Somon yo‘l alyorlari

Mikroavtobus Urgut sari o‘rlab bormoqda. Mashina olg‘a intilgan sayin ro‘paradagi baland tog‘lar yugurib qoshingga peshvoz chiqayotgandek tuyuladi. Bulutlarga sanchilgan karch-karch cho‘qqilarda olmosday yarqirayotgan qor parchalari ko‘zni qamashtiradi. Mashinadagi hamrohlarimning hammasi ma’rifatu ma’naviyat kishilari va, yana, deyarli hammasi urgutlik: yonboshimda o‘tirgan muarrix olim Naim Oblomurodov — Quyiqishloq qishlog‘idan; oldingi qatordagi sinfdosh yozuvchilar — Asad Dilmurod bilan Mamatqul Hazratqulovning birovi Qoratepa, birovi Mingbuloqdan; orqa tomondagi o‘rindiqlarni tayloqlik shoir Xurshid Nurillo bilan Samarqand teleradiokompaniyasi xodimlari egallashgan. O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi, taniqli shoir Sa’dulla Hakim esa haydovchining yonboshida o‘ychan salobat og‘ushida xayol surib bormoqda. Prezidentimizning “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” nomli asarida ilgari surilgan hayotiy g‘oyalarning qalblardagi aks-sadolarini tinglash va “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida tashkil etilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarida ishtirok etish uchun ketayotirmiz Urgutga. Oldinda hamqishloqlar bilan bo‘ladigan maroqli uchrashuvlar kutmoqda.

 

Mashina oynasidan lip-lip o‘tayotgan katta-kichik imoratlarga, samovash bog‘larga qarab-qarab borayotib, tuyqus xayol opqochdi: bundan ellik-oltmish yil burungi voqealar ilkis esimga tushdi. Bolalik manzaralari ko‘z oldimda shu qadar aniq, shu qadar tiniq jonlanib ketdiki, otamning:

— Bolalarim, tez turinglar, bozorga kech qolasilar! – degan so‘zlari shundoq quloqlarim ostida jaranglab ketgandek bo‘ldi go‘yo.

Otam bizni xuddi shunday tashvish bilan uyg‘otgan paytda jumlayi jahon hali sokin tun og‘ushida rohatlanib yotgan, Surayyo yulduzlari cho‘qqilar orasidan endi-endi mo‘ralayotgan qoq yarim kecha bo‘lardi. Men ko‘zimni ochgim, ko‘rpadan chiqqim kelmay bir muddat karaxtlanib turar va otamning hayqirig‘i ikkinchi marta eshitilishi hamono sapchib turib ketardim. Aka-uka tura solib, kiyinar, yuz-qo‘limizni chala-chulpa yuvar-yuvmas, otam har birining ustiga ikki qanordan somon ortib qo‘ygan eshaklarni xalalab, yo‘lga tushardik “Qaydasan, Urgut!”, deb. Qishlog‘imiz bilan Urgutning orasi roppa-rosa 16 chaqirim – fajr pallasigacha shu masofani bosib o‘tmasang, somon bozori tarqab, molingni sotolmay, sarson bo‘lishing aniq – shoshilish shart, shoshmasang, armonda qolarding. Qachonlardir shunchaki, xo‘jako‘rsinga tosh to‘shalgan egri-bugri yo‘l esa tuproq, chang va kimsasiz; yoz chillasi tuproqdan hil chiqadi: to Urgut biqinidagi Mergancha qishlog‘iga dovur na bir uy bor, na bir qo‘nalg‘a – biyday dashtu dalalar o‘rtasida hurpayib turgan bir tup qayrog‘och tun soyasida ertaklardagi devday qo‘rqinchli ko‘rinadi. Haftasiga ikki martalab goh eshakda, goh eshakaravada borib kelaverib, tevarak-atrof o‘zingnikiday bo‘lib qolgan esa-da, zim-ziyo tun vahimasi qutqu soladi yurakka. Buning ustiga, izg‘irinli yaldo tunlari goh chiyabo‘rilar galasiga, goh iliqqan, goh daydigan itlar hujumiga duch kelib qolish xavfi ham ehtimoldan uzoq emas…

Hozirgi yoshlarga shularni aytsang, matalingizni qo‘ying, boboy, deyishiga zarracha shubham yo‘q. Shunday shubhaning yo‘qligi, bu yoshlar bizning ertaklarga ishonmagani qanday soz, qanday go‘zal! Ko‘rmagan-da, Tangriga tavallo qilaylikki, hech qachon ko‘rishmasin. Ikki qanor somonning puliga ehtiyoj qolmagani, ikki qanor somon puli zora ro‘zg‘orimning yirtig‘iga yamoq bo‘lsa, deydigan oilalarning yo‘qligi esa barisidan-da ulkan quvonch, ulkan baxt! 

