BIR SIQIM TUPROQ

…Ular qishloqdan chiqib borayotib Mamarasul boboning uyi oldiga yetganda O‘rinboy ot tizginini tortib, to‘xtamoqchi bo‘ldi-yu, yana chilvirni siltab jonivorni yurishga undadi. Mamarasul boboning uyi hamma qatori pastqamgina bo‘lsa-da, deyarli tun bo‘yi chiroqlari yonib turardi. Qishloqda faqat shu odamgina biroz savodli bo‘lib, o‘qish-yozishni bilardi. Shuning uchun doim vertolyotda kelgan rus ovchilari uning uyiga qo‘nishardi. Yoshi ulug‘ bo‘lsa-da, u ovchilar bilan rus tilida qiynalmay gaplasha olar, qaerlarda ov qilish kerakligini yaxshi tushunardi. U hammaga Ko‘kyolning uyasi yaqiniga bormaslikni va unga ziyon-zahmat yetkazmaslikni tayinlab uqtirardi.

 

— Ota, osmonga qarang, — dedi Do‘smat kutilmaganda o‘rtadagi sukunatni buzib.

— Qaradim, xo‘sh nima bo‘pti? — dedi O‘rinboy beparvogina.

— Anavi yulduzlarni ko‘ryapsizmi? Ular doim bizning uyimiz ustida turishardi. Endi bo‘lsa, biz bilan birga ergashib ketyapti.

Bu gap O‘rinboyni biroz sergak torttirdi, chog‘i, u osmonga uzoq tikilib qoldi. So‘ng o‘g‘liga:

— Do‘smat, bilsang, bu sening yulduzlaring. Ular doim sen bilan birga yuradi. Ularning orasida otangning, enangning va onangning ham yulduzlari bor. Ular seni doim kuzatib turishadi. Biz qishlog‘imizdan ketayotganimiz bilan bu osmon ostidan chiqib keta olmaymiz.

— Siz bularni qaerdan bilasiz?

Do‘smatning savoli javobsiz qoldi. O‘rinboy yo‘lga termulganicha yana xayol ummonida suza boshladi. Balki u bolasining so‘zlarini eshitmagandir, balki javob berishni istamagandir. Nima bo‘lganda ham u churq etmadi. Ko‘p o‘tmay bola pinakka ketdi. Bu damda ular so‘qmoq yo‘lga tushib olishdi. O‘rinboyning yuragini qiynayotgan narsa battar avj oldi. U oilasining bir a’zosidan ayrilgani uchun qishlog‘ini, ona zaminini tashlab ketayotganini, endi o‘ziga biroz qiyin bo‘lishini ko‘nglidan o‘tkazib, goho nimalarnidir o‘zicha g‘udranib qo‘yardi. Qani, u hali bu yerlarning bir siqim tuprog‘iga zor bo‘lishini bilganida!

Ular tong yorishgan chog‘da tug‘ilib o‘sgan joyini tark etib ulgurdi. Bu yog‘i endi batamom boshqa yerlar. Endi qaerdan qo‘nim topish kerakligi to‘g‘risida o‘ylash kerak. Albatta, ovchi uchun tog‘li joy qulay. Aksiga olib bu atrofdagilarning barchasi O‘rinboyni yaxshi taniydi. Ota-bola bir emas, bir necha kun yo‘l yurib, qorli cho‘qqilar bag‘ridagi bir qishloqqa kirib borishdi. U yerliklar bilan tanishgach, ovul qariyalarining izniga ko‘ra yangicha hayot boshlashdi. Bu yerliklar biroz qo‘pol bo‘lsalar-da, O‘rinboyga ko‘mak qo‘lini cho‘zishdi. Oradan unchalik ko‘p vaqt o‘tmasdanoq O‘rinboy ovuldagilar e’tiborini qozona boshladi. Axir u mohir ovchi, qo‘li gul usta va polvon ham edi. Shu bois endi bu qishloqdagi nomdor ovchiyu polvonlarning peshonalari tirisha boshladi. Ular yerning asl egalari kimlar ekanligini bildirib qo‘yish uchun tinmay ovga chiqar, har gal katta-katta o‘lja bilan qaytishardi. Bir safardagi ovning tuzukkina janjalga aylanishiga sal qoldi. 

