ADOLAT TAROZISINING SHAYINI TO‘G‘RIMI?

Falsafada shunday kategoriyalar bor: sabab va oqibat, zaruriyat va tasodif, mutlaqlik va nisbiylik… Bular zid tushunchalar bo‘lishi bilan birga, dialektik xarakterga ham ega, ya’ni biri ikkinchisini keltirib chiqaradi. Har bir oqibatning ma’lum sababi bo‘ladi yoki hech bir oqibat sababsiz bo‘lmaydi. Deylik, shikoyat yozib idorama-idora yuradigan odamni bir so‘z bilan “shikoyatchi” deymiz. Unga bu “maqom”ning berilishiga ma’lum sabablar bo‘ladi.

 

U kimdan va nimadan norozi? 

Nega eshikma-eshik sarson yuribdi? 

Ana shu savollarga javob topilsa, sabab ma’lum bo‘ladi va oqibatning mohiyati ochiladi.

Tahririyatimizga muammosining yechimi topilmay, yillab sargardon bo‘lib yurganlardan shikoyatlar kelib turadi. Shunday arznomalardan biri Toshkent shahar Uchtepa tumani Sadoqat ko‘chasi 36-uyda yashovchi Nig‘mon Rahimjonovdan kelib tushgan. Nig‘mon aka ko‘targan masala to‘rt-besh martalab xo‘jalik sudida ko‘rilgan va shu qadar chalkashib ketganki, yaxshigina labirint hosil bo‘lgan. 

Xo‘sh, gap nimada o‘zi? 

Ish nega bu qadar chalkash va hamon yechim topolmayapti? 

Sabablarni birgalikda izlab ko‘ramiz.

Nig‘mon aka ellik yil savdo sohasida xizmat qilgan, kasbi iqtisodchi, 72 yoshda. Shayxontohur tumani, general Uzoqov ko‘chasi 149-uyda joylashgan “Asli gulzor” xususiy firmasi rahbari bo‘lib kelgan. Mazkur firma avval “Shayxontohur taom” AJ tarkibidagi qirqdan ziyod oshxonalardan biri bo‘lgan. 6-sonli oshxona keyinchalik o‘sha paytda amalda bo‘lgan Respublika Vazirlar Mahkamasi 1994 yil 18 iyulda qabul qilgan “Ob’ektlarning xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlari tarkibidan chiqishi tartibi to‘g‘risida”gi 366-sonli qarorga asosan “Gulzor” jamoa korxonasiga aylantirilgan. 

Ma’lumotni shu yerda to‘xtatib, fikrlashga o‘tsak. Korxona jamoasi aslida “Gulzor” nomi bilan faoliyatni davom ettirsa bo‘lardi. Negadir ularning bir guruhi “Asli gulzor” nomi bilan ajralib chiqishni ixtiyor etgan. Birinchi tugun shu yerda hosil bo‘lgan. 

Yana ma’lumotlar bilan tanishishda davom etamiz. 

Korxona 1995 yil 9 oktyabrdagi Toshkent shahar Shayxontohur tumani hokimining 1233/10-sonli qarori bilan “Asli gulzor” xususiy firmasi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan. 

