JAHON TAMADDUNINING JAHONGIRI

“Amir Temur shaxsini idrok etish – tarixni idrok etish demakdir. Amir Temurni anglash o‘zligimizni anglash demakdir. Amir Temurni ulug‘lash – tarix qa’rigacha chuqur ildiz otgan tomirlarimizga, madaniyatimizga, qudratimizga asoslanib, buyuk kelajagimizga ishonchimizni mustahkamlash demakdir” – deydi Respublikamiz Prezidenti Islom Karimov ulug‘ bobokalonimiz hayoti va faoliyatiga munosib ta’rif berib.

 Tarixning sahifalarini tashkil etuvchi ajdodlarimiz va muqaddas qadamjolarimiz haqida so‘z borganda birinchi galda buyuk davlat arbobi va sarkarda, sohibqiron Amir Temur bobomizning o‘lmas nomini tilga olamiz, albatta. Hazrat Amir Temur sarkarda, davlat arbobi sifatida, zamonasida Osiyo va Yevropa qit’alarida ro‘y bergan, katta tarixiy o‘zgarishlarni amalga oshirgan shaxs sifatida ardoqlanadi. Bu siymo tarixchi va siyosatchilar, harbiy ilm mutaxascislari va badiiy ijod ahllarining diqqatini hali-hamon jalb etib kelmoqda.

Sohibqiron Amir Temur hazratlari nomi bilan bog‘liq Shahrisabz va Yakkabog‘ni bog‘lab turuvchi bir ko‘prik borki, bobokalonimizning hayoti va faoliyatiga qiziqqan har bir qalam ahli, mana shu ko‘prikdan o‘tib, Sohibqiron yashagan tuproqqa sayohat qilgan. Bu ko‘prik Yakkabog‘ tumanidagi Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘idagi tarixiy qadamjolardan sanalgan Xoja Ilg‘orota – Muhammad ibn Abulqosim hazratlarining muborak ravzalaridir. Tarixiy kitoblar va mahalliy xalqning og‘zaki ijodi hamda rivoyatlarda Amir Temurning shu qishloqda tavvalud topgani va kamolga yetgani haqida ayrim ma’lumotlar saqlanib qolgan.

Hazratning hayoti va faoliyati haqida ma’lumot beruvchi ishonchli manbalar o‘z davrida yaratilgan “Temur tuzuklari”, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si va Ibn Arabshohning “Ajoyibul-maqdur fi tarixi Temur” (Amir Temur tarixida taqdir ajoyibotlari) asarlaridir. “Temur tuzuklari”da Amir Temurning davlatchilik va diplomatiya, harbiy mahorat, bunyodkorlik salohiyati, ilmu fan, san’at va me’morchilikka oid qarashlari, hayotning ma’no-mazmuni, insonni ulug‘laydigan ezgu ishlar haqida bildirilgan fikrlari, dinu diyonat va adolat, saltanat ishlarini kengash va tadbir asosida amalga oshirish, har bir masalada uzoqni ko‘zlab, el manfaati, umuminsoniy g‘oyalar bilan bog‘liq masalalar haqi­da so‘z boradi.

“Temur tuzuklari”ning “Kengashlar va tadbirlar” qismida davlat boshqaruviga oid shunday so‘zlar bitilgan: «Pirim menga yozmishlarkim «Abulmansur Temur, saltanat ishlarida to‘rt narsaga amal qilgin, ya’ni: 1) (o‘zing) bilan kengash; 2) (bosh­qalar bilan) mashvaratu maslahat ayla; 3) hushyorligu mulohazakorlik bilan qat’iy qaror chiqar; 4) ehtiyotkor bo‘l, chunki kengash va mashvaratsiz saltanatni barcha qilgan ishlariyu aytgan gaplari xato bo‘lgan johil kimsaga qiyoslash mumkin; uning so‘zlari va qilmishlari boshga pushaymon ila nadomat keltirgay. Shunday ekan, saltanatni boshqarishda mashvaratu maslahat va tadbir bilan ish yuritgin, toki oqibatda nadomat chekib, pushaymon bo‘lmagaysan. Yana shuni bilgilkim, saltanat ishlarining bir qismi sabru toqat bilan bo‘lgay, yana bir qismi esa bilib-bilmaslikka, ko‘rib ko‘rmaslikka solish bilan bitur. (Xullas) tadbirlardan ogoh qilingandan keyin shuni aytish joizdirkim, qat’iylik, hushyorlik, ehtiyotkorlik, shijoat va sabr-chidam bilan barcha ishlar amalga oshirilgay. Vassalom».

Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”sida aytilishicha, Amir Temur ilm-fan sohiblariga shunday degan ekanlar: “Fan va dinning mashhur kishilari o‘z maslahatlari bilan podshohlarga yordam berib kelganlar… Mening maqsadim mamlakatda adolat o‘rnatish, tartib va tinchlikni mustahkamlash, fuqarolarning turmushini yaxshilash, yurtimizda qurilishni kuchaytirish, davlatimizni rivojlantirishda sizlar bu ishlarni amalga oshirishda menga o‘z maslahatlaringiz bilan ko‘maklashishingiz kerak”.

