Tarjimalar, tajribalar, tanqidlar

Ijod — murakkab fikriy, ruhiy, jismoniy va neyropsixologik jarayon. Shu jarayonlar hosilasining bir ko'rinishi — yangi asar. Shu asar e'lon bo'lguncha (ya'ni “e'lon” bo'lguncha) unga munosabat bildirish imkonsiz. Ammo o'sha asar chop etilsa, u “publikatsiya” hisoblanadi, ya'ni ommalashadi. Omma esa shu asarni o'qiydi va undan ta'sirlanadi, tegishli xulosalar chiqaradi va o'z xulosalarini tegishli matbuotda e'lon qilib, gazetxonlar yoki kitobxonlar bilan bo'lishadi va fikrlashadi. Asar muallifi kitobxon va gezetxonlarning fikr-mulohazalarini endi kutishi tabiiy hol. Navbatdagi jarayon — shu asar tarjimasi jarayoni. Shu ma'noda biz ommalashgan, ya'ni chop etilgan ayrim asarlar tarjimalari haqida, aniqrog'i, uning sarlavhalari tarjimasi misolida o'z fikr-mulohazalarimizni muhtaram gazetxon va boshqa hamkasb tarjimonu tarjimashunoslar bilan bo'lishmoqchimiz.
“Hurriyat” gazetasining oldingi sonlaridan birida mashhur tarjimon va adabiyotshunos olim Ibrohim G'afurov bilan suhbat e'lon qilinib, unda badiiy ijod va tarjimachilik, bu sohalarning e'tirofi cho'qqisi bo'lmish Nobel mukofoti haqida g'oyat muhim fikrlar bildirilgan.
Ana shu xalqaro e'tirofning asosiy sababi — yuksak badiiy mahoratli asar va shu asarning milliy qobiqdan tashqariga chiqib, jahon adabiyotiga aylanishida asosiy xizmatni bajaradigan TARJIMA, ya'ni ona tilidan chet tiliga tarjima hisoblanishi misollar yordamida uqtirilgan.
TARJIMAChILIKning dolzarb sohasi — milliy adabiyotning jahon adabiyotiga aylanishini kafolatlaydigan jarayon — chet tillarga tarjimachilikni jiddiy yo'lga qo'yish masalasidir. Bu esa muammoli masala hisoblanadi, chunki o'rganilgan chet tili saviyasi ona tilidan birmuncha balandroq bo'lishi talab qilinadi. Shunda savol tug'ilishi mumkin: chet tilini ona tilidan yaxshiroq bilish mumkin ekanmi? Bu savol esa ona tilini bilish masalasiga oydinlik kiritishni taqozo qiladi. Biz ona tilimizni qay darajada yaxshi bilamiz? Darvoqe, ona tilini bilish deganda ona tili sohiblari jonli tilnigina yaxshi bilishimizni ko'pchilik xayoliga keltirmaydi ham. Vaholanki, har qanday tilning jonli nutq variantidan boshqa qator muhim vazifalarni bajaruvchi tomonlari bor: bular rasmiy til va uslub, matbuot tili va uslubi, ilmiy bayon tili va uslubi va albatta, badiiy adabiyot tili va uslubi kabi jihatlari borki, bularni oddiy inson jonli til kabi yaxshi bilmaydi. Chet tili mutaxassisi esa ana shu boshqa muhim jihatlarni maxsus darslik va qo'llanmalardan yillab o'rganishi orqali keng qamrovli tilchi sifatida shakllanadi. Shu sababdan chet tili mutaxassisi va tarjimoni chet tillarni o'z ona tilidan ancha yaxshiroq bilishi kutiladi, agar u bakalavriat va magistratura yo'nalishlarida o'zi tanlagan chet tili fanlarini yuqori darajada o'rgangan va o'zlashtirgan bo'lsa. Afsuski, hozirgi oliy ta'limdagi ko'pchilik talabalar va ularning ko'pchilik ustozlari kutilgan darajada chet tillarni mukammal darajada o'rganmayaptilar va o'zlashtirmayaptilar. Shu sababdan nafaqat ona tilidan chet tiliga, balki chet tilidan ona tiliga qilingan tarjimalarda ona tili bilim va ko'nikmalari zaifligi, badiiy asar tarjimasida jonli til unsurlari ko'zga tashlanmoqda.
