Kunduzday yorug‘ orzu-umidlar. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida ko‘ngildan kechayotgan o‘ylar

Bugun kattayu kichikning, butun xalqimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi yanada ortgan, umid va orzulari go‘yo qanot yoygan desak, aslo xato bo‘lmaydi.

 

Negaki, mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tomonidan barcha jabhalarda ilgari surilayotgan ishlar, xayrli qadamlar, kun-kunora qabul qilinayotgan farmon va qarorlardan bir narsani anglash qiyin emas: bu endi yurtimizda yangi davr – Istiqlolning Istiqbolli davri boshlanganidan dalolat. Endi odamlarning – o‘zini bilgan har bir yurtdoshimizning fikri, bugun va ertangi kun haqidagi o‘y-kechinmalari ham boshqacha. Ya’ni yurtimiz nasib bo‘lsa, yaqin yillar ichida faqat gapda, so‘zdagina emas, amalda – haqiqatdan ham dunyoda chinakam o‘z o‘rniga ega buyuk davlat bo‘ladi. Xalqimiz hozirgi kundagidan bir necha barobar farovonroq turmush kechiradi. Adolat va haqiqat mezoni ham yuksalib, qonun ustuvorligi havas qiladigan darajaga yetsa, jahonaro bo‘y ko‘rsatgan davlatimizga dunyo xalqlarining havasi, qiziqishi yanada ortib boraverajak!

Ha, bu ezgu, yorug‘ niyatlar ijobatiga shak-shubha yo‘q. Negaki, bugungi amalga oshirilayotgan ishlar, harakatlar shunday deyishimizga to‘la asos beradi. 

Kasb taqozosi ila joylarda, eng chekka qishloqlarda bo‘lamiz. Guvohi bo‘lib, dildan sevinib ketasan, kishi: odamlarning kayfiyati baland, ertangi kunga ishonchi mustahkam.

Aslida ham hamma narsa – amaliyotda, ijroda. Qancha so‘z aytilsa-da, ish ko‘rinmasa, haqiqiy ahvol boshqa narsani ko‘rsatsa, unda ishonch palag‘da bo‘ladi.

Bugun xalqimizning dasturxonini to‘kis, bozorlarimizni obod qiluvchi mehnatkash elimizning hayotidagi o‘zgarishlarga qarab ham xulosa qilish mumkin. Bilasizmi, bir paytlar g‘alladan bo‘shagan maydonlardan bir parchasiga dehqon ikkinchi ekinini ekib olishi uchun ruxsat ololmay sarson edi. Bugun yurtimizda yer bo‘sh turmasin, xalqimiz qo‘shimcha daromad olsin, degan maqsadda mamlakat bo‘yicha joriy yil 1 million 15 ming gektar yerga takroriy ekin ekishga imkon berildi. Bu mehnatkash xalqimizni xursand qilmaydimi?!

Tunov kuni Surxondaryodan bir hamqishlog‘im telefon qilib nima deyapti deng, hayajonining chek-chegarasi yo‘q:

– Qishlog‘imizda odamlarning bari Yurtboshimizni alqab, duo qilishyapti. Chunki barcha sharoit, qulayliklar yaratilmoqda. Hozir qishloqda “svet” umuman o‘chmaydi. Oldinlari dasturxonga endi ovqat suzilgan zahoti chiroq “ketib” qolar edi. Televizor ko‘rish ham, yangiliklardan xabardor bo‘lish ham o‘ziga yarasha edi-da. Odamlar ko‘rsatilgan elektr uchun hech qiynalmasdan oyma-oy haqini to‘lashyapti. Prezidentimizning turli majlislarda, joylarda aytayotgan gaplarini eshitib, rosa quvonamiz. Bo‘ladigan gaplarni aytayaptilar…

Chindan ham mamlakatimiz rahbarining har bir nutqi, el ichiga kirib borib, oddiy odamlar bilan qilayotgan suhbatlarida aytilayotgan gaplar shu qadar hayotiy va xalqchilki, u kishi beixtiyor yurtdoshlarimizning ko‘nglidagi, dilida turgan o‘ylarini o‘qiyotgandek.

