KOMPYUTYERLAR QANDAY ZARARLANDI?

Kompyuter mo‘’jizaning o‘zginasi. Yaxshi niyatlilar uchun cheksiz bilim manbai, yomon niyatlilar uchun esa yovuz qurol ham bo‘lishi mumkin…

Yaponiyada 82 mingdan ziyod shaxsiy kompyuter virusning yangi turi bilan zararlangani aniqlandi. Tokio politsiya boshqarmasidan olingan ma’lumotga qaraganda, ushbu zararli dastur internet orqali bank operatsiyalarini amalga oshirish vaqtida boshqa hisob-raqamlarga ham o‘tib ketgan. Zararlangan kompyuterlarning yarmi Yaponiyada, qolgani esa Yevropa va Osiyo mamlakatlarida. Zararlanishning ma’lum bir qismi chegara tufayli bo‘lishi mumkin, degan taxmin bilan yapon politsiyasi rasmiy surishtiruv olib borishni so‘rab, Interpolga murojaat qilgan.

 Natijada Tokio okrug sudi kiberterrorchi Yusuke Katayamani qo‘lga olib, sakkiz yillik qamoq jazosiga hukm qildi. U internet orqali terror xarakteridagi tahdidlarni, shuningdek, o‘zgalar kompyuterini masofadan turib boshqarish orqali maxsus virusni tarqatgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning aniqlashicha, o‘tgan yili 1876 ta holatda bank o‘tkazmalaridan noqonuniy foydalanganlar bo‘lgan. Bundan 2,9 milliard ien zarar ko‘rilgan.

2011 yili Yaponiyada kiberjinoyatchilikka qarshi qonun qabul qilingandi. Unga ko‘ra, yangi virus yaratganlik va tarqatganlik uchun 500 ming ien jarima hamda uch yil muddatgacha qamoq jazosi, viruslarni saqlaganlik uchun esa 300 ming ien hamda ikki yil muddatgacha qamoq jazosi tayinlanishi belgilangan. Yuqoridagilardan kelib chiqib, jinoyatchining ahvolini tasavvur qilish mumkin.

 

QAYSI SAYYORADA HAYOT BOR?..

O‘zga sayyoralarda hayot bormi degan savol ancha yillardan buyon insoniyatni qiziqtirib keladi. Endilikda NASA bu ishga jiddiy kirishgan ko‘rinadi. Uning so‘nggi xabariga ko‘ra, 2025 yilga qadar bu borada aniq xulosa ma’lum qilinadi.

— Yaqin 10-20 yil orasida Yerdan boshqa joyda ham hayot bormi degan savolga uzil-kesil javob topiladi, — deya ta’kidlaydi NASAning bosh ilmiy maslahatchisi Ellen Stofan ekspertlar muhokamasida. — Olimlar qaerdan nima izlashni biladi, buning uchun zarur texnologiyalar ham yetarli. Menimcha, keyingi o‘n yil davomida hayot nishonalarini topa olamiz. 20-30 yilda esa uning mavjudligiga aniq dalil ko‘rsatiladi.

Sobiq astronavt, guruh rahbari Jon Gransfeld ham hamkori fikrini tasdiqladi:

— Muzli yo‘ldosh bo‘ladimi, Mars yoki qo‘shni sayyoralarga taalluqlimi — barcha jarayonlar bitta yo‘nalishda, Quyosh tizimida rivojlanib boradi, — deydi u.

Hayot mavjudligini tasdiqlovchi unsurlardan biri suvdir, u Quyosh tizimida ham, uning tashqarisida ham mavjud. Okeanlar Yupiter, Saturnda ham bor, ilgari Marsda ham bo‘lganini inobatga olsak, bu hayot o‘zga sayyoralarda mavjudligini isbotlashga yordam bera oladi.

 

YOG‘LI OVQAT ZARAR…MI?

Yog‘li ovqatni xush ko‘radiganlar biroz tiyilishlariga to‘g‘ri keladi. Chunki muntazam iste’mol qilinadigan bunday taomlar xotirani susaytirib, agressiya (tajovuzkorlik)ni keltirib chiqararkan.

Olimlar yog‘li ovqat nafaqat qomat buzilishi, balki inson ruhiyatiga ham salbiy ta’sir etishini aniqlashdi. Buning uchun mutaxassislar sichqonlar ustida tadqiqot o‘tkazdi. Jonivorlar ikki guruhga bo‘lindi. Birinchi guruhdagilar o‘rtacha yog‘li, ikkinchi guruhdagilar esa o‘ta yog‘li ovqat bilan boqildi. Ma’lum vaqtdan so‘ng ikkinchi guruhdagilar mikroflorasidan namuna olinib, birinchi guruhdagilar organizmiga kiritildi. Yog‘ bilan to‘yingan “begona” mikroflora o‘z kuchini ko‘rsatdi: jonivorlar tajovuzkor, jahldor bo‘lib qoldi. Ularning xotirasi ham sustlashib, bir-biriga tajovuz qilishga o‘tdi.

Tadqiqotchilar bunday o‘zgarishga aynan noto‘g‘ri ovqatlanish sabab deyishmoqda. Xuddi shuningdek, yog‘li ovqat inson organizmiga ham salbiy ta’sir etishi tabiiy. Mutaxassislar noto‘g‘ri ovqatlanish qon-tomir kasalliklariga sabab bo‘lishini ta’kidlashmoqda.

 

Internet materiallari asosida

X. AXMADJONOVA tayyorladi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × two =