Matbuot qo'llab-quvvatlanishi kerak!

Har yili respublika va mahalliy bosma ommaviy axborot vositalariga obuna mavsumi boshlanishi bilan majburiy obunadan so'z ochib, matbuotimizga qarshi hujum kampaniyasi boshlanadi. Ma'naviyat sarchashmalari hisoblangan gazeta-jurnallarga qarata turli ta'na-dashnomlar yog'dirishga tushib ketishadi.

Ish shu darajaga yetadiki, biron-bir muharrir qaysidir jamoaga borib: “Obuna…” deya gap boshlasa, o'sha tashkilot rahbari sapchib tushadi.

Keyingi paytlarda turli sabablarga ko'ra, gazeta va jurnallarning adadi hamda o'quvchilari soni keskin kamaydi. Avvallari yuz minglab, hatto million nusxada chiqqan nashrlar adadi bugunga kelib atigi 3-4 mingga tushib qoldi. Rentabelli ishlayotgan gazeta va jurnallar sanoqli. Ko'pgina nashrlar bankrotlik yoqasiga kelib, faoliyatini to'xtatdi. Har yili o'nlab nashrlar yopilib ketayotganini, oylab, yillab chop etilmayotganini yaxshi bilamiz.

Mayli, balki, bu bilan osmon uzilib yerga tushmas: 5-10 ming nafar fidoyi, vatanparvar, iste'dodli jurnalist ishsiz qolsa, o'quvchilar gazetasiz qolar. Ammo masalaning boshqa bir xunuk jihati borki, uni xaspo'shlash yoki chetlab o'tish, mavjud manzaraga befarq qarash jamiyat hayotiga putur yetkazish bilan barobardir. Bilasiz, g'anim biror mamlakatga hujum qilishdan avval uning mafkuraviy targ'ibot tizimini ishdan chiqarishga, xalqining ongini zaharlashga urinadi. Bilamiz, O'zbekistonning hozirgi mustaqil siyosati chetdagi aksariyat muxolif kuchlarning ichini kuydiradi.

Albatta, O'zbekiston — o'z axborot xavfsizligini ta'minlashga qodir mamlakat. Keyingi yillarda jurnalistika maydonini tark etgan ko'plab layoqatli, iste'dodli, fidoyi, jonkuyar, vatanparvar, halol va pok qalbli qalamkashlarning deyarli barchasi mamlakatimizda istiqomat qiladi, ko'plari o'z rizqini boshqa sohalardan terib yuribdi. Qolaversa, faoliyat yuritayotgan tahririyatlarda ham milliy jurnalistikamizdan hamon umidini uzmagan iqtidorli kadrlarning “qaymog'i” — mohir, tajribali qalamkashlar arzimas maosh evaziga bo'lsa-da, baholi qudrat ishlab yuribdi. Viloyatlarda tug'ilib-o'sgan va qo'lidan ish keladigan jurnalistlarning yana bir qismi poytaxtimiz Toshkent va boshqa yirik shaharlardan qo'nim topgan. Ana shu salohiyatli kadrlardan tashqi va ichki axborot xurujlariga qarshi kuch sifatida foydalanishning nahotki imkoni bo'lmasa?!

Kamina hali bir necha yillar muqaddam tashqaridan va ichkaridan bo'layotgan axborot xurujlariga qarshi so'zga qarshi so'z, fikrga qarshi fikr, g'oyaga qarshi g'oya, dalilga qarshi dalil, isbotga qarshi isbot bilan kurashish, shu orqali davlatchiligimiz va mustaqilligimizni nafaqat saqlab qolish, balki qalam kuchi bilan yanada mustahkamlash borasida o'z taklif va mulohazalarimni bildirgan edim. Shu maqsadda tegishli mahkamalar qoshida ta'sirchan targ'ibot-tashviqot ishlarini olib boradigan, haq so'zni ayta oladigan, maxsus ijodiy guruhlarni amaldagi qonunchilik doirasida shakllantirish taklifini ilgari surgandim. Fikr-mulohazalarim mamnuniyat bilan qabul qilindi.

Favqulodda katta kuch manbai hisoblangan OAV, xususan, bosma nashrlar va qalam ahlining salohiyatidan oqilona foydalanmaslik, o'z nashrlarimiz qudratini mensimaslik yoki ularga ishonchsiz qarash yaxshilikka olib kelmaydi.

