Oqibatli Ashurboy

Ashurali Jo‘raevni do‘st-birodarlari yaqin tutib Ashurboy deb ham ataydilar. “Boy”ligi rost uning – yor-jo‘rasi mo‘l, bari unga talpinib turadi. Bunaqa odamni “shirasi bor, ohanrabosi bor” ham deydilar. Ma’raka-marosimlarda ham qahramonimizni ko‘pincha katta-kichik davralarning o‘rtasida turganini ko‘rasiz. O‘zingiz ham xabardor bo‘lgan gaplarni u yangi tafsilotlari bilan, yangicha talqinda, zo‘r mahorat ila so‘zlab berayotgan bo‘ladi.

 

Aytishlaricha, gazetada ishlagan yosh kezlari bosh muharrir uni ertalabdan huzuriga chaqirtirib olib, “Qani, Ashurbay, gapiring, olamda nima gap?” deb so‘rarkan. Ashurali u yoq-bu yoqdan eshitgan yangiliklarini aytib tamomlasa ham, “Yana? Yana-chi?” dermish “to‘ymay qolgan” keksa hangamatalab. 

Bu gaplarga Ashuralining o‘zi bugun uvvalo munkir kelishi mumkin, lekin biz ham osmondan olib aytayotganimiz yo‘q… 

Do‘stimiz juda oqibatli, qirq yil burun ixlos qo‘ygan jo‘ralarini hali-hamon bag‘ridan uzmaydi. Ulardan kimdir allaqachon “ko‘tarilib” ketgan, yana birovi allaqachon “tushib” ketgan – Ashurboy esa o‘sha-o‘sha do‘stu qadrdon, o‘sha-o‘sha ularga sodiq, mehribon!   

Qachon qaramang, bu odam ana shunday do‘stlarning davrasida yoki ustozlarning xizmatida. Goho bir-birini iqi suymaydigan kishilar ham Ashurboyga munosabatga qolganda bir xil – yaqin, qadrdon. Deylik, u hamisha adabiy hayotning markazida, Said Ahmad, Odil Yoqubov, Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, O‘tkir Hoshimov, bugun endi Abdulla Oripov, Ibrohim o‘afurov, Xurshid Do‘stmuhammad singari ustozlarning har biriga alohida-alohida yaqin yurib, ularning xizmatida bo‘ldi, duosini oldi. 

Ashuralining ayniqsa Ne’mat Aminovga munosabatini chinakam ustoz-shogirdlik namunasi deyish mumkin. 

Borini aytaveraylik, e’tiborli farzandi yoki shogirdlari bo‘lmasa, uncha-muncha nomdor adiblar ham kamroq eslanadigan bo‘lib qoldi. Ustozi haqidagi xotiralarni to‘plab chop ettirishga bosh-qosh bo‘lgan Ashurali esa o‘tirgan-turganida ham, yozgan-chizganida ham mudom u kishining nomini faxru minnatdorlik ila zikr etib keladi, aytish mumkinki, u bugun unutilmas, ajoyib adibimizning bu dunyodagi ishonchli bir adabiy vakiliga aylangan. 

Ne’mat Aminov hayotligida Ashurali rostdan ham u kishining eng yaqin ukaxoni, hamdam suyanchig‘i edi, ustozining issiq-sovug‘idan doim xabar olib turardi. Ne’mat aka ham bu kuydi-pishdi shogirdini farzandidek ko‘rar, o‘ziga yarashgan bir faxr va sho‘xlik aralash suyib uni “Ashur rais” deb atardi. 

Ashur rais… Bekorga emas. Bilib-topib aytilgan. 

Bir yozuvchi akaxonimizning tavallud to‘yini o‘tkazish uchun yigirma chog‘liq kishi viloyatga bordik deng. O‘sha yerlik xiylagina taniqli adabiyotshunos “to‘ybola”ning ijodiga doir jild-jild kitob ko‘rib, zo‘r-zo‘r iqtiboslardan iborat akademikona ma’ruzani taxtlab qo‘ygan ekan. Ammo ilk tadbirdayoq qirq-ellik yil burungi daqqi majlislarni yodga soladigan esnoqi bir ruh egalladi davrani. Poytaxtda yurib, bunaqangi almisoqiy safsatalarni unutib yuborgan mehmonlarni tashvish bosdi: “Yana uch kun shunday dimiqib o‘larkanmiz-da!” 

Haytovur, ertasi kuni nimadir sabab bilan rasmiy ma’ruzachimiz uchrashuvga kechikib qoldi-yu, ko‘pchilikning “davay-davay”i bilan Ashurali Jo‘raev o‘rtaga chiqdi. U birinchi luqmasi bilanoq barchani jalb etib, davrani gullatdi-yubordi. Anovi “eski rais”ning kelib-ketganini ham birov sezmay qolibdi. 

Keyingi uch kun Ashur rais boshchiligida ana shunday quvnoq, sho‘xchanlik bilan o‘tdi. 

Ko‘rib turibsiz, gap faol jurnalist va yozuvchi, noshir va muharrir Ashurali Jo‘raev ustida ketayotir. Nega bo‘lmasa uning ijodidan so‘z ochmayapmiz? Ie, shunday ta’rif-tavsiflarga loyiq odam yomon yozarmidi?! Adibning mashhur Botir Zokirov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan yirik qissasini, sobit e’tiqod bilan yozilgan “Konvert-odam” to‘plamini, “Sahifaga sig‘magan satrlar” turkumini, matbuotdagi hozirjavob maqolalarini e’tirof etmasak insofdan bo‘lmas. Biroq ularning tahliliga o‘tay desangiz, adabiyotshunos do‘stlarga nima qoladi?! U yog‘ini so‘rasangiz, Ashurboy bizga birinchi navbatda inson sifatida, do‘st sifatida qadrli. Bugun uni har qancha olqab-olqishlab gapirsak bo‘ladi – u endi uncha-muncha maqtovdan shishinadigan yoshda emas, tiriklikning ko‘p sinovlaridan o‘tib vazminlik, ustozlik bosqichiga qadam qo‘ygan. Muborak bo‘lsin, Ashurboy, deymiz, umringizning bu yog‘iga ham fayzu baraka!

 

Erkin A’ZAM

 
Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + 10 =