EL KIM O‘ZI? YOKI NOO‘RIN ANDISHANING BAHOSI…
Uzoq yillik qadrdon opam bor. Kasbi o‘qituvchi, umri maktabda o‘tgan. O‘tgan yili nafaqaga chiqdi. Bir kuni hol-ahvol so‘ray, deb qo‘ng‘iroq qilsam, mehnat faoliyati davomida pensiya daftarchasida jamg‘arilib qolgan pullarini olib, o‘g‘lining to‘yiga atab bitta buqacha sotib olganini aytdi. Shu orqali shug‘ullanish uchun mashg‘uloti borligi haqida xursand bo‘lib gapirdi. Opaning ko‘tarinki kayfiyatidan men ham suyundim.
Qish kunlari molga qarash opa uchun og‘irlik qila boshladi. Sovuqda unga yem tayyorlab, suv tutish oson emasdi. Oila a’zolari kelishib, ho‘kizni sotmoqchi bo‘lishibdi.
Opani ko‘rgani borganimda, ho‘kizning taqdiri bilan qiziqdim. U xotirjam ohangda:
– Ho‘kizni sotib, puliga to‘yning arog‘ini olib qo‘ydik, – dedi.
Opaning kasaldan toliqqan yuz-ko‘zlariga qarab qotib qoldim. Ayni damda unga alohida parvarish, dori-darmon, kaloriyali oziq-ovqat kerakligini, biroq moddiy ahvoli birmuncha tangligini bilib turardim. Beixtiyor o‘rnimdan turib ketishga chog‘landim. Uy egalari hayron bo‘lib meni o‘tirishga undar, men esa tezroq bu yerni tark etgim kelardi…
Yo‘l-yo‘lakay o‘zimga o‘zim gapirib boryapman… Qayoqqa qarab ketyapmiz? Ziyolilarimiz shu yo‘lni tutsalar, boshqalardan nima kutish mumkin? Ro‘zg‘ordan iqtisod qilib, peshona teridan toma-toma yig‘ilgan pulini 3-4 soatda o‘tadigan to‘yning arog‘iga sovurish shartmidi? Umuman, to‘yda aroq ichilishi qanchalik muhim? Kayfi taroq odamlarning kelin-kuyov uchun bildiradigan tilaklari ijobat bo‘larmikan!
Mehmondo‘st, orzu-havasli xalqmiz. Bir-birimizga “Boshingiz to‘ydan chiqmasin”, “Topganingiz to‘ylarga buyursin”, deya tilaklar bildiramiz. Biroq bu o‘zbekning to‘ydan boshqa tashvishi yo‘q, degani emas-ku.
Ezgu niyatlar bilan o‘g‘il-qiz o‘stiramiz, oppoq orzular bilan kelin tushiramiz yoki qiz uzatamiz. Afsus, ba’zan dabdabali to‘y taassurotlari sovimasdan turib, arzimas sabablar bilan ikki tomonga sovuqchilik tushadi. Hamma hayron… Ajralish sabablarini o‘zimizcha tahlil qilgan bo‘lamiz. Kimdir bunga kuyovning noshudligi sabab desa, yana birov kelinning uquvsizligini sabab qilib ko‘rsatadi. Masalaning ma’naviy tomonini hech kim o‘ylamaydi.
Payg‘ambarimiz (alayhissalom) qizlari Fotimani (roziyallohu anho) Ali ibn Abu Tolibga (roziyallohu anhu) nikoh qilib berganlarida, musulmonlarga kamtarona to‘y qilib berganlar. Muqaddas kitoblarimizda ham ota-onalar o‘g‘il-qizlariga to‘y qilishda haddan oshmasliklari uqtiriladi. To‘y qilishdan maqsad yoshlarning nikohini xalqqa bildirib, ular kelajakda baxtli-saodatli turmush qurishlari uchun el oldiga dasturxon yozish va odamlarning duosini olishdan iborat.
Bir es-hushimizni yig‘ib, mushohada qilib ko‘raylik. Bizda kelin-kuyovning mustaqil hayotga qadam qo‘yishi qanday kechayapti? Dilbandlarimizning baxt-saodati uchun qanday ezgu ishlarni qilyapmiz?
Bugungi kunda shahar va tuman markazlarida yangi-yangi to‘yxonalar qo‘ziqorinday qad rostlamoqda. Ajab, hashamatli to‘yxonalar qurishga kuchi yetgan badavlat insonlar kutubxonalar qurishsa bo‘lmasmidi? Buning savobi ularning yetti avlodiga yetib, ularni ikki dunyo saodatiga musharraf etadi-ku! Ushbu to‘yxonalarda yuzlab kishilarga ziyofat berayotgan to‘y egalari-chi?
