5 baho nimani hal qiladi?

Orasida “to'rt” bahosi ham bo'lgan shahodatnomasini qo'lida tutgancha, u ilkis ko'ziga yosh oldi. Ko'z ostidan atrofga razm solayotgan ustoz qaddini egib, hiqillab turgan o'quvchisiga qaradi va uning yoqasidagi bitiruvchilik lentasini to'g'rilar ekan:

— Quvonch yoshlarimi bu? — dedi.

— Ustoz, men doim a'lo o'qishga harakat qildim, lekin baholarim bundan mustasno…

— Men sizlarga doim aytganman, baho hech narsani hal qilmaydi…

— Yo'q, hal qiladi, ustoz! — dedi u yuzidagi yoshlarni artar ekan. — Men chet elga o'qishga hujjat topshirdim, u yerda baholarimga ham qaraladi. To'g'ri, “IELTS” sertifikatim bor, lekin…

— Sen ko'nglingni keng qil, — dedi ustoz. — Hali o'qishga kirib, xushxabar yetkazgani kelasan. Muhimi, talaba bo'lganingdan so'ng o'z mutaxassisliging bo'yicha chuqur nazariy va amaliy ko'nikmaga ega bo'lgin.

Odatda, maktab baholari ko'pchilik o'quvchilar va ota-onalar uchun eng muhim mezonlardan biri sifatida ko'riladi. “5 oldingmi?”, “Attestat qanday chiqdi?” kabi savollar go'yoki butun kelajakni hal qiladigandek tuyuladi. Aslida esa bu masala ancha murakkab va bir yoqlama emas. Maktabdagi baholar o'quvchining ma'lum bir vaqt oralig'ida o'qigan fanlarni qanchalik o'zlashtirganini ko'rsatadi, xolos. Ammo bu holat uning kelajakdagi muvaffaqiyati yoki qobiliyatini to'liq belgilab bera olmaydi.

O'zbekistonda oliy ta'lim muassasalariga kirish, asosan, test sinovlari orqali amalga oshiriladi. Ya'ni, oliy ta'lim maskanlariga qabul qilishda maktab attestatidagi baholar emas, balki kirish imtihonlaridagi natijalar asosiy hal qiluvchi omil hisoblanadi. Ba'zi yillarda ayrim yo'nalishlar bo'yicha attestat baholari yoki sertifikatlar (masalan, chet tilini bilish sertifikatlari) qo'shimcha ustunlik sifatida inobatga olinishi mumkin, lekin bu umumiy tizimda asosiy rol o'ynamaydi. Demak, “5” bahoga o'qigan o'quvchi ham, o'rtacha o'zlashtirgan o'quvchi ham kirish imtihonlarida teng sharoitda bellashadi.

Aslida, maktab va oliy ta'lim o'choqlaridagi baholarni bir taroziga qo'yib bo'lmaydi. Ularning ahamiyati insonning qaysi maqsad sari intilayotganiga qarab o'zgaradi. Maktab baholari ko'proq umumiy bilimni o'zlashtirish, intizom va asosiy poydevorni shakllantirishga xizmat qiladi. Lekin ular ko'p hollarda yakuniy va hal qiluvchi omilga aylanmaydi. Ayniqsa, oliy o'quv yurtiga kirishda asosiy e'tibor test va imtihon natijalariga qaratiladi.

Universitet bosqichiga kelganda esa masala o'zgaradi. Chunki bu yerda baholar faqat “o'tish” uchun emas, balki kelajakdagi ilmiy faoliyat uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, magistratura, “PhD” yoki ilmiy izlanishlarni davom ettirishni rejalashtirganlar uchun “GPA” (o'rtacha o'zlashtirish bahosi) juda katta rol o'ynaydi. Xorijiy universitetlarning magistratura va grant dasturlariga qabul jarayonida ham yuqori “GPA” talab qilinadi va bu nomzodning barqaror o'qiganini ko'rsatuvchi asosiy mezonlardan biri sanaladi. Shu bilan birga, chet elda tahsil olish yoki grant yutishni maqsad qilganlar uchun ham baholar muhim. Maktab bosqichidagi yaxshi natijalar va sertifikatlar bakalavriatga kirishda yordam bersa, universitetdagi “GPA” esa grantlar, stipendiyalar va magistraturaga qabul qilinishda katta ustunlik beradi. Chunki xalqaro dasturlar faqat bir martalik natijaga emas, balki butun o'qish davomidagi barqarorlikka e'tibor qaratadi.

