Faoliyatga tanqidiy nazar

Jurnalist kasbi hamisha adolat, haqiqat kurashchisi sifatida namoyon bo‘lib kelgan. Bugun ham shunday. Jamiyatdagi yutug‘u kamchilikning hech biri uning nazaridan chetda qolmaydi. Bu soha xodimlari vaziyatni eldan oldin baholay biladigan, sinchkovlik fazilatiga ega, dunyoqarashi kengligi bilan ajralib turadi. Xo‘sh, keyingi yillarda hamkasblarimiz mana shu printsiplarga qay darajada amal qilyapti?

 

Savolga javobni Yurtboshimizning quyidagi e’tirofidan topish mumkin: “…yuksak kasb mahoratiga ega jurnalistlar, tahlilchi va sharhlovchilarni, muxtasar aytganda, o‘z kasbining haqiqiy ustasi bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash vazifasi hamon dolzarb bo‘lib turibdi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Ayniqsa, jurnalistlarimizning hayotga chuqur kirib borishi, jamiyatimizdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni tub mohiyati va ahamiyati, kerak bo‘lsa, murakkabligi bilan ochib berish, taraqqiyotimiz yo‘lida to‘siq bo‘lib turgan muammolarni dadil ko‘tarib chiqish, mavzuga xolisona va haqqoniy yondashish kabi mezonlar matbuotimizning o‘zgarmas qoidasi va printsipi bo‘lib qolishi darkor”. Darhaqiqat, ana shu da’vat va talablar har birimizning faoliyatimizda dasturilamal vazifasini o‘taydi. 

Yaqinda Milliy matbuot markazida Prezidentimiz Islom Karimovning shu yil 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga yo‘llagan bayram tabrigida belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Matbuot va axborot agentligi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi hamda jamoat tashkilotlari vakillari, OAV mas’ul xodimlari, O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining jurnalistika fakultetlari  professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o‘rinbosari O‘.Mirzayorov, O‘zbekis-ton mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori A.Abdullaev, oliy o‘quv yurtlarining vakillari va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari faoliyatini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor milliy jurnalistikamiz rivojiga xizmat qilayotganini ta’kidladilar. 

Tadbirda davlatimiz  rahbarining  2016 yil 27 iyunda O‘zbekiston Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kasb bayrami munosabati bilan  yo‘llagan tabrigida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda hali sohada qilinishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar  xususida ham alohida so‘z bordi.    

Mustaqillikning birinchi kunlaridan boshlab yurtimizda ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotida tutgan rolini, ularning faoliyati samarasini yanada oshirish, media tarmoqlarining huquqiy, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, jurnalistlik kasbining nufuzini kuchaytirish, soha xodimlarining mehnatini har tomonlama rag‘batlantirishga qaratilgan siyosat izchillik bilan olib borilmoqda. Shu bilan birga, davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalari mamlakatimizning axborot makonida mutanosib rivojlanib borishiga alohida e’tibor berilayotir. Buning tasdig‘ini oxirgi yillarda elektron va bosma ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat byudjeti hisobidan kreditlar, ijtimoiy buyurtma va davlat grantlari shaklida 14 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgani va boshqa misollarda yaqqol ko‘rish mumkin. 

Amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar natijasida o‘tgan davrda milliy jurnalistikamiz, matbaachiligimiz son va sifat jihatidan yaxshilandi. Hozirgi vaqtda yurtimizda 1 ming 400 dan ortiq ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Birgina O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi telekanallarning bir sutka davomidagi umumiy efir vaqti 520 soatni tashkil etmoqda. Holbuki, yaqin o‘tmishda bu raqam bor-yo‘g‘i 24 soatga teng edi. Ayni paytda milliy teledasturlar sun’iy yo‘ldosh orqali dunyoning yuzdan ortiq davlatlariga uzatilib, jahon jamoatchiligini O‘zbekistonning qadimiy tarixi, boy madaniyati, bugungi sermazmun hayoti bilan tanishtirishda katta rol o‘ynamoqda. 