Ishni o‘rganish jarayonida N.Rahimjonov qo‘lida mulkiy huquqni tasdiqlovchi davlat orderidan tortib, 15 ta – barcha zarur yuridik va texnik hujjatlar borligi ma’lum bo‘ldi (ularning nusxalarini ariza bilan birga tahririyatga topshirgan). Mazkur manzil 147-uyda faoliyat ko‘rsatgan fuqaro, “Gulzor” xususiy korxonasi rahbari P.Ilmuratov (bu fuqaro bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi) negadir 2009 yil 25 iyunda “Asli gulzor” xususiy firmasi nomiga rasmiylashtirilgan mulkiy huquqni tasdiqlovchi davlat orderini hamda “Shayxontohur taom” AJ va “Gulzor” jamoa korxonasi o‘rtasida 1994 yil 9 sentyabrda tuzilgan oldi-sotdi va uch tomonlama shartnomani bekor qilishni so‘rab, Toshkent shahar xo‘jalik sudiga da’vo ariza bilan murojaat qiladi. Javobgar sifatida Davlat mulki qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi va Yer tuzish ko‘chmas mulk shahar kadastr boshqarmasi ham sudda ishtirok etgan. Da’vogar 1981 yil 13 iyulda shahar ijroiya komiteti qarori bilan “Tashavtotexxizmat”ga 1,25 gektar yer ajratish to‘g‘risidagi (16 yil avval bekor qilingan) qaror hamda X.Sulaymonova nomidagi sud-ekspertiza markazi xulosasini xo‘jalik sudiga dalil sifatida taqdim etgan. Holbuki, 1993 yil 15 iyulda Toshkent shahar hokimi chiqargan farmoyishning sakkizinchi ilovasiga ko‘ra, ushbu yer maydoni da’vogarga tegishli bo‘lmagan. Ya’ni mazkur qarorga binoan 1993 yilgacha bo‘lgan barcha qarorlar bekor qilinib, da’vogar “Gulzor” xususiy korxonasiga 1,1 gektar yer maydoni ajratilgan, qolgan 0,15 gektar yer “Asli gulzor” va “Gulchehrabonu” xususiy firmalariga qoldirilgan. Qaror osti hujjati hisoblangan “Tavsifnoma” (ajratilgan yer maydonlari chizmasi)ning da’vogarga tegishli qismi qora, qolgan ikki xususiy firma uchun qoldirilgan qismi esa bo‘yalmagan holatda ajralib turibdi. Shu tartibda taqsimlab berilgan yer maydoni va mazkur qaror osti hujjati sud jarayonida inobatga olinmagan. Bunga sud-ekspertiza markazi bergan xulosa sabab bo‘lgan. Chunki markaz “Tavsifnoma” (chizma)dagiga mos kelmaydigan, ya’ni “Asli gulzor” xususiy firmasi egallab turgan yer maydoni da’vogarga tegishli hududda turibdi, degan xulosani bergan. Shu tariqa 2009 yil 14 oktyabr kuni o‘qilgan sud hukmiga ko‘ra, P.Ilmuratov da’vosi qanoatlantirilgan. 

Savol tug‘iladi: 1993 yilgacha qabul qilingan qarorlar bekor qilingan bo‘lsa, sudda bu nega inobatga olinmadi? Javobgar N.Rahimjonov sudga topshirgan yuridik va texnik hujjatlar, jumladan, yer maydonlari taqsimotini isbotlab beruvchi chizmachi?

Shikoyat xatida shunday jumlalar bor: “Toshkent shahar xo‘jalik sudida ko‘rilgan 10-09(21)05/10786-sonli ish hujjatlari advokatlarim bilan o‘rganilishi natijasida tuman kadastr rahbari Z.Rahimov tomonidan taqdim etilgan 15.07. 1993 yildagi 253-sonli qaror sud ish hujjatlarining 223-betida mavjudligi, biroq qaror osti biz uchun muhim bo‘lgan “Tavsifnoma” sud ish hujjatlaridan olib tashlangani ma’lum bo‘ldi. Bu ham kamlik qilib, shahar GL. APU o‘rinbosari T.Sodiqov imzosi bilan bizning zararimizga tayyorlangan va tuman prokurori B.Po‘latov imzosi bilan ushbu xat yanglishib noto‘g‘ri berilgani sababli ogohlantirilgan soxta xat hal qiluv qarori qabul qilingandan keyin, ertasiga 2009 yil 15 oktyabr kuni yashirin kirim qilingani va sudya X.Jalilov tomonidan 7 ta nusxada ko‘paytirilib, sud ish hujjatlarining bir nechta betiga joylashtirilgani aniqlandi”.

