Yangi O'zbekiston ta'lim tizimi: tahlil va xulosalar

yoxud o'qituvchi tayyorlash, pedagogik mahorat va o'qitish uslubining uzilmas zanjirini mustahkamlash zarurati xususida

Qishloq xo'jaligida muvaffaqiyatsiz chiqqan tajribani keyingi mavsumda qayta o'tkazish mumkin. Laboratoriyadagi sinovni ham takrorlash imkoni bor. Ta'limda esa bolaning boy berilgan bir yilini aslo ortga qaytarib bo'lmaydi. Shu sababli maktab ta'limi va pedagog kadrlar tayyorlash tizimi uzluksiz tajribalar maydoniga aylanib qolmasligi zarur.

Ta'lim va tarbiyaning asosi, poydevori bu — maktab. Maktabni maktab qiladigan kuch esa o'ituvchilardir.

Shavkat MIRZIYOYEV

Bu qiyos ta'limda yangilikka o'rin yo'qligini anglatmaydi. Yangilik zarur, ammo u, eng avvalo, aniq muammo, ilmiy gipoteza, cheklangan sinov maydoni va xolis mustaqil baholashga tayanishi kerak. Qishloq xo'jaligida yangi nav yoki agrotexnologiya natija bermasa, tajriba laboratoriyada, issiqxonada yoxud keyingi mavsumda takrorlanadi. Maktab yoshidagi bola esa o'qigan sinfiga, boy bergan yiliga va shaxs sifatida shakllanishining o'sha noyob bosqichiga qayta olmaydi. Millionlab o'quvchilarga tatbiq etiladigan har bir dastur, darslik va metodika ana shu ortga qaytarib bo'lmas vaqt oldida mas'uldir.

Bola hayotidagi har bir ta'lim bosqichi keyingisi uchun poydevor vazifasini o'taydi. Boshlang'ich sinfda o'qib tushunish ko'nikmasi shakllanmasa, yuqori sinfda murakkab fanlarni o'zlashtirish qiyinlashadi; o'qituvchi bolada bilish va o'rganish ishtiyoqini uyg'ota olmasa, eng zamonaviy darslik ham kutilgan samarani bermaydi. Demak, ta'limdagi har bir yangilikning markazida dastur yoki rasmiy hisobotlardan oldin bolaning kamolot manfaati turishi shart.

Shuning uchun ta'limdagi islohotlarning asl qiymati qabul qilingan hujjatlar yoki o'tkazilgan tadbirlar soni bilan emas, balki bolaning bilimi, dunyoqarashi va hayotiy imkoniyatlarida yuz bergan ijobiy o'zgarishlar bilan o'lchanadi. Ta'limdagi ma'muriy xatoni tuzatish mumkin, ammo bolaning yo'qotilgan vaqtini tiklab bo'lmaydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning: “Ta'lim va tarbiyaning asosi, poydevori bu — maktab. Maktabni maktab qiladigan kuch esa o'qituvchilardir”, degan chuqur ma'noli so'zlari masalaning mohiyatini yaqqol ochib beradi. So'nggi yillarda yangi maktab va bog'chalar barpo etildi, minglab muassasalar yangilandi, ta'lim qamrovi kengaydi, pedagoglar mehnatini rag'batlantirish va ularning kasbiy huquqlarini himoya qilish mexanizmlari sezilarli darajada kuchaytirildi. “Ta'lim to'g'risida”gi va “Pedagogning maqomi to'g'risida”gi qonunlar, 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi hamda 2022-2026 yillarga mo'ljallangan Milliy dastur tizim uchun mustahkam zamin yaratdi. Endigi hal qiluvchi vazifa ana shu imkoniyatlarni bevosita sinfxonadagi sifatga, o'qituvchi mahoratiga va o'quvchi kamolotiga aylantirishdan iboratdir.

