YAXSHILIK VA BUNYODKORLIKDAN ORTIQ HIKMAT YO‘Q…

Usmonxon ALIMOV,

O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy

Bismillohir Rahmonir Rahiym.

Keksalarni e’zozlash yilida mamlakatimizdan olti mingdan ziyod yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlar Makkayu mukarramada, Umra ziyoratlarini amalga oshirmoqdalar.   

 Ma’lumki, mustaqillik yillarida diniy qadriyatlarimizni tiklash, tarixiy qadamjolarni obod etish, islomiy ma’rifatni keng yoyish borasida keng ko‘lamli ishlar qilindi. Bu borada xayrli ishlardan biri poytaxtimiz markazida «Minor» jome’ masjidining qad rostlashi bo‘ldi. Shu munosabat bilan Eski shaharda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Aslida, bu mo‘’tabar dinimizga, kishilarimizga, ayniqsa, keksalarimizga izzat-hurmat ifodasi, desak, o‘rinli bo‘ladi. 

«Dinga hurmat va e’tiqod biz uchun o‘lmas qadriyatdir», deb uqtirganlar davlatimiz rahbari. Mamlakatimizdagi obod ziyoratgohlar, masjid va madrasalar, diniy, me’moriy yangi obidalarga tashrif buyurgan kishilar ziyorat asnosida muqaddas dinimizga ko‘rsatilayotgan yuksak hurmat-ehtiromning guvohi bo‘ladi. Sir emas, Istiqlol yillarida Islom ta’limoti yo‘lida katta zahmat chekkan alloma va mufassirlar, aziz avliyolarning xotirasini e’zozlash, hoki-pokini obod etish va bebaho merosini kishilarga yetkazish borasida beqiyos ishlar qilindi. Imom Buxoriy va Bahouddin Naqshband, Abduxoliq G‘ijduvoniy va Hakim at-Termiziy, Imom Moturidiy va Burxoniddin Marg‘iloniy qadamjolari, Xast-imom majmuasi bunga misol bo‘la oladi.

«Men, O‘zbekiston tarixidagi shu kabi oliyjanob ishlarni, xalqimizning nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyoda Islom dinini asrash va himoyalashga qo‘shayotgan o‘ziga xos hissasi, dinimizga nisbatan turli bo‘htonlar uyushtirayotgan, uning obro‘sini to‘kishga urinayotgan  kuchlarga qarshi aniq va amaliy javobi, deb qabul qilishingizni istar edim», deydilar muhtaram Prezidentimiz.

U kishining takliflari va g‘oyalari asosida Toshkentning Minor mavzeida bunyod etilgan «Minor» jome’ masjidi shu yo‘ldagi navbatdagi qadamdir. U shahrimizning ko‘rkiga ko‘rk baxsh etdi, chiroyiga chiroy qo‘shdi. Ikki mingdan ziyod namozxonni bag‘riga oluvchi muazzam jome’ masjidi sharqona me’moriy uslubda bunyod etilgan, har ikki peshtoqi, ikki minora va moviy osmon shaklidagi gumbazining mahobati odamni hayratga soladi. Inshootning oq va beg‘ubor rangi chuqur ramziy ma’noga ega. Uning ikki tomonida ko‘rkam ayvon, milliy yog‘och o‘ymakorlik uslubida bezatilgan, ustunlar saf tortgan. Mehrob va peshtoqlarda odamlarni ahil-totuvlik, mehr-oqibat, himmat va ezgulikka undovchi Qur’oni Karim oyatlari, Hadisi shariflar bitilib, milliy naqshlar jilolari bilan ziynatlangan. Majmua hududidagi ko‘rkam maysazor va yashnab turgan xiyobon ham o‘zaro mutanosib va uyg‘un. Zamonaviy jihozlangan keng va orasta xosxonalar ham namozxonlar ko‘nglini quvontiradi. Obidaning ravon yo‘llar solinib, shaharning to‘rt tomoni bilan bog‘langani maqtovga loyiq, albatta. Bilasiz, uning qurilish jarayonida Yurtboshimiz quruvchilarga maslahat va yo‘l-yo‘riq berib turdilar.

