SARLAVHA haqida kichik lavha

Sarlavha (ya’ni, lavha yoki matn boshi) gazeta va jurnallar, risola va kitoblar uchun nom (ism) maqomidagi muhim bir unsurdir. Lekin u matn uchun shunchaki bir shartli ramz-belgi emas, matnning mohiyati, mazmuni, maqsadi va vazifasi bilan uzviy aloqador bo‘lgan muhim tarkibiy qismi hamdir. Shuning uchun badiiy asar yoki gazeta-jurnal maqolalariga aniq, o‘ziga xos sarlavha tanlanishi lozim. Uni tanlash muallifdan ancha-muncha mahorat talab etadi. Negaki, maqola mundarijasi unga tanlangan sarlavha bilan chambarchas bog‘liqdir.

 

Ma’lum materialning o‘qishli bo‘lishida sarlavhaning ahamiyati katta. Shu bois, ko‘pchilik ijodkorlar mazmunli, o‘ziga jalb qiladigan sarlavha topishga intiladi. Odatda, maqolaning mazmunidan kelib chiqib tanlanadi. 

Maqolaga mazmunli, ixcham sarlavha tanlangani ma’qul. Aksincha, mazmunga uncha mos bo‘lmagan, uzundan-uzoq jumlalardan iborat nom o‘quvchini zeriktirishi tabiiy. Garchand maqola dolzarb, mazmunli bo‘lsa-da, ammo unga mos, jarangdor nom tanlanmasa, o‘quvchi bu maqolani o‘qimasdan, gazetani bir chetga surib qo‘yadi.

Badiiy, publitsistik, ilmiy matnlar va gazeta sarlavhalarining sintaktik tuzilishi bajariladigan vazifalari haqida ilmiy jihatdan bir necha qarashlar bor. Soha bo‘yicha tadqiqotchilar sarlavhalarni vazifasiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘lib o‘rganishni tavsiya etadi: atash, farqlash, xabar berish, reklama berish, ishontirish, ko‘rsatma berish, tashviq qilish, murojaat qilish, ixcham izoh.

Mamlakatimizda chop etilayotgan nashrlarda yuqorida sanab o‘tilgan sarlavha turlarining barchasi uchraydi. Masalan, har bir sarlavha, u qanday ko‘rinishda bo‘lmasin, atash vazifasini bajaradi. Gazetada bosilgan istalgan materialning ma’lum sarlavhasi (nomi) bo‘ladi. Masalan, “Ohanglar va e’zoz” (“Xalq so‘zi”), “Iroda va ishonch” “Ibrat yo‘li” (“O‘zbekiston ovozi”), “O‘pqon”, “Razolat”, “Ko‘rnamak” (“Huquq”) kabilar.

Gazetalarda xabar berish vazifasini bajaradigan sarlavhalar ham uchraydi. Bu ularning zamirida ma’lum bir tuman yoki shaharda yangi korxona, muassasaning ishga tushgani haqidagi xabar yotadi. Masalan, “Toshkentda opera festivali” (“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”), “Chimboyda yangi korxona” (“Hurriyat”), “Oqchako‘lda oromgoh”, “Buvaydada korxona bo‘ladi” (“Qishloq hayoti”) kabilar.

Keyingi yillarda gazetalar sahifalaridan tashviq qilish, reklamaga yo‘naltirilgan sarlavhalar ham o‘rin ola boshladiki, ular o‘quvchilarning e’tiborini ko‘proq tortishga harakat qilayapti. Masalan, “Tanishing, bizning lizing!”, “Handalak”da xanda… lak-lak” (“Qishloq hayoti”) kabi sarlavhalar berib boriladi. Odatda, bu sarlavhalar shov-shuvli voqealar yoki mish-mishlar uchun tanlanib, hatto birinchi sahifada yirik harflarda joylashtiriladi. Misol uchun: “Sobiq hokimning o‘g‘li nega qamaldi?”, “Qo‘shmachining iqrori”, “Sotka”ga yalang‘och xotinini suratga tushirgan erkak 14 yilga qamaldi”, “14 yashar qizni boltalagan qotil”, “Sotka” saratonga sabab” (“Darakchi”) kabilar.

