SEN – MENGA TEGMA, men – senga tegmayman
Vazirlar Mahkamasining yil yakunlari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan majlisida davlatimiz rahbari har bir xonadonga kirib, kredit berish haqida tushuncha berishni taklif etgan edi. Buni qarangki, hafta o‘tar-o‘tmas bu amaliyotga joriy etilibdi. Dam olish kuni bo‘lishiga qaramasdan, uyga bankdan kredit olish bo‘yicha so‘rovnoma xati keldi. Unda 150 million so‘mgacha turli yo‘nalishda imtiyozli kredit berilishi haqida yozilgan. Hatto qishloqlarda ham bank xodimlarining ana shunday so‘rovnoma o‘tkazib yurganliklarini yaqinlarimizdan eshitib xursand bo‘ldik. Bunday imkoniyatdan ko‘pchilik foydalanish umidida yangi rejalar tuzmoqda. Agar bu yo‘nalishdagi ishlar shu zaylda davom etsa, bir-ikki yil ichida yurtimiz tadbirkorlar makoniga aylanib, tez orada rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilsa, ajabmas.
Shuningdek, yig‘ilishda ko‘plab sohalar tanqid qilinganidan barchamiz xabardormiz. Ayniqsa, mutasaddi rahbarlarga ko‘plab tegishli vazifalar yuklandi. Mazkur yig‘ilishdagi tilga olingan masalalardan nafaqat rahbarlar, balki har bir kishi o‘ziga tegishli xulosani chiqarib oldi, nazarimda. Prezidentimizning ayniqsa, “Mana shunday imkoniyatlardan samarali foydalanib, zamon talabini his etmasdan, eskicha ishlashga endi hech birimizning haqqimiz yo‘q. Xalqimiz bugun katta orzu-umidlar bilan yashayapti. Bu orzu-umidlarni kim amalga oshiradi? Avvalo, mana shu zalda o‘tirgan rahbarlar, mutasaddi va mutaxassislar, navqiron yoshlarimiz”, degan so‘zlari hech kimni bee’tibor qoldirmagani tayin.
Bu so‘zlardan shuni anglash mumkinki, endilikda shu yurtga daxldorlik hissi bilan yanada yonib yashash kerakday. Albatta, bu jarayonlarda asosiy mas’uliyat boshqaruvchilarga tushadi. Chunki har qanday idoraning barcha ishlari rahbarning qanday ish tutishiga bog‘liq.
Bundan bir necha yil oldin ish yuzasidan yirik kompaniya boshqarma boshlig‘idan ma’lumot olishga to‘g‘ri keldi. U kishi bilan telefon orqali bog‘lanishning o‘zi muammo. Qachon bog‘lansam, o‘ta bandligini ta’kidlardi. Hatto uni bezovta qilganimdan o‘zim ham xijolatdaman. Buni qarangki, bir oy deganda amallab u kishining oldiga kirishga muvaffaq bo‘ldim. Kiriboq og‘zim ochilib qoldi. U kishi oyog‘ini stolga qo‘ygancha kompyuterda o‘ynab o‘tirardi. Qo‘l uchida so‘rashib, bir xodimiga “bu kishi so‘ragan ma’lumotlarni berib yubor”, dedi. Ma’lumotni olishga o‘n daqiqa ham ketmadi. Bir oy kutganim o‘n daqiqada hal bo‘lsa-ya. O‘shandayoq boshqarma boshlig‘ining qanday qilib shunday mas’ul vazifada o‘tirganiga hayron bo‘lgandim. Biroq endilikda bunday kishilarning biror joyda ishlashi qiyin, nazarimda. Chunki davlatimiz rahbari har bir mutasaddiga xalq bilan ishlashni talab etmoqda. Endi xonada o‘tirib, qog‘ozlar bilan emas, balki joylarga chiqib, xalqning dardi bilan yashashni ko‘p bor ta’kidlayaptilar.
Prezidentimiz Qoraqalpog‘iston Respublikasiga qilgan tashrifi chog‘ida “Menga yuragi jo‘shib, ko‘zi yonib turadigan, ishlayman degan odamlar kerak”, deya ta’kidladi. Demak, davr ishga munosabat, har bir kishidan shu yurtga daxldorlik hissi bilan yashash, yon-atrofga befarq bo‘lmaslikni talab etmoqda.
Lekin hanuz oramizda boqimanda, dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydiganlar ham topiladi. Ular o‘zlaridan boshqani ko‘rmaydilar. Yon-atrofda bo‘layotgan o‘zgarishlarga yoki ko‘z oldida turgan muammolarga mutlaqo befarq. Kasb taqozosiga ko‘ra har xil kishilar bilan uchrashishga to‘g‘ri keladi. Ayrimlar faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan yoki haq-huquqlari poymol bo‘layotganidan noliydi. “Siz jurnalistsiz, yozing shularni”, deyishga deydi-yu, ismi-sharifini so‘rasangiz, aytgisi kelmay, o‘zini olib qochadi. Ulardan shular haqida biror joyga murojaat qilganmisiz deb, so‘rasangiz: “Bizni kim ham eshitardi, yozsam, ishdan bo‘shatib yuboradi yoki “yozuvchi” nomini olaman”, deyishadi. Uzoqqa bormaylik. Gazetamizning oldingi sonlarida Yashnobod tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birining yerto‘lasi ayanchli ahvolda ekani haqida yozgan edik. Chetdan qaraganda bu masala o‘sha uyda istiqomat qiluvchilarning yig‘ini hal qilsa ham bo‘ladigan muammo. Biroq jonkuyar yetakchi yoki birlashuv bo‘lmagani bois, ahvol shu darajaga yetgan. Muammo yillar mobaynida hal etilmay kelgan. Axir, o‘zi yashab turgan uyga – Vataniga befarq bo‘lish mumkinmi? Aksariyat kishilarimiz davlat qilib beradi, qabilida ish tutishga ko‘nikib qolgan. Yana bir misol. Yaqinda poytaxtimizda joylashgan 90-maktabda tor doirada yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Ko‘plab o‘qituvchilar o‘zini qiynayotgan masalalarni aytishdi. Ulardan biror joyga yozma murojaat qilganmisiz, deb so‘ralganda, aksariyati yuqoridagi gaplarni aytib qoldi. Murojaat qilganlari esa o‘zlaridan yuqori turuvchi idoradan gap eshitganini ta’kidladi.
Ko‘rib turganingizdek, jamiyatimizda ayrim muammoyu illatlarning ildiz otib ketishiga o‘zimiz ham sababchidek. Oddiy fuqarolar, ishchilar o‘z haq-huquqlari uchun kurashmasa, unda muammolar yechimi ortga surilib ketavermaydimi?
Shu tuproqda yasharkanmiz, har bir fuqaro o‘z mehnati bilan vatan ravnaqiga hissa qo‘shar ekan, avvalo oilasini, so‘ng faoliyat yuritayotgan joyini obod qilsa, shuning o‘zi ham Vatani uchun qilingan eng katta ishdir.
Bobur MUHAMMADIEV,
“Hurriyat” muxbiri