Tasarrufdan natijagacha

Mazkur islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2025 yil 28 aprelda Prezidentimizning “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjat pedagog kadrlar tayyorlashni yagona yondashuv asosida yangi sifat bosqichiga ko'tarish, ta'lim dasturlarini xalqaro tajriba negizida transformatsiya qilish, ta'limda uzviylikni hamda ilm-fan bilan amaliyot uyg'unligini ta'minlashga qaratildi. O'n uchta pedagogika oliygohining Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tizimiga o'tkazilishi oliy ta'lim muassasasini uning asosiy buyurtmachisi bo'lmish maktabga yaqinlashtirish vositasi sifatida belgilandi. Mohiyatan Farmon shunchaki idoraviy tasarrufni almashtirmadi, balki maktab, oliy o'quv yurti va pedagogni yagona natija zanjiriga bog'lashni ko'zlagan strategik hujjat bo'ldi.

Davlatimiz rahbari tomonidan sohani rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish uchun maqsad, huquqiy asos va institutsional imkoniyatlar belgilab berildi. Endilikdagi asosiy savol shunday: Farmonda belgilangan vazifalarning ijro mexanizmi qanday ishladi va amaliy natija maktab sinfxonasigacha yetib bordimi?

Ushbu Farmonda mazkur savolga javob beradigan mexanizmlar aniq-tiniq ko'rsatib o'tilgan: maktab darsliklari va metodik qo'llanmalarini oliygoh o'quv jarayoniga integratsiya qilish, dasturlarni maktab ehtiyojlari bilan muvofiqlashtirish, 3-4-bosqich talabalari uchun “4+2” amaliyotini yo'lga qo'yish, “ilmiy muammolar banki”ni shakllantirish, tadqiqotlarni bog'cha va maktab muammolariga yo'naltirish hamda talabalar bilimini tashqi diagnostikadan o'tkazish. Farmonga ko'ra, Nizomiy nomidagi O'zbekiston milliy pedagogika universiteti qayta tashkil etildi, pedagogika institutlari yangi tizimga o'tkazildi, dual ta'lim va dasturlarni yangilash ishlari boshlandi. Bular dastlabki muhim qadamlar bo'lib, endi ularning amaliy va institutsional samarasini ta'minlash zarur.

Ma'lumki, har qanday strategik hujjatning taqdiri uni o'qiydigan, mohiyatini teran anglaydigan va kundalik qarorlarida aks ettiradigan mas'ul kadrlarga bevosita bog'liq. Ijrochi Farmon bandini navbatdagi rasmiy topshiriq yoki bir martalik tadbir sifatida qabul qilsa, institutsional maqsad mayda chora-tadbirlarga bo'linib, sochilib ketadi. Uni yaxlit natija zanjiri sifatida anglagan rahbar esa har bir vazifani o'quv rejasi, pedagogik amaliyot, bitiruvchi sifati va maktabning xolis bahosi bilan bog'laydi. Bu yerda ijrodagi muammolar ko'p hollarda resurs yetishmovchiligi bilan emas, balki boshqaruv tafakkuri va kasbiy mas'uliyat darajasi bilan belgilanadi.

Boshqaruv tafakkuridagi ana shunday sifat o'zgarishi, avvalo, hisobotlardagi tadbirlar sonidan erishilgan real natijaga o'tishni talab qiladi. Ta'limga bag'ishlangan xalqaro forumlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar, kengash yig'ilishlari, davra suhbatlari, xorijiy stajirovkalar va qo'shma dasturlar ko'payayotgani, albatta, quvonarli. Biroq ulardan qaysi metodika maktabga kirib bordi? Qaysi stajirovka amaldagi o'quv rejasini ijobiy tomonga o'zgartirdi? Qaysi ilmiy muloqot yosh o'qituvchining sinfdagi birinchi darsida aks etdi? Agar xalqaro faollik sinfxonadagi sifat o'zgarishiga aylanmas ekan, harakat bilan natija o'rtasidagi bog'lovchi mexanizmlarni tanqidiy qayta ko'rib chiqishga to'g'ri keladi. Muammoning asl ildizi tashabbuslar sonida aks etmaydi, balki ularni to'g'ri saralash, milliy muhitga moslashtirish va amaliyotchiga aniq metodika tarzida yetkazib berish ko'nikmasiga borib taqaladi.

