Vatan – madhing yangrasin toki bor jahon!

Bir necha kundirki, yurtimizda g'urur va iftixorimiz,  ishonchu tayanchimiz bo'lgan sanalar bayram qilinmoqda. Bosh Qomusimiz — Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 27 yilligi shodiyonalariga hamohang kecha — 10 dekabr Davlat  madhiyasi to'g'risidagi qonun qabul qilinganligi keng nishonlandi.

Milliy ozodlikni qo'lga kiritgan, milliy taraqqiyotning tarixiy bosqichiga qadam qo'ygan har bir xalq o'zi uchun Vatanining shonli tarixi, buguni va kelajagi, orzu-intilishlarini mujassam etgan davlat ramzlarini qabul qiladi. Bu ramzlar davlat suverenitetining o'ziga xos shahodatnomasidir.

Madhiya — millatni hamisha o'z ozodlik yo'li, ahdida sobit tutib turuvchi ruhiy quvvat manbai hamdir. U millatni, xalqni birlashtiradigan, yuksaltiradigan, yengilmas kuchga, yuksak iroda va jasorat timsoliga aylantira oladigan qo'shiqdir.

1992 yil 10 dekabrda O'zbekis­ton Respublikasi Oliy Kengashining o'n birinchi sessiyasida “O'zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi” to'g'risidagi qonun qabul qilingan kunni yoshi ulug'lar hayajon bilan eslaydi.

Bu erksizlik, huquqsizlik, kamsitish va tahq­irlashlar ichra yashab kelgan xalqning 130 yil orziqib kutgan hayajoni edi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimiz va xorijiy davlatlardagi oliy darajadagi uchrashuvlarida, yurtimiz vakillari ishtirok etadigan xalqaro miqyosdagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy yo'nalishdagi nufuzli anjumanlar, sport musobaqalarida Davlat bayrog'i baland ko'tarilib, madhiyamiz tantanavor ohangi taralganda qalblarimiz faxru iftixorga to'ladi. U bu yorug' dunyoda O'zbekiston degan qutlug' davlat borligining nishonasi bo'lib jarang­laydi.

“Serquyosh hur o'lkam,

elga baxt, najot,”

U Haq tomonidan oftob, nur ila siylangan xalqqa baxt-najot bergan o'lka — O'zbekiston deb atalmish, ildizlari necha ming-ming yillarga borib tutashgan Vatan haqidagi mangu bayotdir.

“Sen o'zing do'stlarga yo'ldosh, mehribon!”

U avvalo Haqni, olamni, bashariyatni o'ziga do'st deb bilgan, mehri o'zidan ulug' elning ixtiyornomasidir.

“Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,”

U azaldan abad qadar ilmu ma'rifat karvonlari tinim bilmaydigan, ijod olami yorug' nur sochib turgan mangu yashil bo'ston O'zbekiston haqidagi saodatnomadir.

“Shuhrating porlasin toki bor jahon!”

U o'z shuhrati bilan jahon ichra jahoniy yuksaklik topgan diyor haqidagi, milliy davlatchilik, ilmu zakovat bobida ajdodlari olamni mahliyo etgan, ezgulikka mudarrislik qilgan ma'rifatli xalq haqidagi muazzam jahonnomadir.

“Oltin bu vodiylar – jon O'zbekiston,”

U tuprog'i zar, vodiylari oltindan-da bebaho, har bir giyohi jonga malham, olamlarga jon bo'lgulik el haqidagi madhnomadir.

“Ajdodlar mardona ruhi senga yor!”

U Shirog'u To'maris, Spitamenu Mahmud Torobiy, Jaloliddin Manguberdiyu Temur Malik, Amir Temuru temuriylar, boburiylar kabi mardona ajdodlari ruhi har qadamda buyuklikdan so'ylayotgan el haqidagi shijoatnomadir.

“Ulug' xalq qudrati jo'sh urgan zamon,”

U bugun qo'lida mustaqillik yalovini baland ko'tarib shijoatli rahnamosi boshchiligida taraqqiyotning yangi davriga qadam qo'ygan, “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” dadil va qat'iyat bilan odimlab borayotgan, ko'ksida tog'lar yaralayotgan ulug' xalq qudrati, bunyodkorligi, ilmu ijodi jo'sh urayotgan, dunyo ehtirom etayotgan davlat haqidagi boqiy shijoatnomadir.

“Olamni mahliyo aylagan diyor!”

U azmu shijoati, shiddati bilan olamni mahliyo aylayotgan, olam e'tirof etayotgan yangi uyg'onish davriga qadam qo'ygan millat haqidagi shahodatnomadir.

“Bag'ri keng O'zbekning o'chmas iymoni,”

U qalbi iymon irfon quyoshiga ufqu osmon bo'lgan Buxoriylar, Kubrolar, Termiziylar, Naqshbandiylar kamol topgan, bag'ridagi 130 dan ziyod millatlar hamjihatligida yakdillik bilan mehr bog'ini yaratgan bog'bon el haqidagi e'tirofnomadir.

“Erkin, yosh avlodlar senga zo'r qanot!”

U har bir farzandi qalbida Ibn Sinolar, Muhammad Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Beruniy, Mirzo Ulug'bek, Alisher Navoiylar shivirlab turgan, bugun ulug' Vatan qanot baxsh etib yangi uyg'onish davri sari yo'llayotgan el jigarbandlari orzulari haqidagi umidnomadir.

“Istiqlol mash'ali tinchlik posboni,”

U har so'zini tinchlik haqidagi niyat bilan boshlab, tinchlik haqidagi tilak bilan yakunlaydigan, tongdan oqshom qadar bani odamu olamga tinchlik tilaydigan, ezgulikka posbon, jaholat olovini ma'rifat naysonlari bilan o'chiradigan qalbi uyg'oq millatga baxshnomadir.

“Haqsevar, ona yurt, mangu bo'l omon!”

U bunyodu yaratig'i, adlu insofu shukronasi bilan Haqni sevgan, Haqqa-da sevimli bo'lgan, mangulik olamidagi odamiy el haqidagi asl ta'rifnomadir.

El va Haq muhabbatiga qovushgan ustozlar Abdulla Oripov, Mutal Burhonovlar bu zamindagi tog'larning ulug'vorligi, beqiyos ne'mat tutayotgan zamin mehru saxovati, Amu va Sir daryolarining tug'yonli to'lqinlaridan ruhlanib, har zarrasida quyosh o'ynagan Qizilqum shiviriga quloq tutib, buyuk ajdodlar niyatu maqsadlarini dilga ko'chirdi. Ona zamin nafasi ila yozilgan baxtnoma yaratdi.

Shukrki, har tongni osuda osmon ostida madhiyamiz sadolari bilan qarshi olamiz. Qalbimizda yangi kunga, istiqlolga va bugungi tinch-osoyishta hayotimizga shukronalik, kelajakka qat'iy ishonch tuyg'usi jo'sh uradi.

Minhojiddin Mirzo,

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari.

O'zA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six − 2 =