Jurnalistika muzeyi tashkil etilsa…

Yaqinda “Madaniy meros” agentligi poytaxtimizdagi “O'zbekiston tasviriy san'at galereyasi” binosida   “27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni” nomli ko'rgazma tashkil qildi. Ko'rgazmalar foyesidan mamlakatimiz matbuoti, radio va televideniesi tarixiga oid ko'plab eksponatlar joy oldi va aytish lozimki, tarix sahifalarida aks etgan har bir hujjat, qo'lyozma va suratlar tashrif buyurgan ishtirokchilarda juda katta taassurot qoldirdi. Hali ko'pchilikka ma'lum bo'lmagan noyob tarixiy lavhalar aks etgan va bir necha kun davom etgan ajoyib ko'rgazmadan yoshu qarining ko'ngli to'ldi desak, hech bir mubolag'a bo'lmaydi.

O'zbekiston jurnalistikasi 150 yildan ziyod tarixga ega. Turkistonda 1872 yilda ilk bor tashkil etilgan “Turkiston viloyatining gazeti”dan so'ng o'tgan davrda yana qanchadan-qancha gazetalar, jurnallar chop etildi. XX asrning boshlarida millatning guli bo'lgan jadid bobolarimiz Mahmudxo'ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Abdulhamid Cho'lpon tomonidan, avvalo, xalqni kundalik yangiliklardan xabardor qilish, qolaversa, ularning orasida ilm, madaniyat, ma'rifat tarqatish maqsadida tashkil etilgan “Taraqqiy”, “Hurriyat” “Xurshid”, “Tujjor”, “Samarqand”, “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Farg'ona”,”Shuhrat”, “Oyina” kabi nashrlar tashkil etilgani, omma tomonidan iliq kutib olingan bu bosma nashrlar o'zida sho'ro tuzumining jirkanch manfaatlarini ifoda etmaganliklari sababli uzoq umr ko'rmaganlari, gazeta tashkil etganlarning esa boshiga tushgan kulfatu g'avg'olar bayonining o'zini bir necha kitob qilsa arziydi.

Ilk bor bundan 105 yil muqaddam Turkis­tonda “Ishtirokiyun” gazetasi tashkil etildi, bu respublikaning birinchi gazetasi bo'lib, “Qizil O'zbekiston”, “Sovet O'zbekistoni”, “O'zbekiston ovozi” nomlari bilan uzoq va mashaqqatli yo'lni bosib o'tdi. Atoqli adib, jurnalist Sharof Rashidov bosh muharrirlik qilgan, G'afur G'ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Zulfiya, Said Ahmad, Odil Yoqubov kabi o'zbek xalqining atoqli adiblarining sara maqola, ocherklari bosilib chiqqan, mahoratli jurnalist, yozuvchilar yetishib chiqishiga o'ziga xos maktab hisoblangan bu dovrug'li nashr haqida qancha yozsa, gapirsa ham oz.

Yaqinda o'zining 90, 100 yilligini nishonlash arafasida turgan mamlakatimiz gazeta va jurnallari haqida ham ana shunday iliq so'zlarni aytish mumkin.

1927 yilning fevrali O'zbekistonda muntazam radioeshittirishlar boshlangani bilan tarixda muhrlanib qoldi. O'zbekiston – televideniening vatani, poytaxt Toshkent esa u ilk ixtiro qilingan shahar. 1956 yilning 7 noyabri. Bu qutlug' sana – ya'ni O'zbekistonda ilk televidenie ko'rsatuvlari bosh­langanini tarix sahifalarida zarhal harflar bilan darj etsa arziydi. Radio o'zining qariyb yuz yillik tarixiy faoliyatida noyob ovoz sohiblari Qodir Mahsumov, Tuyg'unoy Yunusxo'jayeva kabi qator diktorlar, qo'ltig'ida reportyori, qo'lida mikrofoni bilan respublikamizning eng chekka hududlaridan ham bir-biridan mazmunli, jarangdor eshittirishlar tayyorlagan ajoyib ovoz sohiblari uchun katta maktab bo'ldi. Yigirmanchi asrning mo''jizasi bo'lgan televidenie o'zining jonli ovozi, jozibador tasviri va yana boshqa qator xususiyatlari bilan har bir o'zbek xonadonining to'ridan joy oldi. “Zangori ekran” fidoyilari, ular bosib o'tgan qariyb 70 yillik tarixiy yo'l haqida kitoblar yaratildi, ilmiy ishlar yozildi, juda ko'plab ilmiy, publitsis­tik maqolalar e'lon qilindi. Ammo san'at va jurnalistikani o'zida mujassam etgan televidenie, undan yetishib chiqqan iste'dodli diktorlar, boshlovchilar, har bir ko'rsatuv tayyorlashda bosh-qosh bo'lgan rejissyorlarning mashaqqatli mehnati-yu va shavq-zavqlari haqida yana ko'p va xo'p yozsa arziydi.