O‘sha zamonlarda bizning yosh vujudimizga qo‘rquv solgan biyday dashtu dalalardan endi asar ham qolgan emas — qir-adirlar oralab ketgan bog‘-rog‘lar, g‘allazoru jo‘xorizorlar dengizday chayqaladi yengil-engil tog‘ shamollarida. Bu joylarning bugungi egasi 1857 ta fermer. 10 020 gektar maydon ularning tasarrufida. Bir tomonda intensiv texnologiya asosidagi mevazor bog‘lar; tog‘ etaklaridagi lalmi yerlarda uzumzorlar, yong‘oqzorlar, pistazorlar; bir tomonda kartoshka, piyoz, pomidor, bodring, baqlajon, bulg‘or qalampiri – dasturxonga kerakli noz-ne’matlarning hamma-hammasi yetishtirilmoqda. Sobiq dashtni xanjarday kesib o‘tgan yo‘lning ikki qanotida ko‘zni qamashtirguvchi manzaralar jilolanadi: O‘zbekistonimizning birinchi Prezidenti tashabbusi bilan yangi loyihalar asosida barpo qilingan turnaqator uylar, madaniy-maishiy binolar, savdo-sotiq do‘konlari, katta-kichik korxonalar… Shu yilning o‘zida yana 145 ta namunaviy uylar quriladi. 28 ta ijtimoiy soha ob’ektlarida 28,5 milliard so‘mlik ishlar bajariladi. 10 ta maktab, 7 ta maktabgacha tarbiya muassasalari, 4 ta sog‘liqni saqlash ob’ektlari kapital rekonstruktsiya qilinadi. 6 ta bolalar sport ob’ekti yangidan barpo qilinadi.

Yaqin-yaqingacha oddiy angishvonani chetdan olib kelgan Urgutda bugun shifer, ohak, marmar, plastik eshik-rom, sendvich panellar, tunuka rulonlar, poliuretan xomashyolari, poliester tolasidan poliefir tikuv ipliklar, sun’iy va sintetik chiqindilardan noto‘qima mato va plastik mahsulotlar, paxta tolasidan gazlamalar, poliuretan xomashyosidan sun’iy teri mahsulotalari, villur va vilvet gazlamalar, chiroyu chidamda Belgiya, Turkiya, Eron, Italiya kabi mamlakatlarnikidan qolishmaydigan rang-barang gilamlar, paypoqlar, poyabzallar, jun odeyallar, sport va bolalar kiyimlari, milliy to‘nlar, maktab sumkalari, sochiq va salfetkalar, yog‘ mahsulotlarini qadoqlash va polietilen qoplar, qopqoqlar va kapsulalar, erkagu ayollarning ko‘ylagu kostyum-shimlari, paxta tolasidan ip-kalava, trikotaj matolar, hatto, bir martalik soqol olgich-u, tish tozalovchi sho‘tkalardan tortib, attorlik buyumlari, nam salfetkalar, bir martalik shprits va qo‘lqop kabi tibbiy buyumlar ham shu yerning o‘zida tayyorlanmoqda. Qozon, tovoq, tog‘ora, patnis, gaz plitalari, kir yuvish mashinalari, kabel mahsulotlariyu tok kuchaytirgichlar, elektr chiroq, antenna, changyutkich, atir-upa… sanab, sanog‘iga yetolmaysan. Qisqasi, tayyorlanmaydigan narsaning o‘zi yo‘q. Asalari, parranda, go‘sht-sut mahsulotlari, hatto, baliqchilik ham rivojlanib ketdi. Issiqxonalarda bahordan qishgacha limondan bodring-pomidorgacha hil-hil pishib yotibdi.

