Ma'naviyat inson hayotining ikkinchi quyoshidir

Urush yillaridan keyingi ocharchilikni, bolalar va ayollarning erkaklar bilan teng mehnat qilganini ko'rib, shular qatorida unib-o'sdim. Omoch tortdim, g'allani galagov  qildim. Hayot majbur etgan, yashashga umid bag'ishlagan hech bir yumushdan bosh tortmadim. Buning uchun birovni ayblamayman, aksincha, hayotdan roziman. Garchi o'sha paytlar ma'naviyat deb atalmagan bo'lsa-da, insonni tarbiyalashga xizmat qilgan hayot sabog'idan, odamlarning amaliy ishi va so'zi bilan bergan o'gitlaridan ma'naviy kuch olganman, desam, aslo xato bo'lmaydi.

Qishlog'imizda bir kengfe'l brigadir bo'lardi. G'alla pishgan chog'larda xirmonboshi bo'lib, galagov tepasida turardi. Bir-ikki kilo bug'doy uchun odamlar otilib ketadigan zamonda shu inson ota-onalarimizga: “Bolalaringga aytinglar, oyog'iga kattaroq kalish kiyib kelsin! Xirmonjoydan qorong'i tushganda qaytsin!” deb tayinlar ekan. Chunki oyoqda katta kalish bilan galagovda qatnashsak, uning ichiga g'ij-g'ij bug'doy to'lardi. Buni birov, deylik, nazoratchilar sezmasdi. Qorong'i tushganda esa o'sha bug'doyni belboqqa to'kib olardik. Bitta non bo'ladimi, bir kosa atalaga yetadimi — xullas, shu bug'doy kunimizga yarardi.

O'sha brigadir biz — o'spirinlarga yolg'ondakam dag'dag'a bilan: “Nimaga partiya qo'shiqlarini bilmaysanlar, kim o'qityapti senlarni?” deb do'q urib ham qo'yardi. Biz esa bug'doy yanchayotgan eshak yoki ho'kizlarni qistab, beparvo xirgoyi qiladigan “Xirmonchi”, “Ho', mayda” kabi xalq qo'shiqlarini bas qilib, darhol partiyani madh etuvchi qo'shiqlarni bilganimizcha avjiga chiqarardik. Bu qo'shiqlardan ko'zlangan asl maqsad esa yanada g'alati edi: kalishimizda g'ijirlayotgan yoki bexos yerga sochilayotgan donning shitirlagan tovushini sezdirmaslik! Qolaversa, xirmonjoyni aylanib yurgan partiya vakillarining diqqatini chalg'itish. Ana sizga partiya qo'shig'i-yu, ana sizga o'lmay yashab qolish uchun qilingan ming bir hiyla…

Bu brigadir ham ko'pchilik qatori chalasavod odam edi. Ammo insoniy mehri, shu el bolalarining iligi to'q o'ssin degan sodda elparvarligi bilan menga katta ma'naviyat sabog'ini bergan.

Keyinchalik maktabdagi va oliy dargohlardagi ayrim ustozlarning ich-ichidan ezilib, mustaqillik haqida pinhona bir og'riq bilan, har so'zini o'n qat qog'ozga o'rab so'zlashi botinimizga singib bordi.

Aytmoqchi bo'lgan asosiy mavzuimdan biroz chalg'idim, shekilli, ammo yuqoridagi gaplar ham ziyon qilmaydi, deb o'ylayman. Chunki ma'naviyat birinchi navbatda vatanparvarlikdir, degan xulosaga kelgunimcha ancha-muncha yo'lni bosib o'tdim. Vatanparvarlik esa, avvalo, Tangrini tanish, insonni sevish, bandasidan hayo qilish degani ekan-da…

Men bugungi yoshlarimizdan nolimayman, balki ularga hayrat va havas bilan qarayman. Nolimasligim sababi — ular bizning o'z hosilimiz. Nimani eksang, shuni o'rasan! Ammo ularning hayotga qarashi, o'zgarishlarni qabul qilish darajasi va tarzi baribir meni bezovta qiladi.

