O'zbek bokschilari jahonda tengsiz!

Bugun hammaga, butun jumlai jahonga ma'lumki, Rossiyaning Yekaterinburg shahrida o'tkazilgan navbatdagi jahon chempionatidagi o'zbek bokschilarining g'alabasi dunyoni hayratga keltirdi.

Bokschilarimiz zalvorli mushtiga jahonning manaman degan charm qo'lqop ustalari ham dosh berolmadi. Sportchilarimizning boksdagi mutlaq ustunliklari «Rio-2016» yozgi Olimpiada o'yinlaridan bo'yon davom etmoqda. Ungacha Kuba, Amerika, Rossiya va O'zbekiston birinchi raqam uchun kurashgan bo'lsa, endi bu raqam faqat o'zbek bokschilariga tegishlidir.

Joriy yil 9-21 sentyabr kunlari Yekaterinburg shahrida bo'lib o'tgan boks bo'yicha 20-jahon chempionatida dunyoning 78 mamlakatidan 400 ga yaqin bokschi ishtirok etdi. O'zbekiston terma jamoasidan musobaqaga 8 nafar charm qo'lqop ustalari qatnashdi. Shundan 3 tasi oltin, 1 tasi kumush va 1 tasi bronza medallari sohibi bo'lishdi. Umumjamoa hisobida jahonda birinchi o'rinni egallashdi. Kuni kecha Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida chempionatning faxriga aylangan sportchilarimiz muxlislar tomonidan munosib kutib olindi.

Bunday yuksak natijaning qo'lga kiritilishi o'z-o'zidan bo'lgani yo'q. Bu mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan sport sohasiga, xususan, boks­ga qaratilayotgan yuksak e'tibor va g'amxo'rlik natijasi ekanini alohida e'tirof etish joiz. Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan amaliyotga joriy etilgan besh muhim tashabbusning ikkinchi bosqichi aynan yoshlarni sportga jalb etishga qaratilgan. Bu sa'y-harakatlar dunyo arenalarida o'z samarasini bermoqda.

Shahobiddin Zoirov, 20-jahon chempionati g'olibi:

— Barcha musobaqaning o'z nufuzi bo'ladi. Jahon chempionati esa katta mavqega ega. Janglar o'ta murosasiz va qiyin kechdi. Har bir jang­da yuragimdan O'zbekistonni his qilib turdim.

Shuningdek, ushbu musobaqada Miraziz Mirzahalilov 3 karra jahon chempioni kubalik Lazaro Alvaresni mag'lub etdi. Matonatli boskchimiz Bahodir Jalolov qozog'istonlik Kamshibek Konkabayevga imkoniyat qoldirmadi.

Shunday qilib musobaqaga tikilgan 8 ta oltin medalning 3 tasini O'zbekiston vakillari qo'lga kiritdi. Rossiya, Qozog'iston, kubaliklar ortda qoldirildi. Bundan faxrlanmay bo'ladimi…

Ayniqsa, Bahodir Jalolovning chorak final bahsida Amerka Qo'shma Shtatlari bokschisini chap qo'lda berilgan bir zarbasi bilan nakautga uchratgani boks muxlislarining uzoq yillar yodidan chiqmaydigan bo'ldi. Chunki, bunday bahslarda nakaut holatlari juda kam uchraydi. Alaloqibat, amerikalik boks­chi shifoxonaga yotqizildi. Bahodir jangdan so'ng raqbidan hol so'rash uchun uni ko'rgani bordi.

— Braziliyada o'tkazilgan yozgi Olimpiada va bundan ikki yil avvalgi jahon chempioatidagi xatolarimni qaytarmaslikka harakat qildim, — deydi Jahon chempioni Bahodir Jalolov. — 2015 yilda Qatarda bo'lib o'tgan jahon chempionatida ham yarim finalgacha yetib borganman.

Nasib qilsa, kelasi yil Tokio Olimpiadasida ham o'zbekistonlik bokschilarning nimalarga qodirligini namoyish etib, boks bo'yicha birinchi raqamli terma jamoa ekanimizni yana isbotlaymiz.

Jobir Xo'jaqulov.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight + sixteen =