Hamkorlikda yangi mintaqaviy tafakkur sari
Joriy yilning 28-29 sentyabr kunlari Tojikiston Respublikasining Xo'jand va Guliston shaharlarida Ikkinchi Farg'ona tinchlik forumi o'tkazildi. Unda O'zbekiston, Qirg'iziston va Tojikistondan kelgan rasmiy shaxslar, o'ndan ortiq davlat delegatsiyalari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi vakillari ham qatnashdi. Quyida ushbu anjuman taassurotlari haqida so'z yuritamiz.
Yangi tarixni yaratgan hujjat
Ta'kidlash lozimki, bu nufuzli xalqaro tadbir yangi muloqot platformasi emas, balki 2025 yil 15-16 oktyabr kunlari Farg'ona shahrida “Farg'ona vodiysi: tinchlik va taraqqiyot yo'lida birdamlik” mavzusida bo'lib o'tgan Birinchi Farg'ona tinchlik forumidagi muloqotlarning mantiqiy davomi bo'ldi.
Farg'ona vodiysi O'zbekiston, Qirg'iziston va Tojikiston xalqlarini tarix, madaniyat, qo'shnichilik va mushtarak taqdir bilan bog'lab turgan makondir. Bu hududda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash faqat davlatlar o'rtasidagi diplomatik munosabatlar emas, balki aholi farovonligi, iqtisodiy taraqqiyot va xalqlar o'rtasidagi ishonch bilan ham chambarchas bog'liq. Farg'ona tinchlik forumlari ana shu ehtiyojdan kelib chiqadigan mintaqaviy muloqot maydoni sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu yilgi forum Xo'jand deklaratsiyasining qabul qilinganiga bir yil to'lishi munosabati bilan tashkil etilgani alohida e'tiborga molik. O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'iziston o'rtasidagi do'stlik va hamjihatlikning yangi davrini boshlab bergan ushbu tarixiy deklaratsiya Markaziy Osiyoda o'zaro ishonch, tinchlik va umumiy taraqqiyotga qaratilgan siyosiy irodaning muhim ifodasi sifatida qaraladi.
Ma'lumki, 2025 yil 31 mart kuni Xo'jand shahrida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Qirg'iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ishtirokida uch tomonlama sammit bo'lib o'tdi. Unda uch davlat chegaralari tutashgan nuqta to'g'risidagi shartnoma va Abadiy do'stlik to'g'risidagi Xo'jand deklaratsiyasi imzolandi. Bu voqea Markaziy Osiyo davlatlari munosabatlarida muhim siyosiy va diplomatik bosqich bo'ldi.
Eng muhim jihati shundaki, deklaratsiyaning ahamiyati faqat bugungi kun bilan cheklanmaydi, bu — kelajak avlodlar uchun tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan siyosiy majburiyatdir. Bu kelishuvning tarixiy ahamiyatini, avvalo, uning ramziy mazmuni va mintaqaviy hamkorlik uchun ochgan imkoniyatlari orqali anglash mumkin. Ushbu hujjat uch davlatning do'stlik va yaxshi qo'shnichilikni mustahkamlashga qaratilgan umumiy siyosiy irodasini ifodaladi. Chegara masalalarini muzokara va kelishuv asosida hal etishga intilish esa mintaqada tinchlikni ta'minlashning muhim diplomatik vositasi desak, xato bo'lmaydi.
Xo'jand deklaratsiyasi O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'iz Respublikasi munosabatlarini faqat siyosiy muloqot bilan cheklamasdan, iqtisodiy va gumanitar sohalarda ham rivojlantirish uchun muhim siyosiy zamin yaratadi.
Birinchidan, chegaraoldi savdosi va transport aloqalarini rivojlantirish uchun qulay sharoit shakllantirish imkoni kengayadi. Aholi va tadbirkorlar o'rtasidagi aloqalarning osonlashishi mahalliy iqtisodiyotga, xizmat ko'rsatish sohasiga va ish o'rinlariga ijobiy ta'sir ko'rsatishi mumkin.