Yana bir muhim jihatni ochiq anglashimiz kerak: maktabdagi haqiqiy o'zgarish yangi atamalar yoki navbatdagi taqdimotlardan boshlanmaydi. U o'qituvchining ertalab sinfga qanday tayyorgarlik bilan kirishi, mavzuni qaysi usulda tushuntirishi, bolaning tushunmagan nuqtasini qanday aniqlashi va natijani qay tarzda baholashidan boshlanadi. Demak, har bir xalqaro yoki milliy tashabbus oldida “Bu o'qituvchining kundalik amaliyotida nimani o'zgartiradi?” degan majburiy savol ko'ndalang turishi kerak.

Shu nuqtai nazardan, oliy ta'lim dargohi rektorining ish stoliga maktabdagi qaysi dolzarb muammo muntazam olib chiqilayotgani juda muhimdir. Kafedra rejasida qaysi maktab yoki o'qitilayotgan fanning aniq qiyinchiligi tadqiqot vazifasiga aylantirildi? Maktab direktori pedagogika oliygohi bitiruvchisining kasbiy sifatiga qaysi huquqiy va raqamli tizim orqali baho bermoqda? Oliy ta'lim maskani o'quv rejasi maktab dasturi bilan qay darajada uyg'unlashdi? Bu savollarga oliy ta'lim dargohlari kesimida qiyosiy va davriy javob berib borilsagina, PF–73-son Farmon ijrosi rasmiy jarayon hisobotidan amaliy ta'sir va natijadorlik bosqichiga o'tadi.

Aslida, pedagogika oliy ta'lim muassasalarini vazirlik tizimiga o'tkazish vazifaning faqatgina tashkiliy-huquqiy qismi edi; Farmondagi mexanizmlarni kundalik boshqaruv amaliyotiga aylantirish esa uning mazmuniy o'zagidir. “De-yure” bo'ysunuv o'zgarganidan so'ng, “de-fakto” kafedra, tayanch maktab va ish beruvchi o'rtasida qanday yangi amaliy munosabat qaror topgani natijalar orqali ko'rinishi lozim. Tashkiliy yaqinlashuv mazmunga aylangan taqdirdagina tasarruf o'zgarishining asl samarasi namoyon bo'ladi.

Tan olish kerak, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi zimmasidagi boshqaruv yuklamasi mislsiz darajada ulkan edi: 39 mingdan ortiq davlat, nodavlat va oilaviy maktabgacha ta'lim tashkiloti, 10 mingdan ziyod umumta'lim maktabi, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, Milliy pedagogika universiteti hamda 12 ta hududiy pedagogika oliygohi, Abdulla Avloniy nomidagi milliy institut hamda hududiy malaka oshirish markazlari yagona boshqaruv maydonida faoliyat yuritdi. To'g'ri, tasarrufning o'zgarishi pedagogika oliy ta'lim muassasalarini sohaviy buyurtmachiga yaqinlashtirdi, maktab va bog'chalarni doimiy amaliyot bazasiga aylantirish hamda ilmiy tadqiqotlarni bevosita amaliy muammolar yechimiga yo'naltirish uchun qulay institutsional imkoniyat yaratdi. Biroq ma'muriy yaqinlik aniq kasbiy malaka talablari, mustaqil baholash va barqaror qaytar aloqa bilan mustahkamlangandagina mazmuniy integratsiyaga aylanishini unutmaslik lozim.

