Yulduzlar so‘nmaydi yoki “Diydor shirin…”
Nasiba Maqsudova… O‘zbek suxandonlari maktabining qaldirg‘ochlaridan biri. Yoqimli ovoz sohibasi, iste’dodli telejurnalist, tinib-tinchimas samimiy inson… Uni eslagan sari yangi-yangi fazilatlari, umr manzillarida to‘qnash kelgan onlar xotirotlari ko‘z oldimda bir-bir tizilaveradi…
Nasibaxonni ellik yildan beri bilaman. O‘tgan asrning 60-yillarida universitetni tugallab, televidenieda ish boshlagandim. 1956 yili asos solingan o‘zbek televideniesi mamlakatimiz media muhitida o‘z o‘rnini topib, kattayu kichikni sehrlab, ilm-fanning bunday taraqqiyoti namunasidan hayratlarga cho‘lg‘ab kelayotgan paytlar edi o‘shanda. Teleijodkorlarni tayyorlashda ham endi tajribalar to‘planayotgan vaqt edi. Xususan, telejurnalist bo‘lib yetishish uchun ayni televideniening o‘zida amaliy bilim-ko‘nikma hosil qilinardi. Bir so‘z bilan aytganda, bu yerda ishlash biz yosh jurnalistlar uchun mahorat maktabi, sharaf va iftixor edi.
Bu vaqtlarda televidenie suxandonlari mamlakatning mashhur kishilari qatorida edi, desak mubolag‘a emas. Bu tushunarli, negaki, ekran orqali xalq bilan ayni ular muloqot qilar, barchaning diqqat-markazida turardilar. O‘ktam Jobirov, Galina Melnikova, Nasiba Ibrohimova, Nasiba Qambarova, Georgiy Irlin… Ular milliy televideniening ilk diktorlaridan edilar. Tasodifni qarangki, o‘zbek tilidagi ayol suxandonlarning har ikkisining ismi ham Nasiba edi va bu ko‘pchilikning diqqatini tortgan edi. Ko‘p o‘tmay yana bir Nasiba – yosh, kamtarona libosi o‘ziga yarashgan nozikkina qiz ular safidan o‘rin oldi. Bu endi O‘zbekiston televideniesida faqat Nasibalar suxandon bo‘lib ishlaydi, kabi hazilomuz fikrlarga sabab bo‘ldi.
Men avvaliga jurnalist sifatida ko‘rsatuvlar tayyorlaganim, keyinroq dasturlar direktsiyasida turli lavozimlarda ishlaganim uchun faoliyatim albatta suxandonlar guruhi bilan bog‘liq edi. Nasiba o‘zining xushchaqchaqligi, dadilligi va qat’iyati bilan e’tiborni tortardi. U dasturlarni ustozlari ko‘rsatma va o‘gitlariga amal qilib olib borardi, biroq, ayni paytda uning o‘ziga xos talqini yaqqol ko‘zga tashlanib ham turardiki, bu uning Nasiba Maqsudova bo‘lib tanilishi, hurmat-e’tibor qozonishida asosiy omil bo‘ldi. Shu zaylda u tilga tushdi, muxlislari ham ko‘payib bordi. Yana shunisi bor ediki, Nasibaxon vaqtini bekor o‘tkazmas, o‘zini turli sohalarda sinab ko‘rishga harakat qilardi: bir qarasangiz, bolalarga atalgan ko‘rsatuvlarda qo‘g‘irchoqlarni harakatga keltirib, ular nomidan so‘zlagan, bir qarasangiz, multfilmlar qahramonlariga ovoz bergan, yo bo‘lmasa, ko‘rsatuvlar mualliflari bilan matn bo‘yicha fikr-mulohaza almashgan, xullas, tinib-tinchimas, orzulari olam qiz edi.
Oradan yillar o‘tdi. Mening faoliyatim televideniedan yiroqlashdi, ko‘p yillar chet ellarga eshittirishlar tayyorlovchi “Toshkent xalqaro radiosi”ni boshqardim, keyinroq, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi etib saylandim. Bu paytga kelib Nasiba Maqsudova ham qirq yildan ortiq samarali faoliyat olib borgan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasidan yosh bo‘yicha nafaqaga chiqdi, kuch-g‘ayrat, shijoatga to‘liq qalbi uni uyda o‘tirishga qo‘ymadi. Mustaqillik sharofati bilan tashkil topgan O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasiga qarashli nodavlat televidenielar tarmog‘idan tushgan taklifni qabul qilib, ular bilan hamkorlikda ishlayotgandi.
