Ma'naviyat chirog'i hech qachon o'chmasin!

Abdirasul JUMAQUL,
“Hurriyat” gazetasi
bosh muharriri
Shu yilning 22 dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida bo'lib o'tgan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan majlisi, shak-shubhasiz, tarixiy anjuman bo'ldi. Negaki, unda Davlatimiz rahbarining kuyinchaklik bilan so'zlagan nutqi nafaqat ziyolilarni, balki uyg'oq qalbli har bir yurtdoshimizni to'lqinlantirib yubordi, ilhom va ma'naviy jo'shqinlik baxsh etdi, desak xato bo'lmaydi.
Albatta, yurtimizda keyingi yillarda ma'naviy-ma'rifiy sohalarda juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Ijod ahli, ma'naviyat ahli har tomonlama qo'llab-quvvatlanmoqda. Davlatimiz rahbari o'z nutqida ta'kidlaganidek, yurtimizda 2023 yilda birgina madaniyat va san'at sohasiga 712 milliard so'mdan ortiq mablag' yo'naltirilgani va bu 2017 yilga nisbatan taqqoslanganda besh barobardan ortiq ekanligi bejiz emas.
O'ylab ko'ring, ma'naviyat va ma'rifat sohasiga nega bu qadar katta e'tibor qaratilmoqda? Nega ilm-fanga, ta'limga, milliy o'zligimiz oydinlari bo'lgan jadid bobolarimiz qoldirgan ma'naviy merosni o'qib-o'rganishga da'vat qilinmoqda?
Chunki “Ma'naviyatsizlik va g'oyasizlik har qanday jamiyatni tanazzul sari yetaklashi, davlat siyosati va boshqaruvini kuchsizlantirishi, korrupsiya, jinoyatchilik va axloqsizlik kabi illatlarning ildiz otishiga sabab bo'lishi bilan bog'liq misollarni insoniyat tarixidan ko'plab keltirish mumkin”, deb yozgan edi Prezidentimiz o'zining “Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida.
Darhaqiqat, odam bolasi qancha umr ko'rsa ham, qanchalik moddiy tomondan to'kis bo'lsa-da, ma'naviy dunyosi kambag'al, ma'rifatdan yiroq bo'lsa, bularning bari bekor, barcha sa'y-harakatlari besamar bo'ladi, alaloqibat hech narsaga arzimaydi.
Davlatimiz rahbari o'zining tarixiy nutqida dastlab bugun dunyoda kechayotgan tahlikali vaziyatlarga e'tibor qaratar ekan, eng avvalo, yurtimiz mustaqilligini, hur va ozodligini asrash, har bir vatandoshimizning turli buzg'unchi, chalg'ituvchi g'oyalardan ogoh bo'lishi lozimligini bejiz bot-bot ta'kidlab o'tmadi. Boisi, so'nggi vaqtlarda dunyoda nafaqat qirg'inbarot urushlar, xunrezliklar, vayronagarchiliklar bilan bir qatorda, borgan sari mafkuraviy kurashlar, tahdidlar ham avj olib bormoqda. Xususan, o'zini “siyosatdon” deb bilguvchi ayrim qudratli davlatlarning vakillari hatto tajovuzkorona fikrlar bildirayotgani tashvishlidir.
Yangi yilning birinchi sanasidan boshlab yurtimizda “Jadid” nomli gazeta chiqa boshlaydi. Demak, yurt qayg'usi bilan jonlarini fido qilgan ma'rifatparvar, elparvar bobolarimizning asarlarini, buyuk merosini o'qib-o'rganish, targ'ibot-tashviqot qilish yo'lida katta bir minbarga asos solindi.
Yuqoridagi holatlar haqida Prezident Shavkat Mirziyoyev so'z yuritar ekan, bunday makkorona chiqishlarga yurtimiz ziyolilarining o'z vaqtida munosib javob qaytara olishi, g'oyaviy-mafkuraviy sohada xalqimizning ilg'or fikrli qatlami raqobatga tayyormi, yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi, degan haqli savollarni o'rtaga tashladi.
Darhaqiqat, bugun ijtimoiy tarmoqlarni, turfa xil internet nashrlarini kuzatadigan bo'lsak, ularda buzg'unchilikka, qo'poruvchilikka da'vat etayotgan yoki milliy qadriyatlarimizga zid bo'lgan ayrim fikrlarni o'rtaga tashlayotganlar ham yo'q emas. O'zini “siyosatdon” deb bilguvchi ba'zi bir xorijiy yurtlardagi ayrim kimsalar esa hatto zo'ravonlikni, yurt daxlsizligiga, hurligiga raxna soluvchi bayonotlarni ham ochiqdan-ochiq bildirishdan qaytmayotganiga guvoh bo'lyapmiz. Afsuski, ana shunday g'arazli fikrlarga keskin va munosib javob qaytarishga negadir xalqimizning eng ziyoli qatlami hisoblanmish yozuvchi va shoirlar, madaniyat va san'at namoyandalari, OAV vakillari o'z vaqtida munosabat bildiryapti, deb bo'lmaydi.
