Dunyo darakchilar nigohida

 

Bugun dunyoning bir chetida yuz bergan voqea zum o‘tmay narigi chetiga ma’lum bo‘lmoqda. Bu qizg‘in jarayonda matbuot ham, televidenie, radio ham, so‘nggi yillarda tobora rivojlanib borayotgan OAVning yana bir turi — internet ham faol ishtirok etmoqda. Biroq tezkorlik, xolislik, haqqoniylik printsiplariga amal qilgan jurnalistikagina jamoatchilik olqishiga sazovor bo‘lib, mediabozorda peshqadamlikni qo‘lga kiritmoqda. Bugun dunyo darakchilari nigohidagi muhim mavzular qaysi? Quyida ular bilan tanishamiz.

 

 Dunyoga mashhur kundalik nashrlardan biri — Britaniyada chop etiluvchi “Tayms” gazetasi nigohi kunning so‘nggi yangiliklari va dolzarb muammolariga qaratilgan. Gazeta sahifalarida berilgan xabarlarning birida aytilishicha, Buyuk Xitoy devori ostidan dunyodagi eng chuqur temiryo‘l stantsiyasi o‘tkaziladi. Ayni kunlarda Xitoyda mazkur stantsiyani qurish ishlari olib borilmoqda. Xabarda yozilishicha, temiryo‘l qurishdan maqsad 2022 yilgi qishki Olimpiada o‘yinlarida poytaxt — Pekinni o‘yinlarga mezbonlik qiladigan shahar — Chjangjiakou bilan bog‘lashdir. Yo‘nalish tog‘lardan o‘tib, Buyuk Xitoy devoriga parallel bo‘ladi. Devorning Badaling qismida ishchilar katta metro stantsiyasini qurishmoqda. Xitoyning “Xalq jurnali” ma’lumotlariga ko‘ra, Badaling tunnelining balandligi 12 kilometr, chuqurligi 432 metr bo‘ladi. 

Fransiyaning “Frans-press” agentligidagi “Suriyada bolalar mehnatiga zarurat bormi?” nomli maqola kishini o‘yga toldirib, mulohazaga undaydi. Ahmad Sauraniy qalamiga mansub ushbu material shunday boshlanadi: “Suriyada yettinchi yilki,  urush ketmoqda. Mamlakatda gumanitar va iqtisodiy vaziyat qiyinlashib bormoqda. Bu urush bolalarni o‘zini va oilalarini qo‘llab-quvvatlash uchun ishlashga majbur etyapti. Bu holat, albatta, suriyalik bolalar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin…”

Maqolada raqam va faktlardan o‘rinli foydalanilgan, ular o‘z navbatida muammo mohiyatini ochib beribgina qolmay, qimmatini ham oshiradi. Masalan, BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyodagi 10-18 yosh oraliqdagi 168 million bola ayni kunda mehnat bozorida ekanligi, ularning 85 millioni esa hayoti uchun xavfli ishlarda ishlayotgani aytib o‘tilgan. Suriyada esa urushga qadar 10 foiz, hozir 20 foiz bola ishlashga majburligi ahvolning nechog‘lik og‘irligidan dalolat beradi. Bolalar ko‘pincha, yuk tashish, ya’ni hammollik va transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish kabi mashaqqatli ishlarni bajarishyapti. Albatta, bunday vaziyatda bolalar nafaqat jismonan, balki ruhan zo‘riqish bilan yuzlashadi. Maqolada aytilishicha, urushdagi vaziyat tufayli maktabni tark etishga majbur bo‘lgan suriyalik bolalar o‘zlarini butkul ishga bag‘ishlagan. Ayni kunda ishni deb, maktabdagi ta’lim darajasiga putur yetib bo‘ldi. Oilaning o‘rtacha kunlik daromadi 1500 lira bo‘lsa, kundalik xarajat esa uning ikki barobari 3000 lira, ya’ni 6 AQSh dollarini tashkil etadi. Aksar oilalar esa boquvchisi — oila boshliqlarini yo‘qotgan. Hozirgi kunda 800 ming nafar bola yetim. Onalariga ko‘maklashish uchun ham shirin orzusidan voz kechayotgan bolalar mehnati ish beruvchilar uchun “qo‘l kelmoqda”. Maqolada tilga olingan shu kabi aniq faktlar, raqam va bayonlar o‘quvchida achinish, urushga nafrat hissini shakllantirib, mavjud muammoga yechim izlashga undaydi. 

Qisqasi, jahonda ro‘y berayotgan voqealar ichida xushxabari ham, noxushi ham bor. Ularni auditoriyaga qay yo‘sinda yetkazish, jamoatchilikda ijobiy yoki salbiy fikrni uyg‘otish esa har bir tahririyat manfaati va unda ishlovchi jurnalistlar bilim-ko‘nikmasiga bog‘liq. 

 

Go‘zal MALIKOVA 

tayyorladi.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − fourteen =