Ushbu maqolamizda olmon tilidan ona tilimizga o'girilgan asarlarda uchraydigan ayrim qusurlar, xato-kamchiliklar haqida fikr yuritishga harakat qilamiz, ya'ni tarjima tanqidi bilan shug'ullanamiz.
Ammo tanqid, ayniqsa, tarjima tanqidi nozik masala, chunki professor Bahodir Karimov yozganiday: “Tanqid kimga yoqadi?” va bu maqolaga bizning javobimiz e'lon qilinganiday, shaxsan menga yoqadi.
Xullas, endi ayrim tarjimalar tahlili va tanqidiga murojaat qilamiz.
Har qanday asarning tarjimasini tahlil va tanqid qilishni aynan asliyat asari nomi (sarlavhasi) tarjimasi tahlilidan boshlash kerak, deb o'ylayman. Chunki sarlavhada eng muhim ma'lumot va g'oya, muallif aytmoqchi bo'lgan tagma'no mujassam bo'ladi. Shu sababdan mualliflar o'z asariga nom qo'yishda ancha bosh qotirishlari hammaga ma'lum. Ana shu sarlavha va uning so'zlari noto'g'ri tarjima qilinsa, bilingki, matndagi boshqa lisoniy birliklarga tarjimon unchalik e'tibor qilmasa kerak. Shu ma'noda keyingi yillar tarjimalari sarlavhalari hamda ularning tanqidini chalkash tushunishlarga yana bir bor e'tiboringizni qaratmoqchiman.
O'tgan yillar tarjimalari, ayniqsa, olmon va o'zbek tillari juftligi misolida o'rganilsa, ancha quvonarli tarjimalar ko'zga tashlanadi. O'zbekiston Milliy universiteti olmon tili kafedrasi a'zolari Shuhratxon Imyaminova va Hafiza Qo'chqorovalar muallifligida “O'zbek va olmon adabiyotidan tarjima namunalari” to'plami chop etilgan. Unda tarjimashunos hamkasblarimiz o'zlari o'girgan va shogirdlari bajargan tarjimalar berilgan. Muhimi, to'plam o'zbek adabiyotidan olmonchaga o'girilgan tarjimalar bilan boshlangan. Unda Hafiza Qo'chqorova Cho'lpon, Oybek, Hamid Olimjon va Abdulla Oripov she'riyatidan namunalarni o'girgan tarjimalar berilgan. Yosh tarjimonlar F.Soatov, X.Abdullayeva, Z.Akramxonov, I.Rahimovlar esa Zulfiya, Muhammad Yusuf, Farida Afro'z she'rlarini olmonchalashtirishga jur'at qilishgan.
Germaniyaning Gyote institutida Yosh tarjimonlar seminarlari o'tkazilib turishi an'anaga aylangan. Unda e'lon qilingan tarjima tanlovida olmonzabon adib Rafiq Shamining “Die Frau, die ihren Mann auf dem Flohmarkt verkaufte” (So'zma-so'z tarjimada “Erini burga bozorda sotgan ayol”) hikoyasi tarjimasi ustida 31 nafar yosh tarjimon ishlagan, ularning tarjimalarini tajribali dotsentlar va tarjimonlardan iborat hakamlar hay'ati qiyosan o'rganib, sarlavhadagi “Flohmarkt” so'zi (so'zma-so'z — burga bozori) “chayqov bozori” deb o'girilishini to'g'ri deb topgan. Qanday qilib eski-tuski narsalar sotiladigan Toshkentning avvalgi “Tezikovka” va hozirgi Yangiobod bozorini chayqov bozori deb atash mumkin?! U yerda nima chayqaladi? Germaniyaning “FLOMARKT” bozorida esa, asosan, iste'molda bo'lgan narsalar, lash-lushlar, eski-tuskilar ko'proq asl tub aholi emas, Germaniya birlashuvidan keyin borib qolgan va hozirda Germaniya fuqaroligini olganlar, deyarli ishsiz fuqarolar tomonidan sotiladi. “Chayqov” so'zining asosiy semantik ma'nosi esa “olib sotarchilik”, ya'ni “spekulyatsiya”. Yosh tarjimon Xayriniso Abdullayeva esa bu so'zni “eski bozor” deb asliyatga yaqinroq o'girgan.
