Millat qalbiga oyna tutib…

Mahmudxo'ja Behbudiy o'z davrida zamondoshlari tomonidan Turkiston jadidlarining ulug'i, o'zbek dramaturgiyasi va publitsistikasining asoschisi, degan ta'riflarga sazovor bo'lgan. Mutafakkirning hayoti va faoliyati haqida o'sha paytdayoq tarixga oid ma'lumot yozib borilgan. Bizni hayratlantirgani, behbudiyshunoslik adibning qabri sovumay turib, boshlanganida edi.

Mahmudxo'ja Behbudiy nafaqat ma'rifatparvar inson, balki elni ozodlik havosidan nafas olish shukuhidan voqif etgan, uning mustaqil hayot kechirishini ich-ichidan orzu etgan va shu yo'lda jonini qurbon qilgan millatimiz o'g'lonidir.

Mutafakkir inson to'g'risida turli uslublarda yozilgan maqola, fikrlar va xotira bitiklari turli ko'rinishda bo'lsa-da, ularda Mahmudxo'ja Behbudiyning qisqa  umri tong yulduzi kabi porlab turganini ko'rish, his qilish mumkin. Albatta, imonini mus­tahkam, o'z xalqini halokatlardan, xomtalash bo'lishlardan saqlashga harakat qilgan va uning ozodligini orziqib kutgan ulug'larimiz oldida kelajak avlod qarzdor ekanligini his qilib yashashi kerak.

Mahmudxo'ja Behbudiyning Padarkush yoxud o'qimagan bolaning holi sahna asaridan quyidagi parchaga e'tibor qiling:

Boy: Biz ko'ramizki, odamlar boyni mullodan ziyoda izzat qilurlar.

Domulla: …alarni ishi tushganlar izzat qilur, mulloni bo'lsa, barcha xalq izzat qilur, ya'ni mulloni ilmi izzat qilinadur.

Boy: Bizni boyligimiz izzat qilinadur, hatto musulmonlar nari tursin, o'rus va armanlar-da, izzat qilur.

Domulla: O'qumag'on  boyvachchalarni ko'ramizki, ota molni barbod etar va oxiri xor va zor bo'lur, binobari, o'g'lingizni o'qutmoqni taklif qilaman”.

To'g'ri, bugun ham har bir yurtdoshimiz farzandlarining ilmli bo'lishiga sharoit yaratishni o'zining burchi, deb biladi. Ammo Mahmudxo'ja Behbudiy mazkur parchada  bizga yana bir muhim saboqni ishora qiladi. Izzat qilingan boylik ilmli odamning qo'lida bo'lsa, u ezgu ishlarga sarf etadi. Agar bir buzuqi kimsaning qo'lida bo'lsa, bu zot oxir-oqibat, tulkidek ayyor, qashqirdek yirtqich manfurlarning qurboniga aylanadi.

O'z davrining tadqiqotchilari Mahmudxo'ja Behbudiy hayoti bilan bog'liq har bir masalaga jiddiy  yondashganlari yaqqol aks etib turadi. Masalan, Hodi Muin uning nasabiga  quyidagicha ta'rif bergan:

“Bobosi — Niyozxo'ja  qori, ko'zi so'qir  bo'lishiga qaramay, Qur'oni hofiz  bo'lgan va  Qori Niyozxo'ja Urganjiy  nomi bilan tanilgan, XVIII asrning o'rtalarida Samarqandga ko'chib kelgan, ko'chirib keltirilgan yoki taklif etilgan”. Bunday deyishiga sabab:

