Bugungi talaba – ertaga jurnalist!
Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti jurnalistika va o'zbek filologiyasi fakultetida bosma OAV yo'nalishida tahsil olayotgan talabalar puxta bilim olish bilan bir qatorda ijodiy mahoratini ham oshirishga intilmoqdalar. Quyida bir guruh yosh ijodkor talabalarning maqolalari havola etildi.
HAYoT KO'ZGUSI
“Matbuot — hayot ko'zgusi” degan gap bejiz aytilmagan. Gazetalarda yoritilayotgan har bir maqola zamirida zamondoshlarimiz qiyofasi, faoliyati o'z aksini topadi.
Qashqadaryo viloyati Kitob tumani betakror manzarasi, bu zaminda amalga oshirilayotgan ishlari bilan ko'pchilikni maftun etadi. Manbalarda qayd etilishicha, “kitob” so'zi “kift” — yelka, “ob” — suv, ya'ni yelkadan o'tgan suv degan ma'noni anglatadi. Kitob shahrining ikki tomonidan ikki daryo — Qashqadaryo va Oqdaryo oqib o'tadi. Ikki daryo oralig'ida esa Kifti-ob — suv boshi, ya'ni Kitob shahri joylashgan. Kitob shahri qadimdan Shahrisabz bilan yonma-yon joylashganligi va bu yerdan Buyuk Ipak yo'li o'tganligi sababli har yili yuzlab, minglab savdo karvonlari o'tib turgan. Shahar aholisining ko'pchiligi hunarmandchilik va savdo bilan mashg'ul bo'lgan. Qadimda bu shaharda to'quvchilik, bo'yoqchilik, gilamdo'zlik, kashtado'zlik, do'ppido'zlik, zargarlik, misgarlik, temirchilik, ko'nchilik, mahsido'zlik, kulolchilik, duradgorlik, tegirmonchilik, juvozkashlik kabi 30 dan ortiq hunar turi mavjudligi va u yaxshi rivojlanganligi qayd etilgan.
Purviqor tog'larga tutash Kitob tumani o'zining go'zal tabiati, serfayz bog'lari, hosildor dalalari bilan ham barchani birdek maftun etadi.
Milliy qadriyatlarimiz qadr topayotgan bugungi kunda kitobliklar ota-bobolarining ana shu an'analarini davom ettirishga intilmoqdalar. Bu borada, avvalo, yosh avlodlarga milliy an'analar, qadimiy qadriyatlarimiz haqida tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Bu borada tumanimiz gazetasida rang-barang mavzuda yoritilayotgan maqolalarning o'zi bir saboqdir. Biz bo'lg'usi jurnalistlar kelgusida mahalliy gazetalarimizni yanada o'qishli, sermazmun va ommabop qilishga harakat qilamiz. Toki, gazeta tom ma'noda “Hayot ko'zgusi”ga aylanib qolishi lozim.
Inomxon AHMEDOV,
Bobur SAYDALIYEV,
“Kitob ovozi” gazetasi
jamoatchi muxbirlari.
TOShKENTIM – FAXRIM
Men orzular og'ushida ulg'aygan qishloq qizlaridan edim. Qishlog'imiz tog'lar etagida, Norin daryosi sohilida, maysalari ham, odamlarining orzulari ham soddaligidan faxrlanadigan joy edi. Tong saharda qushlar nidosi bilan uyg'onib, dalalarga, chorvaga otlanganimiz, kechqurun yulduzlar ostida doston eshitganimiz bilan baxtli edik.
Meni kitoblarda tasvirlangan Toshkent tasviri sehrlab qo'ygan edi. Bu serfayz shaharning keng ko'chalari, osmono'par binolari, kutubxonalari, universitetlari maftun etardi. Bolaligimdan Toshkentga havas bilan ulg'ayganman.