2024 yilda o'tkazilgan bir seminarda tarjimachilikni astoydil niyat qilgan hamkasbimiz Hafiza Qo'chqorovaning yangi tarjimasi muhokamasi bo'lib o'tdi. Unda Shveysariya yozuvchisi Peter Shtammning „Die sanfte Gleichgültigkeit der Welt” asari tarjimasi haqida fikr almashildi. Hajman uncha katta bo'lmagan bu asar muallifi bilan O'zDJTUda ham uchrashuv bo'lib o'tgandi. Asar bilan tanishar ekanmiz, muallif davrimizning muhim muammosini sarlavhaga chiqarib, odamlarning o'z atrofida bo'layotgan voqea-hodisalarga “men senga tegmayman, sen menga tegma” qabilidagi g'alati beparvoligi va loqaydligini qalamga olib, shu loqaydlikni muallif oddiy loqaydlik emas, balki nozik, muloyim, mayin, beozor, begidir munosabat ma'nosida o'ylaganday ifoda qilgan. Tarjimada esa asarning nomi “Loqayd dunyo” bo'lib o'zbekcha e'lon qilingan. Men muallifdan sarlavhadagi o'zi qo'ygan shu “zanft” (“sanft”) sifatlashishini oddiy so'z bezagi sifatida ishlatganmikan deb so'rab, u tarjimada tushirib qoldirilganini aytsam, u hayron bo'lib tarjimonga qaradi. Tarjimon esa bu so'zni nashriyot tushirib qoldirganini aytib, o'zini oqladi. Vaholanki, muallif aynan shu so'zdagi ma'no va mohiyatga kitobxon e'tiborini qaratmoqchi bo'lganday, nazarimda. “Akademnashr” nashriyotining bu yerda hech qanday aybi yo'q, chunki bu nashriyotda olmon tilini biladigan mutaxassis yo'qligini hamma biladi. Lekin bu asar tarjima uchun mas'ul muharrir va taqrizchi ishtirokisiz chop etilgan. Qizig'i, bu kitob tarjimasining muqovasidagi nomi yozilishida ham qo'pol ikki imloviy xatoga yo'l qo'yilgan: sarlavhada asar nomi “Leichgültigkeit der Welt” shaklida yozilgan, ya'ni “Engiltak ko'ringan dunyo” ma'nosini anglatishiga sal qolgan. Men tarjimonimizning dastlabki tarjimalaridan biri bo'lgan Jenni Erpenbekning “Heimsuchung” romani tarjimasi (“Makon istab”)da asar sarlavhasidagi xato tarjimadan keyin tarjima masalasiga jiddiy qaray boshlaganini ko'rib, uning navbatdagi tarjimalarida chiroyli va muqobil sarlavhalar topayotganidan xursandligimni hamkasbimizga aytganman. Jumladan, Elke Haydenrayx va Bernd Shryoderning “Alte Liebe” asari nomini so'zma-so'z “eski muhabbat”, “birinchi muhabbat”, “ilk muhabbat” tarzida emas, “Azaliy ishq” shaklida go'zal tarjima qilinganini eslatib, faxrlandim.
Tarjimalarni o'rganish jarayonida yana shu jihat ko'zga tashlanib qoladiki, ayrim tarjimonlarimiz mavjud tarjima lug'atlari bilan kam ishlayotganday. Aks holda, Gyunter Grassning “Der Blechtrommel” romani sarlavhasini qanday qilib “Tunuka do'mbira” deb o'girish mumkin? Avvalambor, olmonlar chaladigan “trommel” nomli cholg'u asbobi hayvon terisidan qoplangan nog'orasimon yumaloq soz bo'ladi, do'mbira esa turkiylarga xos qorni yog'ochdan yasalgan cholg'u asbobi emasmi? O'zbek milliy sozlari — do'mbira, dutor, rubob, nay va boshqa cholg'u asboblarining yasalishi uchun tunuka emas, yog'ochning ma'lum bir turi asos bo'lmaydimi?! Gyunter Grassning mazkur asari sarlavhasi “Tunuka nog'ora” deb o'girilsa, to'g'riroq bo'lardi, chunki tog'orani nog'ora qilib chalish xalqimiz orasida ko'p uchraydi.
