Vostoka” jurnaliga olib bordim. Bosh muharriri Aleksandr Udalov ko'rdi-da: “Temur, bu asarning davri emas, bunga senzura ruxsat bermaydi”, — dedi. U mening ilk qissam “Yo'l chetidan yurma” qissasini jurnalda bosgandi avval. Lekin bu safar yo'l bermadi. Shundan so'ng qo'lyozmani nashr qilish uchun G'afur G'ulom nashriyotiga olib bordim. Nashriyotdagilar roman haqida fikr berish uchun adabiyotshunos Laziz Qayumovga o'qishga bergan. Bir kuni borsam, nashriyot rahbarining oldiga kiritishdi:

— Nimani yozdingiz? – dedi o'sha vaqtdagi nashriyot kattasi ola qarab. — Qanaqa toshbaqa?! Olib keting, bosmaymiz.

Laziz Qayumovning taqrizini o'qib berdi. U roman sotsialistik realizmga mutlaqo yotligini yozgandi.

— Xo'p, – dedim-da, qo'lyozma papkasini olib huzuridan chiqdim. Uyga olib kelib stolga tashladim. Shu ko'yi o'n bir yil shu yerda yotdi. Bu orada “Buxoro xonadoni kechmishi” trilogiyasini yozdim. Uni ham bo'laklab chiqarishga to'g'ri keldi. Butun holda bosishga senzura to'sqinlik qildi. Kinossenaristlar kursida birga o'qigan kursdoshim, rus adabiyotida alohida hodisa deb tan olingan yozuvchi Andrey Bitov Toshkentga kelganida menikida yashadi. U ham qo'lyozmani o'qib chiqarkan:

— Temur, zo'r yozgansan, lekin buni Toshkentda ham, Moskvada ham hozir bosishi qiyin, – dedi.

Shu paytlar Andrey Bitovning kitoblari Sovet Ittifoqidan tashqarida bosilayotgandi. U aytdi:

— Mening tanishlarim bor, istasang, chet elga yuboramiz, – dedi. — Ular bosadi.

— Axir men romanda kommunistlarni yomonlamagan bo'lsam, ularga o'rta asrda Buxoroda bo'lgan syujet konteksti qanchalik qiziq bo'lishi mumkin?..

— Bunaqa asar yo'q bizda. Ularga ittifoqda sotsialistik realizm qoliplariga mos kelmaydigan roman qiziq, ishon, – dedi.

— Yo'q, Andrey, – dedim. — Agar bosishsa, shu yerda bostiraman. Vaqti-soati kelsa, chetga ham chiqar.

Romanni o'qigan “Drujba narodov” jurnali bosh muharriri, yozuvchi Sergey Baruzdin: “Temur, “Bo'lak manzilgohlar” chiqqanidan keyin senga bo'lgan tanqidlardan xulosa chiqarmabsan-da”, dedi. Bu vaqtda “Taroziy toshbaqasi” Moskvada kitob bo'lib chiqqandi. Qizig'i, shundan so'ng, boshqa tillarga tarjima bo'la boshladi. Bir yilning o'zida roman oltita tilda tarjima bo'lib nashr etildi. Jumladan, nemis, polyak, fin, chex, venger tillarida kitob bo'lib chiqdi. Bir kuni gazetaga borganimda, “Literaturnaya gazeta”ning xalqlar adabiyoti masalalari bo'limi muharriri, boshqird adibi Axiyor Hakimni ko'rib qoldim. Hazillashib:

— Mana, roman chet ellarda tarjima bo'lyapti, gazetada biror maqtovli maqola bermaysizmi? – dedim.

Axiyor Hakim meni chetga tortarkan:

— Temur, bilasanmi, sen “Taroziy toshbaqasi”da sotsialistik realizmni yo'q qilgansan, – dedi. — Bu romanga tegmaganimiz ma'qul. Agar gazetada bitta maqtovli maqola yozilsa, keyin qarshi javob beradiganlar topiladi. Bu narsa sening foydangga bo'lmaydi. Shuning uchun “Taroziy toshbaqasi”ga tegmaymiz. U shunday turgani yaxshi. Rahbarlar karikatura deb o'ylashlari mumkin. Tushundingmi nima demoqchiligimni?

— Ha, albatta, – dedim.

“Taroziy toshbaqasi”ning 1985 yilgi rus nashridan so'ng, Toshkentda, nihoyat, “Yosh gvardiya” nashriyoti uni o'zbek tilida bosdi. Ammo bu uchun Moskvadagi nashr ularga quvvat bo'lgan, yo'qsa, O'zbekistondagi noshirlar mafkuraning qovog'iga qarab ish tutardi.