O'rta maktabni bitirib, bir necha yil oliy o'quv yurtiga kira olmadim. So'ng turmush qurdim. Umr yo'ldoshim ijodkor edi, ikki farzandli bo'ldik. Uy-ro'zg'or, bolalar, hayot tashvishlari. Ammo ko'nglimdagi Toshkentga borish orzusi so'nmadi. Tun yarmida beshikka yelka bergancha, bolalarim uyquda, men esa deraza ortidagi to'lin oyga termilib, Toshkentda o'qish haqida o'y surardim.
Bir kuni turmush o'rtog'im jiddiy nigoh bilan menga qarab mehr bilan shunday dedi:
— Men sening orzularing haqida ko'p o'yladim. Ular orzuligicha qolib ketmasin. O'qishga tayyorlan, Toshkentga olib boraman.
Hayotimda yangi sahifa ochildi. Yana kitob varaqlashga tushdim. Dars, internet orqali izlanishlar, kechalab o'qish, imtihonlar… Nihoyat, Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti jurnalistika va o'zbek filologiyasi fakulteti bosma OAV yo'nalishi sirtqi bo'limiga o'qishga qabul qilinganim haqida xushxabar keldi! Endi har yili ikki marta Toshkentga — orzular shahriga kelib, tanlagan soham sirlarini puxta egallayapman. Bizga nazariy bilim berayotgan professor-o'qituvchilar amaliyot sirlarini ham o'rgatar ekan, doim ijod bo'stoniga chorlamoqda.
Munavvarxon TO'XTASINOVA,
Uchqo'rg'on tumanidagi “Yorqin hayot” gazetasi jamoatchi muxbiri.
GAZETA O'ZIGA XOS MINBAR!
Tuman gazetasi qachon sermazmun maqolalarga boy bo'ladi? Avvalo hayot shunga yarasha farovon, turmush charog'on, mehnatkash xalqimiz rozi bo'lib yashasalar, bu voqeliklar, albatta, “hayot ko'zgusi” sanalmish gazetada o'z aksini topaveradi. Bugungi kunda “Bekobod yangiliklari” gazetasining qay bir sonini varaqlasangiz, Bekobod tumani va shahrida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik, obodonlashtirish va boshqa xayrli ishlar haqida yozilgan xabar hamda tahliliy maqolalarni o'qib, dilingiz yayraydi. Har kuni o'zimiz yuradigan yo'llarni ta'mirlab borish, mahallalarga fayz kiritish, aholi turmush sharoitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko'lami hamda ularning samarasi tuman gazetasida hozirjavoblik bilan yoritilmoqda.
Gazeta ijodiy jamoasi Bekoboddagi ulkan bunyodkorlik ishlarini xolis yoritmoqda. Keng jamoatchilik tuman hokimligidan tortib, barcha tashkilotlar faoliyatini, bu zaminda amalga oshirilayotgan ulug'vor ishlar mohiyatini ana shu gazeta sahifalari orqali kuzatib boradilar.
El dardi bilan yashayotgan ijod ahli uchun mahalliy gazetamiz o'ziga xos minbardir.
Madinabonu KIMSANJONOVA,
“Bekobod yangiliklari” gazetasi
jamoatchi muxbiri.
GAZETA O'QISh KAMAYMAYDI
Bugungi kunda internet va ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Yangiliklarni bir necha soniyada telefon orqali bilish imkoniyati mavjud. Shunday sharoitda gazetaga bo'lgan talab qanday o'zgarmoqda? Bosma nashrlar hali ham o'z o'quvchilariga egami, degan og'riqli savol ko'pchilikni o'ylantiradi.
Gazeta uzoq yillardan beri axborot tarqatishning asosiy vositalaridan biri bo'lib kelgan. U jamiyatda sodir bo'layotgan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy voqealarni yoritib kelmoqda. Gazeta orqali insonlar nafaqat yangiliklardan xabardor bo'ladi, balki turli masalalar yuzasidan tahliliy ma'lumotlar va fikrlarni ham o'qish imkoniyatiga ega.