O‘zimcha o‘ylab qolaman, farzandlari baxtli bo‘lishini istagan ota-ona bir kechalik bazmu jamshidga ketadigan mablag‘ning yarmini boshqa xayrli ishlarga sarflasalar qanday ajoyib ish bo‘lardi. To‘yga 600 emas, 300 nafar mehmon taklif qilsa, to‘y xarajati ikki barobar tejaladi. Buyam, albatta, o‘z jamg‘armasi bo‘lsa. Qarzga olingan bo‘lsa yoki og‘a-inilardan rozi-norozi qilib undirilgan bo‘lsa, bundan yomoni yo‘q. O‘rtacha bir million so‘m maosh oladigan ro‘zg‘orli kishi buncha mablag‘ni bir necha yilda ham jamg‘ara olmasligi barchaga kundek ayon-ku. Bu masalaning boshqa tomoni.
O‘g‘il-qizimiz baxtini so‘rab yozadigan dasturxonimizga ketadigan sarf-xarajatning bir qismini ziyofat ko‘rinishida emas, balki o‘sha mablag‘ni muhtoj oilalarga, mehribonlik va qariyalar uylariga, obodonlashtirish ishlariga, yoshlarga va ilm-ma’rifat tarqatish yo‘llariga sarf qilinsa, nur ustiga nur bo‘lmaydimi?
Ota-ona to‘y uchun jamg‘argan mablag‘ining yarmini, masalan 10 million so‘mini mahalla faollari bilan maslahatlashib, qishlog‘idagi yoki mahallasidagi kamxarjroq oilalarga: bittasiga qoramol, yana bittasiga 2-3 ta qo‘y-qo‘zi olib bersayu, evaziga yoshlarni duo qilishini so‘rasa, qanday bo‘larkin? Yoki mahallada davolanishga muhtoj, ammo iqtisodi tangroq insonga 5-6 million so‘m yordam ko‘rsatsa, bemorning duosi ijobat bo‘lishiga kafillik bor-ku! Shartnoma pulini to‘lashga qiynalayotgan qo‘li kaltaroq ota-onaga farzandining bir yillik shartnoma pulini to‘lab bersa-ku, butun bir oila umrbod minnatdor bo‘lib, uning yetti pushti haqqiga duoda bo‘ladi. Yoki farzandlari ta’lim olgan maktabga badiiy kitoblar sovg‘a qilsa yarashmaydimi? Axir, ilm-ma’rifat yo‘lida sarflangan mablag‘ bu dunyoda yo‘llarini, u dunyoda qabrini nurafshon qilib turadi-ku.
To‘ydan iqtisod qilingan 10 million so‘m 50 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchisining bir yillik (o‘rtacha 1000 so‘mlik) nonushtasiga yetar ekan. Beg‘ubor bolalarning xursandchiligidan yog‘ilgan ajru savoblar kelin-kuyovlar hayotini saodatli qilishiga ishonmay bo‘ladimi?! Hamma oilada ham bolalarga nonushtada to‘yimli yegulik berilmasligini hisobga olsak, buning savobini chamalayvering. Bir yil davomida 50 ta bolaning qorni to‘q bo‘lib, bu ularning salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, darslarni o‘zlashtirishi yaxshilanadi. Voajab, 3-4 soatlik ziyofatga ketadigan mablag‘ning yarmini iqtisod qilish bilan qancha savob topsa bo‘larkan-a… Bunday xayrli ishlarimiz bilan nafaqat mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlarimizga, balki 50 nafar bolayu uning ota-onasiga o‘rnak bo‘lamiz.
Butun boshli ho‘kizning puliga to‘yga aroq olgan opamizni “yaxshi yeb-ichish, chiroyli kiyinib yurish, o‘yin-kulgi va to‘y-tomoshalarga moyilligi bor”, deyolmaymiz. U mehnatdan boshqani ko‘rmagan, umrida yaxshiroq bir libos kiymagan, biron marta sihatgohda davolanmagan. Umri uy bilan maktab orasida o‘tgan, hamkasblarining yaxshi-yomon kunlarida bosh-qosh bo‘lgan, yoshlarga insof-diyonatdan dars bergan. Unda gap nimada? Hamma gap o‘zbekning noo‘rin andishasida! Ha, bilib turib eldan qolmay deb, borimizni ko‘kka sovuramiz. Bu dabdabalardan menga, farzandlarimga nima foyda, demasdan, el nima deydi, degan andisha bilan o‘zimizni o‘t bilan cho‘qqa uramiz. El kim o‘zi? El – bu men, siz va u emasmi?
Salima XOLDOROVA