Ibn Arabshohning “Ajo­yibul-maqdur fi tarixi Temur” asarida esa sohibqironning tavallud topgan joylari bilan bog‘liq shunday jumlalar bor: “Temur ibn Tarag‘ay ibn Abag‘ay bo‘lib, uning tug‘ilgan joyi Xoja Ilg‘or deb ataladigan qishloqdir. Xo‘ja Ilg‘or Keshga qarashli joylardandir. Alloh u yerdan har qanday yomonlikni daf etsin! Kesh – Movarounnahr shaharlaridan biri bo‘lib, Samarqanddan taxminan o‘n uch farsax (masofa)dadir”.

Bobokalonimizning “Kuch – adolatda” shiori butun mamlakatda ma’naviy mezonga aylangan va bugungi kunda ham bu shior turmush tarzimizda o‘z aksini topmoqda. Oqilona siyosat va davlat boshqaruvini yuritish bobida Amir Temur yirik bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan shaxs sifatida ulug‘lanadi. XIV asrning ikkinchi yarmida Movarounnahr, YAqin va O‘rta Sharqning tijorat, iqtisod va madaniy markaziga aylandi. Amir Temur o‘z davlatining kuch-qudrati uchun Movarounnahr va davlat poytaxti Samarqandning obodonligiga alohida ahamiyat berganlar.  Mahalliy qo‘li gul ustalar bilan birga hindistonlik g‘isht teruvchilar, Sheroz, Isfahon va Damashqning mash­hur usta-hunarmandlari mamlakatda go‘zal imoratu inshootlarni bunyod etganlar Tabrizdagi masjid, Sherozdagi saroy, Bag‘doddagi madrasa, Turkistondagi Ahmad Yassaviy  maqbarasi, ona shahri Shahrisabzda otasi va o‘g‘li Jahongirning qabri ustiga qurilgan maqbara hamda mashhur Oqsaroy majmuasi shular jumlasidandir. Oqsaroyning koshinkor peshtoqining guldor naqshlari orasiga “Agar bizning quvvat va qudratimizga ishonmasang, biz qurgan imoratlarga boq” ma’nosidagi xitobnoma bitilgan. Hattoki, Samarqand atrofidagi yangi qishloqlarning nomini Sharq­ning mashhur shahar va davlatlari Sheroz, Bag‘dod, Damashq, Misr, Sultoniya nomlari bilan ataydi.

«Amir Temur va temuriylar davri ilm-fan va madaniyati to‘g‘risida gap borganda, har qancha g‘ururlansak arziydi. Bu davrda ijtimoiy fanlar, xususan, tarix sohasida katta tadqiqotlar yaratilgan. Bu xayrli ishlarda ham temuriy hukmdorlar tashabbusi va rahnamoligi beqiyos bo‘lgan. Jumladan, Amir Temurning “Temur tuzuklari”, Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi”, Bobur Mirzoning “Boburnoma”si ijtimoiy fanlar rivojiga  katta ta’sir ko‘rsatgan. Ijtimoiy fanlar qatorida tasviriy san’at, hattotlik, musiqa va badiiy adabiyot ham ravnaq topgan.

Jahon tamaddunida jahongir Amir Temurning qanday tarixiy sharoitda ul­g‘aygani, qay tariqa shunday yuksak cho‘qqilarga ko‘tarilgani haqida Sharq davlatlari bilan bir qatorda Yevropada – Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Ispaniyada to‘rt yuz yildan ortiq vaqt davomida ko‘plab ilmiy va badiiy asarlar yaratilgan.

Chunonchi, Yevropada e’lon qilingan manbalar ichida Ispan elchisi Rui Gonsales Klavixoning “Samarqandga, Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi”, buyuk rassom Rembrandtning boburiylar zamonidagi miniatyuralardan ilhomlanib, Amir Temurni vorislari Umarshayx, Zahiriddin Muhammad Bobur, Humoyun va Akbarshoh  davrasida tasvirlashi ham  e’tiborlidir. 1588 yilda ingliz dramaturgi va shoiri Kristofer Marlou “Buyuk Temur” pyesasida yosh Temurbekning tengsiz aqli, salohiyati va shijoati bilan jahon tarixidagi eng qudratli podsho bo‘lganini ta’riflagan.

Amerikalik adib Edgar Po 1827 yili Amir Temur haqida poema yaratgan.

Ha, buyuk sohibqiron shaxsiga ijod ahli va ziyolilar tomonidan shunday ehtirom ko‘rsatib kelingani, uning siymosi hamisha yuksak e’tiborda ekani bejiz emas. Zero, bobokalonimiz bor aqlu zakosi, iste’dodi, salohiyatini ilm-fan ravnaqi, bir so‘z bilan aytganda yurtlar obodligi, ellar farovonligi yo‘liga safarbar etgan ulug‘ zotdir. 

 

Muhammadali MAMADALIYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 − 6 =