Hozirgi vaqtda ayrim o'quvchilar gazetalardan ko'ra elektron nashrlarni afzal ko'rmoqda. Buning asosiy sababi — internet orqali axborotning tezkor va qulay yetkazilishidir. Elektron gazetalarni istalgan joyda, telefon yoki kompyuter orqali o'qish mumkin. Bu esa bosma gazetalarga bo'lgan talabning o'zgarishiga ta'sir ko'rsatmoqda.
Aslida, bosma nashrlarning o'ziga xos afzalliklari ko'p. Gazetani qo'lga olib o'qish, maqolalarni diqqat bilan tahlil qilish va kerakli ma'lumotlarni saqlab qo'yish ko'plab kitobxonlar uchun qulaydir. Ayniqsa, yoshi katta insonlar orasida bosma nashrlarni o'qishga qiziqish saqlanib qolgan.
Ochig'i, bugungi kunda gazetaga bo'lgan talab avvalgidek bo'lmasligi mumkin, ammo uning jamiyatdagi ahamiyati kamaymaydi. Gazeta ishonchli axborot manbai, tahlil va fikr almashish vositasi sifatida o'z o'rniga ega.
Sevara MADRAHIMOVA,
“Bugungi Toshkent” gazetasi
jamoatchi muxbiri.
IJTIMOIY TARMOQDAN QANDAY FOYDALANASIZ?
Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish hayotiy zaruratga aylangan. Biror zarur ma'lumot yoki axborot kerak bo'lsa, darrov internetga kiramiz. Shunday ekan, savol tug'iladi: ijtimoiy tarmoqlardan to'g'ri foydalanyapmizmi? Biz olayotgan xabar yoki ma'lumot qanchalik to'g'ri yoki noto'g'ri ekanini ajrata olyapmizmi? Buning uchun bizdan kuchli bilim va malaka talab qilinadi.
Ijtimoiy tarmoqlardan to'g'ri maqsadda foydalanayotganlar ham ko'p. Ammo tarmoqlardagi xabarlarning farqiga bormay, firibgarlar tuzog'iga osongina ilinib, jabr ko'rayotganlar ham kam emas. Ba'zi soddadil kimsalar sayoz fikrlashi oqibatida qimor o'yinlariga qo'shilib, bor-budidan ajralib, yana bo'yniga katta qarzlarni ilib olayotganlariga nima deyish mumkin? Bu juda achinarli holat. Lekin bundan ham achinarlisi, turli xil oqimlarga kirib ketish hollari ham uchramoqda. Bu eng og'riqli, mudhish holdir.
Milliyligimizga yot bo'lgan ba'zi chet ellarning liboslariga o'ylamay-netmay taqlid qilayotgan yoshlar tubanlik botqog'iga botib borayotganlarini tushunmasa, bilmasa, ularning xatolarini tushuntirish, tarbiyalash bizning vazifamizdir.
Aslida internetning paydo bo'lishi zamonamizning katta yutuqlaridan biridir. Endi internetsiz jamiyatni tasavvur qilish qiyin. Ilgari yarim yilda bitadigan ishlar hozir internet orqali bir soatga qolmay hal qilib qo'yilyapti. Faqat undan to'g'ri foydalansak, ko'zlagan barcha orzu-maqsadlarimizga so'zsiz erisha olamiz.
Mirzohid HUSINOV,
“Zarafshon” gazetasi
jamoatchi muxbiri.
“JIZZAX OVOZI”NING O'Z OVOZI BOR!
Maktab partasida ta'lim-tarbiya olib yurgan kezlarimizda viloyatimiz gazetasini qiziqish bilan o'qib borardim. Bu gazetada bir paytlar Sharof Rashidov, Hamid Olimjon, Sarvar Azimov, Oqiljon Husanov, Nurali Qobul, Shuhrat Jabborov kabi atoqli yozuvchi-shoirlar, publitsistlarning asarlari, maqolalarini barcha birdek mutolaa qilishgan. Demoqchimanki, bugun “Jizzax ovozi” nomi bilan chop etilayotgan gazetamiz o'zining shonli tarixiga ega!
