Katta umidlar oldinda!

image description

Futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionati yo'llanmasini  qo'lga kiritgani AQSh ommaviy  axborot vositalari diqqat markazida

Amerika Qo'shma Shtatlarining  yetakchi ommaviy axborot vositalari futbol bo'yicha O'zbekiston terma jamoasining muddatidan avval jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritganini keng yoritmoqda. Xususan,  dunyoga mashhur  “The New York Times” gazetasida  “O'zbekiston milliy terma jamoasi o'z tarixida ilk bor jahon chempionatiga yo'llanma oldi” sarlavhali maqola chop etildi.

image description

Nashrda O'zbekiston terma jamoasi payshanba kuni BAA bilan 0:0 hisobidagi durang  natija  qayd etib, to'g'ridan-to'g'ri jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritgani ta'kidlangan. “Bu natija O'zbekistonni “A” guruhida 2-o'rinda  mustahkamladi.

Shu bilan birga BAAni 4 ochkoga ortda qoldirgan holda “JCh-2026” yo'llanmasini kafolatladi”, – deya urg'ulangan maqolada.

Materialda O'zbekiston terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov yanvar oyida Angliyaning “Manchester Siti” klubiga o'tgani, jamoa sardori va hujumchisi Eldor Shomurodov  Rimning “Roma” futbol klubida to'p surishi  urg'ulangan.

Shuningdek, O'zbekiston terma jamoasini bu yildan e'tiboran bosh murabbiy etib tayinlangan Timur Kapadze boshqarayotgani  xabar qilingan. U futbolchi sifatida O'zbekiston terma jamoasi safida 119 ta o'yin o'tkazgan. “O'zbekiston 1991 yilda SSSR parchalanganidan keyin mustaqillikka erishdi  hamda Rossiya va Ukrainadan keyin jahon chempionati finaliga chiqqan MDH hududidagi uchinchi mamlakat bo'ldi”, – deb yozilgan “The New York Times” maqolasida.

Nashrda ta'kidlanganidek,  2026 yilda  bo'lib o'tadigan  jahon chempionatida tarixda birinchi marta 48 ta jamoa ishtirok etadi.

“World Soccer Talk” nashri ham  Markaziy Osiyo futboli uchun ulkan yutuq sifatida O'zbekiston terma jamoasi o'z tarixida ilk bor 2026 yilda AQSh, Meksika va Kanadada bo'lib o'tadigan futbol bo'yicha jahon chempionatiga yo'llanma olgani haqida yozdi.

“O'zbekiston futboli tarixi 1992 yildan, ya'ni mamlakat mustaqillikka erishganidan boshlandi. O'shandan beri milliy terma jamoa barqaror o'sish va intiluvchanlikni namoyon etdi, ayniqsa, 2011 yilgi Osiyo Kubogi yarim finaliga qadar yetib bordi – bu turnirdagi eng yaxshi natijasidir”, – deyilgan manbada.

Ta'kidlanganidek, jahon chempionati  yo'llanmasi qo'lga kiritilgani haqidagi xushxabar O'zbekistonda  katta xursandchilik  bilan kutib olindi. “Muxlislar Toshkent va boshqa shaharlar ko'chalariga mamlakat bayroqlarni ko'tarib, jo'r bo'lib davlat madhiyasini kuylashdi. Ushbu olamshumul yutuq butun mamlakatni birlashtirdi”,  – deya urg'ulangan “World Soccer Talk” maqolasida.

AQShning “FoxSports” elektron nashrida esa “Birinchi jahon chempionati. O'zbekiston 2026 yilgi turnirda ishtirok etish huquqini qo'lga kiritdi” sarlavhali  maqolani  o'z o'quvchilari e'tiboriga taqdim qildi.

Unda O'zbekiston o'z tarixida ilk bor kelasi yili Shimoliy Amerikada bo'lib o'tadigan 48 jamoa ishtirokidagi jahon chempionatiga yo'llanma olgani xabar qilingan.

“Payshanba kuni Birlashgan Arab Amirliklari durang o'ynagan O'zbekiston ikkinchi bo'limda darvozabon O'tkir Yusupovning uchta muhim seyvni amalga oshirgan ajoyib o'yini evaziga kerakli ochkoni qo'lga kiritdi”, – deb yozdi muallif.

 “The Times of Central Asia” tomonidan mazkur mavzuga bag'ishlab chop etilgan maqolada ta'kidlanishicha, 34 yoshli mamlakat birinchi marta jahon chempionati final bosqichida ishtirok etish huquqini qo'lga kiritdi. Yakuniy bosqich oson bo'lmadi. O'zbekistonliklar  BAAda o'yin boshlanishidan oldin turli  to'siqlarga duch kelishdi. Lekin hech qanday qarshilik shu kuni O'zbekistonning  uzoq kutilgan yo'llanmani  qo'lga  kiritishiga  va  bayram qilishiga to'sqinlik  qilolmadi.

Materialda O'zbekiston ushbu saralash bosqichidagi 9 uchrashuvda bor-yo'g'i bitta mag'lubiyat alamini totib ko'rganiga  alohida e'tibor qaratilgan.

“Mamlakatning yarmi  BAA bilan o'yinni ko'rish uchun uxlamadi.  O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa o'yindan so'ng jamoa vakillari bilan telefon  orqali muloqot qildi va ularni tarixiy g'alaba bilan  qutladi”, – deyiladi materialda.

“Hech shubhasiz, milliy sportimiz solnomasiga oltin harflar bilan bitiladigan bunday yorqin natija yurtimizdagi millionlab futbol muxlislari, butun xalqimizning necha yillik orzusi edi, desak, to'g'ri bo'ladi”, – deya davlatimiz rahbarining O'zbekiston terma jamoasi futbolchilariga  yo'llagan tabrigidan  iqtibos keltirilgan materialda.

Maqola “Ehtimol, bu faqat boshlanishi. O'zbekistonning jahon chempionatidagi ishtiroki yana ham ko'proq o'zbek yoshlarini futbol bilan shug'ullanishga undashi shubhasiz. Ayni paytda, mamlakat shunchaki bayram qilishi mumkin. Kelgusi yil va katta umidlar oldinda”, – degan so'zlar  bilan yakunlangan.

Bundan  tashqari,  AQShdagi ommabop “Yahoo Sports” va “theScore”  nashrlari  ham O'zbekiston milliy  terma jamoasining ushbu  tarixiy  g'alabasi haqida yozdi.

“Dunyo” AA,

Vashington shahri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 − six =