Tarjima nashrlarda boshqa qator jiddiy kamchiliklar ham ko'zga tashlanmoqdaki, ular o'girmalarning umumiy sifatiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Jumladan, asliyatga oid bibliografik ma'lumotlar asliyat tilida berilmayapti, asliyatni chop etgan chet el nashriyotidan maxsus ruxsatnoma — litsenziya olinmayapti, nashrga mas'ul taqrizchilarning ismi-sharifi kitobda bor-u, nashriyotlarda ularning asl taqrizlari yo'q, gohida topilmaydi ham, bu esa xalqaro nashr normalarining, mualliflik huquqining buzilishi hisoblanishini aksariyat nashriyotlar bilib-bilmaslikka olayaptilar. Qolaversa, chet tillardan maxsus tahririyat bo'limi yo'q, nashriyotlar tarjimalarni chet tili mutaxassisining maxsus tahriri va taqrizidan o'tkazmay bosmoqda. Natijada tarjima matnlarida milliy o'ziga xoslikni qayta yaratishga putur yetmoqda. Nega bunday qilasizlar, deb so'rasak, maxsus va mas'ul muharrirga beradigan pulimiz yo'q, deyishadi. Axir tarjimaning sifatini aynan ana shu mas'ul muharrir va uning tahriri kafolatlaydi-ku! Bu masalada ham o'zbekchilikning ayrim illatlari (jumladan, tanish-bilishchilik, o'zibo'larchilik, loqaydlik) sodir bo'lmoqda. Ayrim taqrizlarni tarjimonlarning o'zlari “balvanka” tayyorlab, taqrizchiga imzolatib topshirishmoqda. Ayrim nashriyotlarda shu taqrizlar hatto topilmaydi. Ana shu kabi jiddiy tashkiliy, nashriy va milliy illat va xatolar tufayli minglab milliy o'ziga xos so'zlar (tarjimashunoslikda bu so'zlar “realiyalar” deb yuritiladi) o'z qiyofasi va ma'nosini yo'qotmoqda. Jumladan, “yo'lbars” — shahzoda”ga, “shavla” — bo'tqa”ga, “palov” — “shavla”ga, Buxoroning “amiri” — Germaniyaning “qiroli”ga, olmonning (Gespräch) “suhbati” o'risning “razgovori”ga va o'zbekning “gurungi”ga aylanib qolmoqda. Natijada ayrim tarjimalarda milliy obrazlar xiralashmoqda va hatto yo'qolib qolmoqda. O'zbekistonga egnida palto kiyib kelgan nemis va o'ris sayyohning paltosini yechib, unga chopon kiydirib qo'yish mumkinmi? Buxoroning amirini olmonlar qirolim desa, u ajablanmaydimi yoki xursand bo'ladimi? Restoranda sayyoh shavla keltirishni buyursa, ofitsiant unga mastava keltirsa, indamay qabul qiladimi? Sovet ittifoq mustabidligidan qutulganimizga ko'p yillar o'tsa-da, tarjimonlar bizni yana “щelkunchik” bilan “yong'oq chaqish”ga o'rgatmoqchi bo'lishsa, o'sha “щelkunchik” o'zi nima ekanligini so'raymizmi yoki u indamay bizni o'sha o'yinchoq va qo'g'irchoqqa qo'shib o'ynataversinmi?
Quyida sarlavha tarjimasiga oid bildirilgan boshqa ayrim fikr-mulohazalarga bag'ishlangan ijodiy, tarjimaviy, ilmiy nashrlar, maqola va taqrizlar tahliliga, ya'ni tarjima tanqidiga ham muxtasar to'xtalsak. “Sharq yulduzi” jurnalining 2016 yil 5-sonida professor Shavkat Karimovning “Tasavvurga ko'maklashgan tarjima” maqolasida ustozimiz mening gazetada bosilgan “Befarq qarab bo'lmaydi” maqolamda bildirgan ayrim fikrlarimni bahsli deb topib, quyidagicha e'tiroz bildirganlar: “Taniqli tarjimon Nizom Komilov E.M.Remarkning qator romanlarini o'zbekchalashtirib, olmon patsifist yozuvchisining ijodiy merosini o'zbek kitobxonlari mulkiga aylantirgan. Yoshlar hayoti orqali aks ettirilgan urushning dahshatli manzaralari taloto'pida asar qahramoni “Esizgina yoshligim” deyishiga ishonasan”. Darhaqiqat, biz o'sha maqolamizda olmon adabiyoti vakili E.M.Remarkning “Im Westen nichts Neues” romani sarlavhasini tarjimon Nizom Komilov “Esizgina yoshligim” holida o'girganiga