Samoviy muhabbat qissasi
Prezidentimizning alohida g'amxo'rligi sababli, barcha sohalar qatorida milliy kinematografiya sohasida ham katta o'zgarishlar, yangilanishlar yuz bermoqda. Eng muhimi, ana shu e'tibor bois o'zbek kinosi dunyoga bo'y ko'rsatmoqda, elu xalq sevib tomosha qiladigan saviyasi baland kinoasarlar yaratilmoqda.
Joriy yilning 21 mart kuni — Navro'z bayrami oqshomida poytaxtimizdagi O'zbekiston milliy kino san'ati saroyida namoyish etilgan “Osmoni falaklarda: Aviaparvozning yagona qurboni” badiiy filmi taqdimoti ham yuqoridagi fikrlarimizning amaliy ifodasiga bir misol bo'ldi, desak, xato bo'lmaydi.
Shu o'rinda bitta mulohaza. Biz maktabni bitirib, o'qish uchun Toshkentga kelganimizda, shaharda hayot qaynardi. U vaqtlarda Toshkentda kinoteatrlar ko'p bo'lib, xalqaro festivallar vaqtida va hind kinolari namoyish qilinganida chipta topib bo'lmasdi. Erinmagan yoshlar uchun “Yangiobod”, Lisunov nomidagi kinoteatrlar bir qadam bo'lardi. Kinoteatrlarning eng nufuzlisi “Panorama” (hozirgi O'zbekiston Milliy kino san'ati saroyi) edi.
Badiiy filmning taqdimot marosimida ishtirok etar ekanman, yoshlik davrlarim esga tushib ketdi. Tadbirda ishtirok etgan ziyolilarni ko'rib, “Panorama”ning shukuhi yana qaytgandek tuyuldi.
Film haqida muxtasar so'z yuritadigan bo'lsak, u tomoshabinni befarq qoldirmaydi. Chunki juda pishiq ishlangan. Filmni tomosha qilgan odam uning ichiga kiradi, boshqa hamma narsani unutadi. Chuqur dramatik syujetga boyligi asarning va film ssenariysining yuksak darajada bitilganidan dalolat beradi.
Albatta, yaxshi va umri uzoq kinofilm uchun, albatta, kuchli adabiy asar, puxta kinossenariy zarur bo'ladi. Bu masalada O'zbekiston xalq yozuvchisi, atoqli adib Xayriddin Sultonning “Osmoni falaklarda” asari muhimlardan-muhim asos bo'lgan. Qolaversa, ushbu asarning qisqa vaqt ichida bir qancha tillarga tarjima qilingani, kitobxonlarning mehrini qozongani bejiz emas. Chunki asar nihoyatda ta'sirchan usulda yozilgan. Poydevor qanchalik mustahkam bo'lsa, quriladigan inshoot ham shunga mos baquvvat bo'ladi. Asar yuksak darajada bitilgani, kitobxonni o'ziga “mixlab” qo'yishi kinoasarga ham ko'chgani tayin.
Kino syujeti markazida yosh uchuvchi Iskandar obrazi turadi. U uchuvchilar tayyorlaydigan oliy dargohda o'qish uchun puxta tayyorgarlik ko'radi. Jumladan, buning uchun ingliz tilini mukammal egallashi kerak edi. Shu bois qo'shimcha tayyorlov-repetitorga qatnaydi. Ingliz tilidan saboq beradigan qiz — Sadaf bilan tanishish ana shunday oddiy voqelik bilan boshlanadi. U Iskandarni o'ziga rom etadi, qaysidir ma'noda tarbiyalaydi, ruhan kamolga yetishida katta o'rin tutadi. Bu yerda oddiy muhabbat qissasi emas, balki inson qalbini, kutilmagan taqdir sinovlarini o'zida mujassam eta olgan dramatik voqelik.
Film o'zining chuqur dramatik syujeti bilan tomoshabinni sehrlab oladi. Unda inson taqdiri, ruhiy kechinmalari yorqin aks etgan. Voqealar mantiqiy izchilligi tomoshabinni teran mushohada qilishga undaydi. Odatda, kinoasarlarning shuhrat darajasi el og'ziga tushgan iboralar bilan belgilanadi. “Dushmaningni do'stingdan ko'ra yaqinroq tut”, “Men o'ta irimchi odamman, agar ukamga bir kor-hol bo'lsa, sendan ko'raman” (“Vakil ota”), “Ayol — insonning do'sti!” (“Kavkaz asirasi”), “Nega hammaning ketmoni uchadi-yu, meniki uchmaydi?” (“Abdullajon”) singari va hokazo. Bu filmning originalligi shundaki, o'zbek kinosida shu tobgacha aytilmagan so'zlar aytildi. Demak, qanotli iboralar lug'atimiz boyib boryapti.