Urgut shajarasining tushiga kirmagan maqomatlarni ko‘rib o‘sayotgan yoshlar uchun bizning xotiralar — ertak, ertakdan boshqa narsa emas-da, albatta! Rosti, o‘tmishning ba’zi manzaralarini eslasang, kularingniyam, yig‘laringniyam bilolmay qolarkansan hatto o‘zing ham: tamaki tizadigan oddiy sim igna degan matoh nima bo‘pti? Bor-yo‘g‘i yarim quloch bir cheti teshik sim. Shu sabilni tayyorlashgayam evatayi yo‘q edi-da, Urgutimizning!

Eslasang, olis zamonlar qa’ridan lop etib chiqib, boshqa makonga kirib qolgandek bo‘ladi kishi. Bunday holat faqat mendamikin, yoki… deb Mamatqul akaga gap otdim, yo, falaksan! Mamatqul aka: “Huv, tog‘ etagida uzun so‘qmoq yo‘l bor edi, o‘sha so‘qmoqdan Zinak, Xo‘jayduq, Boyqishloq, Kamangaron, Vag‘ashti qishloqlarini oralab, Urgutga somon sotgani borardik”, desa-ya! “U so‘qmoqlar allaqachonlar katta-katta ko‘chalarga aylanib ketgan”, deb qo‘shib qo‘ydi Mamatqul aka.

Ha, u yo‘llar ham, bu yo‘llar ham endi tamomila boshqacha: ravon, keng, orasta, asfalt. To‘g‘ri, olam – guliston, degani emas bu, hali o‘ydim-chuqur, ta’mirtalab ko‘chalar oz emas. Ammo yilma-yil torayib, siyraklashib bormoqda bunday “g‘arib”lar ro‘yxati. Shu joyda bittagina misol keltiray: xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatga molik avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruktsiya qilish dasturiga asosan Samarqand viloyatida birgina shu yilning o‘zida 45 369,1 million so‘mlik, yarim yilda 4500,0 million so‘mlik ish bajarilishi lozim edi. Amalda esa o‘tgan olti oy mobaynida 9851,5 million so‘mga teng yo‘l yumushlari bajarildi. Jumladan, Urgut tumanida ham bir qancha yo‘llar ta’mirlandi, yangilari qurildi, qurilmoqda.

Yo‘llar nimasi bilandir inson umriga o‘xshab ketadi, ehtimol, judayam unaqamasdir, ammo, shunday tuyuladi menga. Nega, desangiz, yo‘llar nafaqat odamni manziliga eltadi, balki, olam-olam xotiralarni qayta jonlantiradi, o‘tgan umringdan alyorlar aytadi, armonlaringdan, quvonchlaringdan qissago‘ylik qiladi, bajargan, bajarolmagan yumushlaringni, yutuqlaringni, xatolaringni, do‘stu birodarlaringni esga tushiradi, mulohaza yuritishga, tafakkur qilishga undaydi.

Quddus Asqarov, Isoq Ochilov degan do‘sti habiblarim bor Urgutda. Bittasi ancha yil tuman maorifchilariga rahbarlik qilgan, bittasi do‘xtir. Ikkoviyam hozir o‘zimizga o‘xshagan pensioner. Ammo tumanda bo‘layotgan voqealarning hammasidan boxabar, hammasiga aralash; bir nafas ham tinch o‘tirishmaydi: hali u qishloqda, hali bu idorada kimgadir maslahat berayotgan, kimningdir muammosini hal qilish yo‘llarini qidirayotgan yoki qaysidir tadbirda ishtirok etayotgan bo‘lishadi. 