e'tiroz bildiruvdik. Yanglish Egamova ham bu masalaga to'xtalib, o'zining 2016 yilda chiqqan “Muhabbat farzandi” nomli kitobida bunday deydi: “Avvalo, roman nomini asarning asosiy g'oyasi, mohiyatidan kelib chiqib “Esizgina yoshligim” deb o'zgartirgani g'oyatda o'rinli bo'lgan, chunki asar adolatsiz urush maydonlarida, okoplarda, kazarmalarda yosh umri qurbon bo'lgan yigitlar haqidadir”. Bu e'tiroz ham g'oyatda o'rinsiz, chunki tanqidchi mazmun haqida gapirayapti, yozuvchi esa bu asarda aytmoqchi bo'lgan g'oyasi — ya'ni MA'NOsi — insoniyatga URUSh va TINChLIKning mohiyatini konkret obrazlarda tasvirlashdan iborat. Muallifning shu G'OYasini rus tarjimoni va nashriyoti TO'G'RI anglagan va tarjimasiga “Na zapadnom fronte bez peremen” deb nom qo'ygan. Xullas, asliyat tili va adabiyotini jiddiy o'rganmagan ayrim tarjimashunoslar tortishaversin, ammo tarjimon ushbu romanning 2016 yilgi yangi 4-nashri va barcha keyingi nashrlarini “G'arbiy frontda o'zgarish yo'q” nomi bilan “Yangi asr avlodi” nashriyotida qayta chop ettirdi. Tarjimon va nashriyot bizning fikrimizni inobatga oldi! Ana buni tanqidga to'g'ri munosabat desa bo'ladi. Asliyat sarlavhasining bu yangi tarjimasidan marhum Shavkat Karimov va Yanglish Egamovalar bexabar qolgan edilar chog'i. Umuman, arab, fors va boshqa chet tillardan o'zbek tiliga o'zlashgan ko'pchilik so'z va iboralarni asliymonand tushunish masalasida hatto ayrim filolog (so'zshunos)lar biroz oqsamoqdamiz. Masalan “n”, “q”, “d” undoshlari bor (tanqid, munaqqid) kabi arabiy so'zlar munosabat bildirish ma'nosida, tarkibida “x”, “l”, “q” undoshlari bor so'zlar (xalq, maxluq) kabi so'zlar Xoliq, ya'ni Tangri yaratgan ma'nosida tushunilishi maqsadga muvofiq. Va umuman, o'zbek tili va adabiyoti mutaxassisi arab va fors tillarini, chet tillar mutaxassisi lotin va grek tillarini jiddiy o'rganmasalar, o'rganayotgan asosiy kasb tilini yaxshi tushunishlari amrimahol. Bu esa tarjimachilikda turli anglashilmovchiliklarga sabab bo'ladi.
Olmon-o'zbek tarjimalariga bag'ishlangan bir maqolasida Sh.Karimov bizning boshqa bir asar nomining o'zbekcha tarjimasiga e'tirozimizga ham qo'shilolmay (gap olmon yozuvchisi Jenni Erpenbekning “Heimsuchung” romani tarjimasi haqida borayapti) “so'zning lug'aviy ma'nosi bilan chegaralanish ham uncha mantiqli emas”, deydilar. Munaqqid (Sh.Karimov) va tarjimon (H.Qo'chqorova)ning e'tibori uchun ma'lumot:
Birinchidan, roman sarlavhasidagi “Heimsuchung” so'zining o'z lug'aviy ma'nosidagi “kutilmagan balo-qazo, falokat, kulfat, ofat, musibat” kabi birlamchi ma'nolar sinonimiyasi bilan bir qatorda yana bitta lug'aviy ma'no bor, u ham bo'lsa, bu so'z va tushuncha olmon tili izohli lug'atlarida va nasroniy manbalarda Bibi Maryam Iso alayhissalom tug'ilishida farzandining otasi xaloyiqqa noma'lumligi sababli aholidan xoli va pana makon istab qolgan holati tasvirida ishlatilgan. Buyuk Ona hech kim ko'rmaydigan bir joy izlab, sarson bo'lgan va uni topib, o'z farzandi arjumandini dunyoga keltirgan. O'sha kontekstda bu so'z ayni bir paytda ham birlamchi, to'g'ri, ham ikkilamchi — ko'chma ma'noda ishlatilgan. Roman muallifi, syujeti, personajlari va qolaversa, tarjimoni esa Bibi Maryam maqomida emas. Olmon millati necha yuz yillar davomida yaratgan bu “Heimsuchung” so'zining tarixiy va hozirgi bu ikki ma'nosiga o'zgartirish kiritishga hech kimning — muallifning ham, tarjimonning ham, tanqidchining ham haqlari yo'q!