O'sha davrda Nodirshohning o'g'li Samarqandga bostirib kelib, uni xarob etgan, olti oy davomida shahar huvillab qolgan. Tarixdan ma'lumki, Amir Temur qabri ustiga qo'yilgan qimmatbaho qora toshni ham olib ketgan, ammo buyuk hukmdorning ruhi bezovta bo'lib, bu zo'ravonlik oqibatida Nodirshohning oilasiga falokat yog'iladi. O'g'lining o'zboshimchaligidan g'azabga kelgan Nodirshoh unga qarata:  “Sen katta ummonga kirib, behuda ish qilibsan, yaxshiyamki, cho'kib ketmabsan!” — deya qattiq tanbeh bergan va qora toshni joyiga eltib qo'yishni buyurgan. Shunday qilib “Amir Shohmurod Samarqandni qaytadan obod etishga kirishgan” (Naim Karimov. “Mahmudxo'ja Behbudiy, “O'zbekiston”, 2011 y., 9-b.). Shuningdek, Hodi Muin  ham:  “Shul chog'larda Urganjning mashhur qorilaridan sanalg'on Niyozxo'jani Samarqandga kelturub, yangidan qorilar yetishturish harakatida bo'lg'on edi”, deb guvohlik beradi.

“Behbudiy  qachon tug'ilgan?” — degan savol ancha bahstalab, Hodi Muin uning tug'ilgan sanasini  “1874”  deb ko'rsatgan va kindik qoni to'kilgan joyni Baxshitepa, deb aytgan. Behbudiyning qizi Parvinxonim esa otasini 1873 yilda Samarqand shahri yaqinidagi Yomini qish­log'ida tug'ilganini bildirgan. Akademik Naim Karimov esa bu sanani “1875  yil 19 yanvar” deb ko'rsatadi va tug'ilgan joyini Samarqand viloyatining Baxshitepa qishlog'i ekanligini qayd etadi.

Mahmudxo'ja bolalik yillarida avvalo otasi, so'ng tog'asi Muhammad Siddiq yordamida chuqur bilim oladi. Zehni o'tkir, qobiliyatli edi, tengqurlari orasida ham unga teng keladigani bo'lmagan. Otasining orzulari amalga oshib, u yetuk qori sifatida tanila boshlaydi, ammo Hodi Muin yozadiki, “u faqat qorilik bilan kifoyalanib qolmadi, balki tog'asi, mufti Odildan qo'shimcha saboq olib, “arabiy sarfu navhdan “Qofiya” va “Sharhi mullo”ni, “Shamsiya”ni, fiqhdan “Muxtasar ul-viqoya”ning birinchi daftarini va biroz “Hoshiya”ni mazkur zotning halqai tadrisida o'qidi”. E'tirof etishlaricha, u ustozlari bir marta o'rgatgan saboqni yod ola bilgan, o'zi haddan ziyod odobli, kamgap va o'yin-kulgini yoqtirmagan.

1893 yilda onasi, 1894 yilda otasi vafot etgach, o'qishni tashlab, tog'asi Muhammad Siddiq huzurida mirzolik qila boshlaydi. Va  juda qisqa fursatda, ya'ni yigirma ikki yoshlarida “mufti” unvoniga sazovor bo'ladi. “Islom ensiklopediyasi”da “mufti” so'ziga izoh berilgan bo'lib, undan bilamizki,  muftining fatvosi  musulmonlar uchun qo'llanma emas, balki buyruq hisoblangan.

“Oyna” jurnali xabarlariga ko'ra, “Padarkush”ni ko'rish uchun xalq oqib keldi, hatto patta topilmagani uchun 300-400 kishi qaytib ketgan”.

Aytish kerakki, adabiyotshunos Solih  Qosimov o'zining “Behbudiy va jadidchilik” (“O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasi, Toshkent, 1990 yil, 19 yanvar)  maqolasida, “qozi va muftilarning son-sanog'i yo'q edi, ammo ular orasida Mahmudxo'ja Behbudiy siyosiy, ijtimoiy faoliyati, zamonaviy va diniy  ilmining kengligi, xalqni ma'rifatga, ozodlikka, erkka boshlash uchun jonini ham ayamagan shaxs bo'lib, o'sha davrda Turkiston jadidchilari orasida unga teng keladigani bo'lmagan”, deydi.