– Yurtboshimizga ming tashakkur, aslo ko‘z tegmasin. Har kuni xalqimiz farovonligi, yurtimizni tezroq dunyoaro iqtisodiy mustahkam davlatga aylantirish ishqida yonmoqda, – deydi ijodkor do‘stlarimizdan biri, taniqli shoir Sirojiddin Rauf. – Yurtboshimiz yig‘ilish qilib yo biror joyga borib, xalqqa xizmat qiluvchi qator sohalardagi yutuq va muammolarni o‘rganib, mutasaddilarga zarur topshiriq va vazifalarni berar ekanlar, shu vazifa-topshiriqlari ijrosi, natijasi bo‘yicha yana oradan 10-15 kundan so‘ng shaxsan o‘zlari qiziqib, ijrosini ko‘zdan kechirmoqdalar.

Chindan, odamlarni rozi qilish, elu xalq tashvishi bilan yashash mas’uliyati oson emas. Bu vazifa, mas’uliyat birinchi navbatda elga bosh bo‘lgan katta-kichik rahbarlar zimmasidadir.

Bugungi rahbar Yurtboshimizga yaqin ko‘makchi bo‘lib, u kishi belgilab berayotgan vazifalarni ado etish, shu bilan birga o‘zi ham faqat “yuqori”dan topshiriq kutib o‘tirmay, tashabbuskor va jon-fido bo‘lish zarur. Yana birinchi navbatda shu Vatan, el-yurtga muhabbat, yuksak bilim va tafakkur, halollik va poklik, kamtarinlik va odamiylik, mas’uliyat va shijoat hamda boshqa ko‘pgina sifatlar talab etilmoqda. 

Endi hamma gap har bir inson o‘z vazifasi, burchini yurakdan his qilib, ado etishida. Maqsad Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda “faqat g‘alaba raportlari”ni berishda emas!

“Har kim o‘z ishini halol va vijdonan bajarsin. Buning uchun esa har bir rahbar o‘z aravasini o‘zi tortishi, o‘z sohasidagi ishlarning ahvoliga o‘zi shaxsan javob berishi kerak”. Davlatimiz rahbarining, davrning talabi shunday.

Darhaqiqat, javobgarlik, Vatan, el taqdirini hech qachon unutmaslik aslo balandparvoz gaplar emas. Mabodo kimgadir bu so‘zlar mohiyati haligacha yetib bormayotgan bo‘lsa, demak, u kim bo‘lsa ham bugungi kun nafasini anglab yetmayotgan bo‘ladi. 

Ona yurtimiz taraqqiyotini yangidan-yangi bosqichlarga olib chiqish uchun 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilingani va uni hayotga tatbiq etish bo‘yicha ayni kunlarda nechog‘lik ezgu amallarga kirishilganining guvohimiz. Aytaylik, mamlakatimiz bo‘yicha virtual qabulxona va Xalq qabulxonalarining tashkil etilgani – ochiqlik va xalqparvarlikning yorqin namunasi bo‘lganidan dalolat bo‘ldi.

Prezidentimiz yaqinda o‘z nutqlarining birida mamlakatimiz bo‘yicha virtual va Xalq qabulxonalariga  890 mingga yaqin fuqaro ariza bilan murojaat qilgani, ushbu murojaatlarning 93 foizi o‘rganilib, tegishli javob qaytarilgani to‘g‘risida gapirdilar. Keyingi ma’lumotlarga qaraganda esa, murojaatlar soni 1 milliondan ko‘proqni tashkil etgan.  

Odamlar o‘z dardu tashvishlarini, ularni qiynayotgan muammo, vazifalarni, ayrim taklif va mulohazalari bilan nega “Virtual qabulxona” va “Xalq qabulxonalari”ga ular timsolida Prezidentimizga murojaat qilishmoqda?

Chunki ularni eshitishyapti, tinglashmoqda. Odamlarning uzoq vaqt davomida hal bo‘lmagan muammolari o‘z yechimini topmoqda. Shunday ekan, bu o‘ziga xos xalq ichiga kirib borishning yangicha, zamonaviy mexanizmi nafaqat o‘z yurtimizda, balki butun dunyoda ham shu paytgacha yo‘q bo‘lib, yangilik bo‘ldi. O‘zbekistondagi bu o‘zgarishlarni dunyo ahli, dunyo hamjamiyati juda katta qiziqish, samimiyat, olqish ila munosabatda bo‘layotgani bejiz emas.