Ikkinchidan, suv va energetika masalalarida hamkorlikning ahamiyati ortadi. Farg'ona vodiysida suv resurslaridan oqilona foydalanish, qishloq xo'jaligi va energetika sohalarida o'zaro manfaatlarni hisobga olish davlatlar o'rtasida doimiy muloqotni talab etadi. Mavjud kelishuvlarni amalga oshirish ana shu muloqotning amaliy yo'nalishlaridan biri sanaladi.
Uchinchidan, madaniyat, ta'lim, ilm-fan va turizm sohalaridagi aloqalar xalqlar o'rtasidagi o'zaro tushunishni mustahkamlaydi. Chunki davlatlararo do'stlikning barqarorligi faqat rasmiy uchrashuvlarga emas, balki oddiy fuqarolarning kundalik hayotidagi ishonch va hamkorlikka ham bog'liq. Shu boisdan Xo'jand deklaratsiyasining mazmunini anglashda inson manfaatini markazga qo'yish muhim. Chegara hududlarida yashovchi oilalar, savdogarlar, fermerlar, talabalar va mehnatkashlar uchun yaxshi qo'shnichilik, avvalo, kundalik hayotdagi qulaylik va xavfsizlikdir.
Tahlilchilarning fikriga ko'ra, Parij va Rim shartnomalari Yevropa integratsiyasining huquqiy poydevorini yaratgan bo'lsa, Markaziy Osiyoda Xo'jand deklaratsiyasi uch davlat o'rtasidagi yangi munosabatlar bosqichini belgilamoqda. Bir so'z bilan aytganda, bu tarixiy kelishuvni Markaziy Osiyoda hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim siyosiy asoslardan biri deyish mumkin. Uning ahamiyati uch davlat munosabatlaridan tashqarida ham namoyon bo'ladi: chegaraviy masalalarni tinch yo'l bilan hal qilish, o'zaro manfaatlarni uyg'unlashtirish va mintaqaviy muloqotni kuchaytirish boshqa hamkorlik jarayonlari uchun ham ahamiyatli tajriba hisoblanadi.
Tinchlik forumlari – jamiyatlar ovozi
Xo'jand deklaratsiyasining tarixiy ahamiyati uch mamlakat xalqlari o'rtasidagi do'stlikning amaliy natijalar bilan boyib borishida namoyon bo'lmoqda. Bunda fuqarolar muloqoti, mahalliy tashabbuslar va jamoatchilik diplomatiyasiga ham e'tibor qaratish zarur. Madaniy tadbirlar, yoshlar almashinuvi, qo'shma ta'lim dasturlari va jurnalistlar hamkorligi davlatlar o'rtasidagi yaqinlikni jamiyat hayotiga olib kirishga xizmat qiladi.
Farg'ona tinchlik forumlari mana shu ezgu maqsadlarning muhokamasiga qaratilgani bilan ham yanada ahamiyatli. Navbatdagi forumning Tojikistonda o'tkazilishi muhim kelishuv atrofidagi muloqotning tizimli davom etayotganini ko'rsatdi. Bu jarayonda tahlil markazlari, xalqaro ekspertlar, ilmiy doiralar, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillarining faol ishtiroki hamkorlikni faqat davlatlararo darajada emas, balki jamiyatlar o'rtasida ham mustahkamlashga hissa qo'shadi. Shu ma'noda, an'anaviy tus olayotgan Farg'ona tinchlik forumlari davlatlarning siyosiy hamkorligi namoyishigina emas, balki jamiyatlarning ham ovozi, deyish mumkin.
Bu galgi forum “Farg'ona vodiysi: tinchlik, ishonch va farovonlik makoni” mavzusiga bag'ishlandi. O'zbekiston Respublikasining Farg'ona viloyati, Qirg'iz Respublikasining Botken viloyati va Tojikiston Respublikasining Sug'd viloyati rahbarlari ishtirok etgan forumda mintaqaviy hamkorlikning ustuvor masalalari muhokama qilindi. Xususan, rivojlanish jarayonlarining oldindan prognoz qilinadigan va izchil bo'lishini ta'minlash, iqtisodiy bog'liqlik va o'zaro manfaatli hamkorlik, savdo, sanoat va iqtisodiy aloqalarni kengaytirish muhokamalarning markazida bo'ldi. Nufuzli anjumanda so'z olgan xalqaro ekspertlar o'z chiqishlarida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta'minlash borasidagi tashabbuslari va siyosiy faolligini alohida e'tirof etishdi.
