“YOMON JURNALISTIKA” formulasi

 

Assalomu alaykum, mafkurasi sog‘lom jurnalist bolam!

Dunyoda bo‘layotgan voqea-hodisalarni kuzatib turibsan. Axborot tarqatishdagi biryoqlamaliklarni-chi? 

Olimlar dunyo jurnalistikasi muammolarini tadqiq etar ekan, “rivojlangan jurnalistika”, “samarali jurnalistika”, “yaxshi jurnalistika”, “yomon jurnalistika” iboralarini qo‘llaydilar.

 

Ushbu maktubda mazkur tushunchalarning so‘nggisi haqida fikr yuritmoqchimanki, bundan ko‘zlanadigan maqsadni anglashing dunyoqarashingni kengaytiradi. o‘arbliklar jurnalistika ilmida amerikalik matbuot magnati Uilyam Rendolf Hyorst amalga oshirgan g‘arazli bir harakatni, ta’bir joiz bo‘lsa, axboriy xurujni “yomon jurnalistika”ga misol sifatida ko‘rsatadi. Uning Devid Rendall tilidagi qisqacha talqini quyidagicha:

“Hyorst 1898 yili siyosiy qarashlari vajidan va gazetasi tirajini oshirish maqsadida AQSh va Ispaniya o‘rtasida Kuba uchun bo‘ladigan urushdan manfaatdor edi. Uning asosiy gazetasi “New York Journal” tubandagi yolg‘on, soxta vatanparvarlik aks etgan, diqqatni tortadigan sarlavhali maqolalar bilan chop etila boshlandi: “Asirlarni akulalarga yem qilishdi”, “O‘ldirilgan amerikaliklar uchun Ispaniyaga qarshi urush”, “AQSh tarixida unga nisbatan eng katta haqorat” (Ispaniya elchisining Prezident nomiga yo‘llangan tanqidiy xati haqida). Hyorstning topshirig‘i bilan uning qo‘l ostidagilari ispanlarning “toshbag‘irligi” haqida axborot tarqatish uchun har qanday tubanliklarga ham qo‘l urishdi… Ular orasida Frederik Remington degan rassom ham bor edi. U voqea joyida qon to‘kilganidan asar ham topolmagach, hammayoq tinch ekani haqida Hyorstga telegrafdan xabar jo‘natdi:

“Hammayoq tinch. Qo‘rqinchli hech narsa bo‘lgani yo‘q. Urush bo‘lmaydi. Qaytsam degandim”.

Hyorst javob jo‘natdi:

“Iltimos, qoling. Rasmni ta’minlang (u paytda fotojurnalist ishini rassomlar bajargan — H.S.). Urushni men tashkil etib beraman”.

Urushni bir gazeta qanchalik tashkil etib bera olishi Hyorst o‘z so‘zida qanchalik turishi bilan anglashiladi. Bir necha hafta o‘tgach, Gavana atrofida Amerikaning “Meyn” deb nomlangan linkori portladi va bu portlash 260 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Hyorst esa, bu ispanlarning qo‘poruvchiligi ekani haqida bosh maqolalarni chop eta boshladi. Ikki katta guruh portlashning asl sabablarini aniqlaguncha, Hyorstning gazetasi birorta ham dalil keltirmay ispanlarni ayblashda davom etdi. Kishilarni urushga chorlovchi mazkur maqolalar haqiqatni bo‘g‘ishda hanuz ko‘rgazmali vosita sifatida qolmoqda. “Journal”dagi “Meyn” voqeasi bilan bog‘liq maqolalarning yozilgan vaqti va sarlavhalariga e’tibor bering:

17 fevralda: “Harbiy kemaning yo‘q qilinishida dushmanning qo‘li bor”. Sarlavha ostida yetti ustunchada surat berilib, AQSh harbiy kemasining suv ostki qismidagi mina, minadan chiqqan shnur dengizning ispanlar qal’asi joylashgan qirg‘og‘iga borib ulangani tasvirlangan — kuppa-kunduzi o‘ylab topilgan uydirma.

20 fevralda: “Gavana aholisi “Meyn”da halok bo‘lganlarning xotirasini haqorat qilmoqda”. Bunday yolg‘on xabarlar uchun “Journal” har kuni o‘rtacha sakkiz-sakkiz yarim sahifasini ajratar edi.