Ana shu bosib o'tilgan yillarning har biri – gazeta sahifasida bosilgan maqola, radio orqali efirga uzatilgan eshittirish, televidenie orqali namoyish etilgan ko'rsatuv zahmatkash jurnalistlarning qalb qo'ri, peshona teri evaziga yuzaga kelgan. Aytish lozim, bu ijod mahsullarining ijtimoiy hayotimiz rivojida, ta'lim-tarbiyada o'z o'rni, ta'siri bo'lgan. Ha, har bir tahririyat yoki muharririyatda dastlabki ijodini xabar, kichik maqola yozishdan boshlagan yosh muxbir, yillar o'tib, taniqli jurnalist, qalami o'tkir publitsist, jozibador ovoz sohibi – radiojurnalist, ta'sirchan ko'rsatuvlar tayyorlaydigan mahoratli telejurnalistga aylandi. Gazeta, radio, televidenie tahririyatlarida mahoratli jurnalistlar maktabi shakllandi, yoshlar ilk yozish saboqlarini ana shu maktablardagi ustozlardan oldilar va katta avlod vakillari an'analarini davom ettirmoqdalar. Ustoz-shogird an'analari bardavomligi ham ana shunda.

Ijod qilish, izlanish, yozish… Bu mashaqqatli kasb haqida mashhur yozuvchi, taniqli ijodkorlarning fikrlari, xotiralarini o'qiganmiz. Albatta, bu haqda bundan keyin ham yoziladi, aytiladi. Chunki har bir maqola ortida inson taqdiri yotishi, har bir eshittirish, ko'rsatuv qanchalik mehnatlar evaziga yuzaga kelishini shu sohada ishlagan, uning azobini tortib, shirin damlarini his qilgan jurnalist biladi. Aytish kerak, qalb qo'ri bilan yozilgan har bir maqola, bor kuch, iqtidori evaziga tayyorlangan har bir eshittirish yoki ko'rsatuv o'zining mazmun-mohiyati, ta'sirchanligi bilan minglab mushtariy, ting­lovchi va tomoshabinlarning e'tibori va e'tirofiga sazovor bo'ladi. Ayniqsa, dunyoda axborot makonlari ko'payib, globallashuv jarayonlari rivojlanib ketgan bir davrda muxbir, jurnalistning xolis fikri, munozarali maqolasi, muammoli eshittirish, yoki ko'rsatuvini taqdim etib, yaxshi obro'ga ega bo'lishi shunchaki oson ish emas. Biz fikrlar xilma-xilligi rivojlangan mamlakat, raqobatlar maydoni kengaygan bir davrda yashayapmiz. Shunday ekan, fikr-mushohadamiz, ijodiy mahsulimiz ham shunga yarasha bo'lishi kerak. Qolaversa, hozirgi o'quvchi, tinglovchi, tomoshabin, har kuni ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib, ulardagi yangi, muhim ma'lumotlardan muntazam xabardor bo'lib boradigan obunachi tanlab o'qib, tanlab eshitib va tanlab ko'rish imkoniyatiga ega. Katta mehnatlar evaziga yuzaga kelgan kichik bir maqola, qisqa eshittirish yoki ko'rsatuv bo'lsin, o'zining mazmuni va ahamiyati bilan tarixda qoladi. Iborali qilib aytganda, har bir ortda qolgan kun, kundalik hayotimizda ro'y bergan katta-kichik voqea, vaqt o'tgach, tarixga aylanadi.

Aytilganlardan xulosamiz shuki, uzoq va boy tarixga ega, mashaqqatli hamda sharafli yo'lni bosib o'tgan O'zbekiston jurnalistikasining o'tmishini yorqin ifodalab turadigan muzey tashkil qilinsa, maqsadga muvofiq bo'lur edi. O'zbekistondagi bu sohadagi tajriba haqida qisqacha to'xtalib o'tmoqchimiz. Masalan, O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining binosida radio va televidenie tarixini yorqin ifodalab turadigan boy muzey tashkil etilgan. Ammo rejim asosida fao­liyat yuritadigan tashkilot bo'lganligi bois, bu binoga hammaning ham kirish imkoni yo'q. Samarqandda matbuot muzeyi tashkil etilgan. O'zbekiston jurnalistika va ommaviy axborot kommunikatsiyalari binosining qavatlarida ham O'zbekiston jurnalistikasi tarixidan hikoya qiluvchi gazetalar, yurtimizda ilk bor paydo bo'lgan va qo'llanilgan radio hamda televidenie texnikalaridan namunalar qo'yilgan. Bular biz bilganlarimiz.