Forumda tabiiy resurslar va ekologik hamkorlik, resurslardan oqilona foydalanish, chegaraoldi ekologik masalalarni birgalikda hal etish, inson kapitali va ilmiy aloqalar, ta'lim, fan va tahlil markazlari hamkorligini rivojlantirish bo'yicha qizg'in muloqotlar kechdi. Davlatlarning o'zaro hamkorligida jamoatchilikning ishtiroki, yoshlar, xotin-qizlar, fuqarolik jamiyati va mahalliy jamoalarning tinchlik kun tartibidagi o'rnini kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Ommaviy axborot vositalari hamkorligi, uch mamlakat jurnalistlari va media tashkilotlari o'rtasida professional aloqalarni kengaytirish masalasi Ikkinchi Farg'ona tinchlik forumining alohida muloqot mavzusi bo'ldi. Muhokamalarda mintaqaviy hamkorlikni ta'minlashda jurnalistlar zimmasiga katta mas'uliyat yuklanishi ta'kidlandi. Ommaviy axborot vositalari uch mamlakatdagi ijobiy tajribalar, umumiy muammolar va ularning yechimlari haqida xolis, dalillarga asoslangan materiallar tayyorlashi orqali xalqlar o'rtasidagi ishonchni mustahkamlashga hissa qo'sha olishi qayd etildi. Munozaralarda ishtirok etgan O'zbekiston, Qirg'iz Respublikasi va Tojikiston jurnalistlari davlatlar o'rtasidagi mediahamkorlik umumiy tarix, mushtarak manfaatlar va mintaqaviy taraqqiyot sari muhim qadam, degan fikrda yakdil bo'ldilar.
Darhaqiqat, bugun uch mamlakat jurnalistlari oldida xalqlarimizning tarixiy yaqinligini zamonaviy axborot makonida yanada mustahkamlashdek muhim vazifa turibdi. Zero, jurnalistika nafaqat voqealarni yoritadi, balki odamlar o'rtasida muloqot o'rnatadi, jamiyatda fikr uyg'otadi, xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradi.
Farg'ona vodiysi — shunchaki geografik hudud emas. U asrlar davomida turli xalqlar bir makonda yashab, bir-birining madaniyati, urf-odatlari va qadriyatlarini boyitib kelgan noyob tarixiy maskandir. Vodiy aholisining hayoti bir-biri bilan chambarchas bog'liq. Suv resurslari, ekologiya, qishloq xo'jaligi, tadbirkorlik, savdo-sotiq, ta'lim, yoshlar bandligi va madaniy aloqalar — bularning barchasi mintaqaning bugungi kuni va ertangi taraqqiyotini belgilaydigan masalalardir.
Ushbu mavzularning ko'pchiligi davlat chegaralari bilan cheklanmaydi. Bir hududdagi ekologik o'zgarish, suvdan foydalanish yoki iqtisodiy faollik boshqa hudud aholisining hayotiga ham daxl qilishi mumkin. Shu bois bunday jarayonlarni har bir mamlakat jurnalistlari alohida emas, balki o'zaro axborot almashgan holda, turli nuqtai nazarlarni inobatga olib yoritishi muhim. Masalan, jurnalistlarning chegaraoldi savdosi, kichik biznes, transport, turizm va yoshlar bandligi haqidagi qo'shma materiallari mintaqadagi iqtisodiy aloqalarning insonlar hayotiga ta'sirini ochib berishga xizmat qiladi.
Axborot oqimi tezlashgan bugungi kunda ba'zan tekshirilmasdan tarqatilgan, noto'g'ri talqin qilingan ma'lumotlar jamoatchilikda tushunmovchilik va asossiz xavotirlarga sabab bo'lishi mumkin. Ayniqsa, chegaraoldi munosabatlari, suv resurslari, migratsiya va ijtimoiy masalalarni yoritishda jurnalistning mas'uliyati yanada ortadi. Bunday mavzularda faktlarni tekshirish, ishonchli manbalarga tayanish, voqealarni to'liq kontekstda ko'rsatish va inson qadr-qimmatini hurmat qilish muhim.
Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, Ikkinchi Farg'ona tinchlik forumida O'zbekiston, Qirg'iz Respublikasi, Tojikiston media tuzilmalari va ommaviy axborot vositalari o'rtasida hamkorlikni rivojlantirish muhimligi ko'p bora e'tirof etildi. Ta'kidlanganidek, uch davlat jurnalistlarining o'zaro tajriba almashishi, murakkab mavzularda birgalikda ishlashi va kasbiy etika masalalarini muhokama qilishi mintaqaviy axborot muhitining sifatini oshirishga yordam beradi.
Hamkorlik – jurnalistlar uchun yangi imkoniyat
Farg'ona vodiysidagi xalqlarning o'zaro yaqin munosabatlari media sohasi vakillari uchun yangi ufqlar ochadi. Masalan, vodiyning boy madaniy merosi jurnalistlar hamkorligi uchun yana bir katta imkoniyatdir. Bu zaminda shakllangan adabiy, me'moriy, hunarmandchilik va ma'naviy an'analar xalqlar o'rtasidagi tarixiy aloqalarni o'rganishga imkon beradi.
Masalan, uch mamlakat jurnalistlari birgalikda hujjatli filmlar yoki vodiyning tarixiy shaharlari, buyuk allomalari, xalq hunarmandchiligi va an'analari haqida turkum ko'rsatuvlar tayyorlashi mumkin. Bunday loyihalarning ahamiyati faqat o'tmishni eslash bilan cheklanmaydi. Ular bugungi avlodga umumiy tarixiy merosni anglash, madaniy xilma-xillikni qadrlash va o'zaro hurmat tuyg'usini mustahkamlashga yordam beradi.
Ayniqsa, yoshlar auditoriyasi uchun zamonaviy multimedia formatlarida tayyorlangan hikoyalar, podkastlar, videolavhalar va ijtimoiy tarmoqlar uchun maxsus materiallar katta qiziqish uyg'otishi tabiiy. Bunda tarixiy voqealarni bir tomonlama talqin qilishdan qochish, ishonchli manbalarga tayanish va har bir xalqning madaniy xotirasiga ehtirom bilan yondashish zarur.
Mintaqaviy jurnalistika hamkorligining kelajagi bugungi yosh mutaxassislarga yaratilayotgan imkoniyatlarga ham bog'liq. Yangi avlod jurnalistlari nafaqat axborot to'plash va tarqatish, balki raqamli texnologiyalar, ma'lumotlar tahlili, multimedia, xalqaro kommunikatsiya va sun'iy intellekt bilan ishlash ko'nikmalariga ham ega bo'lishi kerak. Yosh jurnalistlar bir-birining mamlakatini, madaniyatini va kasbiy muhitini qanchalik yaxshi bilsa, kelajakdagi hamkorlik uchun shunchalik mustahkam asos shakllanadi.
Shu boisdan, forum davomida yosh jurnalistlar uchun qo'shma mahorat darslari, stajirovkalar, yozgi maktablar va yoshlar medialaboratoriyalarini tashkil etish bo'yicha takliflar ilgari surildi. Bunday dasturlarda faktcheking, jurnalistika etikasi, media huquqi, raqamli xavfsizlik va sun'iy intellektdan mas'uliyatli foydalanish masalalariga alohida e'tibor qaratish lozimligi bildirildi.
2022 yilda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Tojikiston Jurnalistlar uyushmasi o'rtasida o'zaro hamkorlik memorandumi imzolangan. Forumdagi muhokamalarda mazkur hujjat doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash, xususan, jurnalistlar ishtirokida xalqaro uchrashuvlar, konferensiyalar va davra suhbatlari tashkil etish bo'yicha fikr almashildi. O'zaro xalqaro hamkorlik loyihalariga Qirg'iz Respublikasi Jurnalistlar uyushmasini ham jalb etish taklifi o'rtaga tashlandi.
Forumda ekspertlar tomonidan bildirilgan Farg'ona vodiysi mediahamjamiyatining doimiy faoliyat yurituvchi hamkorlik maydonini tashkil etish taklifi ham e'tiborga molik. Ushbu maydon uch mamlakat jurnalistlar tashkilotlari, tahririyatlar, oliy ta'lim muassasalari va media mutaxassislarini birlashtirishi mumkin. Taklifga ko'ra, har yili hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari belgilanib, qo'shma loyihalar rejalashtiriladi va amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinadi.