Behbudiy Haj safari chog'ida Ara­bis­ton, Misr, Turkiyani kezib, ma'rifat izladi va Qozon va Ufaga ham borib, u yerda yangi usuldagi maktablar faoliyatini o'rganib qaytdi. Nihoyat, 1903 yilda  jadid maktabini ochishga erishadi. Bu to'g'rida “O'zbekiston milliy ensiklopediyasi”da quyidagicha ma'lumot  berilgan:  “Samarqand yaqinidagi Xalvoyi qishlog'ida Ajziy, Abdulqodir Shakuriylar bilan hamkorlikda  yangi maktab ochadi. Yangi maktablar uchun darsliklar tuzishga kirishadi. “Risolai asbobi savod” (“Savod chiqarish kitobi”), “Risolai jug'rofiyai umroniy” (“Aholi geografiyasiga kirish”), “Kitobat ul-atfol” (“Bolalar xati”), “Tarixi islom” (1909) kabi kitoblarni nashr ettirib, yoshlarga saboq berish uchun jiddiy qo'llanmalarni ta'lim tizimiga tatbiq etishga muyassar bo'ladi. Ammo shahardan qatnayotgan o'quvchilar uchun  manzilning uzoqligi biroz qiyinchiliklar keltirib chiqaradi va shu bois, maktabni qishloqdan Samarqandga, o'z hovlisiga ko'chirtirib keltiradi”.

O'quvchilarga fanlardan saboq berish barobarida, husnixatiga ham alohida e'tibor qaratiladi. Imtihon paytida muallimlardan tashqari, hokimiyat vakillari ham ishtirok etadilar. Imtihonda maktab bitiruvchilari tomonidan berilgan javoblar barchada yaxshi taassurot qoldiradi. Behbudiyning yozishicha, hatto  Hoji  Mavlonbek degan mo''tabar zot bolalarning  biyron javoblaridan shodlanib, ko'z yosh qilgan, juda suyunganidan  hotamtoylik bilan muallimga o'n besh so'm hadya bergan.

Mahmudxo'ja Behbudiyning  hayot yo'liga nazar solar ekanmiz,  Turkiston o'lkasining  yirik jamoat arboblaridan biri bo'lganini ham anglaymiz. 1907 yilda Rossiya 3-davlat dumasining Musulmon fraksiyasiga “Turkiston madaniy muxtoriyati” degan loyihasini yuboradi. Unda maktablarni xususiylashtirish, Rossiya davlat dumasining Turkistonning ichki ishlariga aralashmasligi ilgari surilgan edi. Loyihaning 17-20-moddalarida Turkistondagi maktablar Rossiya maktablari bilan teng maqomda ko'rilishi, hukumat nazoratidan ozod bo'lishi, rahbarlari ham mahalliy millat vakillaridan tayinlanishi, kirill  alifbosining zo'rlab kiritilmasiligi kabi masalalar bayon etilgan. Professor Naim Karimov ta'biri bilan aytganda, “loyihaning bu moddalari Behbudiyning 1907 yildayoq o'z oldiga ma'rifatparvarlikdan istiqlolchilik harakati sari dadil qadam tashlaganidan darak beradi”.

Bizningcha, Behbudiy xalqni mustamlakachilikdan ozod etish uchun, e'tibor bering, birinchi navbatda, uni avvalo ma'rifat dunyosini boyitishni muhim deb bilgan va shu bois ham, yangi usul maktablarini ochgan va turli ma'rifatparvarlik harakatlari bilan erkinlik nima-yu  mustamlakachilik nima ekanligini ommaga tushuntirishga harakat qilgan. Chindan ham, o'ylab qarasak, Behbudiyning istiqlolchilik harakatlarida donishmandlik ko'zga tashlanadi. Zero,  u o'z xalqini ko'r-ko'ronalik bilan ozodlikka chaqirmaydi, balki ong­­li kurashishni ma'qul ko'radi. Behuda qon to'kishdan sira foyda yo'qligini yaxshi tushunadi.