Shu bois bu davr natijalarini “kim yutdi, kim yutqazdi?” degan sodda taqsimot bilan baholash masala mohiyatini to'liq ochib bermaydi. Asosiy mezon vazirliklar yuklamasi yoki tasarrufdagi binolar sonida emas, balki davlatning umumiy manfaati va tayyorlanayotgan pedagog kadrlar sifati bo'lishi lozim. Qaysi bo'g'in maktabga yaqinlashdi, qaysi akademik imkoniyat susaydi, qaysi yo'nalishda muvofiqlashtirish kuchaydi-yu, qaerda boshqaruv ritmlari o'rtasida tafovut paydo bo'ldi — natijalar auditi, avvalo, ana shu manzarani xolis ochib berishi shart.

Masalaning ikkinchi muhim tomoni — pedagogika oliy ta'lim dargohlarining huquqiy tabiatiga ko'ra, oliy ta'lim muassasasi bo'lib qolishidir. Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 8 avgustdagi 489-son qaroriga muvofiq, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mazkur sohadagi yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi va muvofiqlashtiruvchi vakolatli respublika organi hisoblanadi. Uning akademik standartlar, “HEMIS” va boshqa raqamli xizmatlar, ilmiy loyihalar hamda davlat grantlari, akademik mobillik, xalqaro hamkorlik, oliy o'quv yurtlari rahbarlari mas'uliyati va bitiruvchilar bandligini birlashtirgan yaxlit infratuzilmasi respublika oliy ta'limining umumiy qon tomiridir. Pedagogika o'quv maskanlarining maktabga yaqinlashuvi mazkur umumtizim infratuzilmasidan uzilish yoki masofalanish hisobiga amalga oshmasligi lozim.

Keyingi davrda respublika oliy ta'lim tizimida natijadorlikka yo'naltirilgan mexanizmlar sezilarli darajada kuchaydi. Jumladan, “Kelajakka qadam” dasturi va “career.edu.uz” platformasi bitiruvchini ish beruvchi hamda bo'sh ish o'rinlari bilan to'g'ridan-to'g'ri bog'lamoqda; tarmoq buyurtmasi, ish beruvchilar ishtirokidagi baholash, individual kasbiy modullar va amaliy tayyorgarlikning ahamiyati oshib bormoqda. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2025 yil 8 avgust kuni oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta'minlash masalalari bo'yicha o'tkazilgan yig'ilishda oliy ta'lim maskanlari faoliyatini reyting baholashning mutlaqo yangi mezonlari belgilab berildi.

Unga muvofiq, oliy ta'lim o'quv yurtlariga:

bitiruvchilar bandligi uchun — 40 ball,

tarmoq buyurtmasi asosidagi ilmiy tadqiqotlar va ularning mahsulotini tijoratlashtirish natijasi uchun — 30 ball,

ilmiy salohiyat hamda nufuzli xalqaro jurnallardagi nashrlar uchun — 20 ball,

mahalliy va xorijiy grantlarni jalb etganlik uchun — 10 ballgacha berilishi, moliyalashtirish esa bevosita to'plangan natijaga bog'lanishi belgilandi.

Bu yondashuv rektor mas'uliyatini o'tkazilgan tadbirlar ko'lami bilan emas, balki bitiruvchining taqdiri, ilm-fanning tarmoqqa bergan aniq nafi va oliygohning real ko'rsatkichlari orqali baholashga qaratilgani bilan g'oyat ahamiyatlidir. Shunday sharoitda pedagogika oliygohlarining ham bandlik, raqamlashtirish, ilmiy grantlar va akademik rivojlanish bo'yicha umumiy jarayonlardan ortda qolmasdan harakat qilishi talab etiladi.