— Urgutimiz azal-azaldan sarkash chashmalar-u, salsabil buloqlar saltanati, — dedi yaqinda uchrashganimizda Quddus Asqarov to‘lib-toshib. — Yuzlab turnako‘z buloqlar qaynab yotibdi tog‘u toshlar orasida. Ammo yil boshida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Urgutda “Erkin iqtisodiy zona” tashkil etish to‘g‘risidagi farmonining qabul qilinishi tumanda, yana yuz-yuzlab buloqlar ko‘zlarini ochib yubordi. Tasavvur qiling-a, shu Farmon asosida qiymati 281,1 million AQSh dollari bo‘lgan 80 ta yangi loyiha amalga oshiriladi! 5774 ta qo‘shimcha ish o‘rinlari paydo bo‘ladi. Chet mamlakatlarda ishlab yurgan yigitlarimiz qaytadi; o‘z qishlog‘ida tayyor ish turganda, nima qiladi begona yurtlarda, to‘g‘rimi? Farmon ijrosini ta’minlash jarayonlari allaqachonlar qizib ketgan. “Urgut – 1”, “Urgut – 2” zonalari tashkil etildi. Birinchi zona uchun tumanimizning Mergancha massividan 144 gektar, Sariqtepa massividan 146 gektar; ikkinchi zona uchun Pastdarg‘om tumanidagi Do‘stlik massividan 66 gektar, Nurobod tumanidagi Sazag‘on massividan 360 gektar yer maydoni ajratildi. Bu yerlarda o‘nlab yangi korxonayu fabrikalar tashkil etiladi. Tadbirkorlarning quvonganini ko‘rsangiz, qanot chiqqan — uchib yurishibdi. Hali aytganimday, saksontasining loyihasi tasdiqdan o‘tgan, yana 33 tasi loyihalarining texnik iqtisodiy asoslar hujjatlarini tayyorlab, o‘rganib chiqish uchun “Urgut” EIZ Ma’muriy kengashiga topshirgan.

— Kamoliddin Sattorov degan ukaxonim bor, “LIBELLIUS PHARM” MChJ rahbari, — deb suhbatni davom ettirdi Isoq Ochilov. — Farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarmoqchi. 10,6 million AQSh dollariga teng loyiha tayyorlagan. Shundan 6,6 million AQSh dollarini “Asaka” bank krediti, 2 millionini xorijiy investitsiya, 2 millionini o‘z mablag‘i hisobidan qoplab, 100 ta ish o‘rni yaratmoqchi. “URGAZ CARPET” MChJ rahbari Xurshid Lutfullaev, “IDEAL ELEKTRO LYUKS” MChJ rahbari Sohib Azimov, “SAM NEGIN” MChJ rahbari Abdurashid Tursunovlarning loyihalariyam juda salmoqli. Bittasiniki 11, qolgan ikkitasiniki 8 million AQSh dollariga teng. 

— Eng quvonchlisi bilasizmi, nima? — suhbatni ilib ketdi Quddus. — Farmon sharofati bilan gaz, elektr, telekommunikatsiya, suv ta’minoti tubdan yaxshilanmoqda. Uyog‘ini so‘rasangiz, Urgutga poezd keladi! 54 kilometrlik yangi temir yo‘lning 9 kilometri Pastdarg‘om, 5 kilometri Nurobod, 19 kilometri Samarqand va qolgan 21 kilometri tumanimiz hududida quriladi. Ana shunda tomosha qilasiz Urgutning gurkirab-yashnashlarini!..

— Juda xosiyatli kunlarda yurtga kelyapmiz-da, — deb xayolimni bo‘ldi Naim Oblomurodov. — Tuman pillani bajargan, g‘allani bajargan, hammaning dimog‘i chog‘, avji baland.

— Uchrashuvlar zo‘r o‘tadi.

— Manovi ma’lumotlarni ko‘ring! — qo‘lidagi qog‘ozga ishora qilib davom etdi Naim domla. — Urgut yarim yilda 23 million 353 ming Amerika dollarilik mahsulotlarini xorijga eksport qilibdi. 14 million o‘rniga yigirma uch yarim million! Reja 165 foiz uddalanibdi. Buni 8 million 838 ming dollari sanoat, 14 million 716 ming dollari qishloq xo‘jalik mahsulotlari ekan. Qoyil-a?