26 fevralda: “Journal” o‘z mushtariylarini urushga chaqirib, o‘zlari saylagan kongressmenlarga xat bilan murojaat qilishga da’vat etdi. Bu maqola kema bortidagi porox bo‘lmasida porox bochkasining tasodifan portlashi oqibatida sodir bo‘lganini Prezident e’lon qilgan kuni chop etildi. (Rasmiy tekshirishlar asl sababni aniqlab bera olmadi). 

Kelgusi bir necha hafta davomida Hyorst barcha urinishlarini harbiy harakatga da’vatlar va ispan hukumatining kubaliklarni tazyiq ostiga olgani to‘g‘risidagi uydirma maqolalar chop etishga sarfladi. Bunday materiallarni topish yoki yo‘q joydan yo‘ndirish ko‘p mehnat talab etmasdi. “Journal” har gal “Meyn” haqida yangi uydirmalar to‘qirdi. 11 martda gazeta yana bir xabarni tarqatdi: “Tergov-surishtiruv natijasi shuni ko‘rsatdiki, “Meyn”ni Ispaniya hukumati vakillari portlatgan”. Ushbu yolg‘on Hyorst uchun qo‘shimcha tiraj va katta sarlavhalar o‘ylab topishga xizmat qildi. 

22 martda: “Urush — tanglikdan chiqishning yagona yo‘li!”. 28 martda: “Urush yoki sharmandalik?”. 1 aprelda: “Urush!”. Aslida unday emasdi. 6 aprelda: “Urush unchalik uzoq emas”. Gazeta muxbirlari “Meyn”da halok bo‘lgan odamlarning oila a’zolarini mamlakat bo‘ylab qidirishga tushdi va ularning qasos olish lozimligi to‘g‘risidagi murojaatlarini chop eta boshladi. Bunday chiqishlar yonida AQSh bayrog‘ining tasviri atayin berilardi.

13 aprelda: “Kongress hademay urush e’lon qiladi!”.

Biroq Kongressning 25 apreldagi xulosasi Hyorst umidini (“Urushni men tashkil etib beraman”) puchga chiqardi. U baribir tinchimadi…”

Tabiiyki, Hyorst voqeasi (e’tibor ber, 1898 yil), uning ish tutumi darslikda “yomon jurnalistika” deya tanqid ostiga olingan. Bu voqea qanchadan-qancha odamlarni urushga chog‘lagan, xayolini chalg‘itgan, Ispaniya mamlakati rahbarlarining halovatini o‘g‘irlagan, xullas, yolg‘on axborotning zararlarini sanab adog‘iga yetish qiyin.

Endi D.Rendall aytayotgan “yomon jurnalistika” formulasiga 2005 yil 13 maydagi Andijon voqealarini bir-bir solib ko‘r.

Avvalo, bu voqealar ishtirokchilarining sudi jarayonida aniqlanishicha, xorijiy mamlakat jurnalist-lari uch kun avval Andijonga borgan. Sudlanganlar xorij ommaviy axborot vositalari vakillarining mazkur voqealarda ishtirok etganliklarini ta’kidladilar.

Kamina bu voqea sodir bo‘lganda, aniqrog‘i, 14 may kuni bir guruh jurnalistlar bilan birga Shanghay(Xitoy)da edim. Xitoychani bilmaymiz. Shu bois aeroportda ingliz tilida chop etiladigan “Shanghai Daily” gazetasini topib o‘qidik. Gazetada faqat “Assoshieyted-Press”(AQSh) axborot agentligining “Up to 50 Uzbek dead” (“50 nafar o‘zbek o‘ldi”) maqolasi chop etilgandi. Unda sharhlovchi yangi atama ishlatgandi — “Musulmon ishbilarmonlar”. Bu atama o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagani biz — o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun ma’lum edi. Biroq boshqalar uchun-chi? Kechki payt Pekindagi mehmonxonamizda “Bi-Bi-Si” teleyangiliklarini kuzatganimizda ham shu ibora tilga olindi. Eng yomoni, axborotni boshqa davlatlarning ommaviy axborot kanallari ham takrorlay boshladi.

Shunday paytda ilk tarqatilgan axborot (agar tarqatgan manba – tele, radiokanal, axborot agentligi obro‘li bo‘lsa)ning naqadar muhimligini anglaysan kishi.