Yurtboshimiz alohida ta’kidlamoqdalarki, “fuqarolarimizdan kelib tushayotgan murojaatlarning qariyb 80-90 foizi asosli va o‘rinli bo‘lib, ular yillar davomida e’tibor qaratilmasdan, to‘planib qolgan muammolar ekanligini” aytib, “Bularning barchasi, ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, katta-kichik bo‘g‘indagi rahbarlar, davlat va xo‘jalik organlari xodimlari xalq bilan muloqot qilishni deyarli unutib qo‘ygani, bu masala jamiyatimizda naqadar dolzarb bo‘lib turganini ko‘rsatdi”, dedi.

Davlat siyosati darajasida ko‘ndalang qo‘yilayotgan bu masalalar naqadar achchiq bo‘lsa-da, haqiqatdan boshqa narsa emas. Bir o‘ylab ko‘raylik, bu dunyoda odam borki, hayot borki, har bir inson umr yo‘llarida turli muammolar, tashvishlarga duch kelishi mumkin, qandaydir adolatsizliklaru nohaqliklar bilan ro‘baro‘ bo‘lishi ham hech gap emas. Shuning uchun ham hayotda qonun bor, adolat mezonini ta’min etish naqadar muhim.

Shunday kezlarda odamlar dardini eshitish, imkon qadar xolisona qonuniy yordam ko‘rsatish – birinchi o‘rinda mas’ul bo‘lgan insonning burchi va vazifasi bo‘la turib, zimmasidagi ishiga loqaydlik qiladigan ayrim amaldorlarga nima deyishni ham bilmaysan.

Yashirishga hojat yo‘q. Ba’zida, deylik tuman miqyosida bo‘lgan bir rahbar eshigiga qatnayverib, oddiy bir so‘rovi yoki uni qiynagan muammoga hech bir tayinli javob ololmagach, viloyatga, so‘ng hatto respublikaga murojaat qilgan fuqaro unga noxolis va sovuq munosabatdan hafsalasi pir bo‘lib, o‘z dardi bilan yonib-kuygani, aqalli uni birov eshitmaganidan xunobi oshganini tasavvur qiling-a. Yoki isitmasi qo‘lni kuydiradigan farzandini shifoxonama-shifoxona ko‘tarib, ovorayu sarson bo‘lgan bir bechoraning bolasiga yetarlicha tibbiy yordam ko‘rsatilmasligi, ishiga loqayd bo‘lgan shifokorning aybi bilan boshiga og‘ir kulfat tushgan inson nelarni o‘ylaydi, xayolidan ne savollar kechadi? Bunday qaltis lahzalarda odam bolasi borki, ich-ichidan kuyib, azob chekadi. Haqiqat, adolat, qonun degan tushunchalarga ishonchi chilparchin bo‘lishi hech gap emas! 

Bejiz asosiy katta boyligimiz – xalqimiz ekanligi takror-takror ta’kidlanmayapti. Nima kerak degan savolga esa davlatimiz rahbari birinchi navbatda eldoshlarimizning sog‘ligi kerakligi haqida so‘zlamoqdalar. Bu xususda Yurtboshimiz Prezidentlik lavozimiga kirishishga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida alohida urg‘u berib, “Xalq rozi bo‘lsa, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi, shu ma’noda Alisher Navoiyning “Odami ersang demagil odamiy, oniki yo‘q xalq g‘amidin g‘ami” degan satrlarida qanchalik chuqur hayotiy hikmat, falsafa bor. Ya’ni bu dunyoda insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir, xalqning g‘amidan uzoq bo‘lgan insonni odam qatoriga qo‘shib bo‘lmaydi, deb ta’kidlamoqda ulug‘ bobomiz”, deb chuqur va falsafiy mushohada qilganlarida beixtiyor to‘lqinlanib ketadi kishi. 

Shubhasiz, har bir inson uchun hayotda sog‘lik va salomatlikdan katta boylik yo‘q. Shu sabab ham davlatimiz rahbari sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish masalasiga alohida jiddiy e’tibor qaratmoqda.

Jumladan, keyingi qisqa vaqt ichida Yurtboshimiz tomonidan birgina sog‘liqni saqlash hamda farmatsevtika sohasiga oid qator qaror va farmonlar e’lon qilindi.

