EL DARDIGA MALHAM IZLAB
Biz naqshu nigorlari ko‘zni oladigan binolarga, har yaprog‘idan vujudimizga hayot sochilayotgan daraxtzorlarga, qarasang, chehrang, ko‘zgudagidek namoyon bo‘layotgan yo‘llarga hayratlanib boqamiz. Har satridan tafakkur durlari to‘kiladigan kitoblar, hazrat Navoiyning dostonlaridan chiqib kelgan Oynai jahonlar… Bir ibora bilan aytganda, bizni hayratu havasimizni oshiradigan yaratiqlar ko‘p dunyoda. Ular haqida so‘z borganda:
– Qoyil! Juda ajoyib! – deymiz-u, ularning yaratuvchilari, kashshoflari haqida har doim ham o‘ylayvermaymiz. Aslida hayotimizda mavjud bo‘lgan barcha yaratiqlar zamirida inson, uning mehnati yotadi. Shuning uchun tarixlardan to shu kungacha kattami, kichikmi, mamlakatga boshchilik qilgan eng odil rahbarlar inson omilini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Eng avvalo uning emin-erkin yashashi, mehnat, ijod qilishi haqida, salomatligining muhofazasi haqida qayg‘uradi.
Inson manfaatlari, uning shaxsini yuksaltirish, qalbida ming yillik qadim qadriyatlarimizga ehtirom, Vatanga daxldorlik tuyg‘ularini uyg‘otish orqali o‘zligini saqlab qolish kabi biri-biridan dolzarb masalalar Istiqlol me’mori – O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov olib borgan davlat siyosatining markazida turardi.
Inson omilini yuzaga chiqaruvchi, uning iqtidori, salohiyatini namoyon etuvchi vositalardan biri u bilan muloqotdir. Jamlanganda xalq deb ataluvchi, aslida yakka-yakka qaralganda har biri o‘z orzu-armoni, qobiliyati, maqsadiga ega bo‘lgan insonlar bilan yuzma-yuz suhbatlashish bor duru javohirlarni bag‘riga ko‘mgan xazinani ochishday gap.
Ana shu bebaho xazinaning eshigini ochish, undagi boyliklarni yurt farovonligiga sarflashdek ezgu ishni keng ko‘lamda davom ettirish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev taklifiga binoan joriy yilimiz “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nomlandi. Zero, xalq bilan muloqot, eng avvalo, uning dardiga, xohish-istaklariga quloq tutishdan boshlanadi.
Prezidentimizning qator Farmonlari, xususan, mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida so‘zlagan ma’ruzasidagi “… Bundan keyin vazirlik va idoralar, birlashma va tashkilotlar rahbarlari, hokimlarning faoliyati shunchaki hisobotlar, iqtisodiy raqamlar bilan emas, balki xalq orasiga qay darajada kirib borgani, uning muammolari yechimiga qay darajada ko‘maklashgani bilan baholanadi”, degan gaplari xalqimizni yanada to‘lqinlantirib yubordi. Ularga o‘zgacha shijoat baxsh etib, mudroq qalblarni uyg‘otdi. Davlatimiz rahbari xalqning dardu tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini o‘rganish, qalbiga yo‘l topish orqaligina ularning manfaatlarini ta’minlash mumkinligini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi oldiga quyidagi aniq vazifalar qo‘yildi:
Birinchi vazifa – biz uchun muqaddas bo‘lgan oila asoslarini yanada mustahkamlash, xonadonlarda tinchlik-xotirjamlik, ahillik va o‘zaro hurmat muhitini yaratish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni aniq mazmun bilan to‘ldirishdan iborat bo‘lmog‘i zarur.
Ikkinchi vazifa – ayollar o‘rtasida jinoyatchilik, oilalarda ajralishlar ko‘paygani, yoshlarning turli diniy-ekstremistik oqimlar va terroristik tashkilotlar ta’siriga tushishi kabi xalqimizga xos bo‘lmagan achchiq va noxush masalalar bilan bog‘liq.
Uchinchi vazifa – ayollarning ularga munosib mehnat bilan bandligini ta’minlash masalasidir. Ayollar uchun doimiy ish joylari yaratish borasidagi muhim masala bilan bir qatorda, oilaviy biznes, kasanachilik, hunarmandchilik, tomorqa xo‘jaligini keng rivojlantirish ishlari ham oqsamoqda.
Prezidentimiz topshirig‘iga asosan, Bosh vazir o‘rinbosari – Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboeva tomonidan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, “Nuroniy”, “Mahalla”, “Kamolot” tuzilmalari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Savdo-sanoat palatasi va tijorat banklari rahbar va mutasaddilaridan iborat uchta guruh shakllantirilib, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlariga uch oy muddatga xizmat safariga yo‘naltirildi. Har bir viloyat, shahar va tumanlarda 25-30 kishidan iborat ishchi guruhlari ish boshladi. Bugungi kunga qadar Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida guruh a’zolari tomonidan 1035 ta mahalla o‘rganildi. 134518 ta oilaning 471771 nafar a’zolari bilan bevosita muloqotlar uyushtirildi. Suhbat jarayonlarida 163901 nafar ayollar, 90018 nafar yoshlar ishtirok etishdi. Shuningdek, 1998 ta kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlari, 444 ta sog‘liqni saqlash, 1226 ta ta’lim muassasalari o‘rganildi.
Oilalar bilan muloqotda viloyatlar va tumanlardagi tashkilot rahbarlarining bevosita ishtirok etayotgani ko‘plab muammolarni joyida hal qilish imkonini bermoqda.
O‘rganish davomida ijtimoiy, iqtisodiy, ta’lim, sog‘liqni saqlash yo‘nalishlari, diniy faoliyat, mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyatiga oid 10847 ta muammoli holat aniqlanib, ulardan 7340 tasi joyida hal etildi.
Aniqlangan muammolardan 3145 tasi tuman, 247 tasi viloyat dasturlariga kiritildi. Respublika darajasida yechiladigan 115 ta muammoning yechimi bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilmoqda.
– Muloqotlar jarayonida bank plastik kartochkalari bilan bog‘liq muammolar jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘layotgan, ayniqsa, nafaqa pullarining naqd pulda berilishini so‘rab qilingan murojaatlar soni kundan-kunga ortib borayotgan edi, – dedi O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi yetakchi mutaxassisi Saodat Boymirzaeva. – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori biz xonadonlarga olib kirgan eng katta xushxabar bo‘ldi.
O‘rganishlar natijasida odamlarni ko‘proq gaz va elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar, ichki yo‘llarning ahvoli, toza ichimlik suvi, ishsizlik, tibbiy xizmat, uy-joy bilan bog‘liq muammolar qiynayotgani aniqlanyapti va ular imkon doirasida hal qilinyapti. Qishloqlar, mahallalarda uyma-uy yurib aholi bilan olib borilayotgan bunday yuzma-yuz muloqotlar xalqimizning o‘z kelajagi, mamlakatimiz kelajagiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
Feruza JALILOVA,
“Saodat” jurnali bosh muharriri