Manfaatlar töqnaşuvi

yohud halollik va şaffoflik jamoatçilik işonçini taʼminlaşning muhim omili

Har qanday davlat va jamiyat taraqqiyotida inson omili muhim örin tutadi. Ayniqsa, davlat organlari hamda taşkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning öz xizmat vazifalarini halol, vijdonan, xolis va adolatli bajarişi jamiyatda qonun ustuvorligini hamda fuqarolarning davlat institutlariga bölgan işonçini mustahkamlaşda katta ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda korrupsiyaga qarşi kuraşiş faqat sodir etilgan huquqbuzarliklarni foş qiliş va aybdor şaxslarga nisbatan javobgarlik çoralarini köriş bilangina çeklanib qolmayapti. Zamonaviy yondaşuv, avvalo, korrupsiyaviy xavflarni oldindan baholaş, ularni keltirib çiqarayotgan omillarni bartaraf etiş va profilaktik mexanizmlarni kuçaytirişni taqozo etmoqda.

Şunday korrupsiyaviy xavflardan biri manfaatlar töqnaşuvidir.

Manfaatlar töqnaşuvi — jamiyat hayotida bir qaraşda közga taşlanmaydigan, ammo jiddiy salbiy oqibatlarga olib kelişi mumkin bölgan holatlardan biri. U kundalik iş jarayonida, muayyan qarorlarni qabul qilişda, xizmat vazifasini bajarişda yoki muayyan masalani körib çiqişda yuzaga kelişi ehtimoldan xoli emas.

Şu bois mazkur tuşunçaning asl mazmun-mohiyatini har bir xodim, ayniqsa, qaror qabul qiliş vakolatiga ega mansabdor şaxslar çuqur anglab yetişi zarur.

“Manfaatlar töqnaşuvi” nima degani?

Oddiy qilib aytganda, “manfaatlar töqnaşuvi” şaxsning şaxsiy manfaatlari bilan uning xizmat vazifalari örtasida ziddiyat kelib çiqişi yoki bunday ziddiyat paydo böliş ehtimoli mavjud bölgan holatdir.

Bunda şaxsiy manfaat deganda faqat naqd pul yoki moddiy foydani tuşunmaslik lozim. Şaxsiy manfaat turli körinişlarda namoyon bölişi mumkin.

Masalan, xodimning qarindoşi, yaqin tanişi yoki döstiga imtiyoz yaratib berişi, muayyan taşkilot yoki tadbirkorning manfaatini ilgari surişi, özining mulkiy yoxud moliyaviy manfaatlarini himoya qilişi, xizmat vakolatidan foydalangan holda yaqiniga alohida yordam körsatişi ham şaxsiy manfaat bilan bevosita boğliq holatlar sirasiga kiradi.

Bu örindagi eng muhim jihat şundaki, manfaatlar töqnaşuvi mavjud bölişi uçun, albatta, korrupsiyaviy huquqbuzarlik sodir etilişi şart emas.

Yaʼni, xodim hali heç qanday qonunbuzarlikka yöl qöymagan bölişi mumkin. Biroq uning şaxsiy manfaati xizmat vazifasiga yoki qaror qabul qiliş jarayoniga taʼsir körsatiş xavfini tuğdirgan vaziyatning öziyoq tegişli eʼtibor va nazoratni talab etadi.

Oddiy misol, ammo muhim xulosa

Tasavvur qilaylik, taşkilotda muayyan xizmatni körsatiş yoki tovar xarid qiliş böyiça tanlov ötkazilmoqda. Tanlov komissiyasi tarkibidagi xodimlardan birining yaqin qarindoşiga tegişli korxona ham mazkur tanlovda iştirok etyapti.

Bu holatda xodim qarindoşining korxonasiga ataylab ustunlik bermagan taqdirda ham, uning tanlov komissiyasi işida qatnaşişi qarorning xolisligi nuqtai nazaridan haqli savollarni tuğdiradi.

Eng töğri yöl xodimning bunday ehtimoliy manfaatlar töqnaşuvi haqida öz vaqtida xabar berişi hamda mazkur masalani körib çiqiş va qaror qabul qiliş jarayonidan özini çetlatişidir.

