“Ipakchi”dagi muammo bartaraf etilsa…

“Zangiota” ziyoratgohini ko'pchilik yaxshi biladi. Poytaxtimizdan ushbu maskanga eltuvchi asosiy yo'lning ziyoratgohga 200-300 metr­lar yetmasi tutashadigan ko'cha temir yo'l kesishmasidan o'tadi. O'zim ham mazkur “Ipakchi” ko'chasidagi raz'yezddan qariyb yigirma yildan buyon o'tib-qaytaman. Avvallari transport vositalari kamligi bois bu yerda tirbandlik bo'lmasdi. Ke­yingi yillarda aholida avtoulov ko'payib borayotgani tufayli bu yerda ham tez-tez mashinalar tirbandligi yuzaga kelmoqda, temir­ yo'ldan o'tish joy yopilishi bilan “Ipakchi” ko'chasiga ulanadigan ichki va markaziy yo'llar transport vositalari bilan to'lib-toshmoqda.

 

— Kun davomida temir yo'l kesishmasi kamida yigirma marta ochilib-­yopiladi, – deydi “Ipakchi” ko'chasidagi 10-uyda yashovchi Karim Aglamov. —O'sha vaqti ba'zan 5-10, ba'zan 15-20 daqiqa yo'limiz avtomobillarga to'lib ketganidan shaxsiy ulovimiz bilan bir joyga chiqa olmaymiz. Shunday payti uyimizga mashinada kelgan mehmonlar yo'l ochilishini ancha vaqt kutishga majbur, bunday holat ko'p tak­rorlanadi. Uyimiz yonida kattagina xo'jalik va qurilish mollari do'koni bor. Do'kondan u bu narsa xarid qilgani kelgan aholi ham ko'p hollarda tirbandlik muammosiga duch keladi.

Karim aka suhbat davomida keyingi yillarda “Ipakchi” ko'chasi kengaytirilib asfaltlangani, yo'lning ikki tomonida beton ariqlar, piyodalar uchun yo'lak qurilgani, bu haydovchi va yo'lovchilarga, mahalliy aholiga, eng muhimi ziyoratchilarga katta qulaylik yaratayotgani, yo'lda suv yig'ilishi kabi holatlarning oldi olingani singari o'zgarishlarni e'tirof qilib, bu o'zgarishlardan mamnunligini bildirdi. Ammo u ta'kidlaganidek, bu qulaylik­lar yuqoridagi muammoni yechish imkonini bermaydi.

Yildan-yilga avtomobillar qatnovining ko'payishini hisobga oladigan bo'lsak, ushbu muammo kattalashib boraveradi. Xo'sh, uni bartaraf etish uchun nima qilish kerak? “Ipakchi” ko'chasida yashovchilarning gapiga quloq tutadigan bo'lsak, buning ikkita yo'li bor. Birinchisi, kesishma yer ostidan tunnel qurish bo'lsa, ikkinchisi, temir yo'l ustidan avtoulovlarning ko'p­rik orqali o'tishini ta'minlash. Bu yerda temir yo'l ancha balandlikdan o'tganini hisobga olsak, tunnel qurish nisbatan arzonga tushishi va tez bitishi oydinlashadi. Albatta, bular mahalliy aholining taklif va istaklari. Balki, “O'zbekiston temir yo'llari” davlat aksiyadorlik jamiyatining joriy va keyingi yillarga mo'ljallangan dastur va rejalarida ushbu masala yechimi ham o'rin olar?

Qizig'i, bir necha yil oldin shu kesishma uchun katta mablag' sarflanib avtomatik ravishda ishlaydigan, o'zi ochilib-yopiladigan qurilma o'rnatilgan edi. Bu joyda navbatchilik qiladigan temir yo'l xodimlari uchun yangidan barpo etilgan binoga chakana mablag' ketmagani kundek ravshan. Qolaversa, har kun shu joyda navbatchilik qiladigan xodimlar tekinga ishlamasa kerak.

Aslida sarflangan ana shu mab­lag'larga ayni kungacha bir emas, ikkita tunnel qurilgan, aholiga esa ancha qulaylik yaratilib, kattagina mab­lag' ham tejalgan bo'lardi.

— Kesishma chorrahasida poezdlar o'tishini kutib yurtdoshlarimizning asabiylashishi, vaqtining behuda sarflanishi va tonnalab ortiqcha yonilg'i sarfining oldi olinardi, —deydi zangiotalik fuqaro K.Aglamov.

Albatta, “Zangiota” ziyoratgohi obodonchiligiga Prezidentimiz tomonidan juda katta e'tibor berildi, bu ulug' zot ruhini shod qilish maqsadida majmua atrofida qancha bunyodkor­liklar amalga oshirildi. Ziyoratchilar uchun ko'rsang ko'z quvonadigan qulayliklar yaratilgan bir paytda, nahotki tegishli tashkilot mutasaddilari o'zlariga bog'liq muammoni bartaraf etishi mumkin bo'lmasa?

Qolaversa, “Zangiota” ziyoratgohiga har kuni qancha ziyoratchilar tashrif buyurishadi. Ziyo­ratchilarning orasida uzoq-yaqindan keluvchi yurtdosh­larimizgina emas, boshqa yurtlardan ham keluvchilar kam emas.

Demak, “Ipakchi” ko'chasidagi muammoga ijobiy yechim topilsa, bu barcha uchun foydali, savobli ish bo'lardi.

Xolmurod SALIMOV,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 − 2 =