Jumladan, joriy yil 1 aprelidagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 4 apreldagi “2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida Onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 17 iyuldagi “Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari hamda yurtimizning 7 ta tog‘li hududlarida erkin-iqtisodiy farmsanoat zonalarini tashkil etish to‘g‘risida farmoni va boshqa muhim hujjatlar xalqimizning salomatligini muhofaza qilish, zamonaviy tibbiy xizmat saviyasini yanada oshirishga qaratilgan.

Yaqinda televidenieda aynan shu sohaga oid Prezidentimizning kuyinib aytgan quyidagi gaplari hamon qulog‘imizda jaranglab turibdi:

“Menga, hurmatli Prezident, bizda tibbiyot bepulmi, pullikmi?”, deb savol yo‘llashibdi. Bilasizlarmi, men uchun bu savol qanchalik og‘ir ekanligini…” 

Mamlakatimiz rahbari o‘z xalqi salomatligini o‘ylab, jon kuydirib tibbiyotga doir qancha muammo, kamchiliklarni bartaraf etish uchun harakat qilmoqda. Buning qadrini har bir Vatandoshimiz chuqur his qilib turibdi, albatta. Shu yilning o‘zida ularning bir necha bor sog‘liqni saqlash sohasiga oid mas’ullar bilan bo‘lgan uchrashuvlari, videoselektor yig‘ilishlari mavzusi aynan tibbiyot sohasini bugungi davr talabiga javob beradigan darajaga ko‘tarish, sohada bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar, yechimini kutayotgan muammolar haqida bo‘ldi.

“Xalqimizning tibbiy madaniyati yuksalib, eng so‘nggi usul va rusumlarda tibbiy xizmat ko‘rsatilishini istaydi. Bizga shu ham bo‘laveradi, degan tushuncha endi o‘z umrini o‘tab bo‘ldi. Bu barcha sohalar qatori tibbiyot sohasiga ham bevosita daxldor”.

Bunday xalqchil gaplar yurak-yuraklarga yetib bormoqda. Shuni ta’kidlash o‘rinliki, kasb-korimiz tufayli tibbiyot sohasidagi, shifokorlarning xalqqa ko‘rsatayotgan xizmatiga oid kuzatuvlarimiz shaxsan Prezidentimiz jonkuyarligi sabab sog‘liqni saqlash vakillarining o‘z kasbiga bo‘lgan munosabati, mas’uliyati keskin ijobiy tomonga o‘zgarib borayotgani kuzatilmoqda. Bu ko‘ngilni o‘stiradi, odamlarni rozi qiladi.    

Darhaqiqat, bugungi kun islohotlari kunduzday yorug‘, belgilab berilayotgan vazifalar shu qadar zalvorliki, aslo hazil emas. Nega?

Chunki olib borilayotgan ishlarning yorug‘ ekanligiga ishora – aniq va ravshanligida, ochiq hamda shaffofligidadir. Muhimi, bari xalqimiz farovonligiga xizmat qilishi uchun! Juda zalvorligiga sabab davlatimiz oldida nihoyatda ko‘plab vazifalar, ro‘yobga chiqariladigan ishlarning, muammolarning to‘planib qolganligida.

Bilasizmi, yana ko‘p aytadigan iboralarimizdan biri bu – “O‘zbekiston – ulkan imkoniyatlar mamlakati” degan e’tirof.

Shubhasiz, imkoniyatlar yurtimizda cheksiz. Lekin uni ro‘yobga chiqarish uchun aytaylik, dunyo davlatlari bilan, yaqin qo‘shnilarimiz bilan qanday munosabatda bo‘lishimiz kerak?

Tan olish joiz, so‘nggi bir yil ichida xorijiy yurtlardan, jumladan Rossiya, Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, Hindiston va boshqa davlatlardan yurtimizga so‘nggi 10 yil davomida jalb qilinganidan ham bir necha barobar ziyodroq xorijiy investitsiyalar kiritildi. Respublikamizning turli joylarida o‘nlab uzoqni ko‘zlangan yirik korxonalar, zavod va fabrikalar qurilishi boshlanib ketdi.

Yaqin qo‘shni davlatlar bilan aloqalar ham yanada rivojlantirilmoqdaki, Yurtboshimiz Prezident saylovidan oldinroq xalq bilan bo‘lgan uchrashuvlarida: “Biz qo‘shnilarimiz bilan raqobatchilar sifatida emas, yaqin hamkorlarimiz deb teng huquqli munosabatda bo‘lishimiz kerak” degan adolatli gapni aytgan edi. 