“Taroziy toshbaqasi” romanining qisqacha tarixi shunday…”

Yozuvchi romanning kitob bo'lib bosilishi tarixini shunday hikoya qiladi, ammo biz uchun mazkur romandagi metamorfozalarning o'ziga xosligi va uni tushunishga bo'lgan harakatimiz bundan-da qiziqroq, desak, mubolag'a qilmagan bo'lamiz. Shubhasiz, “Taroziy toshbaqasi” romani g'aroyib syujeti bilan kitobxonlarda o'zgacha hayrat uyg'otadi. Freyd nazariyasiga ko'ra, biz hayotda takrorlayotgan voqelikning o'tmishga aloqadorligi, unga bog'liq muayyan sababi bo'ladi. Bu narsa yozuvchiga ham, inchunin, u yaratgan asarga ham birdek tegishli. Shu ma'noda “Taroziy toshbaqasi” syujeti qanday tug'ilgan? Buni freydizm nuqtai nazaridan qanday tushunish mumkin?.. Bu haqda yozuvchidan so'raganimda, shunday javob olganman:

“Toshbaqa va Taroziy obrazlarini shaxsiy biografiyam bilan qanday aloqasi borligi haqida hech o'ylamagan ekanman. Darvoqe, bolaligimda uyimizga yaqin joyda eski qabriston bo'lardi, bozorga uning yonidan o'tgan yo'lakdan qatnardik. 200-300 yillik qabriston ekanini menga oyim aytgandi. Bir kuni shu yo'ldan o'zim o'tayotib, toshbaqaga duch kelganman. Toshbaqani ko'tarib uyga olib keldim. O'shanda olti yoshdan endi o'tgan paytlarim. Toshbaqani boqib olishga uydagilarni ko'ndirdim. Yuqori boloxonali uyda uni joylashtirdim. Shu toshbaqani o'ynab yurardim. Unga o't berardim, bo'sh vaqtlarimni shunga sarflardim, xullas. Bir kuni boloxonaga chiqsam, toshbaqa yo'q. Izlayman, qidiraman, hech joydan topolmayman. “Toshbaqam qani?” deb pastga yig'lab tushdim. Pastdagi uydan bir vaqt otam chaqirib qoldi: “Mana, toshbaqang bu yoqda ekan”, deb. Xursand bo'lib uyga yugurdim. Uyda otam va sartarosh kirishim bilan meni tutib karavotga yotqizishdi va hech kutilmaganda sunnat qilishdi. Yig'idan ovutish uchun keyin menga toshbaqani berishdi. Keyin bilsam, otam toshbaqani yashirib qo'ygan ekan pastda. Otam men bilan shafqatsiz hazillar o'ynab, meni aldab qo'ydi, ular meni zo'ravonlik bilan yotoqqa yotqizishdi, qo'llarim va oyoqlarimni mahkam ushlab, qattiq og'riq va sharmandali yalang'och yotganimda, So'fiyon mahallasi bolalari menga qarashdi va odat bo'yicha tangalarni mening avratim ustiga tashladilar, bularning barchasi oxir-oqibat ong ostiga qo'yildi, u yerdan kichkina toshbaqa mifologik toshbaqaga aylanib, qo'rqinchli ko'rinish bilan ong ostidan ijod voqeligiga aylandi. Toshbaqaning ustidagi kosasi taroziga o'xshaydi. Taroziy obrazining yuzaga kelishi, balki, shu omil bilan bog'liqdir. Balki o'sha Taroziy mening o'zimdir. Sunnatni bola tushunmaydi-ku, u uchun jismoniy jarohat ruhiy jarohatga aylanadi. Demak, bu narsa menga ta'sir qilgan ekan. Sunnatdan katarsis bo'lgan bu voqelik ko'p vaqt ong ostida dard bo'lib yotgan, keyin fantaziyaga aylanib, toshbaqa obrazi yuzaga chiqdi”.