Bu yerdagi boş tamoyil muammoni yaşiriş emas, balki uni barvaqt aniqlaşdan iborat.

Çunki manfaatlar töqnaşuvi qançalik erta oşkor qilinsa, uni bartaraf etiş va salbiy oqibatlarning oldini oliş şunçalik oson keçadi.

Manfaatlar töqnaşuvi köproq qaysi sohalarda uçraydi?

Manfaatlar töqnaşuvi har qanday sohada yuzaga kelişi mumkin, biroq ayrim faoliyat yönalişlarida uning korrupsiyaviy xavfi ança yuqori böladi.

Jumladan:

davlat xaridlari va tender jarayonlarida;

kadrlarni işga qabul qiliş va lavozimga tayinlaşda;

xizmat körsatiş hamda xöjalik şartnomalarini tuzişda;

moliyaviy mablağlarni taqsimlaşda;

litsenziya, ruxsatnoma va boşqa maʼmuriy tusdagi hujjatlarni berişda;

nazorat va tekşiruv faoliyatini amalga oşirişda;

moddiy boyliklarni taqsimlaşda;

davlat yoki taşkilot mulkidan foydalanişda;

xodimlarni rağbatlantiriş va mukofotlaş masalalarida;

xizmat mavqeidan foydalangan holda muayyan şaxs yoki tuzilmaga noqonuniy ustunlik berişda.

Şuning uçun taşkilotlarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholaş jarayonida manfaatlar töqnaşuvini aniqlaş va bartaraf etişga ustuvor ahamiyat qaratiş zarur.

Nega manfaatlar töqnaşuvi xavfli?

Bir qaraşda manfaatlar töqnaşuvi oddiy xizmat masalasidek körinişi mumkin. Biroq uni nazoratsiz qoldiriş qator jiddiy salbiy oqibatlarni keltirib çiqaradi:

birinçidan, qabul qilinayotgan qarorlarning xolisligi va adolat mezonlari buziladi;

ikkinçidan, taşkilotning moliyaviy yoki moddiy resurslaridan samarasiz va maqsadsiz foydalaniş xavfi yuzaga keladi;

uçinçidan, ayrim şaxslarga asossiz imtiyoz va ustunliklar yaratib beriladi;

törtinçidan, manfaatlar töqnaşuvi korrupsiyaviy jinoyatlarga yöl oçuvçi töğridan-töğri omilga aylanadi;

eng muhimi, fuqarolar va jamoatçilikning taşkilotga bölgan işonçiga jiddiy putur yetadi.

Agar davlat organi yoki taşkilotda qarorlar şaxsiy aloqalar, oşna-oğaynigarçilik yoxud boşqa subʼyektiv manfaatlar asosida qabul qilinayotgani haqida tasavvur şakllansa, bu tuzilmaning jamiyat oldidagi obrö-eʼtiborini keskin tuşirib yuboradi.

Bu hali — korrupsiya degani emas!

Bu masalada yana bir muhim jihatga oydinlik kiritiş lozim: manfaatlar töqnaşuvining yuzaga kelişi avtomatik tarzda korrupsiyaviy jinoyat sodir etilganini anglatmaydi.

Masalan, xodimning qarindoşi muayyan sohada işlaşi yoki xususiy tadbirkorlik bilan şuğullanişi mumkin. Bu holatning özi huquqbuzarlik hisoblanmaydi.

Muammo qaçonki xodimning şaxsiy manfaatlari uning xizmat vazifalari doirasidagi qarorlariga taʼsir körsata boşlaganda yuzaga keladi.

Şu sababli asosiy vazifa — bunday holatlarni töğri baholaş va zarur çoralarni körişdir.

Ayrim holatlarda xodimlar: “Men heç qanday qonunbuzarlik qilmadim-ku”, degan xato fikr bilan mavjud manfaatlar töqnaşuvi haqida rahbariyatga xabar bermaydi.

Aslida, bunday holat töğrisida xabar beriş xodimning öz aybini tan olişi emas, balki uning kasbiy masʼuliyati va halolligidan dalolat beradi.