Prezidentimiz belgilab bergan mazkur natijadorlik modeli pedagogika oliygohlarining boshqaruv maqomiga ham aniq mezonlar asosida yondashishni taqozo qiladi. Agar barcha oliy ta'lim muassasalari yagona ko'rsatkichlar (bandlik, ilmiy mahsulot, salohiyat va grantlar) bo'yicha baholansa, pedagogika oliygohlarining ushbu natijalarni ta'minlovchi yagona akademik va raqamli infratuzilmadan chekkada bo'lishi boshqaruv mantig'iga to'liq mos kelmaydi. Shu nuqtai nazardan, ularning Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligining yagona akademik boshqaruv tizimida faoliyat yuritishi institutsional jihatdan maqbul yechim sifatida namoyon bo'ladi.

Bunday tizim yagona ta'lim standartlari va sifat talablarini joriy etish, raqamli ma'lumotlarni yagona platformada integratsiya qilish, bitiruvchilar bandligi va rahbarlar mas'uliyatini teng mezonlarda baholash, ilmiy grantlar hamda tadqiqot bazasidan keng foydalanish, akademik mobillik va xalqaro akkreditatsiya imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi. Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi esa tarmoq buyurtmachisi, amaliyot bazasini ta'minlovchi strategik hamkor hamda tayyorlanayotgan kadrlar sifatining xolis baholovchisi sifatida yanada kuchli mavqega ega bo'ladi. Eng muhimi, pedagogik ta'lim umumiy oliy ta'lim taraqqiyotidan ajralib qolgan tarmoqqa aylanmay, maktab ehtiyoji bilan umummilliy akademik rivojlanishni bog'lovchi mustahkam ko'prikka aylanadi.

Ushbu boshqaruv yechimining samarasi pedagogika oliygohini maktabdan yiroqlashtirmagan holda ikki vazirlik vakolatini yagona natija zanjiriga bog'lashda namoyon bo'ladi:

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi asosiy buyurtmachi va ish beruvchi sifatida hududlar hamda fanlar kesimida qancha va qanday mutaxassis zarurligini belgilaydi, milliy kasbiy profil va tayanch kompetensiyalarni shakllantiradi, oliygoh dasturlarining maktab darsliklari bilan mazmuniy uyg'unligiga nisbatan talab qo'yadi, amaliyot bazasini yaratadi hamda yosh pedagogning dastlabki ish faoliyati natijalari bo'yicha oliygohga rasmiy xulosa beradi.

Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi esa mazkur davlat buyurtmasini akademik standart, o'quv rejasi, professor-o'qituvchilar salohiyati, ilmiy-metodik ta'minot, raqamli monitoring va oliygoh rahbariyatining shaxsiy mas'uliyatiga aylantiradi.

Bu yerda birinchi tuzilma kadrga bo'lgan real ehtiyojni belgilaydi, ikkinchisi uni sifatli tayyorlash uchun javob beradi, maktab esa olingan natijani amaliyotda ko'rsatadi va baholaydi.

Bunday vakolatlar muvozanatining muvaffaqiyatli namunasini Singapur tajribasida ko'rish mumkin. U yerda Milliy ta'lim instituti (“National Institute of Education”) Nanyang texnologiya universiteti tarkibidagi avtonom tuzilma hamda mamlakatning bosh pedagog kadrlar tayyorlash markazi sifatida ilmiy tadqiqot universitetining boy akademik muhitida rivojlanmoqda. Ta'lim vazirligi esa pedagoglarga bo'lgan ehtiyojni belgilaydi, nomzodlarni saralash, maktabdagi dastlabki amaliyot va kelgusi bandlikni ta'minlashda yetakchi rol o'ynaydi; o'quv dasturlari esa institut, vazirlik va maktablarning uch tomonlama uzviy hamkorligida muntazam yangilab boriladi.

Demak, Singapur tajribasining asosiy xulosasi tayyor modelni shunchaki ko'chirib olishda emas, balki akademik rivojlanish, tarmoq buyurtmasi, maktab amaliyoti va yakuniy natija uchun javobgarlikni aniq taqsimlay olganidadir. Buyurtmachi va kadr tayyorlovchi o'rtasidagi ana shunday sog'lom institutsional munosabat talabchan muloqot, xolis baholash va ta'sirchan qayta aloqa uchun zarur muhit yaratadi.