Bu, albatta, shikoyatchining shaxsiy fikri. Uning vajlariga e’tibor bermaslikning esa iloji yo‘q. Shu fikrda huquqiy hujjatlardan dalil izladik…

Xo‘jalik protsessual kodeksining 61-moddasida shunday deyiladi: “Xo‘jalik sudi ishdagi mavjud dalillarni har tomonlama, to‘liq va xolis tekshirishga asoslangan o‘z ichki komil ishonchi bo‘yicha baholaydi”. 

To‘g‘ri, ikki tomon ham o‘zini haqman, deydi. Ammo advokatlar ham huquqshunos-ku, ular ishtirokida ko‘zdan kechirilgach, aniqlangan bu holatga qanday baho berish kerak? Mana shu yerda kalava yanada chigallashyapti. Tabiiyki, bu ishlardan norozi bo‘lgan N.Rahimjonov Toshkent shahar hokimiga murojaat qilgan va yer maydonlarini qayta o‘lchab xulosa berishni so‘ragan. Toshkent shahar kadastr tashkiloti atroflicha tekshiruv o‘tkazib, 2009 yil 20 noyabr kuni 1508-sonli xulosani taqdim etgan. Unga ko‘ra, “Asli gulzor” xususiy firmasi egallab turgan 853 kvadrat metr yer maydoni da’vogarga berilgan 1,1 gektar yer hududiga kirmaydi. Aksincha, da’vogar P.Ilmuratov o‘ziga qarashli maydondan tashqari, ko‘chaga ajratilgan 1804 kvadrat metr yer maydonini noqonuniy o‘zlashtirib olgani to‘g‘risidagi ma’lumotnoma chizma (sxema)lari bilan birga berilib, ushbu hujjatlar apellyatsiya sudiga taqdim etilgan. Ammo apellyatsiya, undan so‘ng Oliy xo‘jalik kassatsiya sudlari ham birinchi instantsiya sudining qarorini o‘zgarishsiz qoldirgan. Shundan so‘ng 2010 yil 25 mart kungi Oliy xo‘jalik Rayosat sudining 29-sonli qarorida sud instantsiyalari tomonidan ish holatlari to‘liq aniqlanmagani, barcha dalillarga tegishli huquqiy baho berilmagani hamda moddiy va protsessual huquq normalari buzilgani uchun sud hujjatlari bekor qilingan va ishni yangidan ko‘rish uchun birinchi instantsiya sudiga yuborilgan. 

Ammo vaziyat yana o‘zgarmay qolaveradi. So‘ng Oliy kassatsiya sudiga raislik qilgan I.Alimovning 2010 yil 25 oktyabrdagi qaroriga asosan ikkita noqonuniy sud qarori takroran bekor qilinib, bu gal sud hukmi N.Rahimjonov foydasiga o‘qiladi. Ammo P.Ilmuratov bu ishni tinchgina qabul qilmaydi. 2011 yil 27 yanvarda Bosh prokuraturadan mazkur sud qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi protestni olishga erishadi va ertasigayoq 10-sonli qaror tayyorlanib, endi sud ishini ko‘rish uchun Toshkent viloyat xo‘jalik sudiga yuboriladi. N.Rahimjonov esa yuqorida aytganimiz P.Ilmuratov yer maydoniga “o‘zboshimchalik bilan qo‘shib olingan”1804 kvadrat metr maydoniga oid qarshi da’vo ariza topshiradi. Sud ishini olib borayotgan Z.Qurbonova bu hujjatni ko‘rib, ishni boshqa kunga qoldiradi. Ammo negadir sudya mazkur ishni davom ettirmaydi. Sud ishi endi sudya X.Isaev raisligida boshlanadi. 