Xodim: “Menda manfaatlar töqnaşuvi ehtimoli bor, şu bois masalani xolis hal etiş uçun bu haqda tegişli tartibda maʼlum qilaman”, deya yondaşsa, bu taşkilotdagi korrupsiyaviy xavflarning oldini olişga xizmat qiladi.

Aksinça, manfaatlar töqnaşuvini yaşiriş keyinçalik bevosita javobgarlikka va jiddiy eʼtirozlarga sabab bölişi mumkin.

Rahbarning masʼuliyati nimadan iborat?

Manfaatlar töqnaşuvini boşqariş faqat oddiy xodim zimmasidagi majburiyat emas, bunda rahbarning örni ham hal qiluvçi ahamiyatga ega.

Rahbar quyidagilarga masʼul bölmoği şart:

– xodimlar örtasida xizmat vazifalarini töğri taqsimlaş;

– manfaatlar töqnaşuvi mavjud bölgan holatlarni öz vaqtida aniqlaş;

– manfaatdor xodimning qaror qabul qiliş jarayonidagi iştirokini çeklaş (jarayondan çetlatiş);

– taşkilotda içki nazorat mexanizmlarini takomillaştiriş;

– xodimlarning murojaat va xabarnomalariga xolis yondaşiş;

– jamoada halollik va oçiqlik muhitini qaror toptiriş.

Aksinça, rahbar tomonidan bu masalaga befarq munosabatda böliş esa muassasada tizimli korrupsiyaviy xavflarning ortişiga yöl oçadi.

Xodim nimalarni bilişi kerak?

Har bir xodim öz xizmat vazifalarini bajariş jarayonida şaxsiy manfaatlari bilan xizmat vakolati örtasida ziddiyat kelib çiqişi mumkinligini oldindan idrok etişi şart. Bunday vaziyatda yagona töğri harakat — holatni yaşirmay, belgilangan tartibda rasman xabar berişdir.

Xodim muayyan qaror qabul qilişdan oldin öziga quyidagi savollarni berişi lozim:

Mening şaxsiy manfaatim mazkur qarorga taʼsir körsatmayaptimi?

Uşbu qaror menga, yaqinlarimga yoki men bilan aloqador şaxslarga töğridan-töğri yoxud bilvosita naf keltirişi mumkinmi?

Agar bu holat jamoatçilikka oşkor bölsa, qarorimning xolisligi va adolatliligiga şubha paydo bölmaydimi?

Agar uşbu savollardan birortasiga javob ijobiy bölsa, vaziyatni oçiq bildiriş va masala muhokamasidan özini çetga oliş eng maqbul yeçimdir.

“Taniş-bilişçilik” masalasi

Manfaatlar töqnaşuvi haqida fikr yuritganda, jamiyatimizda uçrab turadigan taniş-bilişçilik illatiga töxtalmay iloj yöq.

Kimgadir “tanişim”, “qarindoşim” yoki “döstim” degan vaj bilan xizmat vakolatidan foydalanib kömaklaşiş, navbatlarni sunʼiy buziş, ustunliklar yaratib beriş yoki qarorlarni uning foydasiga qabul qiliş adolat va kasbiy odob tamoyillariga mutlaqo ziddir.

Taşkilot faoliyatida har doim şaxsiy munosabatlardan köra qonun talablari, belgilangan tartib-qoidalar va davlat manfaati ustuvor bölişi şart. Zero, bir şaxsga noqonuniy berilgan imtiyoz boşqa bir insonning qonuniy huquq va manfaatlari poymol etilişiga olib keladi.

Profilaktika — eng samarali çora

Korrupsiyaga qarşi kuraşişda eng maqbul yöl huquqbuzarlik sodir bölişini kutib ötirmasdan, uning oldini olişdir. Şu bois taşkilotlarda manfaatlar töqnaşuvini boşqarişning aniq tizimi yölga qöyilişi lozim.

Uşbu tizim quyidagi izçil bosqiçlarni öz içiga oladi:

aniqlaş → xabar beriş → baholaş → çora köriş → nazorat qiliş.

