TINCHLIK NOMI ILA

Taqdir taqozosi bilan 1929 yili urush mavzusidagi uchta asar dunyo yuzini ko‘radi. Buni qarangki, o‘sha asarlarning uchala muallifi ham tom ma’noda o‘zlariga haykal qo‘yadilar. Bular AQSHdan Ernest Xeminguey – (“Alvido, qurol!”), Angliyadan Richard Oldington – (“Qahramonning o‘limi”), Germaniyadan Erix Mariya Remark – (“G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q”) edi. Bu uchala yozuvchi ham o‘z vaqtida urushning talafotlari, dahshatiyu vahshatidan aziyat chekkandilar. O‘z asarlari bilan o‘zbek kitobxonlariga nomi yaxshi tanish bo‘lgan Erix Mariya Remark 1898 yili 22 iyunda Osnabryukning bir burchidagi faqir oilada dunyoga kelgan. U bolaligidanoq adabiyot, falsafa va san’at bilan qiziqa boshlaydi, adabiy-falsafiy to‘garaklarga qatnashadi, jurnalistika sohasiga qo‘l uradi. Hatto musiqa bilan ham shug‘ullanishga vaqt topadi.

 Barcha asarlarida urush mavzusini qa­lamga olgan yozuvchi urush nima ekanligini birovlardan eshitib bilgan emas: maktabni bitirar chog‘idayoq u ko‘ngilli bo‘lib urushga otlanadi. Birinchi jahon urushi avjga chiqqanida u g‘arbiy frontda jang olib borardi. Qo‘l-oyog‘i, bo‘ynidan qattiq jarohat oladi, hatto bir safar og‘ir yarador do‘stini janggohdan harbiy shifoxonagacha yelkasida ko‘tarib chiqadi. Erix bor-yo‘g‘i 50 kun frontda bo‘ldi, shunday esa-da, mana shu dahshatli kunlar yigitchaga bir umrga tatigulik voqyealar manbai bo‘lib qoldi.

1928 yili “Fossishe saytung” nomli nemis ro‘znomasining adadi birdaniga bir necha ming nusxaga ko‘tariladi. Buning boisi gazeta sahifalarida o‘sha paytlarda adabiyot ahliga nomi noma’lum Erix Mariya Remarkning “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” romani chop etila boshlandi. Hali urush asoratlari arib ulgurmagan jamiyatda o‘zlari kabi navqironlarga o‘q uzishga majbur bo‘lgan “yo‘qotilgan” yosh avlod fojiasi bor bo‘yicha ko‘rsatilgan asarni odamlar yutoqib o‘qishadi. Asarda yozilishicha, millionlab kishilar urushda juvonmarg bo‘lib ketayapti-yu, gazetalarda esa birgina jumla: “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q!”. G‘alati-da, necha-necha million kishilar qon yutib, qon to‘kishadi-yu, nahotki hech qanday o‘zgarish bo‘lmasa?!

Roman bir nafasda, ya’ni besh haftada yozilgandi. Bir yildan so‘ng roman alohida kitob holida nashr etilib, ellikdan ortiq tillarga tarjima qilinadi.

Agar yosh adibning hayotida o‘sha mash’um ellik kunlik front bo‘lmaganida Erix Mariya Remark o‘z asari qahramonlarining ruhiyati, tiynatini aniq-tiniq tasvirlab berolmasdi. Qanchalik g‘alati tuyulmasin, urushga bo‘lgan nafrat Remarkka o‘ziga xos ilhom bag‘ishlagandi, urush tufayli yozuvchi “yo‘qotilgan avlod” kechinmalari-yu, his-tuyg‘ularining bilimdoniga aylandi.

“G‘arbiy front…”ning mantiqiy davomi – “Qaytish” esa Erix Mariya Remarkning qalami o‘tkir yozuvchi ekanligini yana bir bor isbotladi.

1933 yili Gitlerning hukumat tepasiga kelishidan bir necha kun ilgari  tamaddixonada o‘tirgan Erix Mariya Remarkka yaqin do‘stlaridan biri bir parcha qog‘oz uzatadi. Unda: “Darhol bu yerlarni tark et!” degan so‘zlar yozilgan edi. Gap nimadaligini tushungan Erix mashinasiga o‘tirib, Shveysariyaga jo‘naydi. Gitler hukumat tepasiga chiqqach, natsistlar Berlinda yozuvchining kitoblarini ommaviy ravishda yoqib yuborishadi, Remarkni esa Germaniya fuqaroligidan mahrum etishadi. Bundan ikki yil avval esa Shvetsiya Akademiyasi a’zolari tomonidan Erix Mariya Remarkka adabiyot sohasida Nobel mukofoti topshirilishi haqidagi fikr o‘rtaga tashlangandi. Biroq natsistlar “sharofati” bilan bu g‘oya amalga oshmaydi.

Adib Shveysariyada o‘zining durdona asari – “Uch og‘ayni”ni yaratadi. Roman chin muhabbat, haqiqiy do‘stlik haqida edi. Asar voqyealari birinchi jahon urushidan o‘n yildan so‘ng kechadi, ammo urush yuho misol hamon qurbonlik talab qilaveradi – uch og‘aynining xaloskor farishtasiga aylangan Patritsiya Xolman garchi front okoplarida bo‘lmagan esa-da urush yillarida to‘yib ovqatlanmaganligi sabab bedavo xastalikka chalinadi va asar so‘nggida bosh qahramon Robert Lokamp “Patdan bir umr­ga ayriladi”.