Biz bo'lg'usi jurnalistlar ana shu ustozlar izidan borib, ularning ijod karvonlarini izchil davom ettirishimiz ham farz, ham qarzdir.
Bugun gazeta orqali jamoatchilik nazoratini o'rnatish, muammolarni dadillik bilan ochiq-oydin yozish mumkin. Biz bo'lg'usi jurnalistlar ijod va mafkura maydoniga faol fuqarolik pozitsiyamiz, o'z ovozimiz, dadil qadamlarimiz bilan kirib kelish niyatidamiz.
Azizabonu HIKMATOVA,
“Jizzax ovozi” gazetasi
jamoatchi muxbiri.
KOSONNING BIR KUNI
O'zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning “Kosonning har bir kuni asrlarga tatiydi!” degan gapini faxr bilan eslab yuramiz. Ustoz shoir bu zaminda kunda-kunora asrlarga tatiydigan asarlar yozilayotgani, ilmiy tadqiqotlar olib borilayotgani, ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgani, bog'-rog'lar yaratilayotganini nazarda tutgani sir emas, albatta. Atoqli shoirning har bir o'lmas va betakror she'ri ham aslida asrlarga tatigulik ma'naviy nur, desak, ayni haqiqatni aytgan bo'lamiz.
So'nggi o'n yil mobaynida Koson tumani qiyofasi tubdan o'zgardi. Bu yerda bunyodkor xalqimiz shijoati ila ko'plab zamonaviy inshootlar qad rostlagan bo'lsa, tanti dehqonlar matonati bilan bog'lar yaratilmoqda.
Matbuot zamonning xotirasi, jamiyatning vijdoni va kelajakning yo'lchi yulduzidir. Qog'ozga bitilgan so'z ham, ekranda porlagan satr ham haqiqatga xizmat qilsa, xalq qalbidan joy oladi. Chunki taraqqiyot faqat axborotning ko'pligi bilan emas, haqiqatning qadri balandligi bilan o'lchanadi. Matbuotning kuchi uning ovozida emas, haqiqatni qanchalik dadil ayta olishidadir.
Kimyoxon FARMONOVA,
“Koson” gazetasi
jamoatchi muxbiri.
“PISKENT HAYoTI”DA AKS ETAR HAYoT
Yoshligimizda ota-onalarimizning qo'llarida hamisha gazeta ko'rardik. Ular har kuni ishdan kelgach, gazeta o'qishdan bosh ko'tarmasdilar. Butun dunyo yangiliklaridan tortib yurtimiz hayotiga oid xabarlargacha gazetalar orqali bilib yurishardi. Ijtimoiy tarmoqlar taraqqiy etgan bugungi kunda ham gazetaga bo'lgan ehtiyojimiz susaygani yo'q. Gazetalar orasida, ayniqsa, tuman gazetasi bizga ma'nan yaqindek tuyulaveradi. Piskent tumanining “Piskent hayoti” gazetasi sahifalarida o'zimizga tanish qiyofalar, ajib voqeliklar kengroq yoritiladi.
Tumanimizning tabiati barchani birdek maftun etadi. Qurama tog' tizmalari etaklarida va Ohangaron daryosi chap sohilida, Chirchiq hamda Ohangaron vodiysiga tutash bu zamin ijod ahliga tuganmas ilhom baxsh etadi. Qurama tog'lariga boqsangiz, adirlar, cho'l, keng yaylovlarni ko'rib, bahri dilingiz ochiladi. Serunum tuproqlari, yam-yashil o'tloqlari ham fayz kiritib turadi bu zaminga. Purviqor tog'lardan oqib kelayotgan Ohangaron daryosi borliqqa hayot baxsh etadi. Qizota, Kovuldi, Olmaliqsoy, Parganda, Qoraqiyosoy ichra oqib o'tadigan irmoqlar ajib manzaralar kashf etadi.
