Dastlabki kunlar, dastlabki yillar

1996 yil dekabrining oxirgi kunlarida milliy jurnalistikamiz hayotida tarixiy voqea yuz berdi – “Hurriyat” mustaqil gazetasi ta’sis etildi! Bu – o‘sha yil 29 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Birinchi chaqiriq Oliy Majlisning VI sessiyasida Prezident Islom Karimov ma’ruzasida belgilab berilgan jamiyatda demokratik islohotlarni chuqurlashtirishga doir yo‘l-yo‘riqlarning amaliy isbotlaridan biri edi.

 

Dekabrning 26-kuni. Matbuotchilar ko‘chasi 32-uydagi tahririyatlar binosining 3-qavati kunchiqar tomonidagi ikki-uch xona bamisoli to‘yxonaga aylanib ketdi. Turli tahririyatlarda xizmat qiladigan katta-kichik jurnalistlar bel bog‘lab hasharga kelishgan – yangi “Hurriyat” gazetasining nishona soni materiallarini shoshilinch tayyorlashga kirishilgandi. Respublikamiz hayotida birinchi bor chiqayotgan mustaqil gazetaning nishona soni sahifalaridan o‘rin olish istagidagi qalamkash do‘stlar ko‘p, ixcham axborotlardan tortib hajmdor maqolalar esa ulardan-da ko‘proq edi (Shu songa joylashtirilgan “Illat” nomli maqolamning to‘rtdan uch qismi qisqartirib tashlanishiga chidashdan bo‘lak chora qolmadi). Har bir hasharchining o‘z qarashi bor, xolis maslahatchilarning yo‘rig‘i boshqa – bosh muharrir Karim Bahrievning boshi qotgan, kun esa adog‘iga yetayozgan, bosmaxona sahifa kutardi.

Chingiz Aytmatovdan, Abdulla Oripovdan qutlov so‘zlari undirildi. Domla Begali Qosimov 1917 yilning 16 aprelida chop etila boshlangan “Hurriyat” gazetasi tarixidan hikoya qiluvchi maqola yozib berdi, Ibrohim o‘afurovning “Ozodlik tuyg‘usi” maqolasi ko‘pchilikka ma’qul keldi. Safar Ostonov milliy futbolimizdagi muammolarni savaladi. Birinchi sahifaning yuqori qismida yarim shapaloqcha joyda “Hurriyat” so‘zining lug‘aviy ma’nolari ko‘chirib bosilganida ham katta ma’no bor edi. Esimda, gazeta ta’sis etilishiga doir tor doiradagi yig‘ilishda rahbarlardan biri o‘zimizda mustaqil gazeta chiqishi alohida voqea ekanini jo‘shib gapira turib, “Bu nomdagi gazeta dunyoda yo‘q!” deb yubordi. Jim o‘tirsam, olam guliston edi, afsus, “Turkiyada chiqadigan “Hurriyat” dunyoga mashhur” deb yubordim-u, nordongina dakki eshitdim: 

– Bilib qo‘y, bizani “Hurriyat” san aytgan gazitdan mashhur bo‘lishi kerak!

Boshimga gurzi urilganday bo‘ldi, illo bu gap zamirida yaxshi niyat, katta niyat bor edi. 

Nishona sonidagi “Hurriyat” o‘quvchilariga” deb nomlangan bosh maqolada ta’kidlangan dasturiy yo‘nalishlardan ko‘zlangan maqsad ham “Hurriyat”ni mamlakatimizning old nashrlaridan biriga aylantirish edi. 

Gazeta shiddat bilan faoliyatga kirishdi – jamoatchilik chorshanbani intiqlik bilan kutadigan bo‘ldi. Chunki “Hurriyat”da qandaydir kutilmagan mavzuda maqola chiqishi odat tusiga kira borayotgandi. Matbuot kutilgan emas, ayni kutilmagan mavzudagi, loaqal kutilmagan yondashuvlar asosida yozilgan maqolalar bilangina hurmat qozonishining amaliy isbotiga aylana borayotgandi “Hurriyat”. Vaholanki, gazeta ko‘p, lekin “Hurriyat”ning “MUSTAQIL” degan imkoniyati, martabasi, lavozimi, salohiyati bor edi! Ana shu mustaqil minbarga hamma birdek qiziqayotgan edi. 

Bu mustaqillik nima bilan belgilangan?

