Hayotning o'zi eng katta maktab
2026 yil 24 sentyabr kuni O'zbekiston Milliy kino san'ati saroyida “Dars” filmining tantanali namoyishi bo'lib o'tdi.
Inson ulg'aygani sari anglaydigan haqiqatlardan biri shuki, hayotning o'zi eng katta maktab, uning har bir kuni esa navbatdagi darsdir. “Dars” badiiy filmi ana shu oddiy, ammo teran haqiqatni katta ekranga olib chiqdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi va “Ma’no cinema” hamkorligida suratga olingan ushbu kartina 1 oktyabr — O'qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ishlangan. Unda ustoz-shogird munosabatlari, kitobxonlik, ta'lim-tarbiya, insoniylik hamda ma'naviy kamolot kabi mavzular qalamga olingan. Biroq “Dars”ni faqat muallim haqida hikoya qiluvchi asar sifatida qabul qilish uning mazmun ko'lamini toraytiradi.
Kartina markazidagi Oyqiz obrazi orqali bir qizning hayotiy sinovlari, xatolari, izlanishlari va asta-sekin ulg'ayib-o'zgarishi hikoya qilinadi. U shunchaki voqealar rivojini chetdan kuzatib boradigan qahramon emas: tomoshabin u bilan birga kamol topadi. Mutolaa, hayotiy tajriba va ustozning yo'l-yo'rig'i tufayli Oyqizning dunyoqarashi shakllanib, u mustaqil fikrlaydigan hamda o'z tanlovlari uchun mas'uliyatni his eta oladigan shaxsga aylanadi.
Filmda kitob tutgan o'rin ham alohida ahamiyatga ega. Tezkor axborotlar, qisqa videolar va bir lahzalik taassurotlar hukmron bo'lgan bugungi muhitda mutolaa inson tafakkurini charxlovchi muhim vosita sifatida yana bir bor yodga olinadi. “Dars” kitobni shunchaki mutolaa manbai emas, balki insonning ichki olamiga ta'sir ko'rsatadigan, uning qarashlarini ijobiy tomonga yo'naltiradigan kuch sifatida talqin etadi. Zero, Oyqizdagi o'zgarish ham, avvalo, tashqi sharoit ta'siridan emas, fikrlash tarzining yangilanishidan boshlanadi.
Kartinadagi Hanifa xola obrazi esa ustozlik mohiyatiga boshqa bir nuqtadan nazar tashlash imkonini beradi. Yaxshi ustoz faqat bilim ulashish bilan cheklanmaydi. U ba'zan insonning o'zi ham payqamagan yashirin imkoniyatlarini ilg'aydi, xatosini anglashiga ko'maklashadi, adashganida to'g'ri yo'l ko'rsatadi. Ba'zan esa birgina so'zi bilan inson taqdirining yo'nalishini belgilab beradi. Shu jihatdan olganda, Hanifa xola va Oyqiz o'rtasidagi munosabat filmning asosiy ma'naviy o'zagini tashkil etadi.
Ssenariy mualliflari Madina Yo'ldosheva va Shohrux Ne'matov, sahnalashtiruvchi rejissyor Otabek Yo'ldoshev, postanovkachi operator Davlat O'rozaliyev, postanovkachi rassom Temur Nurmuhammedov hamda montaj ustasi Nurillo Anvarovdan iborat ijodiy guruh “Dars”ning muvaffaqiyatli tasvirga olinishini ta'minlagan. Kartinada Mavluda Hikmatova, Malika Ibragimova, Lola Eltoyeva, Tolib Mo'minov, Abbos Bahodirov, Sanjar Namozov, Umid Uzoqov, Shohrux Hamdamov singari mahoratli aktyorlar jamoasi rol ijro etgan.
Ehtimol, namoyish yakunida har bir tomoshabinning ko'nglidan kechadigan eng muhim savol ham shudir: hayot bizga qanchadan-qancha dars berdi-yu, biz ularning qanchasini chin ma'noda o'zlashtira oldik?
Farangiz ABRUYEVA,
“Hurriyat” muxbiri.