Ma'naviyat haqida so'z ketganda, moddiy to'kislik masalasi ham o'rtaga chiqadi. Xalqimizda shunday naql bor: “Tuyaning yuki yengil bo'lsa, baqiroq keladi”. Ya'ni yuki yengil tuya sho'x bo'ladi, shataloq otadi, baqirib, egasiga ham bo'ysunmay, olamni buzgisi keladi. Bu naql aslida tuya haqida emas. Tuya — shunchaki ramz. Asl gap biz — odamlar haqida.

Odamlar orasidan mehr-oqibat, beg'araz muhabbat, betama yaxshilik ko'tarilib boryapti, deyishadi. Biroz hayot ko'rgan inson sifatida men ham bu fikrga qo'shilaman. Nega desangiz, hayotimiz yaxshilandi, yashash yengillashdi. Minglab yumushlarni texnika o'z zimmasiga oldi. Biroq odamlarni aql bovar qilmas bir yolg'izlik qurshab borayotgandek. Bemor qo'shnidan xabar olish yoki telefon orqali hol-ahvol so'rashga erinamiz, vaqt topolmaymiz. Vaholanki, ko'ngilni keng qilsak, bugun har narsaga imkoniyatimiz yetadi.

Uzoqqa bormaylik: salkam 6 million tonna paxta yetkazib beruvchi yurtimiz mustaqillikning ilk yillarida jiddiy g'alla taqchilligiga duch kelgan edi. Markaziy ta'minotdan uzilgan davlat qariyb yigirma millionlik aholini non bilan ta'minlay olmaslik xavfi ostida qoldi.

O'shanda rahbarlarimiz bir yilning o'zida 300 ming gektar maydonni shaxsiy tomorqa xo'jaliklari uchun ajratib berdi. Tomorqali bo'lgan odamlar sal bo'lsa-da yengil tortdi, o'z aravasini o'zi torta boshladi. Paxta maydonlari keskin qisqartirilib, 1 million gektar sug'oriladigan va 500 ming gektar lalmi yerga g'alla ekildi. Ko'rpani boshingga tortsang, oyog'ing ochilib qoladigan, g'alla ham, kiyim-bosh ham birdek zarur, ayni chog'da ta'lim islohoti ham kutib turmaydigan bir qaltis pallada bunday tavakkal qilish chinakam jasorat edi.

Bu raqamlar va misollarni nega keltiryapman? Shaharliklar bo'lka nonga soatlab navbatda turgan, qishloqlarda esa bug'doyga arpa, jo'xori va hatto supurgi urug'ini aralashtirib tegirmonga tashigan 90-yillar voqeligi hozirgi talaba nevaram uchun ertakdek tuyuladi. Ammo zamonaviy texnologiyalar bag'rida o'sayotgan, ingliz tilini ham, kompyuterni ham mukammal egallagan mana shu avlod ma'naviy qadriyatlar degan tabarruk tushunchaga qanday qarayapti?

Nega ular Abdulla Oripovning “O'zbekiston” qasidasini yurakdan his etib o'qish, Erkin Vohidovning “O'zbegim”ini Sherali Jo'rayev ijrosida vujudi titrab tinglash o'rniga, xorijdagi ta'lim imkoniyatini suiiste'mol qilib, borgan joyi — Amerika yoki Yevropa davlatlarida noqonuniy qolib ketishni o'z orzusiga aylantirmoqda? Yoki nima sababdan oila degan sharqona muqaddas merosimizga bepisand qarab, olti oyga qolmay ajrashib ketishyapti? Yoxud ta'lim dargohlarida ustoz-muallimning bir og'iz dakkisi uchun uni  hatto sudgacha olib borishyapti?

Axir yuqoridagi kabi milliy durdonalardan umrida bir bora bo'lsa-da bahra olib miriqqan inson o'z yurti, milliy o'zligi va xalqi haqida shunchaki o'ylay olmaydi-ku! Yurt dardiga befarq qarab turolmaydi-ku!

Bu kabi o'ylantiradigan ma'naviy og'riqlarimiz ko'p.

Xalqimizda “Qo'yni o'z yog'ida qovuradilar” degan hikmat bor. Bu sabablarni, avvalo, o'zimizdan qidirishimiz kerakligini, barcha savollarga javob berish biz — kattalarning zimmamizda ekanini anglatadi.

