Jurnalistning qalbi yonib tursin

Respublikamiz matbuoti sohasida uzoq yillar ishlagan, bugungi kunda nafaqada bo'lgan faxriy jurnalistlarni qo'llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy himoya qilish O'zbekiston Jurnalistlari   ijodiy uyushmasi faoliyatining ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Zero, umrning zalvorli dovonini, qalb qo'rini matbuotga baxshida etgan ustozlarimiz hamisha e'zozga loyiqdir.

27 — iyun Matbuot va omma­viy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida uzoq yillar davomida matbuot va ommaviy axborot vositalari rivojiga beminnat xizmat qilgan, bugungi kunda hurmat-e'tiborda bo'lib kelayotgan nuroniy-faxriylarimiz holidan xabar olindi.

— Bilasizmi, jurnalistning qalbi yonib turishi kerak. Yonmagan, o'zidan uchqun chiqarmagan qalb bilan yozish qiyin, — deydi 100 yoshni qarshilash arafasida turgan faxriy jurnalist Farida Usmonova.

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining viloyat bo'limlari ham bayram arafasida viloyatda istiqomat qilayotgan, uzoq yillar jurnalistikaga xizmat qilgan faxriylarimiz xonadonlarida bo'lishdi.

— Har gal shogirdlarim kelganida quvonib ketaman. Yoshlarga chindan havasim keladi. Ular ikki-uch, hatto undan ortiq tillarda ravon so'zlasha olishadi. Zamonaviy texnologiyalarni ham bizdan ko'ra yaxshi bilishadi. Ulardagi jo'shqinlik, kasbiga bo'lgan ishtiyoq qo'limga qalam olishga, yana ijod qilishga yetaklaydi, — deydi surxondaryolik faxriy jurnalist Usmonali Normatov.

Shogirdlar kamolini ko'rish, albatta, ustozlar uchun   katta baxt. Uyushma qoshida tashkil etilgan Faxriy hamda Yosh jurnalistlar bilan ishlash kengashlari faoliyati bir-biriga bog'liq bo'lib, birgalikda tadbirlar, uchrashuvlar tashkil etilayotgani kelajakda zabardast jurnalistlar yetishib chiqishiga zamin hozirlaydi.

Nabijon Rahimov.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 2 =