Ovchilar qishloqdan ancha olislab, baland cho‘qqilar sari o‘rlab borardi. Ularning ko‘nglida birgina narsa — oldimizdan qanday o‘lja chiqadi, degan o‘y kechardi. Qalin butazor tugagach, u yog‘i toshloq, ba’zi-ba’zi yerlardagina archa borligini aytmaganda, cheksiz dara. Hozir yaxshi bir tozi it bo‘lganda bormi, atrofni bir zumda aylanib chiqardi. Huv ana, olis-olisdagi xarsang ustiga qotmador bir tog‘ echkisi sakrab chiqdi. Ana, sizga o‘lja! Ovchi uchun bundan ortig‘i kerak emas. 

Merganlarning qoni gupirib ketdi, shekilli, harakatlar tezlashdi. Jismu tanlarida qandaydir bir g‘ayritabiiy kuch paydo bo‘lib, o‘zlarini shaxd bilan panaga olishdi. Ular o‘ljaga yaqin qolganda, birdan tog‘lar uzra gumburlab ketma-ket o‘q ovozi yangradi. Ko‘z ochib yumguncha mag‘rur turgan tog‘ echkisi toshdan-toshga urilib, pasga qulay boshladi. Hayron bo‘lgan ovchilar bir-biriga qarab qolishdi. Kim u, qanday qilib va qaerdan otdi, deganday bir-birlariga tikilishdi. 

— Ana, O‘rinboy otgan ekan, — dedi Arsen shoshib o‘lja tomon borayotgan merganni ko‘rsatib.

— E, ha-a! Hali u bizning o‘ljani urib tushiradigan bo‘lib qoldimi? — deya sheriklari yuragiga o‘t tashladi Rustam. — Endi u bilan ochiqchasiga gaplashib olish kerak. Toki, bizning yo‘limizdan chiqmasin. Bu orada O‘rinboy o‘ljani bo‘g‘ziga pichoq tortib o‘lgurdi. 

— Hoy, sen kelgindi, o‘zingni kim deb o‘ylayapsan? — dedi g‘azabini yashirolmay Rustam. — Nega bizning ortimizdan ergashib yuribsan? Bir o‘zing yurishdan cho‘chisang, ovuldan qo‘shilmasmiding bizga?

— Nimalar deyapsan, Rustam? — vajohat bilan javob qaytardi O‘rinboy. — Yuragim qo‘rquv nimaligini bilmaydi. Men oyoq-qo‘li ikkitadan ortiq bo‘lmasa bas, odam zotidan cho‘chimayman. Qolaversa, sening ortingdan ergashganim yo‘q. Bilsang, ko‘kyollar yolg‘iz yuradi. Men ham…

— Sen o‘z yeringda shunday bo‘lgandirsan, — so‘zga qo‘shildi Sobit. — Bu yerlar bizga tegishli. Bilsang, bu joylarning har qarichi biz uchun qadrli, biz uchun tanish, shuni bilib qo‘y. Senga: “Mayli oramizda yashasang, yashayver”, deyishimiz bilganingni qil, deganimiz emas. Ov qilsang, bizdan ortganini ovlaysan, bo‘lmasa, chappagingni chalib, uyingda bolangga qara.

O‘rinboy hozir tortishish befoydaligini tushundi. Biroq u: “Mana, senlarga shu kerak bo‘lsa, olinglar”, deydigan ahmoqlardanmas. Yerlik merganlar ham anoyilardan emas. Birovning o‘ljasini ham tortib olishmaydi. Bu ovchi uchun isnod. Ular o‘z o‘ljasini ovlashga chiqqan, birovning nasibasini sadaqaday olishga emas. Yerlik ovchilar O‘rinboyga bir-bir yovqarash qilganlaridan so‘ng yurib ketishdi. 

Qosh qoraymasdan O‘rinboy ham qishloqqa kirib keldi-yu, go‘shtdan keragicha qozonga soldi. Ovul qariyalariga qo‘shib o‘zini darada qarshilagan ovchilarni ham ziyofatga chaqirdi. Bu murosaga kelishning eng to‘g‘ri yo‘li edi. Chaqirganlarning deyarli barchasi kelishdi. Faqat ovchilardan darak yo‘q. O‘rinboy ularni bir-bir qaytadan chaqirishga otlandi. Ularning hammasi Rustamning uyida to‘planishgan ekan, u ham aynan shu yerga bordi. 

— Qani yuringlar, bir-birimizdan arazlashmaylik, — dedi O‘rinboy.

— Biz ovchilarmiz arazchilar emas, — javob qildi Arsen. — Sal shoshmasang, o‘zimiz ham borardik. Ha mayli, ketdik.