Ammo Xalqaro “TOP-300”, “TOP-500” yoki “TOP-1000” oliygohlarining ilg'or dasturlari va tajribasi ko'r-ko'rona ko'chiriladigan tayyor qolip bo'lib qolmaydi, balki puxta ilmiy-metodik manba bo'lib xizmat qilishi mumkin. Ularning har bir elementi milliy xususiyatlarimiz, bola psixologiyasi va maktabning real talablariga moslashtirilib, tayanch ta'lim muassasalarida tajriba-sinov va mustaqil baholashdan o'tganidan keyingina keng miqyosda amaliyotga kiritilishi zarur.

Tajriba-sinov jarayonlari ham shunchaki nomigagina o'tkaziladigan qisqa muddatli sinov bo'lib qolmasligi shart. Bir o'quv yili dasturning dastlabki kamchiliklarini yuzaga chiqarsa, to'rt yillik to'liq talabalar sikli uning kadrlar tayyorlashdagi asl samarasini ko'rsatadi; undan keyingi monitoring esa o'zgarishlarning maktabda qanchalik barqaror saqlanib qolayotganini aniqlaydi. Turli hududlar, til muhiti va maktab turlarini to'liq qamrab olib, xolis mustaqil baholash o'tkazilgandan so'nggina yangi modellarni respublika miqyosida ommalashtirish davlatchilik ehtiyotkorligi talablariga mos tushadi.

O'quv dasturlariga singdirilgan milliy ruh, raqamli kompetensiyalar va zamonaviy metodikalarning asl natijasi bitiruvchi maktabga borib, o'quvchi bilan yuzma-yuz ishlay boshlaganidagina to'liq namoyon bo'ladi. Agar oliygoh bilan maktab o'rtasidagi aloqa diplom topshirilgan kuni uzilsa, tizim o'zi tayyorlagan mutaxassisning keyingi taqdiri va kasbiy mahoratidan bexabar qoladi. Yosh o'qituvchining dastlabki uch yillik faoliyati tajribali murabbiylar ko'magi va oliygoh bilan muntazam aloqa asosida kechishi, uning kuchli hamda rivojlantirilishi zarur bo'lgan jihatlari haqidagi ma'lumotlar esa oliygoh dasturlariga qayta kiritilishi lozim. Ana shundagina maktab pedagog tayyorlash mazmunini belgilovchi asosiy buyurtmachi, amaliy hamkor va xolis baholovchiga aylanadi; oliygoh esa diplom topshirilgandan keyin ham o'z bitiruvchisining kasbiy kamoloti uchun ma'naviy-akademik mas'uliyatni saqlab qoladi.

Uzluksiz zanjir sari

Ushbu tahlillardan kelib chiqib, pedagogika oliy ta'lim maskanlarini umumiy oliy ta'lim taraqqiyoti sur'atida saqlash, maktab buyurtmasi bilan natija asosida bog'lash va bo'lajak o'qituvchini zamonaviy ta'lim talablariga to'liq tayyor holda yetishtirish uchun, bizningcha, quyidagi ustuvor vazifalarga e'tibor qaratish lozim:

