“OLTIN QALAM” – MUNOSIB RAG‘BAT
Qalam ahli hamisha rag‘batga, ayniqsa ma’naviy rag‘batga ehtiyoj sezadi. Qalbidan chiqib, qog‘ozga to‘kilgan so‘z jamoatchilik fikrini uyg‘ota olsa, jamiyatning, davrning dolzarb masalasi bo‘lib e’tibor topsa, ijodkor maqsadiga erishib, yengil tin oladi. Ushbu muhim So‘zning qadr topishi, munosib taqdirlanishi esa ijodkorga madad, kuch-g‘ayrat, mas’uliyat bag‘ishlaydi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan qator hamkorlar bilan birgalikda Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag‘ishlab o‘tkazib kelinayotgan jurnalistika sohasidagi “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov soha xodimlari faoliyatiga nisbatan munosib rag‘bat bo‘lib maydonga chiqdi. Mana, mazkur nufuzli tanlovning tashkil etilganiga ham 10 yil to‘libdi. Bu yillar mobaynida qancha-qancha iqtidorlar kashf etildi, qo‘llab-quvvatlandi.
Xo‘sh, joriy yil o‘ninchi bor o‘tkazilayotgan tanlovga tayyorgarlik ishlari qanday bormoqda? “Oltin qalam” Milliy mukofoti tashkiliy qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi, Ibrohimjon HALIMBEKOV bilan suhbatimiz shu haqda kechdi.
– “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun o‘tkazib kelinayotgan xalqaro tanlov natijalarini kuzatar ekanmiz, yildan-yilga unga nisbatan qiziquvchi va intiluvchilar soni, shuningdek, bu mukofotga munosib materiallar, chiqishlarning ko‘payayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Demak, tanlovning nufuzi ortib boryapti…
– Albatta, chunki mamlakatimizda axborot va so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va bu orqali milliy professional jurnalistikani yanada rivojlantirish maqsadida davlatimiz tomonidan keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Mazkur jarayon tizimli ravishda zamon talablariga mos ravishda davom ettirib kelinmoqda. Eng muhimi, ana shu jarayonda qilingan ijodiy mehnatni munosib rag‘batlantirish, jurnalistlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga asosiy e’tibor qaratilgan. Jurnalistika sohasida “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun o‘tkaziladigan xalqaro tanlovi fikrimizning yorqin isbotidir.
Alohida e’tirof etish kerak, mazkur tanlov dunyo hamjamiyati va OAV xodimlari o‘rtasida ham katta qiziqishga sabab bo‘lmoqda. Boisi, bu kabi yirik va original loyiha hali biror bir davlatda yo‘lga qo‘yilmagan. Bu esa, O‘zbekistonda axborot va so‘z erkinligiga erishish jarayoniga ustuvor masala sifatida qaralayotganining isbotidir.
Tanlov nufuzi ortib borayotganini quyidagi raqam va dalillar ham tasdiqlaydi. Dastlabki 2006 yili o‘tkazilgan “Oltin qalam” I Milliy mukofoti uchun tanlovda 136 nafar jurnalist 1669 ta ijodiy ishi bilan qatnashgan bo‘lsa, 2014 yilda 490 dan ortiq ijodkor 7500 ga yaqin material bilan ishtirok etdi. Shu vaqtga qadar tanlovda 4000 ga yaqin jurnalistning 50 000 dan ortiq ijodiy ishi ko‘rib chiqildi. O‘tkazilgan to‘qqizta tanlovda “Oltin qalam” Milliy mukofotiga 207 nafar jurnalist sazovor bo‘ldi. Shuningdek, 50 dan ortiq ijodkor mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan nufuzli xalqaro tashkilotlarning (BMT, YUNESKO, Jahon banki, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Xalqaro munosabatlar milliy demokratik instituti (AQSH), “Hududiy muloqot” – Sloveniya) O‘zbekistondagi vakolatxonalari tomonidan ta’sis etilgan mukofotlar bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Markaziy Kengashi va Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi ham o‘z nominatsiyalari bilan faol ishtirok etib kelmoqda.