Yozuvchi bilan bu suhbat Temur Po'latov asarlarida metamorfoza jarayonini freydcha psixologik tushuntirish deb qaralishi, bizningcha, maqsadga muvofiq sanaladi. Albatta, bu yozuvchining “Taroziy toshbaqasi” nomli modernistik romani bilan bevosita bog'liq, ammo yozuvchi ijodida metamorfoza jarayoni faqatgina shu roman bilangina cheklanmagan. Bu o'rinda yozuvchi ijodidagi yana bir qiziq asar — 1987 yilda Toshkentda Temur Po'latovning rus tilida chop etilgan ikki jildlik tanlangan asarlari qatorida chop etilgan “Dengiz ko'chmanchilari” qissasiga ham to'xtalib o'tish maqsadga muvofiq sanaladi. Qissani o'zbek tiliga tarjima qilish jarayonida men unda “Taroziy toshbaqasi” romanida bo'y ko'rsatgan metamorfozik topilmalar “Dengiz ko'chmanchilari” qissasida ham davom ettirilganligining guvohi bo'ldim. Qissa qahramoni Ayya-Oyya (yozuvchining shaxsiy tashabbusi bilan qahramon nomi o'zbekcha tarjimada Ko'kko'z shaklida o'zgartirildi) — Ko'kko'z oqim bilan o'zi bilmagan holda keng dengizga chiqib ketib qoladi. U dengizda yaxtada, barjada, qayiqda ko'rgan, muloqot qilgan turli odamlar uning dunyosiga to'g'ri kelmaydigan, qandaydir boshqa, begona kishilar ekanligi bu g'alati safar davomida anglashiladi. Ko'kko'z o'ziga delfinlarning ko'proq yaqinligini ilg'aydi, u dengizda suzarkan, asta-sekinlik bilan metamorfoza sodir bo'lib, unda jabra, qanotlar va dumlar paydo bo'ladi, tanasida esa baliq tangalari o'sa boshlaydi. Yozuvchi buni qissada shunday tasvirlaydi: “Dengizda o'ttiz to'qqiz kecha-yu kunduz yomg'ir yog'di, Ko'kko'z Muqaddas Kitobda aytilgan qirqinchi kunni ham kutishga qaror qildi. Yomg'irning ovozi uni g'azablantirardi, u o'ylash uchun sukunat topish ilinjida yashirinadigan joy izlardi. Dengizga tasodifan sho'ng'ib, u suv ostida shunday sukun hukm surgan go'sha borligini payqadi, u shu yerda qolishni istardi. Ko'kko'z suv ostida biroz suzarkan, sukunatga quloq tutib, chayqalib ketdi, ammo keyin bo'g'ilib yaxtaga qarab shoshdi. Ammo shu kundan boshlab u vaqtining muayyan soatlarini dengizda o'tkaza boshladi: u baliq va meduzalar ichra suzardi, faqat ovqatlanish va uxlash uchungina yaxtaga qaytardi. Uning zaif o'pkasi asta-sekinlik bilan suv osti hayotiga ko'nika boshladi, garchi Ko'kko'z tez-tez kasal bo'lib tushkunlikka tushgan bo'lsa-da, o'zida nimadir o'zgarayotganligini seza boshladi. Bir kuni yuziga qaraganida burnining tepasida — qoq peshonasida tanga kattaligidagi tuynukni eslatadigan o'simta paydo bo'lganligini ko'rdi, qizig'i, u suvga tushganida bu tuynuk unga nafas olib, nafas chiqarish vositasi bo'lganligini ko'rib, u hayratga tushdi. Bu evrilish Ko'kko'zni umuman xafa qilgani yo'q, bil'aks, endi delfinlar bilan suvda poyga qilib, uning ichiga kirib chuchkurtiradigan suvni havoga otishi mumkin edi. U shu ko'yi o'zini suvda tutarkan, avvaliga delfinlar unga olazarak qarab, cho'chqaning xirillashini eslatuvchi g'alati tovushlar chiqarib atrofida begonadek suzishdi, ammo keyin Ko'kko'zning osudaligi va ularga ziyoni tegmasligini his qilishib, uni o'zlarining saflariga qabul qilishdi”. Ko'kko'zda bu metamorfozik o'zgarishlar sodir bo'lgandan so'ng, u Donishmand Orang-Utan oroliga boradi, sal qolsa, u yerda uni imperatorlikdan kelgan inspektor deb o'ylagan suzuvchi qamoqxona boshlig'ining tuzog'iga tushib, qamoqxona mahbuslaridan biriga aylanishiga sal qoladi. Qissa so'ngida uni tuzoqqa tushirmoqchi bo'lgan qamoqxona boshlig'ining o'zi tuzoqqa tushadi, uning xizmatkori gorilla ham boshliqni u yerdan qutqazolmay, taqdir tuzog'iga u ham ilinadi. Ko'kko'z esa asar so'ngida delfinlarga qo'shilib dengizga suzib ketadi. Buni yozuvchi shunday tasvirlaydi: “Ko'kko'z-chi?! U bularning barchasini o'z ko'zi bilan ko'rarkan, general Dengizxon o'g'liga yordam berish o'ta qiyin yumush ekanligini tushundi. Uni olomon orasidan topish va kamarlardan xalos qilish uchun kim ham bu taqdir qafasiga o'zini tashlardi? Yana uning xizmatkori bilan birga xalos qilish lozim, chunki ular bir qafasga qamalgan. Yo'q, bu juda qaltis va muammoli, qolaversa, oqim uni endi qo'yib yuborishi dargumon. Ko'kko'z so'nggi bor delfindek xirillab — ulardan ajralib turishning iloji yo'q edi — okean tubiga g'oyib bo'ldi, u suvning to'lqinlari uzra suzib ketdi, shunda hamma narsa tuyqus zulmatga cho'mdi, hamma narsa chuqurroq g'ayritabiiy hayotga singib ketdi…