Odam ba’zi sohalarni tahlil qilayotganda, faktu raqamlarni tilga olgisi kelmaydi. Olsa, zerikarli, rasmiyatchilikka aylanib ketayotgandek tuyuladi go‘yo. Vaholanki, faktlar, raqamlar tasavvurning jismu joni. Ming-minglab insonlarning peshona teri, mashaqqatli mehnati, davlatimizning el-yurt obodligi, farovonligi yo‘lida olib borayotgan izchil siyosati mujassamdir har bitta raqam zamirida. Mutolaa-mushohada qilamiz: Urgutda shu yilning o‘zida 2 ta 300 gektarlik yong‘oqzor, 1,5 gektarlik 2 ta issiqxona, 1 ta kartoshka qadoqlash, 5 ta qayta ishlash liniyalari, 8 ta muzxona ishga tushadi. Yaqin-yaqingacha igna tayyorlashga kuchi yetmagan joyda, 18,9 million o‘rniga, 30 million 210 ming dollarlik sanoat va qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksport qilinadi. Eng muhimi, bu qandaydir xomxayol emas, aniq hisob-kitoblarga asoslangan reja: unga ko‘ra eksportyor korxonalar tomonidan 17180 ming dollar, yangi jalb etiladigan 12 ta korxona tomonidan 12430 ming dollar, hududiy dastur bo‘yicha 1545 ming dollar va mavjud muammolarni hal etish orqali quvvatlardan samarali foydalanish hisobidan 9500 million dollar eksport amalga oshiriladi.

Shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va eksportga chiqarish yo‘nalishida umumiy quvvati 30 ming tonna, 12 ta 24,5 milliard so‘mlik loyihalarni amalga oshirish ham ko‘zda tutilgan.

Tumanda meva-sabzavot eksportyorlari safi 6 tadan 15 taga, sanoat mahsulotlari eksportyorlari safi esa 15 tadan 29 taga ko‘payadi.

Mamlakat Prezidentining yuqoridagi Farmoni Urgutda yillar mobaynida mujgonlarini chim qoplab yotgan yana bir xazina — maxzanul-asror — turizm buloqlarining ko‘zlarini ochib yuborgani bilan ham tarixiy ahamiyatga egadir. Axir, O‘zbekiston Shveytsariyasi deya ulug‘lanuvchi bu makonda o‘nlab bir-biridan maftunkor manzillar, tarixiy maskanlar mavjudligi azal-azaldan Mag‘ribu Mashriqqa ayon-da! Ammo e’tibor beradigan mard topilmagani tufayli yotardi o‘z Kolumbini kutib. Prezident Farmonidan so‘ng odamlar tiynatida ham uyg‘onish, shohona shijoat, g‘urur, iftixor jo‘sh urdi. Urgut zaminining olis puchmoqlarida ham tasviru tafsiliga qalam ojizlik qiladigan ishlar qizib ketdi. Ana-mana deguncha qarovsiz yotgan ziyoratgohlar obodonlashtirildi, hademay Urgutda yana 10 ta sayyohlik tashkiloti tuziladi, 150 o‘rinli 2 ta kemping quriladi. Ekoturizm bo‘yicha Omonqo‘ton massividagi Taxtaqoracha dovoni va Urgut shahridagi “Chor chinor” ziyoratgohi hamda yana o‘ndan ortiq turistik ob’ektlar zamonaviy talablar asosida qayta rekonstruktsiya qilinadi. “o‘avsul A’zam” ziyoratgohi va uning atrofida sayyohlarni kutib olish uchun shart-sharoitlar yaratiladi. Aholi farovonligi, bandligi, daromadi sohasidagi yuksalishlar, yangilanishlar, o‘zgarishlar… Eh-he, aytib ado qilib bo‘lmaydi. Alohida mavzu, alohida qissa bularning har biri.

Mashina allalashiga oshufta, poyimizda yaltirab yotgan yo‘llar Urgutdagi ana shunday munavvar yuksalishlar, Urgut va urgutliklar haqida bir-biridan sururli alyorlar aytayotgandek tuyuladi. 

Tug‘yonli bu alyorlar Urgutdagi beqiyos o‘zgarishlardan bir shingil, bir parcha, xolos. Alyorlar o‘lanlarga, o‘lanlar dostonlarga aylanadi hali. Yo‘llar esa shohista qo‘shiqlari, muzaffar qissalari bilan yo‘lovchilar qalbini sohir xayollarga chulg‘ab, sumanbar sevinch gullariga ko‘maveradi… 

 

Abdusaid KO‘CHIMOV

 

 
Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − 7 =