Barchalari birgalashib yo‘lga tushishdi. Yo‘l-yo‘lakay ular tog‘da bo‘lib o‘tgan voqeani qariyalar bilmay qo‘ya qolishini O‘rinboyga tushuntirishdi. Ovchilar yig‘inidan so‘ng qurol ushlaganlar bir-biriga qasdlashsa yomon bo‘lishini ham yodga olishdi.

Ayni Navro‘z kunida uni yoqtirmaydigan odamlar uning gilamiga chiqib, shu yerlik polvonlar bilan kuch sinashishini, kurashda yutsa, ovulda yashab qolishini, yutqazsa, bu yerlardan ketishi kerakligini shart qilib qo‘yishi kimning xayoliga kelibdi. 

O‘sha kuni ovul odamlari topganini o‘rtaga qo‘yishdi. Milliy o‘yinlar avjida. Bir tarafda yosh bolalar oshiq otishsa, bir tarafda polvonlar kurash tushardi. Sal narida esa odamlar otlarini poygaga hozirlardi. O‘tirganlar davraga chiqqan har bir polvonga kuch-quvvat bag‘ishlash uchun qiy-chuv ko‘tarib, polvonlarni qo‘llashardi.

“Qani endi O‘rinboy, sen ham o‘zingni ko‘rsat, Senga shuncha mahal birov bir narsa degani yo‘q. Endi sen ham o‘zingni shu yerda yashashga loyiqligingni isbotlashing kerak”, deya bir guruh o‘tirganlar undan kurash tushishni so‘radi. Shart shunday: “Yutsang shu yerda yashaysan, bo‘lmasa…” So‘z o‘qdan ham yomon, deganlari rost ekan. O‘rinboy ichidan nimadir chirt etib uzilganday bo‘lib, butun vujudini alam o‘rtadi. Kutilmagan gap yuragini qo‘rdek kuydirdi chog‘i, u shahd bilan davraga chiqdi. Qarshisida qotmador alp polvon. Uni yiqitish qiyinligini o‘tirganlar yaxshi bilardi. Kurash boshlandi, biri-biridan mohir polvonlar uloq olishishdi. Shu orada nima bo‘ldi-yu, O‘rinboyning tizzalari qaltirab, madori qocha boshladi. Biroq u buni raqibiga sezdirmaslikka urindi. Kutilmaganda “Ota” degan bo‘g‘iq ovoz eshitildi. Bu O‘rinboyning o‘g‘li Do‘smat edi. Butun vujudi madorsizlanib borayotgan polvon bu siniq hayqiriqdan tengsiz kuch oldi. Nima bo‘ldi, qanday qilib shunday alp polvon yiqildi, o‘tirganlar buni anglolmay qoldi. O‘rinboy shu ovulda yashash imkoniyatini yutib oldi. Ammo boyagi davradagilar: “Mayli, sen bizning ovulga a’zo bo‘lishga loyiq ekanligingni isbotlading, o‘g‘lingchi? U ham o‘zini ko‘rsatsin”, deyishdi. Atrofda “Axir u hali bo‘g‘ini qotmagan bola bo‘lsa, qo‘lidan nima ham kelardi?”, degan norozi hayqiriqlar yangradi. Qariyalar ham shunday degandek bosh chayqashdi. Biroq Do‘smatning ot minishini yaxshi biladigan boyagi davradagilar uni: “Poygada g‘olib bo‘lsa, otasi bilan shu yerda qoladi, bo‘lmasa…” deya turib olishdi.

Boshqa chora yo‘qligini anglagan O‘rinboy otiga sakrab mindi-da, jonivorga achchiq-achchiq qamchi tortib, boshini soy tomon burdi. O‘tirganlar hayron, u nega lom-lim demay u yoqqa ketyapti? Sababi hech kimga ayon emasdi. Ko‘zlari alam yoshiga to‘lgan polvon otni shunday savalab borardiki, ot keragidan ortiq tezlikda soy tomon sho‘ng‘irdi. Ko‘zdan panaroq joyga o‘tgach, u otdan sakrab tushdi. Jonivorning boshini quchoqlagancha, manglayidan suyib, yollarini siladi. Ayrimlardan olislayotgan oqibatni odamdan emas ongsiz, zabonsiz otdan axtarib pichirlay boshladi. “Endi bor umidim sendan, jonivorim. Bo‘g‘ini bo‘sh qarg‘aday bola senga, Seni esa O‘ziga topshirmoqchiman, tulporim. Meni masxara qilma, qanotim…” deya pichirlab yolvora ketdi. Qattiq pishqirib olgan ot esa, O‘rinboyning yengil silkinayotgan yelkasini asta-asta qimtilab, bardam bo‘l, degandek yuzidan hidlashga tushdi. Bundan O‘rinboyning ko‘ngli to‘ldi chog‘i, yana egarga o‘tirib, otni o‘tovlar tarafga burdi-da, sag‘rasiga qamchi urdi. Ana endi otning yugurishini ko‘ring. Hamma sabrsizlik bilan poyga boshlanishini kutmoqda. 