Haqiqatdan ham e’tirofga, munosib rag‘batga loyiq materiallar, chiqishlar ko‘paygan. Buni Uyushma qoshidagi monitoring natijalari ham ko‘rsatib turibdi. Jurnalistlarimizda atrofda ro‘y berayotgan voqyea-hodisalarga, kasbga munosabat o‘zgargan. Xalqimiz erishayotgan ulkan yutuqlarni keng jamoatchilik va dunyo ahliga yetkazish bilan birga jamiyatdagi ayrim illatlarni oshkor etib, ularni dadil qalamga olayotgan ijodkorlarimiz salohiyati oshib boryapti. Yurtimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga xizmat qilayotgan bunday mehnatning taqdirlanishi esa maqsadga muvofiq.
– Ko‘pchilik tanlov shartlari bilan qisman bo‘lsa-da, tanish. Umuman, topshirilgan materiallarni baholashda qaysi mezonlar asos bo‘lmoqda?
– Milliy va xalqaro jurnalistikaning eng yuksak yutuqlarini keng ommalashtirish, OAV xodimlari fuqarolik pozitsiyalarini namoyon etishlari uchun sharoit yaratish hamda jurnalistlarda tanqidiy fikrlashni va ijodiy faoliyatga yangicha yondashuvni shakllantirish tanlovni o‘tkazishning asosiy maqsadlaridan biri. Shunga muvofiq, tanlovga topshirilayotgan materiallarning sonigina emas, balki sifati ham yil sayin ortib borayotgani, ularda vatan va jamiyat manfaatlari tobora kengroq o‘z aksini topayotganini ta’kidlashni istardik. Tanlov qatnashchilarining muayyan qismi O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan, shuningdek, xorijiy davlatlarda faoliyat olib borayotgan chet ellik jurnalistlar ekanini hisobga olsak, respublikamizda amalga oshirilayotgan ulkan yangilanishlar, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy sohalarda olib borilayotgan islohotlar samaralari dunyoning turli mamlakatlarida xolis va haqqoniy yoritilayotganini tasavvur etish qiyin emas.
Tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlarni baholashga kelganda asosiy mezon – jurnalistning jamiyatdagi faolligi, uning iqtidori, mahorati. Shu o‘rinda Prezidentimizning 2012 yil 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida jurnalistlar oldiga qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqqan holda dolzarb mavzulardagi eng o‘tkir, tahliliy va tanqidiy materiallarga alohida e’tibor qaratilishini ham ta’kidlashni istardim.
– Joriy yilda tanlov bilan bog‘liq qanday yangilik va qo‘shimchalar bor?
– Joriy yilda asosiy mukofotlar hamda hamkor tashkilotlarning maxsus sovg‘alaridan tashqari, yana ikkita – “Eng yaxshi matbuot xizmati” va “Eng yaxshi fotoreportaj uchun” rag‘batlantiruvchi nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar taqdirlanadi. Bu nominatsiyalar tanlovga bejiz kiritilmadi. Xususan, axborot xizmatlari zimmasiga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining axborot siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida idora faoliyatidagi yangiliklarni yoritib borish kabi mas’uliyatli vazifalar yuklatilgan. Bu esa har kimning davlat organlari faoliyati to‘g‘risida axborotni erkin va moneliksiz izlash, olish, uzatish hamda tarqatishga doir konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish jarayonida muhim ahamiyatga ega. 2014 yilda qabul qilingan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunda axborot xizmatlari faoliyatining huquqiy asoslariga alohida ahamiyat qaratilgani bejiz emas. Yashirishning hojati yo‘q, hali hamma tuzilmalar axborot xizmatlari faoliyati talab darajasida yo‘lga qo‘yilgan deb bo‘lmaydi. Biroq shu bilan birga faol ish olib borayotgan, OAV xodimlari va fuqarolarning davlat tuzilmalari faoliyati haqida kerakli ma’lumotga ega bo‘lishlarida katta yordam berayotgan matbuot xizmatlari ham oz emas. “Eng yaxshi matbuot xizmati” rag‘batlantiruvchi nominatsiyasi bu boradagi ishlarni yanada jonlantirish, faol axborot xizmatlarini rag‘batlantirish maqsadida joriy etildi.