Yaratib berilgan shart-sharoitlar, imkoniyatlarga javoban  xolis va haqqoniy,  yuksak  mahorat va mas’uliyat bilan faoliyat olib borish esa har bir jurnalistning burchidir. Shunday ekan, Yurtboshimiz alohida ta’kidlaganidek, jurnalistlarning hayotga chuqur kirib borishi, jamiyatimizdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni tub mohiyati va ahamiyati, kerak bo‘lsa, murakkabligi bilan ochib berish, taraqqiyotimiz yo‘lida to‘siq bo‘lib turgan muammolarni dadil ko‘tarib chiqish, mavzuga xolisona va haqqoniy yondashish kabi mezonlar matbuotimizning o‘zgarmas qoidasi va printsipi bo‘lib qolishi darkor. Ammo bu kabi printsiplarni to‘liq hayotga tatbiq etishda ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Shundan kelib chiqqan holda bugungi kunda matbuot sahifalariga tanqidiy nazar tashlash lozimligi tadbirda alohida ta’kidlandi. Ayni damda ayrim nashrlar faqat bir qolipdan chiqa olmayotgani, turli janr va mavzulardagi chiqishlar yetishmayotgani, tahririyat va  jurnalistlarning o‘z ustida ishlash mahoratlarini oshirish bo‘yicha harakatlar ko‘zga tashlanmayotgani xususida ham fikr almashildi. Shu bilan birga nodavlat matbuot sahifalarida nomilliy ruhdagi maqolalar e’lon qilinayotgani, ular faqat ommani jalb etish uchun turli yengil mavzular atrofida o‘ralashib qolayotgani xususida ham fikrlar bildirildi. Seminarda kadrlar tayyorlash masalasi xususida ham so‘z borib, unda O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti dekani Alisher Matyoqubov shunday dedi:

–Bugungi kunda yetuk kadrlarni tarbiyalab yetishtirish har bir ustoz oldidagi eng muhim, dolzarb vazifalardan biridir. Buni Yurtboshimiz ham o‘z ma’ruzalarida alohida ta’kidalagan edilar. Shuni inobatga olgan holda so‘nggi yillarda talabalarga chuqur bilim berish va xorijiy tillarni mukammal egallashi uchun yetuk pedagoglarni fakultetimizga jalb etib kelayotirmiz. Qolaversa, nazariya bilan amaliyot birga bo‘lmas ekan, undan yetuk mutaxassis chiqishi qiyin. Shuning uchun biz talabalarni birinchi kursdan amaliyotga jalb etib kelayapmiz. Bu esa, albatta, o‘z samarasini berib kelmoqda. Bugungi seminarda jurnalistikamizdagi ayrim muammolar va sohaga oid takliflar bildirildi. Shular qatorida bir mulohazani bildirmoqchiman. Mana necha yildirki, fakultetimizdan o‘z kasbiga munosib kadrlar yetishib chiqyapti. Ularning aksariyati xorijiy tillarni mukammal egallagan. Biroq keyingi ish faoliyati davomida ularni mana shu til bilish imkoniyati cheklanib qolayotgandek. Shuning uchun bu kadrlardan yetarlicha foydalanish fursati yetdi, nazarimda. Ana shu kadrlarimiz xorijiy yurtlarga borib ham materiallar tayyorlashi kerak, shu orqali axborotni birinchi manbadan olishni tashkil etish mumkin. Chunki bugun har bir xorijiy OAV o‘z manfaati pozitsiyasi orqali axborot tarqatadi. Bu esa yangilikning asl mohiyatiga ta’sir etmasdan qolmaydi. Natijada axborotning xolisligiga putur yetadi. Ayni paytda mamlakatimiz OAVda chop etilayotgan aksariyat materiallar, internetdagi qaysidir davlatlar jurnalistlari o‘z manfaatlarini ko‘zlab yozgan maqolalardan olib tayyorlanadi. Axborot xavfsizligi nuqtai nazaridan ham chet ellarga o‘z jurnalistlarimizni chiqarish vaqti keldi, deb o‘ylayman. Bu masalani iqtisodiy imkoniyati bor nashrlarimiz yoxud telekanallarimiz o‘ylab ko‘rsa, yomon bo‘lmasdi. Bu jurnalistikamizni jahonga olib chiqishga qaratilgan ilk qadam bo‘lardi.

Seminar so‘ngida ishtirokchilar o‘rtasida bahs, munozaralar, muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘plab takliflar bildirildi. Qolaversa, internet jurnalistikasini rivojlantirish, ayniqsa, matbuot xizmatlarining faolligini kuchaytirish hamda tashkilotlarning elektron veb saytlarini jonlantirish xususida takliflar bildirildi. Har qanday nashr xoh davlat yoki nodavlat bo‘ladimi, ularning vazifasi bitta – shu yurtga, kishilar ma’naviy ongini rivojlantirishga xizmat qilishdir. Buni har bir jurnalist o‘zining burchi deb bilishi, doim yodda saqlashi kerakligi alohida ta’kidlandi.  

 

Bobur MUHAMMADIYEV,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen − 2 =