Nihoyat otlarni bir qator qilib safga tizishdi. Do‘smat ham ot tizginini dadil tutib turardi. O‘tirganlar qiy-chuv solishar, bu nafaqat chavandozlarga, balki otlarga ham o‘zgacha kuch bag‘ishlardi. Bosh hakam qo‘lidagi baliqning ko‘zidek yaltiragan piston bilan o‘qlangan to‘pponchadan “tars” degan tovush chiqarishi bilan otlar chang-to‘zon ko‘tarib olg‘a intilishdi. Chavandozlar otga ustma-ust qamchi tortib, uzangi bilan jonivorlar biqinini ayovsiz ura boshladilar.  Oldinda qaysi biri ketdi, buni hech kim payqamay qoldi. Olomonning tovushi borgan sari avj oldi. Yosh bolalar tepalik tomon yugurishdi. U yerdan otlar aniqroq ko‘rinardi. O‘rinboyning yuragi bugun ilk bor qo‘rquvni his qildi. Uning a’zoyi badanini ter bosib, sho‘rlik bir poygachi otlar to‘dasiga, bir osmonga qarardi. Sho‘rlikning harakatidan uning Yaratgandan o‘tinib iltijo qilayotganini, ojiz va xokisor bolasining jonini O‘zigina saqlashga qodirligini va, albatta, tulporni ham tuyoqdan toydirmaslikni so‘rab yolvorayotganini anglash qiyin emasdi. Poygachi otlar marra sari tobora yaqinlashib kelishardi. Faqat birgina ot to‘dadan ancha o‘zib ketgandi. “Ana kelishyapti!” degan hayqiriqlar eshitila boshladi. Birdan kimdir oldindagi otning ustida odam yo‘q. Egasiz ot kelayapti, deganda O‘rinboyning sochlari tikka turib ketdi. U bir qarashda o‘z otini tanidi-yu, beixtiyor: “Do‘smat qaerda yiqildi?”, “Qaysi otning oyoqlari ostida qoldi?” degan xayollar iskanjasiga o‘raldi…

Vodarig‘, nega biz shundaymiz? Nima uchun faqat kuchlilargina yashashi kerak? Qachongacha yer talashamiz? Ey, odam bolasi, ota-onang, qarindoshlaring qayon ketganini nega fikr qilmaysan? Bir kuni o‘sha cho‘bin ot senga ham yetadi va sen ham tuproq bilan qorishib yo‘q bo‘lasan. Vaqt esa yeldek o‘taveradi. Shunga o‘xshash og‘riqli savollar achchiq javoblar O‘rinboyning qalbini o‘rtab turgan damda odamlar: “Otangga balli! Do‘smat birinchi keldi, u g‘olib bo‘ldi!” deya baqirishganda O‘rinboy o‘zini batamom yo‘qotdi va yugurib kelayotgan otlar tomon otildi. Chindan ham Do‘smat mingan tulpor oldiga ot tushirmay marrani birinchi kesib o‘tdi. Va u ham g‘olib bo‘lib, ota-bola shu yerda umr kechira boshladi. Oradan ancha vaqt o‘tdi, buni ular payqamay qolishdi.

Yillar o‘z hukmini o‘tkazib, O‘rinboy chol bo‘ldi. Endi uning yuragida tug‘ilgan tuproqqa tashnalik orta boshladi. Aniqrog‘i, u umri tugab borayotganini angladi. O‘zi yer tishlatgan jonivorlar endi uning tushlariga kirib, doim uni quvlaydigan bo‘lib qoldi. 

— Mening safarim qaridi, — dedi O‘rinboy kunlarning birida ulg‘ayib qolgan o‘g‘liga. — Vafotimdan keyin o‘zim tug‘ilgan tuproqqqa bor, u yerliklarga otashin salomimni yetkaz. Mening vafotimni ayt va qaytar chog‘ingda o‘sha yerning bir siqim tuprog‘idan olib kelib qabrim ustiga soch. Men ham ona tuproq taftini his qilib yotay, rishtalarni uzma. Bu O‘rinboyning so‘nggi vasiyati bo‘ldi.

 

Yunusbek ABDIYEV

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − 15 =