Agar nazarda tutganimiz, alohida jurnalistika muzeyi tashkil qilinsa, albatta, undan jurnalistikamizning o'tmishi va yaqin tarixini yorqin ifoda etadigan turli gazetalar, jurnallar, bosma uskunalar, radio, televideniega oid ko'plab rasmlar, audio, video yozuvlar joy oladi. Tasavvur qiling-a, muzeyga kirib keldingiz. Tabiat in'om etgan sohir ovoz egasi Qodir Mahsumovning ikkinchi jahon urushi tugagani haqidagi jiddiy, qalblarga titroq soladigan zalvorli ovozi jaranglab turibdi. Shundoqqina ro'parangizda esa teleekran orqali O'zbekiston televideniesining birinchi diktori Iqbol Olimjonova tomonidan aytilgan ilk so'zlar jaranglab turibdi: “Hurmatli o'rtoqlar! Bugun barchamizda nihoyatda quvonchli kun. Shu daqiqadan boshlab, nafaqat O'rta Osiyoda, balki Sharqda ilk telemarkaz o'z ishini bosh­ladi”.

Muzey bo'ylab yurishni davom ettirasiz. Ko'zingiz oddiy, ixchamgina patefonga tushadi, qulog'ingiz ostida, buyuk san'ati, yuksak iste'dodi, bulbuldek ovozini dunyo tan olgan Muhiddin Qoriyoqubov, Halima Nosirovalarning sehrli ovozlari jaranglarini his qilasiz, beixtiyor ajoyib hissiyotlar qamrab oladi, sizni. Ha, bular o'tgan asrning 30-yillaridagi patefonlar. Lappak (plastinka)ni qo'yib, uchida igna qo'yilgan go'shakni sekin turtib qo'ysangiz yetarli, yon-atrofni mayin kuy sadolari qoplaydi. Keyin sizni ilk bor kashf qilingan ovoz yozib olish uskunlari o'ziga tortadi. Ularning davomidan o'rin olgan gazeta chiqarishga mo'ljallangan bosma uskunalar, zamonaviy teleradioapparaturalar, yozib olish va tasvirga olish texnikalari, montaj stollari haqida-ku gap yo'q. Muzeyning keyingi xonasiga o'tdingiz. Qarangki, bunda jurnalistikadek mas'uliyatli sohada uzoq yillar xizmat qilgan keksa avlod vakillari bisotlaridagi ijod namunalarini taqdim etishibdi. Ya'ni, tahririyat tomonidan tajribali muxbirning ijtimoiy ahamiyatga molik tanqidiy-tahliliy maqolasini gazetaning ertaga chiqadigan soniga qo'yish rejalashtirilgan. Gazeta sahifalangan, ammo “senzura” degan tashkilotning zardasi bilan maqola gazeta sahifasidan olib tashlangan. Gazetada bosilmay qolgan maqolaning asl nusxasi, o'zida tarix sahifalarini muhrlagan fotosuratlar, ahamiyatga molik yozuvli ovoz yoki ma'lum sabablarga ko'ra, efirga uzatilmay qolgan ko'rsatuvlar. Hali yana siz, biz bilmagan, siru sinoatga boy qanchadan-qancha qo'lyozma, ochilmagan qo'riq bo'lib yotgan bir-biridan qiziqarli manbalar bor, hamkasblarimiz qo'lida. Viloyatlardagi uzoq yillar hayotini tunni tongga ulab ijod qiladigan kasb bilan bog'lagan keksa jurnalistlarning arxivlarida ham muzey uchun yaxshi bir tarixiy manba bo'lishga arziydigan qo'lyozma, hujjat va ashyolar bo'lishi ehtimoldan xoli emas. Bularning har biri muzeyning boy eksponatlari qatoridan munosib joy olishga arziydi.

Tashkil etiladigan “O'zbekiston jurnalis­tikasi muzeyi” respublikamizda faoliyat yuritayotgan 150ga yaqin muzeylar ichida keng ommaga, kelajagimiz bunyodkorlari bo'lgan yoshlar, ayniqsa, jurnalistikaga qiziquvchilarga soha tarixini jonli tarzda ifoda etadigan, qiziqarli manbalar, yozuvlar, turli xil noyob ashyolarga boy tariximizning hali qirrasi ochilmagan sir-sinoatli manbalar, zamonaviy texnika, texnologiyalar asosida so'zlaydigan va har kuni yoshu qarining oyog'i uzilmaydigan ko'rgazmali ma'naviyat o'chog'iga aylanishiga shubha yo'q. Muzey nafaqat mamlakatimiz aholisi, shuningdek, uzoq-yaqindan tashrif buyuradigan sayyohlar uchun ham qiziqarli bo'lishi tabiiy.

Yusuf HAMDAMOV,

O'zbekiston Milliy universiteti dotsenti,

filologiya fanlari doktori

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + thirteen =