Qizig‘i, N.Rahimjonov topshirgan 15 ta hujjat va ularning ro‘yxati ustiga Toshkent viloyat xo‘jalik sudi qabulxonasi muhri va shtampi urilgan (demak, ushbu hujjatlar qabul qilib olingan)iga qaramay, sud qarorida “Asli gulzor” xususiy firmasi yer maydonlari va bino inshootlari davlat ro‘yxatiga olinmagan va davlat kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagani qayd etilmoqda. 2011 yil 5 apreldagi hal qiluv qarorida Toshkent shahar Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi vakili ushbu nizoli yer ob’ektiga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmaganini bildirdi, mazmunida vaj ham keltirilgan. Biroq mazkur tashkilot (kadastr)ning o‘sha yili 19 aprelda bergan ma’lumotnomasida “korxonamiz vakili ko‘rsatmasiga qaramay, sudga taqdim etilgan kadastr hujjatlari nusxalariga asosan, buning aksi ekani ma’lum bo‘ldi. Yuqorida ko‘rsatilgan manzilda joylashgan “Asli gulzor” xususiy firmasiga tegishli oshxona binosi va yer hududi davlat kadastr ro‘yxatidan o‘tganini ma’lum qilamiz” deyilmoqda. Qisqasi, viloyat xo‘jalik sudidan so‘ng labirint yanayam kattalashgan. Buni qanday tushunish kerak? Bir tashkilotdan ikki xil javob? 

N.Rahimjonov yana apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qiladi, ammo rad etiladi. Shundan so‘ng Oliy xo‘jalik kassatsiya sudi ishni ko‘rib chiqadi, ammo viloyat xo‘jalik sudining hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldiradi. Natijada, “Asli gulzor” xususiy firmasiga tegishli bino buzdirib tashlanib, ishlab chiqarish vositalari yaroqsiz holga keltirilgan, oqibatda o‘ttiz kishi ishsiz qolgan. 

Fuqarolik kodeksining 187-moddasi 1-bandida mulkka uzluksiz ravishda 15 yil egalik qilgan shaxs ushbu mulkka egalik huquqini qo‘lga kiritishi haqidagi dalil bor. N.Rahimjonov esa 16 yillik mulkdan mahrum bo‘lib qolmoqda. Xo‘sh, to‘rt-besh martalab ko‘rilgan nizoli yer muammosi hal etilmasdan besh yarim yildan buyon bugungacha cho‘zilib kelishiga sabab nima va sud organlarida yo‘qotilgan kalavaning uchini kim topib beradi? 

Ushbu masalaga aniqlik kiritish maqsadida Davlat raqobat qo‘mitasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga yozma murojaat qilindi va “Asli gulzor” xususiy firmasiga berilgan hujjatlar qonuniyligini tasdiqlovchi javob olindi. Javob xatidan ma’lum bo‘ladiki, mazkur tashkilot ham Toshkent viloyat xo‘jalik sudining mulkiy huquqni tasdiqlovchi davlat orderini haqiqiy emas, deb topish bo‘yicha qaroriga nisbatan nazorat tartibida protest keltirish haqidagi ariza bilan Oliy xo‘jalik sudi Rayosatiga 2011 yil 27 iyulda murojaat qilgan. 

 

Xullas, bir-birini inkor etuvchi dalillarni taxlil qilaversang qog‘oz chidamaydi. Ushbu maqolani gazeta sahifasiga olib chiqishdan maqsad tomonlarni aybdorga chiqarish emas, mutlaqo. Matbuot o‘z vakolati doirasida bir fuqaro qilgan murojaatiga xolisona yondashib, muammoning hal etilishiga ko‘mak berish, jamoatchilik hukmiga havola etish, pirovard natijada ikki tomon uchun ham maqbul nuqtaning topilishiga mas’ul. Shunday hukm chiqarilsinki, aybdor o‘z aybini tan olsin, javob kutayotgan tomon qoniqsin. Eng muhimi shu. 

Tahririyat ushbu masalada malakali mutaxassislardan odilona javob kutadi.  

Xolida FAYZIYEVA,

“Hurriyat” muxbiri

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × five =