Ikkinchidan, bu va boshqa yuz minglab so'z va iboralar bildirgan haqiqat semantikasini anglash uchun olmon tili va adabiyoti hamda nasroniylik tarixini chuqurroq o'rganish lozim, degan mantiqliroq haqiqat bor.
Uchinchidan, har qanday asarda mazmun va ma'no bor. “Heimsuchung” asarining mazmuni syujet, kompozitsiya va fabulasi orqali ifodalansa, ma'no esa olmon tilidagi, odatda, (passiv) majhul daraja orqali ishlatilgan “heimsuchen” fe'lining otlashgan shakli — “Heimsuchung” so'zida mujassam bo'lib, jahon urushi shaklida insoniyatga to'satdan yopirilgan ofat, balo-qazo, falokat, kulfat va baxtsizlik ifodasidan iborat. Asar mazmunini oddiy o'quvchi ham anglay oladi, uning ma'nosini esa ilg'ash uchun tarjimon va tanqidchilar jiddiy izlanishlari lozim edi. Sh.Karimovning navbatdagi e'tirozlari O'tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” romanining Oybek Ostanov o'girgan olmoncha tarjimasi sarlavhasidagi “Kein Himmel auf Erden” shakliga nisbatan biz bildirgan e'tirozimizga daxldor. Domla yozadilar:”Himmel auf Erden iborasi — “o'ta ma'qul va manzur hayot” degani. Agar shu iboraga “Kein” inkorini qo'ysak, “osmonsiz zamin” deb o'giriladi”.
Birinchidan, qani asliyat sarlavhasi — “Dunyoning ishlari”da Sh.Karimov talqinidagi “o'ta ma'qul va manzur hayot” va uning inkori? Grammatik kategoriya hisoblanmish “kein” o'zidan keyin keluvchi gap bo'lagi mazmunini inkor qilishga xizmat qilishini grammatist bo'lmagan barcha olmonshunoslar biladi. Qani o'zbekcha asliyat mazmunida inkor, ya'ni “o'ta noma'qul va nomanzur hayot”? Olmoncha sarlavhani o'zbekchalashtirib ko'ring-chi, “Dunyoning ishlari” bo'lib chiqadimi?
Ikkinchidan, “Dunyoning ishlari”da Sh.Karimov ishora qilgan osmon va yer o'rtasidagi juftlikka daxldor nima bor? Menimcha, asarda yerdagi voqea-hodisalar nazarda tutilgan, shu ma'noda men sarlavhani “Irdische Angelegenheiten” deb o'girgan bo'lardim, biroq bu mohiyatan kamlik qilganday tuyulgani uchun, tarjimonga “Die Dinge des Lebens” degan tarjima variantini taklif qilgan edim. Bu taklif o'zbekcha “dunyoning ishlari” iborasidagi ma'no va mazmundan bexabar ayrim olmonzabon maslahatchi va muharrirlarga yoqmabdi, chunki shunday sarlavhali bir film bor emish va bu plagiat bo'larmish. Bir nom boshqa asarga qo'yilsa, bir kishining nomi va familiyasi boshqasida uchrasa, plagiat bo'ladimi? Respublikamizda Xurram Rahimov degan ism-sharif uch kishida uchraydi. Kim kimdan o'g'irlagan? Biri jomboylik, biri Denovdan, yana biri Isfaradan. Xullas, “Dunyoning ishlari” sarlavhasining hozirgi olmoncha o'girmasi — “Kein Himmel auf Erden”ni men noekvivalent, nomuqobil va noto'g'ri tarjima deb hisoblayman.
Uchinchidan, chet tiliga qilingan tarjimaga baho berish, unga taqrizchi va muharrir bo'lish uchun shu shaxslar o'zi chet tiliga tarjima qilingan tarjimalar muallifi bo'lsagina, uning mantig'i va xulosasiga ishonsa bo'ladi, chunki o'zbek qassobi olmonning cho'chqa so'yish qoidasini qaydan bilsin? O'zining qo'y-echkisini so'yib yuravermaydimi?