Toshkent suv omboriga tutash tumanimiz manzarasi haqida aytishga til, yozishga qalam ojizlik qiladi. Irmoqlar, daryo va dengiz bo'ylarida o'sib turgan bo'tako'z, archa, do'lana, zarang, olcha, olma daraxtlari kishini sarmast qiladi. Ular ustida qanot qoqib yurgan o'rdaklar, g'ozlar, qirg'ovullar, kakliklar, bedanalar, maynalar parvozini ko'rib, ilhomlanib ketasan.
Malika QODIROVA,
Shahboz G'ULOMQODIROV,
“Piskent hayoti” gazetasi
jamoatchi muxbirlari.
QALB SADOSIGA AYLANGAN “QO'QON SADOSI”
Vodiy gavhari hisoblanmish Qo'qon shahri o'zining boy tarixi, fusunkor tabiati, madaniyati va ma'rifiy muhiti bilan barchani o'ziga maftun etadi. Bunday hayotbaxsh muhit takomillashib borishida matbuotning ham o'rni beqiyos. Matbuot nafaqat yangiliklarni yetkazadi, balki jamiyatdagi muammolarni yoritish, xalq fikrini ifodalash va insonlarni fikrlashga undashga xizmat qiladi.
“Qo'qon sadosi” gazetasi sahifalarida shahar hayotidagi yangiliklar, bunyodkorlik ishlari, ta'lim, madaniyat va ijtimoiy muammolar atroflicha yoritilmoqda. Internet va ijtimoiy tarmoqlar rivojlanib borayotgan ayni zamonda axborot tarqatish imkoniyatlari ham kengaymoqda.
Bugun jurnalistning eng muhim vazifasi — har bir xabarni ishonchli manbalar asosida yoritishi zarur. Negaki, ishonchsiz xabar va maqolalar jamiyatga katta zarar keltiradi. Shu bilan bir qatorda odamlarni o'ylantirayotgan, taraqqiyotimizga to'g'onoq bo'layotgan muammolarning yechimini o'rgangan holda tahliliy maqolalar yoritish maqsadga muvofiqdir. “Qo'qon sadosi” gazetasi ijodkorlari shu asnoda hamisha hayot bilan hamnafasdir.
Nargiza ShAVKATJONOVA,
“Qo'qon sadosi” gazetasi
jamoatchi muxbiri.
SUN'IY INTELLEKT TARAQQIYoTGA XIZMAT QILADI…MI?
Texnologiya taraqqiyoti yoshlar oldiga yangi imkoniyatlar bilan birga mas'uliyat ham qo'ymoqda. Bugun dunyo jadal o'zgarib bormoqda. Bir necha yil avval ilmiy-fantastik asarlarda uchraydigan ayrim texnologiyalar endilikda kundalik hayotimizning bir qismiga aylandi. Sun'iy intellekt ham ta'lim, tibbiyot, ishlab chiqarish va axborot almashinuvi kabi ko'plab sohalarga kirib kelmoqda. Endi muhim savol shuki, biz bu imkoniyatlardan qay darajada to'g'ri foydalanyapmiz? U jamiyat taraqqiyotiga qay darajada xizmat qilishi mumkin?
Sun'iy intellekt insonning vaqtini tejash, murakkab ma'lumotlarni tahlil qilish va yangi g'oyalarni shakllantirishda yordam berishi mumkin. Masalan, o'quvchi tushunmagan mavzusini sodda izohlashi, talaba chet tilini mashq qilishi yoki mutaxassis katta hajmdagi hujjatlarni tartibga solishi mumkin. Demak, undan maqsadli foydalanilsa, bu texnologiya bilim olish va mehnat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Biroq har qanday qulaylikning o'z mas'uliyati bor. Tayyor javoblarni tekshirmasdan qabul qilish, topshiriqlarni to'liq sun'iy intellektga bajartirish yoki uning bergan ma'lumotini haqiqat deb bilish insonning mustaqil fikrlashiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin. Sun'iy intellekt ba'zan xato qiladi, eskirgan yoki ishonchsiz ma'lumotlarni ham ishonchli ohangda taqdim etishi mumkin. Shu sababli uning javoblarini boshqa ishonchli manbalar bilan solishtirish, dalillarni tekshirish va yakuniy xulosani o'zimiz chiqarishimiz muhim.
