Kuz
Shitir-shitir… Katta yo'lning hu-u-uv boshidan uchib kelayotgan xazonlar nimadir demoqchiday, deraza oynasiga birin-ketin uriladi. Bu ovoz ko'ngilga yaqin, ammo dilni biroz o'rtaydi…
Ko'cha oralab daydib yurgan telba shamolning esa tinimi yo'q. Dardini yoymoqchi bo'lgan za'faron barglarni o'z holiga qo'ymasdan, ular bilan go'yo o'ynashmoqchi bo'lib, hali u tomonga, hali bu tomonga irg'itadi. Yana ularni havoda bir muddat muallaq ushlab, sabrini sinaydi. Bu ham yetmaganday, yuksak daraxtlarning o'sha za'faron parchalarini orzular osmoniga olib chiqib, yerga umidsiz uloqtiradi. Yo'lning o'rtasida changga qorishgan, sho'x shamolning izmida qolgan “sariq qanotchalar” unga “Bizni deraza qarshisiga olib bor” deb yalingani-yalingan. Ularning bu mungli nidosida umrini yashagan, ammo yashashdan to'ymagan, g'amgin nigohida tutamgina ilinj yashiringan bir insonning zilday iztirobi bor.
Aslida, o'sha iztirob evaziga oltinday tovlanib, chiroyini ko'z-ko'z qilayotgan tabiatning parvoyi palak. U takror aytadigan birgina muqaddas bitik bor: “Bu mening buyuk Qonunim…” O'ynoqi yel sariq parchalarning g'ashiga tegib, g'uv-g'uv qilgancha, eski xirgoyisini boshlaydi: keling, bunda yashash abadiy, keting, yashash abadiy bunda… Xazonlar yana deraza oynasiga uriladi: shitir-shitir…
Shu oniy lahzada kimningdir qarz gapi aytiladi, chimdimgina kulgisi hadya etiladi, sog'inchdan yaralgan ko'z yoshi to'kiladi, ko'ksiga sig'magan alami yoriladi, ochilishi kerak bo'lgan siri ochiladi… Deraza ortida takror shitir-shitir ovoz eshitiladi. Rashkchi yel olib ketadi umid parchalarini olis-olislarga. Egasiga tortiq etilmay qolgan tuhfalar esa unniqib, qolib ketadi yo'lning o'rtasida. Oxirgi yo'lovchining horg'in qadamidan ular million bo'lakka bo'linadi. O'sha yerda tugaydi uchish, iztirobli nido…
Deraza oynasidan bori borliqqa aylanib, sassiz tikilib turgan tanish qizning so'nggi umidi so'nadi. Ko'z oldini qorong'ilik qoplaydi. Endi sho'x shamol ham tinadi bir zumga, go'yo qilmishidan pushaymonday, afsusda qolganday…
…Ha, tanish qiz hali bilmaydi daydi yel ertaga quchog'ida yana bir olam umid parchalarini olib kelishini va o'sha parchalar deraza oynasiga shitir-shitir urilishini…
Zebo QUTLIYEVA.
Navoiy viloyati.