Axborot zarbasi shunday effekt berdi. Dunyo jamoatchiligiga birinchi bo‘lib yolg‘on axborot haqiqat sifatida tarqatildi.

Bir kun o‘tgach, O‘zbekiston rahbari bayonotiga asoslanib, “Sinhua” (Xitoy) agentligi muxbiri umuman o‘zgacha axborot tarqatdi(President blames violance on extremist. “China Daily”, may 16, 2005). Biroq “Bi-Bi-Si” kechirim so‘rash u yoqda tursin, har gal qandaydir “xalqaro kuzatuvchilar”, “nodavlat tashkilotlar”ga tayanib o‘z “siyosat”ini davom ettira boshladi.

Ko‘pgina sharhlovchilar O‘zbekiston o‘z axborotini kech tarqatgani ham bunga sabab bo‘ldi, deyishdi. Lekin gap nimadaligini tahlil qilish, asl axborotni aniqlash uchun vaqt kerak edi…

Ma’lum bo‘ldiki, bu beozor “musulmon ishbilarmonlar” Andijon viloyati hokimligini egallagunga qadar xalqaro terrorchilar yordamida harbiy blokpostni, harbiy qismdagi askarlarni, ofitserlarni o‘ldirib, qurollarini tortib olgan.

Bu haqda O‘zbekiston OAV tarqatgan axborot tan olinmadi, ya’ni “aslida qurollar egallangan, bosqin bo‘lgan” deya tuzatish berish o‘rniga, Hyorst voqeasidagi kabi, yangi ayblovlar qo‘yila boshlandi. Sal avval o‘qiding, AQShga tegishli kema portlashi oqibatida yuzdan ortiq matros halok bo‘lgandi. Qon to‘kildi. Ayblov — “Bu ishni ispan hukumati qilgan”. Andijonda ham qon to‘kildi. Ayblov o‘shanday — “Bu ishni hukumat qo‘shinlari qilgan”. Formula o‘sha-o‘sha. E’tibor bergan bo‘lsang, “Bi-Bi-Si” terrorchilar bosqini oqibatida qon to‘kilganini tinglovchilarga ta’kidlamadi, balki aybni hukumat kuchlariga ag‘dardi. “Agar xalqaro terrorchilar bosqini bo‘lmaganda, bu voqea yuz bermasdi”, demadi. “Nega” savoliga ularning maqsadi o‘zgacha edi, deya javob berishimiz mumkin.

Bunday deyishga asos bor. Birinchidan, “Bi-Bi-Si”ning axboroti tan olinmagach, Britaniya tashqi ishlar vaziri Jek Strou negadir AQSh rasmiylari bilan uchrashib, O‘zbekiston hukumatiga bosim o‘tkazishni talab qilganini qanday tushunish mumkin? Afrika qit’asidagi qirg‘inbarot urushlarni bartaraf etish xayoliga ham kelmagan angliyalik vazir nega aynan O‘zbekistonga qiziqib qoldi? Aslida, demokratik deb atalayotgan radiokanalning axborotini tasdiqlatish Angliya tashqi ishlar vazirining vakolatiga kiradimi? Balki tashqi ishlar vaziri O‘zbekistonda rangli inqilob amalga oshmaganidan jahl otiga mingandir? Rangli inqilobni amalga oshirishdan esa ularning manfaatdorligi aniq. Avvalo, O‘zbekiston mustaqilligiga turli xurujlar xavfi haqiqatda mavjud. Mustaqillikni asrab-avaylashimiz, xavflarning qaerlardan va qay tartibda paydo bo‘lishi mumkinligini aholiga tushuntirib berishimiz, axborot bo‘htonlari uyushtirilayotganda yoki geosiyosiy o‘yinlar davrida paydo bo‘ladigan turli talqinlar, soxta zarbalar mohiyatini izohlab borishimiz kerak. Axborotlarni imkon darajasida tez (birinchi bo‘lib) tarqatish bo‘yicha ham qator ishlarni amalga oshirish darkor. Axborot bo‘hronlariga o‘z vaqtida, lozim bo‘lganda chet tillarda tezkorlik bilan javob qaytarish muhimdir.

 

Halim SAYID,

“Oltin qalam” milliy 

mukofoti sovrindori

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − 1 =