Ijodiy guruhni ham tom ma'noda yulduzli tarkib desa bo'ladi: ssenariy muallifi Xayriddin Sulton, rejissyor Jahongir Qosimov, muharrir Murod Muhammad Do'st.
Iskandarlik Iskandar (Merdan Matveliyev) uchuvchilikka qiziqadi. Rigadagi uchuvchilar institutiga kirish uchun ingliz tilini o'rganadi. O'qish davomida o'zidan olti yosh katta repetitori Sadaf (Yulduz Rajabova) xonimni sevib qoladi. Ularning sevgisi juda hayotiy tasvirlanadi. Bu obrazlar orqali insoniy tuyg'ular, fidoyilik va sinovlarga bardosh ifoda etilgan.
Taqdir ekan, Sadaf boshqa erkakka turmushga chiqadi. Ammo Iskandar baribir unga bo'lgan muhabbatidan voz kechmaydi. Sadafning qat'iy talabi tufayli Iskandar uylanishga majbur bo'ladi. Ammo bir hafta mobaynida jufti haloliga qo'lini ham tekkiza olmaydi. Ana shu vaziyat kinoda juda o'zbekona va ishonarli namoyon qilingan. Aslida, hayotda ham shunday-ku: yuragingiz boshqa inson deb tursa, “Ko'nglimda bir yor-u, qo'ynimda bir yor” qo'shig'ini xirgoyi qilishdan boshqa chora qolmaydi. Shunda Yaxshigul: “Men sizni tushunaman”, deydi. “Sen chindan ham Yaxshigul ekansan”. Bu sevmasa-da, ota-ona, qarindoshlar xohishiga ko'ra uylangan Iskandarning gapi. Hayotiy gap. Chunki bunday insoniy qarashlar, fazilatlar har qanday ko'ngilni yumshatadi. Mehr uyg'otadi. Oradan to'qqiz oy o'tib, ular qiz farzandli bo'lishadi.
Yaxshigul (Sitora Shernazarova) kadrlarda to'rt marta, shunda ham hammasini hisoblaganda, uzog'i bilan ikki-uch daqiqacha ko'rinish beradi. Agarda mendan “Eng mahoratli obraz ijrochisi kim?” deb so'raydigan bo'lishsa, Iskandar, Sadaf rollarini gavdalantirgan aktyorlarni aslo kamsitmagan holda, “Yaxshigul” deb javob bergan bo'lardim. Birinchi marta chimildiqda ishonch va mehr bilan: “Men sizni tushunaman”, deydi. Mana shu birgina so'z yigitga ishonch beradi va yuzi yorug' bo'ladi. Ikkinchi marta tug'uruqxonada eriga sadoqatli yor va mehribon ona sifatida namoyon bo'ladi. Uchinchi ko'rinishda esa bir og'iz so'z aytmaydi. Bemor farzandini ko'tarib “Tez yordam” mashinasiga o'tiradi. To'rtinchi ko'rinishda onasi bilan xayrlashib, xotiniga “xayr” deyishni o'ziga ep ko'rmagan Iskandarning ortidan yuragi vayron tarzda derazadan jim qarab qoladi. Yaxshigul obrazi xatti-harakatlarini tahlil qilar ekanman, beixtiyor “Turkmanfilm”ning “Kelin”idagi bir og'iz so'z aytmaydigan kelinchak esimga tushib ketdi. Ammo “Osmoni falaklarda: Aviaparvozning yagona qurboni” filmidagi bu obraz mutlaqo yangi, o'ziga xos talqindir.
Iskandar baxtli hayot kechirayotganida kutilmaganda o'zi boshqarayotgan samolyotda Sadafni uchratib qoladi. Oilaga xiyonat aralashadi. Endi u Yaxshigulga befarq bo'la boshlaydi. Yaxshigul buni sezadi. Ammo indamaydi. Asar muallifining ham, filmning ham yutug'i shunda. Chunki hayotda ana shunday qismatga ega insonlar ham yo'q emas. Bu yerda chin insoniy muhabbat, ko'ngil tuyg'ulari aks ettiriladi. Qani edi, taqdirning sinovlari Sadaf uchun ham, Iskandar uchun ham ular istaganidek boshqacharoq bo'lganda edi. Lekin buni hayot deydilar.