Yana eng muhim islohotlardan yurtimizda sud-huquq masalasida, odamlarning haq-huquqlarini tiklash, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashdagi masalalarga bo‘lgan munosabat haqida kechmoqda.

Odamlar qachon rozi bo‘ladi, shubhasizki, oqni-oq, qorani-qora deb aytish mumkin bo‘lganda, aniqroq so‘zlaganda hech kim nohaq jazoga mahkum etilmaganda!

Prezidentimiz prokuratura organlari xodimlari bilan bo‘lgan uchrashuvlarida, keyinroq sud-huquq sohasi vakillari bilan va boshqa uchrashuvlarda ochiq-oydin so‘z yuritib, hali qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lida ko‘plab muammolar mavjud ekanligini to‘liq tahlil etib berdi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda sudlar tomonidan hatto birorta ham oqlov hukmi chiqarilmaganligi bu adolat mezonini ta’minlashda nechog‘lik ahvoldaligimizni bildiradi.

Gap shundaki, Prezidentimiz hamma-hammadan o‘z ishiga, vazifasiga, kasb-koriga nisbatan yangicha bir munosabatni kutmoqda. Jonbozlik, jonkuyarlik, faollikni desak yanada to‘g‘ri bo‘ladi.

Birgina shu yil 12 iyul kuni Oliy Majlis qonunchilik palatasida parlament palatalari, siyosiy partiyalar, O‘zbekiston ekologik harakati, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari faoliyatining tahlili hamda istiqboldagi vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazib, unda so‘zlagan nutqida ko‘tarilgan masalalarni e’tirof qilaylik. 

Deputatlar kimlar? Ular – xalqimizning ishongan vakillari. Odamlar ularga ishonib saylagan, ular esa – el-yurt tashvish va muammolari bilan yashaydigan, odamlarning har tomonlama dardini hukumatga yetkazadigan kishilar. 

Aslida-chi, bugungi xalq noiblari davr shiddatiga mos faoliyat yuritayaptimi? Yurtimizdagi qaysi partiyani ibrat qilib ko‘rsatishimiz mumkin? Ma’ruzadan ham ma’lum bo‘ldiki, mamlakatimizda siyosiy partiyalar deyarli bir joyda “qotib” qolgan. Ular qonun bilan muhofaza etilgan o‘z imkoniyatlarini ishga sola bilmayaptilar. Davlatimizning ijro organi bo‘lgan vazirlik, qo‘mita yoki hokimliklar tomonidan olib borilayotgan faoliyatni tanqidiy va tahliliy nigoh bilan kuzatib, aholi manfaatlarini himoya qilishga kuch, jur’ati yetishmayapti. Tashabbus aniq, takliflar-chi? Agarda tashabbus va taklif, harakat yo‘q darajada ekan, deputatlarning, siyosiy partiyalarning o‘z saylovchilariga bergan va’dalari ijrosi nima bo‘ladi?

Bunday og‘riqli savollarni bugun yurtimiz OAV sohasiga ham, ijod ahliga ham ko‘ndalang qo‘yish mumkin.

El dardi, tashvishu muammolarini sanash emas, uning yechimi, hayotimizni yanada obod etish, odamlarni qiynayotgan muammolarni o‘rganish, xalq bilan haqiqiy muloqot qilish – yurt ijodkorining, birinchi navbatda matbuot vakili hisoblangan jurnalistning ham qalb amriga aylanishi kerak. 

Albatta, mamlakatimizda 2017 yil – Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb e’lon qilingani va bu borada olib borilayotgan jamiki sa’y-harakatlar yurtimizning qalbi uyg‘oq har bir fuqarosidan namuna, boshqalarga ibrat bo‘lishni, har qachongidan-da yurakdan mehnat qilishni taqozo etmoqda.

Elimiz, Vatanimiz istiqboli, farovonligi uchun katta ishlar qiladigan davr keldi. Unda har kimning o‘z o‘rni, so‘zi, vazifasi, mas’uliyati borligini his qilmoq kerak. Dunyoda tengi yo‘q go‘zal va betakror ona Vatanimiz gullab yashnayversin, O‘zbekistondek ulug‘ yurt farzandi degan nomga munosib bo‘lishga harakat qilsak, qarshimizga bugungidan-da yorug‘ kunlar peshvoz chiqishiga shubha yo‘q.    

    

Abdurasul JUMAQUL

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − 10 =