Qonli 38-yil

Toshkentda “Qaramlik, qatag'on va millat” deb nomlangan ilmiy yig'in bo'lib o'tdi

Bundan 85 yil muqaddam (1938 yil, 4-14 oktyabr) sho'rolar davlatining qatag'on mashinasi sabab milliy davlatchilik tariximizda hech qachon unutib bo'lmas voqea – “qonli oktyabr” voqealari yuz bergan edi. Toshkentda 1938 yil 4-14 oktyabr kunlari bo'lib o'tgan SSSR Oliy sudi Harbiy Kollegiyasining qo'shma yig'ilishi bayonotiga binoan Abdurauf Fitrat, Cho'lpon, Abdulla Qodiriy, G'ozi Olim Yunusov, Qayum Ramazon, Otajon Hoshimov, Majid Qodirov, Xudoybergan Devonov, Rahim Inog'omov, Usmon Eshonxo'jayev singari 500 ga yaqin davlat va hukumat rahbarlari, olimlar, yozuvchilar, shoirlar, jurnalistlar o'lim hamda uzoq muddatga qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Turon kutubxonasida 1938 yil 4 oktyabrdagi “Qonli qatag'on” siyosatiga 85 yil bo'lganligiga bag'ishlab, qatag'on qurbonlari xotirasini yod etish maqsadida Tarix institutining Turon kutubxonasi va “Abdulla Qodiriy” ijod maktablari bilan hamkorlikda “Qaramlik, qatag'on va millat” umummilliy ilmiy yig'in bo'lib o'tdi. Tadbir ochilish marosimida O'zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, tarix fanlari doktori — Azamat Ziyo, “Turon” axborot kutubxona markazi direktori Dildora Abduazizova va “Abdulla Qodiriy” nomidagi ijod maktabi direktori Hilola Nazirovalar so'zga chiqib, sovet davrida amalga oshirilgan qatag'on siyosatining mazmun-mohiyati va mazkur ilmiy yig'inning ahamiyati haqida fikr bildirishdi. Shundan so'ng, Abdulla Qodiriy avlodi va uning nomidagi ijod maktabi o'quvchisi tomonidan Abdulla Qodiriy hayotining so'nggi kunlari haqida ma'lumotlar berib o'tildi.

“Qaramlik, qatag'on va millat” mavzusidagi umummilliy ilmiy yig'inning ma'ruzalar qismida dastlab so'zga chiqqan Tarix instituti bosh ilmiy xodimi Muhayyo Isaqova qatag'on siyosatining iqtisodiy va siyosiy jihatlari, ijtimoiy cheklovlar va ma'naviy taz­yiqlar, sun'iy tarzda ocharchiliklarning (chunki, “och inson isyon ko'tara olmaydi, och qolmaslik uchun ham tunu kun ishlashga majbur bo'ladi”, degan g'oya asosida) hududlar kesimida amalga oshirilishi bayon etildi. Shundan so'ng so'zga chiqqan ma'ruzachi Dilnoza Jamolova “Jadidchilik va qatag'on” mavzusida fikr bildirdi. Ushbu ma'ruzada dastlab ma'naviy harakat sifatida shakllangan jadidchilikning siyosiy harakatga aylanishi sabablari, rivojlanishi va o'z mevasini bera boshlashi natijasida (Uchinchi Renessans shakllanayotganligi uchun ham sovet hokimiyati jadidlarning barchasini jismonan va ma'nan yo'q qilishni bosh maqsadga aylantirdi) jadid­chilik harakati yetakchilarining qatag'on qilinishi yoritildi. Jadidlarning qatag'on qilinishi 3 bosqichda amalga oshirilgan bo'lib, bular:

  1. 1919 yili Mahmudxo'ja Behbudiyning o'ldirilishi;
  2. 1929-1931 yillarda Munavvarqori Abdurashidxonov boshchiligidagi “Milliy Ittihod”larning yo'q qilinishi (Toshkent, Jizzax, Namangan, Andijon Samarqand taraqqiyparvarlari);
  3. 1937-1938 yillardagi ommaviy qatag'onlar davrida barcha jadidchilik harakati a'zolari va ularning izdoshlarining qirg'in qilinishi.

Tarix instituti bosh ilmiy xodimi Qahramon Rajabov “Sovet hokimiyati tomonidan din va ishbilarmon arboblarning qatag'on qilinishi” mavzusida so'z yuritib, unda sovet hokimiyati tomonidan sox­­ta ayblovlar bilan din vakillarining, ishbilarmon va tadbirkorlarning qatag'on qilinishi va bu yo'lda inson zoti chiday olmaydigan qiynoqlardan foydalanishi haqida batafsil ma'lumotlar berildi. Qatag'on siyosatining bunday ko'rinishlari 50-60 yillarda va 80-yillarda ham takrorlanganligi ko'rsatib o'tildi.