Bir kuni Sadaf Iskandardan “Qizingning ismi nima?” deb so'radi. “Sadaf” degan javobni eshitgach, “Kimga o'xshaydi?” dedi. “Senga”, dedi Iskandar. “Nima, genetikada yangilik yaratdingmi?” dedi Sadaf. Shu savol-javoblarni tinglar ekanman, Alberto Moravianing “Rimlik ayol”idagi bosh qahramon bo'lmish Adriana beixtiyor yodimga tushdi. Uning g'irt bezoridan tug'ilgan o'g'li sevgan yigiti — fashizmga qarshi kurashda halok bo'lgan Jakomoga o'xshab ketardi…
Filmda sevgisiga sadoqatli bo'lgan Iskandarning, Iskandarni oilasiga xiyonat qilishga majbur qilgani uchun o'zini aybdor deb hisoblaydigan Sadafning ichki hissiyotlari ishonarli ochib berilgan. Aybini yuvish uchun Sadaf Iskandarga xiyonat qilish sahnasini tashkillashtiradi. Ammo bu sahna hammaga qimmatga tushadi.
Sadafning uyida uning “jazmani”ni kaltaklagan Iskandar samolyotni boshqaradi. Aslida, bu kabi vaziyatlarda ruhan charchagan uchuvchilarga shturval ishonib topshirilmaydi. Lekin… Iskandar 220 nafar yo'lovchining aybi yo'qligini, “jazo”ga faqat birgina o'zi loyiqligini aytib, Yaratganga iltijo qiladi. Uning munojotini tinglab, bemor o'g'li Humoyun yonida turgan shoh Boburning: “Mening jonimni ol-u, farzandimni omon qoldir”, degan nidosi yodimizga tushadi. Shunda film nima sababdan “Osmoni falaklarda: Aviaparvozning yagona qurboni” deb nomlanganini anglaymiz. Filmning so'nggi daqiqalari o'ta ta'sirli: birinchi styuardessaning “Kema komandiri…” deya boshqa gapira olmagani, o'zini bazo'r tutgan ikkinchi styuardessa uning gapini davom ettirgani o'ta tabiiy chiqqan. Film Istanbul aeroportiga qo'ngan “O'zbekiston havo yo'llari” milliy aviakompaniyasi uchog'i tagiga “Tez yordam” mashinasi kelishi bilan tugaydi…
Film ssenariy muallifi Xayriddin Sulton premyerada so'z olib, kinoasarning dunyoga kelishida xizmati singgan, uni qo'llab-quvvatlaganlarga alohida minnatdorchilik bildirdi. O'z navbatida film ijodkorlaridan “unda qatnashadigan aktyorlarni tanlashda ularning kitob o'qigan iqtidorlar bo'lishini” alohida so'raganini yashirib o'tirmadi.
Darhaqiqat, kitob o'qimaydigan aktyor rol o'ynasa, u har qancha mashhur, taniqli bo'lsa ham tomoshabinning yuragini zabt eta olmaydi. Adibning ana shu masaladagi qat'iy talabi muhim rol o'ynagan. Kinoda kitob o'qiydigan, saviyasi yuksak san'atkorlar qatnashgani va aynan shu jihat ham uning muvaffaqiyatini ta'minlagan bo'lsa, ajab emas.
Film rejissyori Jahongir Qosimovning aytishicha, ushbu asarni bitta kinofilmda namoyish etishning imkoni bo'lmagan. Shu bois ikkinchi film ham deyarli suratga olib bo'lingan. Uning namoyishi shu yilning birinchi yarmida xalqimizga taqdim etiladi.
Shuni ishonch bilan aytish joizki, “Osmoni falaklarda: Aviaparvozning yagona qurboni” filmi nafaqat kino ixlosmandlari, balki keng jamoatchilik uchun ham chuqur taassurot uyg'otuvchi, mushohadaga chorlovchi va ilhom baxsh etuvchi san'at asari sifatida e'tirofga molik.
Sharofiddin TO'LAGANOV,
jurnalist.