Shuningdek, Farg'ona vodiysi mediahamjamiyatining yillik forumini o'tkazish, jurnalistlar uchun elektron axborot almashinuvi maydonini yaratish, qo'shma jurnalistik materiallar tanlovini tashkil etish va mintaqaviy media maktabini yo'lga qo'yish mumkin. Bu tashabbuslarni bosqichma-bosqich amalga oshirish kelgusida mediahamkorlik sohasida aniq natijalarga erishish imkonini beradi.
Bugun texnologiyalar jurnalistlar uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Masofadan turib hamkorlik qilish, ma'lumotlar almashish, birgalikda tahliliy materiallar tayyorlash va multimedia mahsulotlarini turli platformalarda tarqatish tobora qulaylashmoqda. Farg'ona vodiysi jurnalistlari ushbu imkoniyatlardan foydalanib, umumiy mavzularda qo'shma podkastlar, videoloyihalar, elektron maxsus sahifalar va hujjatli filmlar tayyorlashlari mumkin.
Raqamli hamkorlik platformasi esa jurnalistlarga ekspertlar bilan aloqa o'rnatish, tadbirlar haqida ma'lumot olish, materiallar almashish va qo'shma loyihalarni muvofiqlashtirishda yordam beradi. Albatta, raqamli texnologiyalardan foydalanish jurnalistning kasbiy mas'uliyatini kamaytirmaydi. Aksincha, axborotning ishonchliligi, shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilish va sun'iy intellektdan foydalanishning shaffofligiga bo'lgan talabni kuchaytiradi.
Bizningcha, Farg'ona vodiysi jurnalistlari hamkorligining eng muhim mezoni o'tkazilgan tadbirlar yoki imzolangan hujjatlar soni bo'lmasligi kerak. Asosiy natija odamlarga kerakli axborotning ko'payishi, ularning umumiy muammolar haqida to'g'ri tasavvurga ega bo'lishi va turli jamoalar o'rtasida muloqotning kengayishida namoyon bo'lishi lozim.
Birgalikda tayyorlangan sifatli jurnalistik materiallar orqali tadbirkorlar yangi imkoniyatlar haqida ma'lumot olishi, yoshlar ta'lim va kasb tanlashga oid tajribalar bilan tanishishi, mahalliy jamoalar ekologik tashabbuslardan xabardor bo'lishi mumkin. Shu ma'noda, jurnalistlarning hamkorligi faqat kasbiy munosabatlar doirasida qolib ketmasdan, mintaqaning ijtimoiy va gumanitar taraqqiyotiga xizmat qiladigan amaliy faoliyatga aylanishi maqsadga muvofiqdir.
* * *
Shuni alohida aytish mumkinki, Tojikiston Respublikasining Xo'jand va Guliston shaharlarida bo'lib o'tgan Ikkinchi Farg'ona tinchlik forumi Farg'ona vodiysi xalqlarini bog'lab turgan tarixiy qo'shnichilik an'analari bugun yangi mazmun bilan boyiyotganini hamda uch davlat o'rtasidagi o'zaro hamkorlikning istiqbolli yangi yo'nalishlari va foydalanilmayotgan imkoniyatlar mavjudligini ko'rsatib berdi.
Forumdan kelib chiqqan yana bir muhim xulosa shuki, davlatlararo munosabatlarning rivoj topishi va mustahkamlanishida jurnalistlarning kasbiy hamjihatligi, ochiq muloqoti va birgalikdagi ijodiy izlanishlari alohida o'rin tutadi. Zero, yaxshi qo'shnichilik nafaqat diplomatik muloqot va iqtisodiy aloqalarda, balki odamlarning bir-biri haqida qanday axborot olishi, bir-birini qanday tushunishi va umumiy kelajak haqida qanday fikr yuritishida ham namoyon bo'ladi. Ayniqsa, Farg'ona vodiysi jurnalistlari uchun bu — yangi imkoniyat va katta mas'uliyat. Uni amaliy hamkorlikka aylantirish esa uch mamlakat mediahamjamiyatining mushtarak vazifasi, desak, xato bo'lmaydi.
Shuhrat ORIPOV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi raisi.