  1. Pedagogika oliy o'quv yurtlarining Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi doirasidagi yagona akademik boshqaruv, raqamlashtirish, ilm-fan, bandlik monitoringi va hisobdorlik konturida faoliyat yuritishini mustahkamlash. Bunda Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi bilan rasmiy “natija shartnomasi” imzolanib, unda kadrlar ehtiyoji, bitiruvchilar kompetensiyalari, amaliyot sifati, dastlabki yildagi faoliyat ko'rsatkichlari hamda maktablarning qoniqish darajasi bo'yicha aniq talablar belgilanishi shart. Bunday oqilona taqsimot akademik sifatning umumtizim standartlarida bo'lishini ta'minlaydi, tarmoq buyurtmasi esa oliy ta'lim maskani maktabning real ehtiyojiga uzviy bog'lab turadi.
  2. Bitiruvchining yagona milliy kasbiy profilini ishlab chiqish va tasdiqlash. Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi asosiy ish beruvchi sifatida fan bilimi, pedagogik mazmun, bola psixologiyasi, darsni loyihalash, formativ baholash, sinfni boshqarish, inklyuziv ta'lim hamda raqamli va sun'iy intellekt savodxonligi kabi kompetensiyalarni belgilab berishi, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi esa ularni davlat ta'lim standartlari, malaka talablari va o'quv rejalariga to'liq singdirishi lozim.
  3. Talabaning to'rt yillik uzluksiz kasbiy marshrutini joriy etish va pedagogik amaliyotni birinchi kursdanoq tizimli yo'lga qo'yish. Maktab va maktabgacha ta'lim muassasalari doimiy klinik amaliyot bazasiga aylanishi, mahoratli o'qituvchilar murabbiy sifatida biriktirilib, ularning mehnati moddiy va ma'naviy rag'batlantirilishi lozim. Faol kuzatuv, mikrodarslar, hamkorlikdagi ta'lim, mustaqil dars berish va kasbiy portfolio himoyasi ketma-ketligi talabaning real mahoratini shakllantiradi.
  4. Tashqi diagnostikani bitiruvchining kasbiy salohiyatini kompleks baholovchi mustaqil tizimga aylantirish. Nazariy test sinovlari bilan bir qatorda pedagogik keyslar yechimi, modellashtirilgan yoki jonli dars berish, bola psixologiyasi va kasbiy etikaga oid qarorlar tahlili hamda to'plangan kasbiy portfolio xolis baholansa, diplomning asl qiymati o'tilgan soatlar sonidan bola bilan bevosita ishlash mahoratiga ko'chadi.
  5. Har bir pedagogika oliy o'quv dargohi bitiruvchisining dastlabki uch yillik faoliyatini bandlik monitoringi va maktab bahosi bilan uzviy bog'lash. O'z mutaxassisligi bo'yicha ishlash, kasbga moslashuv ko'rsatkichlari, dars berish mahorati, ish joyida muqim qolish darajasi va ish beruvchilarning tavsifnomalari rektor va tegishli kafedralar faoliyatini, shuningdek, professor-o'qituvchilar yuklamasini baholashda hal qiluvchi mezonlardan biri bo'lishi kerak.
  6. Pedagogika oliy ta'lim o'choqlarida professor-o'qituvchilarning kasb-malaka samaradorligini maktabga ko'rsatilgan amaliy ta'sir asosida baholash. Xalqaro ilmiy talablar saqlab qolingan holda, ilmiy izlanishlarning maktab, bog'cha yoki pedagogika kollejlarida sinovdan o'tganligi, o'lchanadigan amaliy natija berganligi va o'quv jarayoniga joriy etilganligi asosiy baholash mezoniga aylanishi zarur. Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi sohadagi real muammolar asosida maqsadli ilmiy buyurtmalarni shakllantirishi, har bir tadqiqot pasportida muammo ildizi, sinov bazasi, kutilayotgan natija va joriy etish mexanizmi aniq ko'rsatilishi shart.
  7. O'quv rejalarini asossiz va tez-tez o'zgartirishga chek qo'yib, dalillarga asoslangan yangilash tartibini joriy etish. Amaldagi o'quv dasturlari milliy kasbiy profil, maktab dasturlari va yangi darsliklar bilan solishtirilib, takrorlanishlar hamda mazmuniy bo'shliqlar bartaraf etilishi kerak. Ta'lim mazmunidagi tub o'zgarishlar kamida bir to'liq talabalar sikli va tajriba-sinov natijalariga asoslanishi, yangi dasturlar turli hudud va sharoitlarda mustaqil baholangandan keyingina ommalashtirilishi lozim.
  8. Pedagogik ta'limni rivojlantirish bo'yicha respublika kengashini ikki vazirlik vakolatlarini yagona natija zanjiriga birlashtiruvchi amaliy maydonga aylantirish. Raqamli yagona boshqaruv panelida maktablarning kadrlarga bo'lgan ehtiyoji, oliygoh dasturlari, talabalar o'zlashtirishi, amaliyot monitoringi, yakuniy diagnostika natijalari, bitiruvchilarning dastlabki faoliyati va o'quvchilarning sifat ko'rsatkichlari uzluksiz aks etib turishi lozim. Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi — akademik sifat va rivojlanish infratuzilmasi uchun, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi — kadrlar buyurtmasi, amaliyot bazasi va qayta aloqa tizimi uchun, oliygoh esa tayyorlanayotgan kadrlarning kasbiy yetukligi uchun aniq mas'uliyatni o'z zimmasiga olishi kerak.