Delfinlar Ko'kko'z abadiy g'oyib bo'lgan joyni sinchkovlik bilan aylanib chiqishdi, keyin uni tezroq unutishlari uchun ochiq dengizga suzib ketishdi. O'sha suzib ketayotgan delfinlardan birining ko'zi ko'k edi…”

Yozuvchining metamorfozik tadriji “Taroziy toshbaqasi” romanida toshbaqaning odamga evrilishida aks etgan bo'lsa, “Dengiz ko'chmanchilari” qissasida Ko'kko'zning delfinga evrilishida namoyon bo'ladi.

“Taroziy toshbaqasi” haqida olmon matbuotida maqola yozgan adabiyotshunos Samuel Baxli Temur Po'latov romanini Kafkaning “Evrilish”i bilan solishtirishga jazm qiladi. U o'z maqolasida shunday yozadi: “Temur Po'latov Kafka dunyosiga kirganmi-yo'qmi, bir narsa deyish qiyin. Albatta, o'zbek yozuvchisi izidan Kafkaning qadamlarini payqash mumkin, biroq biz buni qanchalik xohlashimizdan qat'i nazar, bu to'g'ridan-to'g'ri ketma-ketlik emasligi ayon. Po'latov fikrlashning mutlaqo boshqa tizimini bizga taqdim etadi. Shu ma'noda u Kafkadan tubdan farq qiladi. Kafkada inson hasharotga aylanib qoladi, Po'latovda toshbaqa insonga aylanadi”. Yozuvchining “Dengiz ko'chmanchilari” qissasi shu ma'noda “Taroziy toshbaqasi” romanidan ko'ra Kafka an'analariga yaqinroq, bu o'rinda Ko'kko'zning delfinga evrilishi, Kafkaning hasharotga evrilgan qahramoni bilan umumiy birlik kasb etadi.

Shu o'rinda bir savol tug'iladi. Temur Po'latov nega bunaqa asarlar yozdi?.. Bu o'rinda sotsialistik realizm adabiyotida 1960 yillardayoq senzuralangan davr sharoitida shartli metaforik nasr paydo bo'lganligini rus adabiyotshunoslari ta'kidlab kelishadi. Bu metaforik nasr o'ziga fantastik realizm an'analarini meros qilib oldi. Chunki o'sha davrda nafaqat yozuvchilar, balki shoirlar va dramaturglar ham ijtimoiy sharoit va siyosiy tuzumdan noroziligini ochiq ifoda eta olmasdilar. Metaforik nasrning cho'qqisi 1980 yillarning o'rtalariga kelib o'zining tom ma'nodagi yuqori nuqtasiga erishdi. A.Orlovning “Dorixona egasi”, V.Krupinning “Hayot suvi”, F.Iskandarning “Quyonlar va bo'g'ma ilonlar” kabi asarlari shu davrning mevalari edi. O'zining eng yaxshi ijodiy ishlarini yozayotgan Temur Po'latov kabi yozuvchilar shu davrning metaforik nasridan uzilib qolishi mumkin emas edi. “Taroziy toshbaqasi” romani va “Dengiz ko'chmanchilari” qissasi ana shu davr metaforik nasri havosidan suv ichgan, bu boradagi jahon adabiyoti an'analarining metamorfozasini sintez qilgan novatorona asarlar sifatida adabiyot tarixida yozilib qoldi…

Sherzod Komil XALIL

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 + 12 =