Xo'sh, biz qaerda xato qildik yoki xato qilyapmiz? Yaqinda Termizda istiqomat qiluvchi bir yosh do'stimiz bilan suhbatlashib qoldim. Bank tizimida ishlaydigan 30-35 yoshlardagi bu yigitning uch nafar farzandi bor ekan. Eng kichigi 3 yoshda bo'lib, ingliz tiliga ixtisoslashgan pulli bog'chada tarbiyalanarkan, hatto o'sha tilda yuzgacha sanashni bilar ekan. Kattasi rus sinfida, ikkinchisi esa ingliz tili maktabida o'qirkan. Ko'z-qoshi o'zbekligini aytib turgan bu bolakaylar uyda ham o'sha tillarda so'zlashar, ona tilida esa durustroq fikr bildirolmas ekan. Ota-onasi esa bundan nihoyatda mamnun.

Men xalqimizning ulug' eposi — “Alpomish” dostonini tadqiq etganman, baxshilarimizdan ushbu bebaho asarni yozib olganman. Bu doston o'zbek tili, milliy ma'rifatimiz va ma'naviyatimizning bitmas-tuganmas xazinasidir. Bunday asarlar ruhini tuygan odam el-yurt dardidan hech qachon ayro yashay olmaydi.

Afsuski, boyagi uch nafar bolakayning davralarda yoki ekran qarshisida “Alpomish”ni tinglab, undan ma'naviy zavq olishiga ishongim kelmaydi.

Qariyb yigirma yoshimizda, harbiy xizmatda yurganda rus tilini chala-chulpa o'rgangan edik. Qolganini keyinchalik hayotiy zarurat tufayli o'zlashtirdik. Yoshim saksondan oshgan bo'lsa-da, kompyuterni o'zimga kerakli darajada ishlata olaman, uni o'rganganimga ham ko'p vaqt bo'lgani yo'q. Zamon tilini yoki texnologiyalarni o'rganish uchun ota-onamiz bizni sira pulli maktablarga bergan emas — u paytlarda pullik maktablarning o'zi ham bo'lmagan.

Keyingi 15-20 yilda yosh oilalar farzandlarini rus va ingliz tillariga, axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan pulli ta'limga yo'naltirishi urf bo'ldi. Bu, albatta, kerak. Farzandlarimiz tillarni mukammal egallasa, zamonaviy bilimlarni o'zlashtirsa, bundan faqat quvonish lozim. Biroq…

Asl maqsadim nima? Biz shu muqaddas zaminning farzandi ekanmiz, uni Vatan deb bilarkanmiz, ota-bobolarimizning xoki va qadamjolari shu yerda ekan, bu yurtni kim asraydi, kim rivojlantiradi, kim uning uchun jonini fido etadi, kim uni dunyoga tanitadi?! Bu ishni, shubhasiz, ona diyorini betama muhabbat bilan sevganlargina uddalay oladi. Bir haqiqatga qattiq ishonaman: har qanday ezgu tuyg'u, avvalo, ona tili vositasida inson ruhiyatiga singadi. O'z tilidan uzilish esa ma'naviy qashshoqlik va milliy ruhning tanazzuliga olib keladi.

Shu o'rinda: “Abu Nasr Forobiy yetmishdan ortiq tilni bilgan-ku”, deyishlari mumkin. Ammo bu buyuk zot shuncha tilni egallagani holda, o'z ona tili va milliy ildizlarini aziz tutgan, ruhiy sofligini saqlagan va umrini ilm-ma'rifat hamda el-yurt ravnaqiga bag'ishlagan ulug' alloma edi.

Ma'naviyat inson hayotining ikkinchi quyoshidir. Bu quyosh nuri tushmagan manzillardagi maysalar sarg'ayib, hosil bermaydi. Bu quyosh nuri ko'rmagan daryoning suvini ichib bo'lmaydi!

Biz ruhga quvvat, vujudga saodat bag'ishlovchi ana shu quyosh nuridan bebahra qolmasligimiz lozim.

Ko'pni ko'rgan, saksonni qoralagan bir keksa birodaringizning sizga aytar xolis so'zi va mulohazalari shulardan iborat.

Toshtemir TURDIYEV,

respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi

Denov tumani bo'limi rahbari,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − one =