Ustozlarni borligida ham qadrlaylik

Yaqinda ko'plab hamkasblarimizning, shu qatori mening ham ustozim bo'lgan jurnalistika sohasi fidoyilaridan birini xabar olishga bordim. Biror ishim tushib yoki zarurat yuzasidan emas, shunchaki ko'rgim keldi, ustozning suhbatini olgim keldi.

Buni qarangki, o'sha payt domlaning biroz tobi yo'q ekan. Unga tibbiy yordam ko'rsatishayotgan ekan. Kutib turdim. So'ngra izn so'rab oldilariga kirdim. Biroz keksayib qolgan domlamiz avvaliga tanimadi chog'i. Salom berganimdan keyin kimligimni anglab, chehrasi yorishib ketdi.

Ancha suhbatlashdik. Ishlarim, rejalarim haqida so'radilar. Har doimgiday ustozona xayrixohlik bilan maslahatlar berdilar. Vaqtim tig'izroq bo'lgani uchun ketishga taraddudlandim. Domla men bilan xayrlashar ekanlar, diydalarida aylanib qolgan ko'z yoshini bildirmaygina sidirib tashladilar. Eh, ko'ng­lim buzildi! Menga o'xshagan yuzlab jurnalistlarning ustozi, shu sohada umri o'tayotgan inson, qalami ham, qalbi ham daryo odam…

Qaytarkanman, bir do'stimning achchiq so'zlari esimga tushdi.  U ma'lum muddat gazeta bosh muharriri bo'lgan, ammo ko'plarga dil­ozorlik qilgan kishi haqida gapirar ekan, “Nafaqaga chiqsa, uni hech kim yo'qlamaydi” degan edi. O'shanda uning bu gaplarini jahl ustida aytgan noo'rin fikr deb o'ylagandim. Ammo bugun ustozimning ko'zidagi yoshlarni ko'rib, keksaygan paytida shogirdlarning, do'stlarning yo'qlovi bebaho ekaniga amin bo'ldim. Vaholanki, men ko'rgani borgan inson kimningdir ko'nglini qoldirgan odam emas, chin ma'nodagi fidoyi jurnalist, ustoz qalamkash. Ammo zamon zaylimi, vaqt tig'izligi tufaylimi yoki qonimizga singib borayotgan foyda keltirmaydigan ishga qo'l urmaslik tuyg'usi, ya'ni pul, manfaat odamiga aylanib borayotganimiz uchunmi, oqibatimiz susayganday. O'zim ham mustasno emasman. O'ylab ko'rsam, shu qadrdon ustozimni yo'qlamaganimga yillar bo'lgan ekan.

Aytmoqchi bo'lganim, alloma shoir hazrat Navoiyning o'sha mashhur satrlarini bir eslab qo'yishimiz kerak ekan:

 

Haq yo'lida kim senga bir harf o'qitmish ranj ila,

Aylamak bo'lmas ado oning haqqin yuz ganj ila.

 

Bayram bahona, ya'ni 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni, qolaversa, Qurbon hayiti ayyomlarida ota-ona, qavmu qarindosh­lar qatori, otangdek ulug' deya ta'riflanadigan ulug'larimiz, ustozlarimizni ham yo'qlab qo'yishimiz, suhbatlarini olishimiz kerak. Zotan, ulug'larimizni borligida ham qadrlariga yetaylik. Keyingi afsusdan, qo'sha-qo'sha maqolalaru, tadbirlardan mani bormi?

Sitora TOJIDDINOVA,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen + 13 =