1908 yilda u  Samarqandda  qiroatxona, ya'ni muhim ahamiyatga ega bo'lgan kutubxona ochish uchun maxsus jamiyat tuzib, uning 27 bobdan iborat bo'lgan das­turi va nizomini ham ishlab chiqib, Samarqand general-gubernatoriga yuboradi, uddaburonlik bilan bunga ruxsat ham oladi. Jamiyat faollari rais etib uning o'zini saylaydilar.

Hojiqul Muhammedov rais o'rinbosari, tarjimon, Qo'qonboy Abduxoliq o'g'li sarkotib, savdogar Abdusalom Abdulmo'min o'g'li xazinachi, muallim Xidirbek Abdusaid o'g'li raisning o'rinbosari etib tayinlandi. Bu ro'yxatni behuda keltirmadik.

Mazkur kutubxona xalqni mustamlakachilikdan ozod etish uchun muhim o'choqlardan, markazlardan biri bo'lishi kerak edi. Naim Karimov taqdim etgan ma'lumotlarga ko'ra, 1909 yil 15 yanvar holatiga ko'ra, kutubxonadagi ko'plab kitob va gazeta-jurnallardan  2000 ga yaqin kishi bahramand bo'lgan. Kitob savdosi ishlari ham yo'lga qo'yilgan. Kavkaz, Qrim, Usmoniylar  imperiyasi, Yunoniston, Bulg'oriya va Olmoniyadan ham turli adabiyotlar olib kelingan. Ko'rinadiki, kutubxonada  tor doirada emas, jahon miqyosida faoliyat ko'rsatishga, ommani dunyo ahvoli bilan tanishtirishga, ularning tafakkur doirasini kengaytirishga harakat qilingan. Mahmudxo'ja Behbudiyning “Behbudiya” kutubxonasi mustaqillik uchun tashlangan ilk dadil qadamlardan biri edi, deb baholashga haqqimiz bor.

Mahmudxo'ja Behbudiy 1911  yilda “Padarkush” dramasini yozadi. Adabiyotshunoslar, uch pardali, 4 ko'rinishli  bu asarni birinchi o'zbek dramasi, deya e'tirof etadilar. Unda o'qimagan, nodon, johil bolaning o'z otasiga qo'l ko'targani, padarkushlik qilgani asar mazmunini  tashkil etadi. Bir qaraganda, juda sodda mavzu. Ammo Behbudiy buni “milliy fojia” tarzda ifoda etadi va shu bois ham, mazkur asar hamon adabiyotimizdagi mumtoz dramatik asar sifatida baholanadi. Aytish kerakki, o'nlab romanlar bitgan ijodkorlar ham el tiliga tusholmasligi, bunchalik muvaffaqiyatga sazovor bo'lolmasligi mumkin. Ammo Behbudiyga bu sharafning nasib bo'lgani juda katta yutuqdir.

“Padarkush”ning yuzaga chiqishi oson bo'lmadi. Uni Turkistonda chop etishga ruxsat bermadilar, senzura qattiq oyoq tiradi. Shu bois, Mahmudxo'ja Behbudiy boshqa tomonlardan  o'ziga najot izladi va qizig'i shundaki, mazkur mashhur asar oradan ikki yil o'tib, 1913 yilda Gruziyaning Tiflis shahrida bosilib chiqdi. Shahar senzurasi uni chop etishga ruxsat berganligini ham chuqurroq o'rganib ko'rish kerak, deb o'ylaymiz. Chunki “Padarkush” mahorat va uddaburonlik bilan, ya'ni “Borodino jangi va Rusiyaning fransuzlar bosqinidan xalos bo'lishining 100 yillik yubileyi” munosabati rukni ostida chop etilgan. “Fransuzlar bosqinidan xalos bo'lish” — bu nima degani edi?! Bu asarda biz-chi? Biz qachon Rossiya podsholigi bosqinidan ozod bo'lamiz, degan ma'no bor edi.

Millatni uyg'otish uchun “Padarkush”ga o'xshagan sahna asarlari kerak edi. Shu bois ham, juda katta mashaqqatlar evaziga bo'lsa-da, asar sahnaga olib chiqiladi. To'g'ri, bir tomondan, bosqinchi hukumat vakillaridan ruxsat olish bu safar ham ancha qiyin kechdi, ikkinchi tomondan, hali milliy teatr truppasi shakllanmagani uchun asarni sahnalashtirishda ham biroz qiyinchiliklar tug'ildi, ammo orzu amalga oshdi. Bu quyidagi manbada aniq keltirilgan: “1914  yil 15 yanvarda Samarqandda, 16 yanvarda esa Toshkentda (Kolizey teatrida) birinchi o'zbek dramasining sahna yuzini ko'rishi xalq va mamlakat hayotida unutilmas voqea bo'ldi”. “Oyna” jurnali xabarlariga ko'ra, “Padarkush”- ni ko'rish uchun xalq oqib keldi, hatto patta topilmagani uchun 300-400 kishi qaytib ketgan”.

Lekin “Padarkush” asari sahnaga qo'­yilgandan so'ng “1917 yil 7 fevral kuni xufyalardan biri chor oxrankasiga maxfiy ma'lumot yetkazgan”, ya'ni Mahmudxo'ja Behbudiyning bu asari mahalliy millat vakillari ongiga ijobiy ta'sir etishi haqida yozgan.

Albatta, bu sa'y-harakatlarning hammasi zimdan hisobga olib borilgani, Mahmudxo'ja Behbudiy o'z xalqining gullaridan biri ekanligi, ertaga uning ortidan millionlab o'zbek yoshlarining ergashishi mumkinligi mustamlakachi hokimiyat vakillarini tashvishga solgani aniq. Chunki ular O'zbekistondek oltin makonni qo'ldan bermaslik uchun xalqni ozodlikka bosh­lab boruvchi oltin boshli kuchlarni mahv etib turishni o'zlariga kasb qilib olganlar.

Mahmudxo'ja Behbudiy o'z vatani, xalqini jonidan ortiq sevgan sadoqatli farzand edi. Turkiston ozodlik harakatining yetakchi rahnamolaridan biri bo'lib, el orasida obro'si baland edi. Xunrezlikka asoslangan  bolsheviklar esa arman dashnoqilari qo'li bilan Qo'qonni, butun Farg'ona vodiysini qonga botirib, ozodlik harakatini bo'g'ib tashlagan bo'lsa, o'sha vaqtdagi qizil ayg'oqchilar — GPU jallodlari  Mahmud­xo'ja Behbudiyga o'xshagan erkparvar ulug'larimizning izlariga tushib, zimdan ish ko'rganlari aniq.

Xo'sh, siz 74  yil davom etgan qizil yolg'onlarga ishonasizmi yoki  Fitrat domlaning “Behbudiyning o'limida  Turkiston Sho'ro hokimiyati aybdor”, degan so'ziga tan berasizmi?! Bizga xo'rozqand berib, aldaydigan davr­lar o'tdi. Modomiki,  Mahmudxo'ja Behbudiy o'zining ma'rifiy ishlari bilan Turkiston ahlini ozodlikka tomon boshlagan ekan, uning soya­sidan cho'chigan Sho'ro hokimiyati GPU ayg'oqchilarining qonli qo'llari bilan Behbudiy va uning yo'ldoshlarini nomardlarcha qatl etib, barchalarini bir chuqurga ko'mib, ustini tekislab tashladi. Donishmandlar bekor ayt­magan: “Tarix haqiqatini sindirib ham, yo'qotib ham bo'lmaydi”.

Mahmudxo'ja Behbudiyning “Adib­lar xiyoboni”dagi muazzam haykali poyida u zotning munavvar siymosiga qarab:  “Adolat qaytdi, bu haykal bizning tantanamizdir”, degim keldi.

To'lqin Hayit,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

madaniyat xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − 18 =