Ta'lim muassasalari, ota-onalar va yoshlarning o'zlari bu borada hamkorlik qilishi kerak. O'quvchilarga texnologiyani taqiqlashning o'zi yetarli emas; undan qanday foydalanish, manbalarni qanday tekshirish va mualliflik huquqiga qanday rioya qilishni ham o'rgatish lozim. Sun'iy intellektdan foydalanilgan ishda buni yashirmaslik, o'z hissasini aniq ko'rsatish va topshiriq talablariga amal qilish halollikning muhim belgisidir. Eng muhimi, texnologiya insonning o'rnini egallashi emas, uning salohiyatini oshirishi kerak. Sun'iy intellekt bizga yo'l ko'rsatishi, fikrlarimizni tartibga solishga ko'maklashishi mumkin, ammo mustaqil fikrlash, ijodkorlik, mehr-oqibat va mas'uliyat insonning o'zida shakllanadi. Kelajakda muvaffaqiyatga erishadigan yoshlar yangi vositalarni shunchaki ishlatadiganlar emas, balki ularni tanqidiy fikr bilan baholab, ezgu maqsadlar yo'lida qo'llay oladiganlar bo'ladi.
Komilaxon ISMOILOVA,
“Ma'rifat” gazetasi
jamoatchi muxbiri.
E'TIBOR
Bugun biz axborotlar oqimida yashayapmiz. Har kuni yuzlab xabarlarni o'qiymiz, minglab suratlarni ko'ramiz, ijtimoiy tarmoqlarda soatlab vaqt o'tkazamiz. Ammo bir savol bor: shuncha axborot orasida inson o'ziga, yaqinlariga va atrofidagi hayotga qanchalik e'tibor qaratmoqda?
Ba'zan yonimizdagi insonning ko'ngli sinayotganini sezmaymiz, ammo uzoqdagi notanish odamning hayotidan xabardor bo'lamiz. Bir og'iz shirin so'z aytishga vaqt topolmaymiz, lekin izohlar yozishga daqiqalarimiz yetadi.
Aslida, bugun hayotning eng katta muammolaridan biri vaqt yetishmasligi emas, balki e'tiborimizning noto'g'ri taqsimlanishidir.
Texnologiyalar bizni bir-birimizga yaqinlashtirdi, biroq ayrim hollarda qalblarimiz orasidagi masofani uzaytirdi. Bir dastur orqali dunyoning narigi chekkasidagi inson bilan suhbatlashish mumkin, ammo ba'zan bir dasturxonda o'tirgan yaqinlarimiz bilan samimiy gaplashishga qiynalamiz…
E'tibor oddiy tushuncha emas. U farzandning savoliga sabr bilan javob berish, keksalarning suhbatini tinglash, tushkun insonning holidan xabar olishdir. Jamiyatni faqat katta islohotlar emas, ana shunday kichik, ammo samimiy munosabatlar ham o'zgartiradi.
Balki bugun o'zimizga berishimiz kerak bo'lgan eng muhim savol shudir: biz dunyodan qancha xabar topdik emas, balki o'zimizga yaqin insonlarni qanchalik his qila oldik?
Zero, insonning qadri qancha ko'p ko'rinishida emas, boshqalarga qancha mehr bera olishida namoyon bo'ladi.
O'g'iloy PARPIYEVA,
“Namangan haqiqati”
gazetasi muxbiri.