Şu bilan birga, xodimlarning huquqiy madaniyatini oşirib boriş, korrupsiyaviy xavflar böyiça muntazam tuşuntiriş işlarini olib boriş, içki idoraviy hujjatlarni takomillaştiriş va uçrayotgan holatlarni çuqur tahlil qiliş yuqori samara beradi.

Raqamlaştirişning örni va ahamiyati

Zamonaviy raqamli davrda manfaatlar töqnaşuvini aniqlaş va oldini olişda axborot texnologiyalaridan keng foydalaniş zarur.

Elektron deklaratsiya tizimi, avtomatlaştirilgan nazorat, axborot bazalarining özaro integratsiyasi va elektron hujjat aylanişi qaror qabul qiliş jarayonlaridagi subʼyektiv inson omilini keskin kamaytiradi.

Biroq raqamlaştirişning yolğiz özi muammoni töliq hal eta olmaydi. Texnologik yeçimlar bilan bir qatorda xodimlarning yuksak huquqiy ongi, kasbiy etikasi va şaxsiy masʼuliyati mustahkam bölişi talab etiladi.

Halollik — şaxsiy tanlovdan jamoatçilik qadriyati sari

Manfaatlar töqnaşuviga qarşi kuraşiş faqat qonun normalarini rasmiyatçilik uçun bajariş emas. Bu, avvalo, har bir insonning öz xizmat vazifasiga, kasbiga va Vataniga bölgan vijdoniy munosabatidir.

Halol xodim faoliyatida “Menga bundan nima foyda?” degan qaraş emas, balki “Taşkilot va jamiyat ravnaqi uçun qaysi qaror töğri?” degan tamoyil boş mezon bölişi kerak.

Bunday yondaşuv taşkilotda soğlom va işçan muhitni şakllantiradi, jamoada özaro işonçni mustahkamlaydi hamda tizimli korrupsiya xavflarini bartaraf etadi.

Jamoatçilik nazorati —  mustahkam qalqon

Manfaatlar töqnaşuvining oldini olişda fuqarolik jamiyati instituti va jamoatçilik nazorati beqiyos kuçga ega.

Oçiqlik va şaffoflik darajasi qançalik yuqori bölsa, qarorlarning adolatli qabul qilinişi ustidan jamoatçilik nazorati ham şunçalik samarali böladi.

Fuqarolarning davlat organlari va taşkilotlari faoliyatiga befarq bölmay, qonun buzilişi yoki manfaatlar töqnaşuvi holatlariga duç kelganda faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etişi oçiq va işonçli muloqotni mustahkamlaydi.

* * *

Manfaatlar töqnaşuvi — bu faqat ayrim xodimlar yoki muayyan taşkilot doirasidagi tor masala emas. Uni samarali boşqariş butun davlat apparatining iş unumdorligi, qonun ustuvorligi, taşkilotlar faoliyatining şaffofligi va eng asosiysi, fuqarolarning davlatga bölgan işonçi bilan uzviy boğliqdir.

Manfaatlar töqnaşuvi öz vaqtida aniqlansa, uning xavfli oqibatlarini töliq bartaraf etiş mumkin. Boş maqsad — bunday holatlarni yaşiriş emas, balki ularni oçiq tan oliş, xolis baholaş va belgilangan tartibda bartaraf etiş madaniyatini şakllantirişdir.

Har bir xodim öz xizmat vakolatlarini amalga oşirişda şaxsiy manfaatlarini çetga surib, avvalo, qonun va davlat manfaatini har narsadan ustun qöyişi zarur.

Zero, halollik şunçaki şaxsiy fazilat emas, balki jamiyat taraqqiyoti va davlat qudratini taʼminlovçi eng uluğ qadriyatdir.

Halollik bor joyda işonç böladi.

Şaffoflik bor joyda adolat bor.

Adolat bor joyda esa muqarrar taraqqiyot mavjuddir.

Alişer AGZAMOV,

“UzGasTrade” AJ boşqaruvi

raisi.

 

 

Yangiliklarni döstlaringizga ulaşing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan