Toshqo'rg'on tilsimi

Bizda turizm ko'pincha qadimiy shaharlarimiz, tarixiy- madaniy yodgorliklar doirasida cheklanib qolmoqda. Vaholanki, mamlakatimizning betakror tabiati, milliy qo'riqxonalar, tog'li hududlarda turizmni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjud. Turizmni iqtisodiyotning strategik  tarmog'iga aylantirish biz uchun ustuvor vazifa bo'lib qoladi.

Shavkat Mirziyoyev.

Juda katta imkoniyatlar xazinasi deb baholanayotgan yurtimiz tabiatining o'zi ulkan boylik. Ta'bir joiz bo'lsa, bu boylik hali butun bo'y-basti bilan kashf qilingani yo'q. Hisor tog' tizmasida eng baland cho'qqi qayd etilgan shunday bir hudud borki, unda yurtimiz tabiati butun borlig'i bilan namoyon bo'lganga o'xshaydi. Shuningdek, bu joylarda boy o'tmish ham o'z asrorlarini pinhon saqlab kelmoqda.

Ma'lumki, Sohibqiron Amir Temur hazratlarining davlatdorlik faoliyatlari atroflicha o'rganilgan, biroq ul zotning katta hayot sahnasiga chiqquncha kechgan  bolalik va o'smirlik yillari yuzasidan tadqiqotlar kam. Bu hol, avvalo, ma'lumotlar taqchilligidan bo'lsa, ba'zi tarixchilarning ta'kidlashicha esa o'sha yillarni sharh etishga Sohibqironning ko'p rag'bat bildirmaganliklaridandir. Shu  sabablarga ko'ra, ya'ni  ma'lumotlar yetarli emasligidan 1360 yillargacha bo'lgan davr deyarli o'rganilmagan. Temurbekni ulg'aytirgan, uni katta hayot sahnasiga olib chiqqan muhitning sharhi  qanoatlanarli darajada emas. Aslida, buyuk hayot manzarasini bularsiz to'la tasavvur qilib bo'lmaydi.

Mana, bitta dalil. 1360 yilda ota vafot etgach, oilaning ahvoli qanday kechgan? Holbuki, bu davr­­da Temurbek ikki o'g'ilning otasi, tevarak-atrofda ancha baland nufuzga ega  bekning merosxo'ri, amir Qazag'an lashkarlari safida harbiy yurishlarda qatnashib, mashhur bo'lgan navkar edi. Amir Temurning taxtga chiqqungacha o'tgan o'n yildan ko'proq hayoti naqadar tahlikali, ziddiyatlarga to'la bo'lgani aniq. Shunday sharoitda oilaning xavfsizligi qanday ta'minlandi, ular qaerda jon saqladilar? Negaki, atrofda yov izg'ib yurar, uning nazaridan  biron puchmoq holi emas edi. Agar   manbalarda   “Temurbekning bolaligi tog'larda… o'tgan” degan dalilni inobatga oladigan bo'lsak, ba'zi aniq haqiqatlar bilan hisoblashmaslik mumkin emas. Masalan, Sohibqiron hayotining ilk shakllanish davri o'tgan hozirgi Qashqadaryo viloyati hududlarida Amir Temur faoliyati bilan bog'liq, hatto atalishida o'sha yillar rangini singdirgan ko'plab joylar (yaylovlar, maydonlar, dalalar, tog' cho'qqilari, g'orlar, odam yashagan manzillar) hozir ham saqlanib turibdi. Holbuki, xalq og'zaki ijodida, joy nomlarida, obidalarning qoldiqlari va ular bilan bog'liq rivoyatu afsonalarda tarixga daxldor ko'plab  dalillar yashiringan bo'ladi. Shulardan biri Amir Temur g'oridir.

Ma'lumotlarda bayon etilgan yosh Temurbek bolalik va o'smirlik yillarini tog'larda ov qilib, cho'ponlar va oddiy odamlar davrasida o'tkazgan qabilidagi ma'lumotlarning aniq tasdig'i —  Amir Temur g'oridir. Bu joy azaldan ham shunday nomlangan.  Qolaversa, unda xalq qasoskori Hoshim ibn Hakim — Muqanna ham jon saqlaganligi haqida ma'lumotlar  mavjud. Yana bir e'tiborli gap — mazkur g'or haqida hazrat Alisher Navoiy “Sabba'i sayyor” dos­tonida ma'lumot beradi va uning ta'rifiga o'n satrcha oltin misralarni bag'ishlaydi. Tabarruk g'or Shahrisabzning kun chiqish tarafida, Hisor tog' tizmalari qurshovida, dengiz sathidan 3,5-4 ming metr balandlikda joylashgan. O'zbekistondagi eng uzun g'or hisoblanib, 700 metrga yaqin. Ikki qismdan iborat. “Otxona” deb ataluvchi birinchi qismi 70-80 metr chamasida bo'lib, hiyla keng. Unda odamlarning doimiy yashagani alomatlari saqlangan. Kirish qismida keng supa barpo etilgan, u pastdan 10-15 metr chamasi tosh taxtlab chiqilgan, toshlar orasiga ko'ndalangiga yog'ochlar tashlangan. Supaning uzunligi  yuz metrga yaqin. Unda 250-300 kishi bemalol joylashishi mumkin. G'orning ikkinchi qismi turli shakllarga ega bo'lib, oxirida ko'l mavjud. Ko'ldan keyin ham uning davomi borligi aniq. Hatto bu g'orni Samarqanddagi Shohizinda qadamjosigacha yetib borganligi haqida rivoyatlar uchraydi. G'or maxsus o'rganilmagan, bir telefilmda faqat ekzotik tomonlari hikoya qilingan. (Albatta, qayta-qayta namoyish qilingan bu telefilmni ko'pchilik eslasa kerak).  Shuningdek, g'or haqida 1895-1898 yillar Yakkabog' begi bo'lib turgan Mirza Salimbek ham o'z xotiralarida qimmatli ma'lumotlar bergan.

G'orga eng yaqin aholi punkti Tosh­qo'rg'on qishlog'i hisoblanadi. Tosh­qo'rg'onda qadimgi taraqqiyot izlari (toshdan temir ajratib olishdan hosil bo'lgan chiqindilar, ko'plab eski qabristonlar, masjid) mavjud. Hatto, g'or bilan qishloq oralig'idagi qoyada dinozavr izlari toshda qotib qolgan. Million yillardan darak beruvchi dinozavr izlari dunyoda katta qiziqish uyg'otgan, turli munosabatlar bildirilgan. Qishloq joylashgan nishablikning quyisida kattagina ko'l bo'lardi va uning janubida baland  tepalik bor. Uni xalq “Qo'rg'on” deb atagan. Qo'rg'on tepasida odamlar manzilgohi izlari — imoratlarning tag-zamini o'rni saqlangan. Undan ko'lga yer osti yo'lagi kavlangan, yillar o'tib, bu yer osti yo'li cho'kib, o'rni ariqdek bilinib turibdi. Demak, Qo'rg'on tepasida yashash manzili bo'lgan va quyidagi ko'ldan ichimlik suvi olib chiqilgan. Ushbu dalilga ba'zi tarixchilar, arxeo­loglar munosabat bildirib, uning Muqanna davri, hatto Aleksandr Makedonskiy bilan bog'liqligi bor bo'lishi mumkinligini aytadilar. Negaki, Amir Temur g'orida Muqanna ham yashagan, degan taxmin bor. Makedonskiyning so'g'd malikasi Ravshanakka atab qurdirgan qasri qaerdaligini hozirgacha hech kim bilmaydi. Uning Termizdan Samarqandga to'g'ri, tog'lar oralab  o'tgani inobatga olinadigan bo'lsa, Jahongirning qadami ushbu hududlarga tekkan bo'lishi mumkin va xilvat joyda qasr bunyod etgandir. Agar Qo'rg'ondan quyiga tushadigan suv yo'lining yopiq (tim) shaklida bo'lgani yovdan saqlanish uchun, deb faraz qilinsa va bunday inshootni qurish ancha vaqt va mehnat talab qilishini (oradagi masofa ming qadamlar chamasi) hisobga olsak, bu maskanda nufuzli oila yoki odamlar to'dasi uzoq yillar davomida istiqomat qilganligi ko'rinib qoladi.

Taxmin qilish mumkinki, xuddi shu manzilgohda balki Temurbek va oilasi uzoq yillar davomida yashagan, chunki bu yerlar dushman ko'zidan yiroq, tabiiy pana joylar bo'lgan. Atrofdagi cho'qqilarda qo'riqchilar o'rnashtirilgan – kun chiqishda Bovurchi tog'i etaklarida xabargirlar qo'yilgani, ular qanday belgi bilan ogohlantirganlari yuzasidan rivoyatlar bor edi. Kun botish tomonda Masxara (aslida “Mashhara” — kuzatuvchilar maskani, ular olov vositasida yovdan darak berganlar) cho'qqisi, kun botishga qarab oqadigan daryo o'zanida, o'n besh chaqirimlar qu­yida, Zarmas qishlog'ining to'g'risida  pishiq g'ishtdan ishlangan yana bir kuzatuv maskani  (undan Masxara ko'rinib turgan) mavjud bo'lgan (uning o'rni va qoldiqlari saqlangan). Bu dalillar  Qo'rg'onda uzoq yillar barqaror yashalganini yana bir marta tasdiqlaydi.  Shuningdek, yaqin atroflarda Qal'ai sheron, Bovurchi, Mirza o'lang, Shoh yurti, Kichik qal'a, G'o'lmarasha, G'o'tala kabi manzillar borki, ularning nomlanishi  ham Amir Temur tarixi bilan bog'liq bo'lishi mumkin.  Mantiq ko'rsatadiki, 1360-1370 yillar davomida o't kechib, yovning dodini berib yurgan Amir Temurning ahli oilasi shu xilda muhofaza qilingan, nazardan yiroq, osoyishtaligi ta'minlangan hududlarda yashagan.

Toshqo'rg'on qishlog'i betimsol tabiatidan tashqari ana shunday mo''jizalarga ham boy. Uning atrofida yil bo'yi qor arimaydigan cho'qqilardan tashqari o'nlab futbol stadionlari qursa bo'ladigan yoki minglab otliqlarni sig'dira oladigan maydonlar, tubi bir chaqirim keladigan zovlar, sharqirab oqadigan soylaru zilol suvli buloqlar ko'plab topiladi. Suvlarining shifobaxshligi haqida yuzlab misollar keltirish mumkin. Hayvonot va nabotot olami ham o'ziga xos. Havo toza (kislorod ko'p),  osmon tiniq.

— Men Tyanshan va Pomir tizmalarini kezib chiqqanman, ulardagi jami yetti ming metrlik cho'qqilarni zabt etganman,  — dey­di alpinist, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi Ikrom Nazarov, — ko'rganlarimni qiyoslab ishonch bilan ayta olamanki, hech bir hududda Toshqo'rg'ondek joylashishi keng-mo'l, tabiatan o'zida ko'plab imkoniyatlarni mujassamlashtirgan maskanni ko'rmadim. Bu yerda ko'plab, jumladan, tog' va qishki sport turlarini rivojlantirish, harbiy o'quv poligonlarini bunyod etish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Bundan tashqari, tu­rizmning turli yo'nalish­larini joriy etish mumkin.

85 yosh marrasini zabt etgan bo'lsa-da, qalbi tog'lar ishqini tark qilmagan Ikrom Nazarovning yana bir qancha dalillari bor. Albatta, sho'ro zamonida o'zbeklardan chiqqan birinchi sport ustasi (alpinizm bo'yicha), tog'da harbiy o'quv mashg'ulotlari haqida  qo'llanmalar muallifi, alpi­nistlar hayo­tidan ko'plab  me'muar asarlar yaratgan odamning mulohazalarida jon bor.

Ko'rinib qoladiki, ham tarixga daxldorlik  jihatdan, ham tabiiy imkoniyatlarni hisobga olganda, yurtimizdagi nodir maskanlardan biri hisoblanuvchi Toshqo'rg'on qishlog'i muhim turistik manzillardan bo'lishi mumkin. Ayni paytda, ya'ni ichki va xalqaro turizmni rivojlantirish, bu sohani iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biriga aylantirish borasida sa'y-harakatlar jadal olib borilayotgan sharoitda bu dalillar mutasaddi tashkilotlarni beparvo qoldirmaydi, deb orzu qilamiz. Toshqo'rg'on kelajakda muhim turistik va sayohat manzillaridan, qolaversa, milliy kinosanoatning muhim  mas­kanlaridan biriga aylanadi, nasib bo'lsa.

Hakim Sattoriy.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

1 thought on “Toshqo'rg'on tilsimi

  1. Assalomu alaykum.Gazetada chop etilgan Toshqo'rg'on tilsimi deb nomlangan maqola shu qishloqda yashab o'tgan ajdodlarning avlodlari sifatida bizning qalbimizni g'urur va iftixorga to'ldirdi.Maqolada keltirilgan, qishloqni ichki turizm ob'yektiga aylantirish taklifini qo'llab quvvatlaymiz,ushbu taklif ro'yobga chiqsa,Toshqo'rg'on qishlog'i tarixi yoshlarni vatanga muhabbat va yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan omillardan biriga aylanishiga ishonamiz.Muhammadiyev Anvar,To'xtamishov Tolmas.Kasbi tumani Toshqo'rg'on qishlog'i

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + 16 =