O‘tgan yili Hayit kuni poytaxtimizning har bir tumani, mahalla oqsoqollari, el-yurt izzat-hurmat qilgan otaxonlar yangi masjidda hayit namozini ado etishdi. Bugun esa hamshaharlarimiz bilan birga, mamlakatimizning olis hududlaridan kelgan keksayu yosh ko‘zda yosh bilan uni ziyorat qilishmoqda. Shu ma’noda go‘zal poytaxtimiz jahon tasnifida obod va yashash uchun eng qulay 140 ta yirik shahar qatorida 58-o‘rinni egallagani barchamizni xursand etadi. Urush va qirg‘in, bosqin va vayronkorlik avj olgan hozirgi notinch zamonda obodlik, orastalik, mehr-oqibat va tinchlik-xotirjamlikni qadri g‘oyatda baland. Zotan, mo‘’tabar dinimiz shunga da’vat etadi.

Mustaqillik davrida qanchadan-qancha keksa-yu yosh haj ziyoratiga borib keldi. Hukumatimiz, Haj va Umra Jamoatchilik kengashi ularga qulayliklar yaratib berdi…

1991 yildan shu kungacha bir yuz ikki ming uch yuz oltmish sakkiz nafar millatdoshimiz haj, yetmish to‘rt ming bir yuz yetmish sakkiz nafar vatandoshimiz umra arkonlarini ado etib kelishdi.

Haj safarini ko‘ngildagidek o‘tkazish uchun Har yili mutasaddi tashkilot va idoralar tomonidan 100 nafar ellikboshi, 25 nafar ishchi guruhi, 30 nafar tibbiyot xodimi hamda 10 nafar oshpaz jalb etiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi haj va umra safariga otlangan ziyoratchilar salomatligini muhofaza qilish maqsadida, vaksina bilan emlash ishini amalga oshiradi. Shuningdek, ziyoratchilar davlatimiz ramzlari tushirilgan maxsus kamzul va sumkalar bilan ta’minlanadi. Ziyoratchilarga safar oldidan haj va umra arkonlari haqida keng tushuncha beriladi, haj qo‘llanmasi va shu haqidagi video disklar bilan ta’minlanadi. Ziyoratchilarni faqat poytaxtdan emas, balki Andijon, Far­g‘ona, Namangan, Termiz, Buxoro, Urganch, Samarqand va Qarshi shaharlaridan haj va umra safariga jo‘natish, shuningdek, kutib olish izchil yo‘lga qo‘yilgan. 

Ziyoratchilar Madinai munavvarada Masjidul Nabaviy yonidagi mehmonxonada istiqomat qilishadi, Makkai mukarramada ham Masjidul Haramga yaqin mehmonxonada yashashadi. Mehmonxonada «O‘zbekiston» telekanali ko‘rsatuvlari izchil namoyish etiladi. Milliy taomlar hamisha muntazir. Ayni vaqtda ziyoratchilar bilan ulamolar muloqoti izchil davom etadi.

Saudiya Arabistoni haj vazirligi Hamdo‘stlik mamlakatlari orasida o‘zbekistonlik hojilar ziyorati havas qilarli darajada tashkil etilganini qayta-qayta ta’kidlab keladi. Haj ziyorati nasib etgan har bir vatandoshimiz el-yurtga  tinchlik-xotirjamlik tilab, muqaddas dinimiz ravnaqi uchun qulay shart-sharoitlar yaratib kelayotgan, tarixiy obidalarni masjid-madrasalarni tiklab, muqaddas qadamjolarni obod etayotgan Muhtaram Yurt­boshimiz haqi­ga astoydil duo qilayotir. Vatanimiz bundan-da obod, turmushimiz farovon, tonglarimiz fayzli va barokatli bo‘lsin deb Yaratgandan so‘rashmoqda.

Bardambek SA’DULLAYEV,

“Hurriyat” uchun maxsus tayyorlandi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 + two =