“Sharq taronalari” — xorijliklar nigohida:

Jahon miqyosida nufuzi oshib borayotgan “Sharq taronalari“ XII xalqaro musiqa festivalida sayyoramizning turli qit'alaridan kelgan mohir xonanda va sozandalar, musiqashunos va san'atshunos olimlar bilan birga xalq­aro tashkilotlar rahbarlari, davlat arboblari va taniqli siyo­satchilar ishtirok etishdi. Muxbirimiz festivalda qatnashgan xorijlik mehmonlar bilan suhbatlashib, ularning ayrimlaridan taassurotlarini yozib oldi.

Kaushik Dutta, jurnalist (Hindiston):

— Samarqand mo''jizalar shahri ekan. “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali mo''jizaviy shaharning o'ziga xos tashrif qog'oziga aylanibdi. Bizning mamlakatimizdan kelgan ansambllar ushbu san'at bayramida ishtirok etib, milliy musiqa merosimiz an'analarini targ'ib etmoqda. Festivalning ochilish marosimida O'zbekiston Prezidentining ishtiroki va tabrik yo'llagani san'at anjumani qatnashchilariga ko'tarinki kayfiyat bag'ishladi.

Jon Mak Kollum, musiqashunos olim (AQSh):

— O'zbek diyori bilan masofamiz olis, ammo ko'nglimiz yaqin. “Sharq taronalari” musiqa festivali bu yaqinlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Festival doirasida “Sharq xalqlari an'anaviy musiqa san'atini rivojlantirish istiqbollari” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada o'z ma'ruzam bilan ishtirok etdim. Unda tovush hamda harakat tushunchalari xususida so'z yuritdim.

Ma'ruzam so'nggida namuna sifatida qo'shiq ham kuylab berdim va albatta, tadbir ishtirokchilari meni tarjimonsiz ham tushundi, deb o'ylayman.

Kiro De Rosa, bloger (Italiya):

— Men maktabda o'quvchilarga ingliz tilidan dars beraman. Musiqaga juda qiziqaman. Saytim (www.blogfoolk.com (http://www.blogfoolk.com/))da Italiya milliy qo'shiqlarini joylashtirib boraman.

“Sharq taronalari” festivalida ko'pgina davlatlarning kuy-qo'shiqlarini tinglash baxtiga muyassar bo'ldim. Mo''jizaviy shahar – Samarqandning diqqatga sazovor joylarini suratga olyapman.

Shu bilan birga o'zbek milliy mumtoz qo'shiqlaridan o'z yurtimga ham esdalik uchun olib ketyapman. Ularning eng saralarini saytimga joylashtirib borishga harakat qilaman.

Yasuda Mamiko, Tokio san'at universiteti, moy bo'yoqli rangtasvir bo'yicha laboratoriya ilmiy xodimi (Yaponiya):

— Festival nafaqat turli xalqlar madaniyati, musiqasi bilan tanishish, balki latif va betakror, muqaddas va barhayot Sharq durdonasi — Samarqand tarixi bilan yaqindan tanishish imkoni hamdir. Kuni kecha islom olamida mashhur Imom Buxoriy majmuasida bo'ldim. Ruhiy poklanish manzilining har bir koshinidagi naqshlar, o't-o'lanlar, turli qushlar bu ulug' qadamjo haqida xabar berayotgandek, qo'shiq qilib kuylayotgandek, ma'rifat ulashgan allomalar yurti haqida so'zlab berayotgandek taassurot qoldirdi.

Randrianantoandro Klement, bastakor (Madagaskar):

— “Sharq taronalari” festivalida to'rtinchi bor ishtirok etayapman. Ilk marta 2011 yilda o'zimning ijodiy chiqishlarim bilan ushbu festival tanlovida 3-o'rinni olganman. Shundan so'ng, 2013 yilda yana bir bor mazkur musiqa bayramida qatnashish baxtiga muyassar bo'ldim. 2015 yilda esa o'zim tashkil qilgan “HANTA” guruhini olib keldim.

Daiki Kobayashi, “Konkokeizai news” gazetasi muxbiri (Yaponiya):

— Ko'pchilik xorijdan kelgan mehmonlar taassurotlari haqida intervyu berar ekan, tarixiy obidalar, Samarqand nonlari haqida to'lqinlanib gapiryapti.

Men ham shu paytgacha Samarqanddan olgan taassurotlarimni gapirsam vaqt yetmaydi. Asosiysi, o'zbek xalqining mehmondo'stligi, ularning samimiyligi meni juda xursand qildi.

“Sharq taronalari”dan
Feruza Rahimova.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × five =