Avvalo, “Hurriyat” o‘sha kezlarda hali-hanuz faoliyatdan to‘xtamagan tsenzuralash idorasiga qaram emasdi. Barcha mas’uliyat tahririyatga, tahririyat rahbariyatiga yuklangan edi. Besh yil “Hurriyat”ni chiqargan bo‘lsak, “Bizni tsenzura o‘qimaydi” degan gapimizga juda kamdan-kam odam ishongan. Ishongani ham “Yo‘g‘-ey!” deb qo‘yardi. Vaholanki, tsenzura tugul, tashqaridan biror marta gazetada bosilgunga qadar tayyorlanayotgan mavzu, manzil, muallif bilan qiziqqan, aralashgan holat bo‘lmagan. Xodimlarning barchalari yosh, navqiron, o‘z kasbining fidoyilari edilar. Ezgu niyatlar bilan emin-erkin va faxrga to‘lib-toshib, jo‘shib mehnat qilish muhiti vujudga kelgandi tahririyatda.

Eng nozik joyi, tahririyatga berilgan erkinlikdan qanday foydalanishga borib taqalardi. Nazorat yo‘q ekan, ochiq-oshkora tanqid qilish mumkin ekan, deb gazetani maydalashtirib, uni nayzabozlik va tarafkashlik maydoniga aylantirib yuborish hech gap emasdi. To‘g‘rilik, xolislik hamda omma e’tiboriga havola etilayotgan har bir fikr-mulohaza (ayniqsa tanqidiy nuqtai nazarlar) tegishli hujjatlarga asoslanmog‘i kerakligiga alohida e’tibor qaratilardi. Jurnalist etikasi me’yorlarini unutmaslikka harakat qilinardi. 

Ayrim maqolalar tufayli hisobot yoki tushuntirish berildi, raddiyalar tashkil etildi, bahslashishga to‘g‘ri keldi, sudlashildi. Va biz erkin so‘z boshida bunday “mashmasha”lar bo‘lishini tabiiy hol sifatida qabul qildik – tanlagan yo‘limizdan qaytmadik. Baholiqudrat izlandik, yangi-yangi ruknlar bilan mundarijani boyitib turdik, tahririyat faoliyati yuzasidan bildirilgan har qanday tanqidiy munosabatni “Hurriyat”ning “Tanqid” rukni ostida birinchi sahifada e’lon qildik. Mualliflar va gazetxonlar doirasi to‘xtovsiz shakllandi, kengaydi. Keng ommada “Hurriyat” timsolida matbuot so‘ziga ishonch shakllandi. To‘g‘ri, “Hurriyat” o‘zimiz istagan darajada cho‘qqilarni zabt etmagandir, ayrim holatlarda diletentlikka yo‘l qo‘ygandir, lekin muhimi, gazeta erkin so‘z aytish madaniyatini shakllantirish maktabiga aylana bordi. Boshqa nashrlardan farqli jihatlarini saqlay oldi. Ifoda yo‘sini, talqin shakli topilsa har qanday mavzudagi maqolani chop etish mumkinligini ko‘rsatishga harakat qilindi. 

Yana bir muhim xulosaga alohida urg‘u berishga to‘g‘ri keladi: erkin so‘z aytish madaniyatini shakllantirayotgan har qanday ommaviy axborot vositasi ayni vaqtda keng o‘quvchilar ommasini, ayniqsa, turli toifadagi mutasaddi rahbarlarni, fikr-mulohazalarni, fikrlar xilma-xilligini bag‘rikenglik bilan qabul qilishga ko‘niktira bormog‘i, shu tarzda tarbiyachilik vazifasini zimmasiga olmog‘i, o‘ziga xos tajriba “uchastka”siga aylanmog‘i ham zarur.

Jamiyatda hukm surayotgan ijtimoiy-siyosiy ahvol, kayfiyat har qanday gazetaga bevosita ta’sir ko‘rsatadi, gazeta undan ayro yasholmaydi. Shu bilan bir vaqtda, o‘zligini, o‘z qiyofasini saqlab qolish yo‘llarini izlash har bir nashr uchun fuqarolik va jurnalistlik burchi bo‘lib qolaveradi. Dastlabki kunlar va dastlabki yillarda “Hurriyat”ning barcha sonlarida berilgan “O‘zingni anglab yet!” shiori zamirida mana shunday yuksak maqsadlar mujassam edi.

         

Xurshid 

DO‘STMUHAMMAD,

“Hurriyat”ning 1997–2001 yillardagi Bosh muharriri

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 2 =