OAVni bozor iqtisodiyoti to'lqiniga shunchaki tashlab qo'yish, ya'ni “o'z aravangni o'zing tort, cho'ntagingda puling bo'lsa, gazeta chiqar, bo'lmasa yig'ishtir” qabilidagi munosabatni o'zgartirish kerak. Shu boisdan ham Prezidentimiz OAV sohasiga katta e'tibor qaratish lozimligini hamisha ta'kidlab kelmoqda. Lekin ayrim vazirlik va idoralar, hokimliklarning muassisligidagi nashrlarga e'tibor qaratmayotganligi achinarlidir.

Davlat bor ekan, matbuot timsolidagi sog'lom mafkura ham bo'lishi shart. Mafkurasiz jamiyatning kelajagi bo'lmaydi. Shunday ekan, davlatimiz xalq bilan o'zi o'rtasidagi ko'prik hisoblangan, sadoqat sinovidan o'tgan, muxolif qarashlardan xoli ommaviy axborot vositalarini va ularda mehnat qilayotgan ijodkorlarni moddiy-ma'naviy jihatdan himoya qilsa, rag'batlantirsa, jumladan, obuna tadbirlariga keng yo'l ochsa, “majburiy obuna” va “ixtiyoriy obuna” degan sun'iy tamg'alarni ayrim mutasaddilarning tafakkuridan ham, lug'atidan ham chiqarib tashlash chorasini ko'rsa, buning nimasi yomon?

Shularni e'tiborga olganda, xalqimizga, davlatimizga, istiqlolimizga xayrixoh bo'lgan OAVni, jumladan, shahar va tuman hokimliklari, vazirlik va idoralar muassisligida chop etilayotgan sohaviy gazeta va jurnallarni barcha imkoniyatlar bilan saqlab qolish, tahririyatlar hamda qalam ahlining boy berilgan mavqeini tiklash, ularning raqobatbardoshligi va moliyaviy yashovchanligini ta'minlash kechiktirib bo'lmas vazifa ekani ko'rinib turibdi. Matbuotda obro' bo'lmasa, davlat va jamiyatning ham nufuzi pasayadi.

Ta'kidlanganidek, davlat va jamiyat matbuotsiz rivojlana olmaydi. Xalqdan, davlatdan va jamiyatdan ajralib qolgan matbuot esa, shubhasiz, inqirozga yuz tutadi. Men yurtimizda ixtiyoriy va majburiy obuna jarayonlarini qattiq nazorat qilayotgan Xorazm viloyati prokuraturasi mutasaddilariga yuqorida bayon etilgan holatlar va takliflarimni yetkazdim. Ammo bu muammolarning joyida ijobiy hal bo'lishiga ishonchim kamroq. Negaki, bu masalalarning yechimi viloyat miqyosida emas, balki respublika darajasida hal etiladi.

Odamlar tafakkuri ko'pincha kundalik tirikchilik va bozor tashvishlari bilan band. Ma'naviyat masalalari esa hali biz kutgan yuksak darajaga ko'tarilmadi. Yuksak ma'naviyat kuchli iqtisodiyot va barqaror jamiyatning poydevori ekanini ko'pchilik hali teran anglab yetganicha yo'q. Bunda matbuotning sust faoliyati ham salbiy ta'sir ko'rsatmoqda, desak, to'g'ri bo'ladi. Agar matbuot o'zining tarbiyaviy va ma'rifiy vazifasini to'laqonli ado eta olganida edi, ijtimoiy tarmoqlarda bo'y ko'rsatayotgan ayrim ma'naviy bo'shliqlar paydo bo'lmasdi.

Bosma nashrlarning inqirozi natijasida pochta tizimi ham tanazzulga yuz tutgani hech kimga sir emas.

Ma'lumotlarga qaraganda, 2000-yillar boshida “O'zbekiston pochtasi” AJning birgina Xorazm filialida 1100 dan ziyod xodim mehnat qilgan bo'lsa, bugun ularning soni 300 nafarga ham yetmaydi. Bugun pochtalonlar yo'q hisobi. Chunki xonadonlarga deyarli gazeta-jurnal kelmaydi. Bu obunachilar safi keskin qisqarib ketganining yaqqol isbotidir. Agar gazeta va jurnallarimiz avvalgi mavqeini tiklasa, pochta tarmog'i ham oyoqqa turardi: birgina Xorazm viloyatining o'zida kamida 1,5-2 ming kishi doimiy ish bilan ta'minlangan bo'lardi.

Shunday ekan, davlatimizning ovozi va xalq bilan ko'prik bo'lgan xalqimiz sevib mutolaa qiladigan nashrlarni saqlab qolish va qo'llab-quvvatlash zarurligini anglab yetadigan vaqt keldi.

Abdulla SOBIROV,

O'zbekiston Respublikasida

xizmat ko'rsatgan

jurnalist.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 − two =