Xalqimiz, barcha katta-yu kichik hamisha ogoh bo'lishi lozim. Prezidentimiz jadidlarimiz merosini chuqur o'qib-o'rganishga, buyuk bobolarimizning jasoratini qalblarga singdirishga qilayotgan da'vatlari bejiz emas. Nega uzoq yillar davomida hatto nomlari ham aytilmay kelgan millat oydinlari bo'yicha O'zbekistonda xalqaro konferensiyalar tashkil etildi? Chunki tariximizning so'nggi yuz yildan ortiqroq davrida millatimizning buyuk armoni bo'lib kelgan bugungi istiqlol orzusi dastlab mana shu jadidlar ko'ksida nish otgan, ular ona Vatanimiz orzu-armonlari bilan maydonga chiqqan edi. Shu bois, ular birinchi bo'lib yurtimizda maktablar ochdi, birinchi bo'lib zamonaviy oliy maktab g'oyasini ilgari surdi. O'nlab shirkatlar, jamiyatlar tashkil qilib, ular ko'magida qanchadan-qancha yoshlarni Ovrupo mamlakatlariga o'qishga yuborishga erishdi. Teatr va san'atni qo'llab-quvvatladi, yangi gazeta va jurnallar tashkil qildi. Maktablar uchun darsliklar yozishdi. Bir so'z bilan aytganda, xalqni oydinlik sari, mustaqillik sari boshladi. Sababi diniy va dunyoviy bilimga ega bo'lmagan millatning ertasi yo'qligini, erki omonat bo'lishini jadidlar juda yaxshi bilar edi. “Millat ozod bo'lib, o'zining mustaqil davlatini o'rnatmaguncha, ijtimoiy adolatni tiklab bo'lmaydi”, deb yozgan edi Mahmudxo'ja Behbudiy.
Jadidlar bu qutlug' yo'lda xalqimiz ongu tafakkurini yanada oshirish, charxlash uchun o'sha vaqtlarda “Oyina”, “Vaqt”, “Xurshid”, “Najot”, “Inqilob”, “Turkiston”, “Mehnatkashlar tovushi”, “Hurriyat”, “Oydin”, “Sadoi Turkiston” kabi o'nlab gazeta va jurnallar tashkil qildi. Ularga birinchi navbatda yuksak tafakkur, yurt ozodligi, hurligi, xalqning ma'rifatini o'stirish g'oyasi singdirilgan edi. Bejiz atoqli adib Abdulhamid Cho'lpon “Kishan kiyma, bo'yin egma, ki sen ham hur tug'ulg'onsen!”, deya jasorat bilan maydonga chiqmagan!
Yangi yilning birinchi sanasidan boshlab yurtimizda “Jadid” nomli gazeta chiqa boshlaydi. Demak, yurt qayg'usi bilan jonlarini fido qilgan ma'rifatparvar, elparvar bobolarimizning asarlarini, buyuk merosini o'qib-o'rganish, targ'ibot-tashviqot qilish yo'lida katta bir minbarga asos solindi.
“Bugun ma'naviyat boshqa sohalardan o'n qadam oldinda yurishi, ma'naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak”, dedi Davlatimiz rahbari.
Yig'ilishda men ham qatnashib, hayajonimni yashirolmay, ikki og'iz fikr aytishga o'zimda kuch topa oldim. Bu kuchni menga Prezidentimizning “Kimning qanday fikri bo'lsa, savoli bo'lsa, tortinmasdan gapirsin”, degan taklifi berdi. Ammo davlatimiz rahbarining yonida turib, mamlakatimizning ko'plab rahbarlari, ziyolilari oldida hayajonlanmasdan gapirishning o'zi qiyin ekan. Ochig'i, aytmoqchi bo'lgan gaplarimning ko'pini ayta olmadim. Lekin ayrim xususiy nashriyotlar faqat pul uchun sifatsiz va badiiy jihatdan juda bo'sh kitoblarni chop etayotgani, mamlakatimizda Yangi O'zbekiston g'oyasi, Uchinchi Renessans poydevorini qurishdek ulkan islohotlar mazmun-mohiyatini yoritib borayotgan 20 ga yaqin markaziy nashrlarning obunasi qiyin kechayotgani, buning oqibatida ne-ne mashaqqatlar bilan chop etilayotgan ana shu gazeta va jurnallardan xalqimizning barcha qatlami ham bahramand bo'la olmayotganini zo'rg'a ayta oldim.
Ammo men ishonaman, keyingi 6-7 yil davomida jonajon O'zbekistonimizda ro'yobga chiqarilayotgan ulkan natijalar, ishlar, yangiliklar oldida kamina o'rtaga tashlagan masalalarning ijobiy hal bo'lishi hech gap emas. Men Prezidentimizga ana shu fikrimni katta yig'ilishda o'zim xohlagandek ayta olmadim. Ammo ana shunday ulug' minbar orqali dilimdagilarni bayon etayotganimdan baxtiyorman.
“Yangi O'zbekiston” gazetasining
2023 yil 29 dekabr sonidan olindi.