Adolat yuzasidan qayd etish kerakki, garchi, Nasibaxon milliy teleradiokompaniyada ishlab yurgan vaqtlarida ham ko‘rsatuvlar tayyorlagan bo‘lsa-da, (“O‘zbekiston” telekanalining “Assalom, O‘zbekiston” ko‘rsatuvlari) u, asosan, suxandon sifatida faoliyat olib borgan, mualliflar tayyorlagan matnlarini yetkazish orqali tanilgan edi. Telejurnalist sifatida esa ayni NTT kanali Nasibaxonni kashf etdi. Mening kuzatishimcha, u kanalda turli mavzulardagi ko‘rsatuvlar, tok-shoularni tayyorladi, ularning aksariyati tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi. Biroq, bular uni qoniqtirmadi, ko‘ngli to‘lmadi, izlanishda davom etdi va nihoyat butunlay yangi formatdagi tok-shou – “Diydor shirin”da to‘xtaldi.
“Diydor shirin” chindan ham yangi g‘oyalar asosida ishlab chiqilgan, sodda uslubda bo‘lsa-da, mohiyatan teran, xalqimizning azaliy qadriyatlariga tayangan ko‘rsatuv edi. U dastlabki sonlaridanoq tomoshabinlar e’tiborini tortdi va ommalashdi. Kishida samimiy va iliq tuyg‘ular uyg‘otadigan dasturning har bir sonini muxlislar sog‘inib kutardilar.
Muallif dasturga kutilmagan insonlarni jalb etar, ular bilan ekran orqali uchrashuv dilda hayajon uyg‘otardi, nigohlar oynai jahondan uzilmay qolardi. Tok-shou ishtirokchilari o‘zbekona dasturxon atrofida yig‘ilishlari, davradan o‘rin olgan san’atkorlarning jonli ijrodagi kuy-qo‘shiqlari, raqqosalar xiromlari unga yanada fayz kiritardi.
Yuqorida qayd etilganidek, ko‘rsatuv soddagina loyihadek ko‘rinardi, lekin uni tayyorlashga Nasibaxon va jamoasining qanchalik mehnati sarflanishini televidenieda ishlaganlar biladi. Shu zaylda yillar o‘tdi, ko‘rsatuvning har bir soni yanada sayqal topib, tomoshabinlarga yangi quvonch, yangi hayajonlar baxsh etib boraverdi.
2012 yili mazkur ko‘rsatuv mamlakatimiz media-muhitidagi eng nufuzli tanlov – “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov g‘oliblari qatoridan o‘rin oldi. Hali-hanuz yodimda, tanlov g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosimda bu haqda e’lon qilinganda va ko‘rsatuv ijodkorlari – Nasiba Maqsudova va uning shogirdi, taniqli suxandon Muslim Yo‘ldoshev sahnaga ko‘tarilganlarida zal gulduros olqishlardan larzaga keldi. Yillar o‘tib boraverar ekan, Nasibaxon bilan keyinroq yana faoliyat yo‘limiz tutashdi. Bu vaqtlarda “Diydor shirin” endi yangi telekanal – “Mening yurtim”da yangi ruh va g‘oyalar bilan qayta jonlandi, uning asosiy maqsadi yoshlarni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalashga qaratildi, biroq mohiyatan o‘zgarmadi, xalqimiz sevgan oilaviy ko‘rsatuv bo‘lib qolaverdi. Nasiba Maqsudova esa hanuz avvalgidek jonli, xushchaqchaq, tashabbuskor va tinib-tinchimas ijodkor edi.
Yaratganning irodasi ekan. Bugun Nasibaxon oramizda yo‘q. Bu so‘zni aytish oson emas, unga ko‘nikish ham qiyin, nazdimizda, u go‘yo “Diydor shirin”ning tashvishi bilan yugurib yurgandek, shogirdi Anvar bilan keyingi ko‘rsatuv haqida fikr almashayotgandek… Go‘yo “Mening yurtim” telekanalida uning kulgilari, qadam tovushlari, ruhi qolgandek tuyuladi. Aslida ham shunday: bu yerlarda u yaratgan maktab, tajriba va “Diydor shirin” esdalik bo‘lib qoldi.
Sherzod G‘ULOMOV,
O‘zbekiston Elektron OAV milliy assotsiatsiyasi
boshqaruvi raisi o‘rinbosari,
O‘zbekistonda xizmat
ko‘rsatgan madaniyat xodimi