Yana bir jihatga to‘xtalib o‘tish lozimki, sarlavhalar ma’lum bir soha, tarmoq gazetalariga bog‘liq holda ham tanlanadi. Masalan, ma’rifiy, huquqiy, qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan gazetalarda “Asalarichilik va baliqchilik rivoji”, “Paxta dalalarini kengaytiraylik”, “Pillaning bahosi qancha?”, “Cho‘ponning tayog‘i yerda qolmasin” (“Qishloq hayoti”), “Pedagogik mahorat”, “Maktab chiroy ochdi”, “Ilmga intilish – ezgu ish” (“Ma’rifat”), “Huquqiy asos va samaradorlik”, “Mulk huquqi” (“Huquq”) kabilar.

Sarlavha tanlashdagi ba’zi kamchiliklar haqida aytib o‘tish lozim. Kuzatishlar shularni ko‘rsatyaptiki, gazetalardan-gazetalarga ko‘chib yuradigan siyqasi chiqqan sarlavhalar ham uchrab turadi. Masalan, “E’tirof”, “Sadoqat”, “Saxovat”, “Ibrat”, “Baxt kaliti”, “Ilm zahmatkashi”, “Mohir qo‘llar”, “Beorom qalb”, “Cho‘l burguti” kabi. Bunday bir xillik, takror o‘quvchini zeriktiradi, ba’zida g‘ashiga tegadi.

Keyingi yillarda ayrim gazetalarda sarlavhalarni sarlavha osti izohi bilan berish urf bo‘ldi. Sarlavha yirik harflarda berilib, izohi kichik harflarda teriladi. Bunga “TANQID SAVIYaSI sog‘lom raqobat muhitini belgilaydi” (“Xalq so‘zi”), “GAPINGIZDA MANTIQ BO‘LMASA sizga hech kim ishonmaydi” (“O‘zbekiston ovozi”), “YaROQSIZ MAHSULOTLAR inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi”, “MILLIY ESTRADA: u qanday bo‘lishi kerak?” (“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”), “MAKTABDA YaNGI DIRYeKTOR TAYINLANDI u ishini nimadan va qanday boshlashi lozim?” (“Ma’rifat”) misol bo‘la oladi.

Ba’zi gazetalarda mazmunsiz, qolaversa, ega yoki kesimini farqlab bo‘lmaydigan sarlavhalar ham uchraydiki, bu holdan taajjubga tushasiz, xolos. Shunday sarlavhalardan bir nechasini keltirib o‘tamiz: “Agar mo‘l bo‘lsa qorako‘l”, “Zeriktirmay qarisin Jalol akalar”, “Arz qildik-da, bir marta…”, “Bog‘ – hayot demak” (“Qishloq hayoti”).

Shuning uchun maqola mualliflaridan tayyorlagan maqolalari mohiyat va matndan kelib chiqqan holda, o‘ziga xos, boy mazmun, ma’no beradigan, o‘kuvchini tezda o‘ziga jalb qiladigan sarlavhalar o‘ylab topish talab etiladi. Masalaga bu kabi yondashish tayyorlangan har bir maqola obro‘siga obro‘ qo‘shadi. Masalan, “So‘z mas’uliyati”, “Yo‘l bo‘lsin, yo‘lovchi?”, “Xemingueyning so‘nggi yozi” (“Hurriyat”), “Sadoqatga qo‘yilgan haykal” (“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”), “Suv kimniki? Hammaniki!”, “Ijro to‘xtatildi. Nega?” (“Inson va qonun”) kabi sarlavhalar o‘quvchi e’tiborini tortib, maqolani o‘qishga undaydi.

 

Yusuf HAMDAMOV,

O‘zMU dotsenti

 
Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven + twelve =