Keyinchalik Remark muhojirlik mavzusidagi romanlar yoza boshlaydi. 40-yil avvalida “O‘z yaqiningni sev” yozilgan bo‘lsa, so‘ng “Zafar darvozasi” yaratiladi.

ðïð

1943 yil 16 dekabr kuni Germaniyada Elfrida Sholts ismli bir hokisor ayolni gitlerchilar boshini tanasidan judo qilishadi. Bu yozuvchi Erix Mariya Remarkning jondan aziz singlisi edi.

Natsistlar Remarkka singlisi qamoqxonada ushlab turilgani, sud va qatl uchun hisob-kitob qilishni qat’iy so‘rab xat jo‘natishadi, xatda hatto pochta markasiga ketgan pulni ham to‘lashi talab qilinadi.

Bu paytda Remark Amerikada yashardi.

Voqyealari konslagerda kechguvchi, ochiqchasiga antifashistik ruhda yozilgan “Hayot uchquni” romanini Remark singlisining yorqin xotirasiga bag‘ishlaydi.

1956 yilda yozilgan “Qora haykal” romanida Remark yana “yo‘qotilgan avlod”ga murojaat qiladi, shundoq ekan, bu roman “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q”, “Qaytish” va “Uch og‘ayni” bilan birgalikda o‘ziga xos tetralogiyani tashkil etadi.

Shundan so‘ng muallif birin-ketin antifashistik, muhojirlik mavzusidagi “Hayot-mamot pallasi”, “Qarzga olingan umr”, “Lissabondagi tun” hamda “Jannatdagi soya­lar” romanlarini yaratadi.

Aytish mumkinki, Remark romanlaridagi qahramonlar ikki turga bo‘linadi: birinchisi – urushdan qaytgan, nima uchun qurol ko‘tarib jang qilganini tushunishga tirishayotgan, urushdan keyingi vayrona bo‘lgan dunyoni zig‘ircha bo‘lsa-da o‘zgartirmoqchi bo‘l­gan sobiq askar; ikkinchisi esa istibdod tufayli o‘z vatanlarini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan muhojirlar. Aftidan, bu Remark qahramonlarining yagona tafovuti bo‘lsa kerak, nega deganda, muhojir qahramonlar ham adolatsizlik, jabr-zulm borasida kuyunchaklik bilan mulohaza yuritishadi, dunyoni o‘zgartirishga urinishadi.

Remarkning har bir muhojir qahramonining taqdiri fojiali kechadi. Ular fashist­lar zulmi tufayli Germaniyani tark etishgan. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham, qanday qiyinchiligu mushkulotga yo‘liqishmasin, ular umid va ishonchni yo‘qotishmaydi. Negaki agar umid va ishonch yo‘qolsa, ilinj qoladi, agar ilinj yo‘qolsa, hech narsa qolmaydi.

Remarkning shunday tipdagi asarlaridan biri bu “Lissabondagi tun”dir. Roman tom ma’noda muallif ijodining yakunlovchi asari hisoblanadi Remarkning so‘nggi asari (“Jannatdagi soya”)yakunlanmagan.

Bosh qahramon vatanini, sevimli rafiqasini, kelajakka bo‘lgan ishonchni yo‘qotadi. Asarni o‘qir ekansiz, baxt bu ro‘yo degan fikr shuuringizdan sizib o‘tadi. Ovro‘­pa bo‘ylab besh yillik sarson-sargardonlikdan so‘ng bosh qahramon vataniga qaytib, ayolini izlab topishga va uni Germaniyadan olib chiqib ketishga muvaffaq bo‘ladi. O‘limga olib boruvchi dardga chalingan ayol ham ikkilanib o‘tirmay muhtojlik va xavf-xatarga “quchoq ochgancha” “Xudoning qahriga uchragan” mamlakatni tark etadi. Bu asarida ham Remark mehr-muhabbatgina o‘limni yenga olishini, jirkanchli, razolatli hayotda shu tuyg‘ular xalos langari bo‘lishini isbotlaydi. Asar qahramonlari muallif singari qalblarining tubida kun kelib hammasi yaxshi tomonga o‘zgarishiga bo‘lgan umidni asrab-avaylashadi. Binobarin, “umidning so‘nishi o‘limdan og‘irroqdir”.

1970 yil 25 sentyabrda Shveysariyaning Lokarno shahridagi “Sankt-Anyes” shifoxonasida 72 yoshli zabardast romannavis Erix Mariya Remark yurak xurujidan vafot etadi.

XX asr nemis adabiyotining yorqin timsoli bo‘lmish Erix Mariya Remark garchand urush mavzusida asarlar yaratgan bo‘lsa-da, ularni tinchlik nomi ila yozdi, tinchlik tug‘ini ko‘tarib qalam tebratdi.

Remark asarlarida tashviqotu pand-nasihatlarga o‘rin yo‘q. Adib asarlarini shunday haqqoniy tilda yozganki, siz ularni shunchaki o‘qiyolmaysiz, qahramonlarga befarq qarolmaysiz, bu asarlarni o‘qib chiqqach, inoningki, tiynatingizda, botiningizda, e’tiqodingizda evrilish hosil bo‘ladi, butun dunyoni, o‘zingizni, odamlarni o‘zgartirishga bo‘lgan yondirguvchi istak pado bo‘ladi!

 Saidjalol SAIDMURODOV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × five =