Xalqaro tajribaga nazar tashlansa, vaziyat biroz boshqacha ekanini ko'rish mumkin. Masalan, AQSh va Yevropadagi ko'plab universitetlarda “GPA” juda muhim rol o'ynaydi. Buyuk Britaniya va boshqa Yevropa davlatlarida “IELTS” yoki “TOEFL” kabi til sertifikatlari bilan bir qatorda akademik ko'rsatkichlar ham birgalikda baholanadi. Germaniya kabi davlatlarda esa “GPA” tizimi (1.0-4.0) o'qishga kirishda juda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ya'ni, dunyoning turli mamlakatlarida maktab yoki kollejdagi baholar ma'lum darajada e'tiborga olinadi, lekin u har doim ham yagona va mutlaq omil hisoblanmaydi.

Qiziq tomoni shundaki, hayotiy misollar ko'p hollarda “faqat a'lochilar muvaffaqiyatli bo'ladi” degan qarashni inkor etadi. Masalan, jahonga mashhur tadbirkor, milliarder Bill Geyts universitetni tugatmagan bo'lsa-da, dunyodagi eng yirik texnologik kompaniyalardan biriga asos solgan. Stiv Jobs ham kollejni yakunlamagan, lekin butun dunyoda texnologiya va dizayn tushunchasini tubdan o'zgartirib yuborgan. Mark Sukerberg esa universitetni tark etib, global ijtimoiy tarmoq yaratdi. Biroq bu “baholar umuman kerakmas” degani emas. Ayrim tadqiqotlarga ko'ra, yuqori “GPA” bilan tamomlagan talabalar keyingi 5-10 yil ichida barqarorroq daromadga ega bo'lish ehtimoli yuqoriroq bo'ladi. A'lo baho, odatda, intizom, rejali ishlash va tizimli o'rganish ko'nikmasini shakllantiradi. Lekin bu ham muvaffaqiyatning yagona kafolati emas.

Aslida, eng katta farq bahoda emas, balki fikrlash tarzida namoyon bo'ladi. Maktabni “5” baholarga tugatganlar ko'pincha tizimga moslashgan va tartibli ishlashni o'rgangan bo'lishadi. O'rtacha yoki pastroq baho olgan, ammo keyinchalik katta yutuqlarga erishganlar esa ko'pincha ijodiy fikrlash, tavakkal qilish va o'z yo'lini topa olish qobiliyati bilan ajralib turishadi. Shu sababli ham hayotda ikkala toifadagi insonlar muvaffaqiyatga erisha oladi, faqat ularning bosib o'tadigan yo'llari farq qiladi.

Hozirgi zamonaviy ta'lim tizimida asta-sekin bahodan ko'ra kompetensiya (amaliy ko'nikma va bilim) muhimroq ahamiyat kasb etmoqda. Ya'ni “GPA”, til sertifikatlari, amaliy loyihalar, portfolio va tajriba kabi omillar universitetga kirishda hamda keyingi bosqichlarda katta o'rin egallamoqda. Ayniqsa, chet elda o'qish yoki grant yutishda faqat baho emas, balki yaxlit profil — bilim, ko'nikma va ijtimoiy faollik birgalikda baholanadi.

Xullas, maktab baholari muhim, lekin ular inson kelajagini to'liq belgilab beradigan yagona mezon emas. Ular shunchaki boshlang'ich bosqichdagi ko'rsatkich, xolos. Asosiy yo'l esa maktabdan so'ng — oliy ilm dargohlarida, hayotiy tajriba orttirish va o'z ustida muntazam ishlash jarayonida boshlanadi. Baholar eshikni ochib berishi mumkin, ammo ichkarida qanday yo'l tutish faqat insonning o'z qo'lida.

Farangiz ABRUYEVA.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six + sixteen =