“Qo'rboshilar qatag'oni” mavzusida ma'ruza qilgan Tarix instituti yetakchi ilmiy xodimi Feruz Boboyev milliy ozodlik yo'lida kurashgan, hattoki yakuni o'lim bilan tugashini bilsa ham jang maydonini tark etmagan qo'rboshilarning qatag'on qilinishi haqida gapirdi.

Abay nomidagi qozoq milliy pedagogika universiteti professori, tarix fanlari doktori Mambet Koygeldiyev “Qozoq millatparvarlarining 2370-jinoiy ishi” (Alasho'rdachilarning tergov hujjatlari asosida. 1930-1932)” mavzusida so'zga chiqib, Qozog'iston hududidagi qatag'on siyosati, uning hozirgi kunda yoritilishi xususida batafsil to'xtaldi. So'nggi so'z sifatida “qatag'on siyosati tarixini xolisona yoritish va xalqqa yetkazish maqsadida tarixchilarning birlashishi va birgalikda loyihalarni amalga oshirish” shartligi va bu masalani kechiktirib bo'lmasligi”ni alohida ta'kidlab o'tdi.

“Turkiya manba va adabiyotlari qatag'on siyosati haqida” mavzusida so'zga chiqqan, ushbu mavzuda 2 oy davomida Turkiyaning turli shaharlaridagi arxivlarda ilmiy tadqiqot olib borgan Tarix instituti “Eng yangi davr tarixi” bo'limi boshlig'i Mashhura Darmonova qatag'on siyosatining Turkiyada yoritilishi bo'yicha ma'lumotlar berdi. Ma'ruzada qatag'on siyosati davrida Turkiyaga ilm olish uchun jo'natilgan va o'sha davrda Turkiyaga ketishga majbur bo'lgan milliy ziyolilarimiz haqida, ular tomonidan yozib qoldirilgan esdaliklar xususida so'z bordi.

“Qatag'on va maorif” mavzusida so'zga chiqqan Yulduz Tursunova (Tarix instituti tayanch doktoranti) Turkiston zaminida Milliy ziyolilarimiz tomonidan ta'lim tizimi isloh qilinib, sifat ko'rsatkichlari yo'lga qo'yilganini ko'rgan sovet hokimiyati buning oldini olishga qaratilgan siyosat olib borilgani haqida gapirdi. Chunki, Sovet hokimiyati yaxshi bilardiki, bu zaminda ta'lim tizimi isloh qilinib o'z natijalarini beradigan bo'lsa, bu zamin rivojlanib, mus­taqillik uchun kurashib, unga, albatta, erishishi mumkin edi. Shuning uchun ham maorif tizimida qatag'on siyosatini amalga oshirdi. Birgina misol, 1933 yil 27 martda VKP(b) MK O'rta Osiyo byurosi o'qituvchi kadrlar safini tozalash haqidagi maxsus qaror qabul qiladi. “Tozalash” deb atalgan bo'lsa-da, amalda ta'lim tizimining fidoyi xodimlari, sifatli ta'lim berayotgan o'qituvchilar sohadan chetlatiladi, ya'ni qatag'on qilinadi. Sovet tuzumi andozasidagi ta'lim tizimini o'rnatish uchun ham maorif tizimida milliy kadrlarni yo'qotish amalga oshirildi.

Sovet hokimiyati hattoki chet elga (Turkiya, Germaniya) o'qishga jo'natilgan talabalardan sovet davlati uchun ayg'oqchilik qilishni talab qilish holatlari ham kuzatilgan. Bosh tortgan talabalar esa ta'til vaqtida uylariga qayt­gach, siyosiy ayblovlar qo'yilib qamoqqa olingan yoki o'qishga qaytib borishini cheklab qo'yishgan. O'z vatanidagi bunday qatag'on siyosatidan xabar topgan ayrim talabalar esa vataniga qaytmasdan, o'sha davlatlarda qolishga majbur bo'lishgan. Bugun sovet davrining ijobiy tomonlarini ko'rsatishga urinayotgan, targ'ib qilayotganlarning bu harakatlari asossiz ekanligini ko'rsatish uchun ham xalqimizga ana shu davr tarixini xolisona ko'rsatishimiz, yetkazishimiz kerak. Sovet hokimiyatining qatag'on siyosati sabab 100 minglab aybsiz bo'lgan xalqimiz uyg'oq qatlamining turli qiynoqlardan so'ng otilgani yoki uzoq muddatga qamab yuborilgani, surgun qilinib, badarg'a etilganini hech qaysi omil bilan oqlab bo'lmaydi.

Zavqibek MAHMUDOV,

O'zFA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 − eight =