TO‘YGA TO‘YONA BILAN…
To‘yona — xalq og‘zaki ijodi bilan qorishib ketgan, asrlar silsilasi, vaqt dovonini oshib o‘tgan an’anadir. Shuncha yillardan beri sobit amal qilib kelinayotgan ekan, uning afzallik jihatlari bisyor. U to‘y munosabati bilan shu to‘y egalariga yaqinlari tomonidan qilinadigan pul yoki kiyim-bosh tarzidagi sovg‘a. Yurtimizning turli hududlarida bir qancha shakllarda namoyon bo‘lsa ham, ammo asl mohiyati o‘zgarmaydi.
To‘y-shodiyonalari har bir oilaga baxt, quvonch olib keladi. To‘yona esa qavm-qarindoshlar, yaqin birodarlarning quvonchingizga sherikligining nishonasidir. Bizning tomonlarda to‘ydan oldin kengash bo‘ladi. Unda oilaning yaqinlari bir uyga yig‘ilib to‘yni qanday o‘tkazishni rejalashtiradi, barcha to‘y xarajatlari uchun imkoniyatidan kelib chiqib, biror narsa ataydi. Kimdir guruch, sabzisini, kimdir esa ichimligini bo‘yniga oladi va mendan to‘yona bo‘lsin deb, qo‘shib qo‘yadi. Bunday yig‘inlar xalqimizning ahilligini, bir-birini quvonchli kunida ham, og‘ir kunida ham qo‘llab-quvvatlashining namunasidir.
Elga osh berib kuy-qo‘shiqlar bilan ikki yoshning baxti uchun yoki to‘ybolaning kelajagi uchun ziyofat o‘tkazishning o‘ziga yarasha gashti bor. Xursandchiligi olamga tatigulik-kuya, ammo uning tashvishlari ham yetarlicha. Saxovatpesha xalqimiz xarajatlaridan cho‘chimaydi, shu o‘rinda isrofgarchilik, uvol nimaligini ham yaxshi bilishadi. To‘yona esa uy egalarining biroz bo‘lsa-da, og‘irini yengil qilishga yordam beradi.
So‘zimizning tasdig‘i sifatida bir voqeani aytib beray. Yaqin jo‘ralarimdan biri o‘g‘lining sunnat to‘yiga bormaganimdan gina qildi. Uzrimni so‘rab, “to‘y qanday bo‘ldi, tashvishlar bilan qiynalib qolmadingmi?”, dedim. “Maqtanishga yo‘ymagin-u, to‘ymisan-to‘y bo‘ldi, mehmonlar ham minnatdor bo‘lib ketishdi. Tashvishlarga kelsak, yaqinlar omon bo‘lsin, to‘yonalarning o‘zi to‘yxona xarajatini ko‘tardi. Ortganini boshqa xarajatlarga ham sarfladim”, — deya to‘lib-toshib to‘y haqida so‘zlay ketdi. O‘shanda bu udum bejiz ming yillardan beri saqlanib kelmayotganiga ishonch hosil qildim.
Tasavvur qiling, bir tomonda doshqozonda osh damlanyapti. Bir tomonda esa karnay-surnay, kuy-qo‘shiq sadolari, bir kishi “qo‘rga yana osh”, deb suvdek oqib kelayotgan mehmonlarga izzat-ikrom ko‘rsatyapti. Bolakay yugurib kelib “kurash boshlandi, aha-ha-hay!”, deb katta-kichikni maydonga chorlayapti. Laganlarda qo‘ldan-qo‘lga o‘tib parvoz qilayotgan lagan to‘la osh mehmonlar oldiga qo‘nadi. Qo‘rda o‘tirgan mehmonlar qo‘liga daftar-qalam ko‘tarib olgan kishini yoniga chaqirib, ataganini uzatadi. Odatni bilmagan chetdan kuzatib tursa, qarz beryapti, yozib qo‘yishining sababi shu bo‘lsa kerak, deb o‘ylaydi. Lekin to‘yona qarz emas, hamma ko‘nglidan chiqarib, beminnat hadya qiladi. Unda nega ro‘yxat qilinyapti deysizmi? Axir, xalqimizda bir so‘z bor, “hisobli do‘st ayrilmas”. Bir kuni mehmoning ham to‘y-shodiyona qilishi tayin. Aslini olganda bu holat to‘g‘risida turli qarashlar mavjud. Kimdir ro‘yxat qilish noto‘g‘ri desa, yana kimdir “buning nimasi yomon”, deb e’tiroz bildiradi. Mening fikrimcha hisob-kitobni o‘rniga qo‘yish uchun ro‘yxat qilishning hech yomon tomoni yo‘q. Ba’zi joylarda esa ro‘yxat qilinmaydi, ammo to‘yona berish mamlakatimizning har bir burchida saqlanib qolgan.
To‘y qilish umuminsoniy qadriyatlardan. Har bir millatning o‘ziga xos urf-odatlari bor. Ularning ba’zilari bizning tuyonaga o‘xshab ketadi. Masalan, grek to‘ylarida raqsga tushayotgan paytda mehmonlar kelin-kuyovning kiyimiga pul yopishtirib ketar ekan. Polshada esa to‘yga kelgan mehmonlar kelin-kuyovni o‘rab oladi. Shunda kuyov kelinning fatasini qo‘liga olib, mehmonlarga tutadi. Har kim ataganini fataga tashlayveradi. Qadim an’analarga boy Xitoy mamlakatida to‘y kuni kelin-kuyov mehmonlardan sovg‘a sifatida uy-ro‘zg‘or buyumlari va pul solingan qizil konvert olishadi.
Ha, to‘yona ming yillik odatlarimizdan biri. Hadya doimo barchaga quvonch olib kelgan. Ba’zida guvoh bo‘lamizki, mehmonlar to‘y egasiga zarbof chopon kiydiradi. Kerakli-keraksiz matolar, qo‘sha-qo‘sha tog‘oralarni aytmaysizmi! Zarbof to‘n insonning ko‘rki, narxi ham falon pul turadi, ammo undan mezbon bugungi bazmdan keyin foydalanmaydi. Sandiqlarning to‘rida yana kimgadir to‘yona qilinishini kutib yotadi. Shuning uchun uning o‘rniga to‘y xarajatiga yengillik keltiruvchi pulmi yoki yosh oilaga asqotadigan ro‘zg‘or buyumlarimi tuhfa etilsa, ko‘ngildagidek bo‘lardi. Bir marta foydalaniladigan narsalarni esa ijaraga olsa ham bo‘ladi.
Ilohim, to‘ylar to‘ylarga, shodiyonalar bayramlarga ulansin. To‘yga to‘yona bilan-da, nima dedingiz?
Sanjar ESHMURODOV