To'rtinchidan, tarjimaga munosabatda tarjimon, tanqidchi va uning taqrizchisi eng avval tilni, keyin o'z milliy va chet el adabiyoti hamda madaniyati tarixini o'ta yaxshi bilishi kerak, chet tilini yaxshi bilmasa-da, “S1” sertifikatiga ega ayrim “mutaxassis”larda chet tilida ifoda etilgan badiiy obrazni va mantiqni anglash hamda uning tarjimasiga muqobil munosabat bildirish ham uncha oson kechmaydi. Yosh tarjimonlarga munosabat bildirishda esa (ularning jinsidan qat'i nazar), ularni faqat maqtab emas, kerakli joyda jiddiy va juz'iy ijodiy kamchiliklarini alternativ fikr tarzida xolisona aytib o'tish — ham o'rinli, ham savob bo'ladi. Olsa — yaxshi, olmasa — o'zining sho'ri.
Beshinchidan, “dunyoning ishlari” iborasi o'zbek tilida ko'pincha “dunyoning ishlari qiziq”, “dunyoning ishlariga hayron qolasan kishi”, “dunyoning ishlari shunaqa-da” kabi kontekstlarda boshqa so'zlar qurshovida ishlatiladi. Mabodo asar matnida shu holatdagi gaplar uchrasa, ularni qanday tarjima qilgan bo'lardingiz, janob tarjimon va tanqidchilar? Qanaqa olmoncha gaplar paydo bo'larkin? “(Kein) interessanter Himmel auf Erden”, “(Kein) Himmel auf Erden wundert mich”, “So ist (kein) Himmel auf Erden” va h. k.
Yaqinda qo'limga Frans Kafka qalamiga mansub bir asar — “SCHLOSS”ning ikki tarjimasi tushib qoldi. Birinchisini ruscha tarjimadan Vafo Fayzulloh “QAL'A” deb nomlagan, ikkinchisini olmoncha-o'zbekcha tarjimalari bilan tanish hamkasbimiz Shahnoza Quvonova bevosita olmon tilidan “QO'RG'ON” deb o'girgan. Ikkala tarjima ham kitob do'konlarida topilmayapti, demak, ularga qiziqish katta. Ammo ikkala sarlavha ham olmoncha-o'zbekcha lug'atlarda asliyat so'zining tarjimasiga to'g'ri kelmayapti (shu paytgacha olmoncha-o'zbekcha 30 dan ortiq lug'atlar mavjud).
Umuman olganda, kitob do'konlarida yangi tarjimalarni ko'rsam, ko'zim quvonadi. Yangi tarjimalar yangi fikrlar uyg'otadi, yangi his-hayajon baxsh etadi. Uchinchi Renessansga yo'l tutgan ekanmiz, endi yangicha fikrlashni o'rganishimiz, yangi tafakkurni shakllantirishimiz, mavjud milliy fazilatlarimizni rivojlantirishimiz va yangi taraqqiyotga xalaqit beruvchi milliy illatlarimizdan xalos bo'lishimiz lozim. Ana shu maqsadlarimizni amalga oshirishning bir yo'li — yangi tarjimalar qilish orqali yangicha tafakkurni shakllantirishimiz mumkin. Shuning uchun tarjimachilik ishiga alohida e'tibor qaratishimiz kerak.
Albatta, bir maqola doirasida barcha amaliy tarjimalar tahlilini berish mushkulligidan, so'zimni muxtasar qilib, tarjima nazariyasi va amaliyoti bo'yicha bo'ladigan keyingi muloqotlargacha barchangizga tarjimachiligimiz yo'lida shijoat, bardamlik va omadlar tilayman. Yaqinda markazimiz tayyorlagan aka-uka Grimmlar 1812 yilda to'plab chop etgan 200 ta olmon xalq ertaklarining birinchi yuztasidan iborat yangi to'plam dastlabki loyihamiz sifatida “O'zbekiston” NMIUda chop etildi. Bu olmon xalq ertaklarining mamlakatimizda nashrdan chiqqan ilk eng katta to'plamidir. Uning tarjimasi shoira, tajribali tarjimon Sharifa Salimova, Germaniyada doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan va 20 dan ortiq tarjimalar muallifi Gulrux Rahimova va 300dan oshiq tarjimalar muallifi kamina tomonimizdan amalga oshirildi.
Xurram RAHIMOV,
O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti
qoshidagi “Tarjimashunoslik va lug'atshunoslik ilmiy-amaliy markazi” rahbari,
professor.