Aka, singil va yanga
Muallif haqida:
Sobirjon Hakimov 1963 yil Marhamat tumanining Qovunchi qishlog'ida tug'ilgan. 1983-1987 yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining o'zbek-qozoq filologiyasi fakultetida o'qigan.
Muallifning “45-maydon”, “Xatar changalida” qissalari va “Jarima bataloni” romani chop qilingan. Uzoq yillar Marhamatdagi 3-maktab-internatida o'qituvchilik qilgan. Hozirda nafaqada.
Garchi zamon mumsikroq,
Olam juda tor edi.
Bir onadan tug'ishgan
Aka-singil bor edi.
Qo'l uchida kun ko'rib,
Yashar edi akasi.
Uzatilgan singil ham
O'zga uyning bekasi.
Besh bolaning hammasi
Murg'ak edi, yosh edi.
Shuning uchun akaning
Chaynagani tosh edi.
Tinmas edi kunu tun,
Elkalari xo'p yag'ir.
O'shanday bir zamonda
Savdo tushdi ko'p og'ir.
Xabar keldi tilponda,
Singil yotib qolibdi.
Chorasizmish, kuyovi
G'amga botib qolibdi.
Aka, yanga shu onda
Yugurdilar, yeldilar.
Singillarin uyiga
Tong saharda keldilar.
Singil sho'rlik bir ahvol
Yotar edi qaltirab.
Qavatida qizchasi
O'tirardi mo'ltirab.
Kuyov qurg'ur, qarangki,
Na bir chora etibdi.
Xabar bergach akaga,
Shoshib ishga ketibdi.
“Qaratamiz, — der yanga, —
Olib boring do'xtirga.
Xafa bo'lmang kuyovdan,
Uning vaqti yo'qdir-da”.
Eltdilar va topdilar
Doktorlarning zo'rini.
Tugatdilar bir kunda
Topgan qutu qo'rini.
Doktor aytgan dorilar
Topilarmish Moskopdan.
Aka sho'rlik holi tang
Ko'zi tindi hisobdan.
“Turing, — dedi xotini, —
Nega toshday qotasiz?
Ana, qo'ylar, g'am yemang,
Bozor kuni sotasiz”.
Qo'ylar bari sotildi,
Qo'ra qoldi huvullab.
Pulning joni yo'q ekan,
Ketaverdi shuvillab.
Hafta o'tmay doktorlar
“Yangi dori”, dedilar.
“Bu kasalning yagona
Shudir kori”, dedilar.
Qotib qoldi ko'zlari
Bir nuqtaga tikildi.
Aka sho'rlik holi tang,
Elkalari bukildi.
Shu turishda uning-chun
Dunyo o'zi dor edi.
O'n erkakcha himmatli
Bunda yori bor edi.
“Yalinmang hech kimsaga,
Qaydan qayga chopasiz?
Omon bo'lsa boshingiz,
Bir kun barin topasiz.
Soting, — dedi, — ana, siz
Bittagina sigirni.
Payg'ambarlar siylagan
Axir mungli sag'irni.
Tosh ostida emasdir,
Biling, ikki qo'lingiz.
Siylasangiz singilni,
Xudo berar yo'lingiz”.
Sigirni ham sotdilar,
Xarj qildilar bemalol.
Ammo singil kundan-kun
So'lib borar bemajol.
Doktor dedi: “Og'ir dard,
Umid faqat Xudodir”.
Yanga dedi: “Kurashgum,
O'nta jonim fidodir”.
Yana dedi: “Ayting siz,
Bunga shifo bor qayda?”
Doktor dedi: “Chorasi
Yapon degan bir joyda.
Ikki buyrak qurigan,
Shuning uchun ko'p behol.
O'sha yoqqa eltsangiz,
Yashab ketar, ehtimol.
Eltmoq, lekin u yoqqa
Juda qimmat bo'larmish…”
Inson uchun zo'r boylik,
Biling, himmat bo'larmish.
Qanday kuch bor ayolda,
Yolg'iz Xudo biladi.
Bel boylasa, dunyoni
Ostin-ustun qiladi.
Doktor so'zi akani
Bir soniyada o'ldirdi.
Yanga uni bir siltab,
So'ng o'ziga keltirdi.
“Bu dard bilan qasdma-qasd
Kim yengarga o'ynayman.
Singlingizni endi men
Tuzatmasdan qo'ymayman.
Soting, — dedi, — hovlini,
Bir kunimiz ko'ramiz.
Bolalar katta bo'lguncha,
Ijarada turamiz.
Dunyoning bir qavati
Bizga o'xshash odamdir.
Tashvish qilmang har nedan,
Rizq berguvchi Egamdir.
Nomusingiz — singlingiz,
Yashaysizmi hech orsiz?
Biz ko'namiz har nega,
Boshimizda Siz borsiz”.
Ko'zlarida o't chaqnab,
Gapni shunday do'ndirdi.
Hushsiz, holsiz erini
Uy sotishga ko'ndirdi.
Ota hovli sotildi,
Har tomonga chopdilar.
Izlay-izlay, oxiri
Ijara uy topdilar.
Ayol qoldi o'g'il-qizin
O'rab eski choponga.
Aka esa singilni
Olib ketdi Yaponga.
Uch oy o'tib oradan,
Gul-gul yashnab qaytdilar.
Shifo bergan Tangriga
Shukronalar aytdilar.
So'rasangiz oxirin:
“Nima bo'ldi, ne etdi?”
Bir kun ko'rdim akani,
Minib o'tdi “Lacetti”.
O'sha yanga omondir,
Yashaydi shu zamonda.
Yoningizda, siz yoqda,
Yoki bizlar tomonda.
Ey, akalar, demangiz:
“Bu shunchaki hikoyat”.
O'ylab ko'ring, sizda ham
Bormi shunday shijoat?
Akalarning qalbiga
Mehr doim yor bo'lsin!
Har erkakning baxtiga
Mard ayollar bor bo'lsin!!!
Sobirjon HAKIMOV