Bugungi tezkor yangilanishlar davri matbuot va ommaviy axborot vositalari uchun ham keskin o‘zgarishlar imkonini yaratdi. Shakl va mazmun uyg‘unligi har doimgidan-da ko‘proq talab etilayotir. Aks holda, ortda qolgan OAV hech kimni qiziqtirmaydi. Bosma va internet nashrlar faoliyatini fotolavhalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Fotolar bezak emas, balki nashrlardagi materiallar mohiyatini ochib berishda muhim omil bo‘lgan vositadir. Shu ma’noda, “Eng yaxshi fotoreportaj uchun” nominatsiyasining joriy etilishi ham bugungi kun talabi, muhim mezondir. Bu bilan tezkor va sifatli axborot uzatish borasida bir qadar o‘sish, tahririyatlar, jurnalistlar faolligini oshirishga erishish mumkin. Qisqasi, mukammal faoliyat munosib rag‘bat topadi.
– Bugun nafaqat o‘z haq-huquqini tanigan, balki jamiyatimizda kechayotgan demokratik islohotlarga o‘z ulushini qo‘shib, faollik ko‘rsatayotgan jurnalistlar hamda OAVning qonunlarimiz bilan himoyalangani ham ularga madad bo‘lyapti. Shunday emasmi?
– Suhbatimiz avvalida ta’kidlaganimdek, mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki yillaridanoq axborot erkinligi hamda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy yangilanishlarning ochiq va oshkoraligini ta’minlash borasida izchil, tizimli islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Ommaviy axborot vositalari erkinligi Konstitutsiya bilan kafolatlandi, senzura bekor qilindi. Yurtimizda inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarildi. Ommaviy axborot vositalarini yanada demokratlashtirish va liberallashtirish, islohotlarning ochiq-oshkoraligini ta’minlash, milliy mediamakonga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga qaratilgan o‘nlab qonun va ko‘plab qonunosti hujjatlari qabul qilindi. Sohadagi qonunchilik xalqaro andozalar va zamon talablariga mos ravishda takomillashib, normativ-huquqiy baza yanada mustahkamlanib bormoqda. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, ularning demokratik jarayonlarda faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli institutsional islohotlar amalga oshirildi. Nodavlat ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash maqsadida bir qancha jamoat tashkilotlari tashkil qilindi. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi shular jumlasidandir. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, ayni paytda tanlovni tashkil etishda mazkur tashkilotlarning aksariyati bilan hamkorlik qilinyapti.
Yaratib berilayotgan huquqiy kafolatlar va shart-sharoitlar natijasida hozirgi kunda yurtimizda 1400 ga yaqin ommaviy axborot vositalari faoliyat olib bormoqda. Taqqoslash uchun 1991 yilda respublikada bor-yo‘g‘i 395 ta OAV faoliyat olib borganini eslatib o‘tish joiz. Bular, albatta, mamlakatimizda sohaga berilayotgan katta e’tibor, ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotidagi nufuzi va mas’uliyatini yanada oshirish borasida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning samarasidir. Bundan ilhomlangan ijodkorlarimiz yurtimiz jo‘shqin hayotida va o‘tkazilayotgan barcha tanlovlarda faol bo‘lishlari tabiiy.
O‘z o‘rnida ijodkorlarimizning “Oltin qalam” tanlovida ham faol qatnashishlariga umid qilamiz hamda ularga omad yor bo‘lishini tilaymiz.
– Suhbatingiz uchun tashakkur.
Xolida FAYZIYEVA suhbatlashdi.