Ushbu vazifalar yangi ma'muriy tuzilmalarni yaratishdan ko'ra, mavjud institutlarning imkoniyatlarini yagona milliy maqsadga safarbar etishni taqozo qiladi. Maktab qanday o'qituvchi zarurligini belgilaydi, oliygoh tegishli kompetensiyalarni shakllantiradi, amaliyot ularni hayotda sinaydi, tashqi diagnostika tayyorgarlik sifatini tasdiqlaydi, ustoz-shogirdlik tizimi yosh pedagogni qo'llab-quvvatlaydi, maktabdan olingan ob'yektiv ma'lumotlar esa ta'lim dasturlarini uzluksiz takomillashtirib boradi. Bu yerda tashkiliy tasarruf — shunchaki vosita, bolaning ta'lim va tarbiyasidagi yuksak sifat esa bosh va yagona maqsaddir.

Bunday yaxlit tizimni to'liq yo'lga qo'yish uchun bugun yetarli siyosiy iroda, huquqiy asos va barcha moddiy imkoniyatlar mavjud. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev maktab ta'limini Yangi O'zbekistonning inson kapitali, milliy qudrati va ma'naviy kamolotining hal qiluvchi poydevori sifatida belgilab bermoqda. Endilikda yaratilgan ushbu imkoniyatlarning samarasi har bir sinfxonada, pedagog mahoratida, o'quvchilarning bilimi va yuksak odob-axloqida o'z tasdig'ini topishi lozim. Raqamli olam bolaning diqqati uchun kurashayotgan hozirgi davrda quruq bilimni ma'noga, ma'noni ishonchga, ishonchni esa ezgu amaliy harakatga aylantira oladigan ustoz o'z-o'zidan paydo bo'lmaydi. Uni faqat barqaror, amaliyotga tayangan va natijasi aniq o'lchanadigan zamonaviy pedagogik ta'lim tizimigina kamolga yetkaza oladi.

Ma'rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning: “Tarbiya bizlar uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir”, degan da'vati bugun yanada teran va o'tkir ma'no kasb etmoqda. Haqiqiy tarbiya bo'lajak pedagogning kasbni ongli ravishda tanlashidan, oliy ta'limda egallagan chuqur bilim va yuksak mahoratidan, bola ro'parasiga qanday ma'naviy va kasbiy qiyofada kirib borishidan boshlanadi. Shu bois pedagogika oliygohlarini umumiy oliy ta'lim taraqqiyoti, maktabning qat'iy buyurtmasi va bolalarimiz kelajagi bilan birlashtiruvchi uzluksiz zanjirni mustahkamlash Yangi O'zbekiston poydevoriga xizmat qiluvchi eng ustuvor strategik vazifalardan biridir.

Furqat JO'RAQULOV,

O'zbekiston xalqaro islom

akademiyasi professori,

siyosiy fanlar doktori.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + eleven =