NOSHIRLIK – BIZNES EMAS, balki ma’naviyat-ma’rifat ishi bo‘lmog‘i kerak

Respublikamizning jadal taraqqiyoti, bugun har bir soha xodimlaridan zamonga mos tarzda faoliyat yuritishni, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar, yangilanishlarga muvofiq ishlashni taqozo etmoqda. Zero, bugun barcha jabhalar kabi bevosita matbuot, ommaviy axborot vositalari hamda noshirlik va matbaachilik, axborot kutubxona va kitob targ‘iboti sohasida ham bir qator o‘ta muhim hujjatlar qabul qilinib, ijroga qaratildi.

 

 Chunonchi, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 3 avgust kuni respublikamiz ziyolilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ta’kidlangan, o‘zbek tili va adabiyotini, badiiy tafakkurimizni rivojlantirish orqali xalq ma’naviyatini yuksaltirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, yozuvchi bilan o‘quvchining o‘zaro aloqasini mustahkamlash, O‘zbekistonni milliy adabiyot orqali dunyoga tarannum etish borasidagi belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashga yoki aholining huquqiy va siyosiy madaniyatini, ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga, shuningdek, fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qilyaptimi? – degan savolga javob berish talab etilmoqda. 

Afsuski, bu savolga biz ishonch bilan “ha, albatta javob beradi”, deya olmaymiz. Sababi hali-hamon ijtimoiy jihatdan ahamiyatsiz, badiiy nomukammal, matbaa ijrosi ham amaldagi standartlar talabiga muvofiq kelmaydigan, ba’zan hatto oddiy imlo qoidalariga ham rioya etilmagan nashrlar uchrab turibdi. Va bu keng jamoatchilik orasida haqli e’tirozga sabab bo‘lmoqda. Ba’zan, ana shunday nashriyotlar faoliyatini yo‘naltiradigan, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan amaliy-uslubiy yordam berish vakolatiga ega davlat organi hisoblanmish Matbuot va axborot agentligi nega ularga qat’iyroq choralar ko‘rmaydi, ularning faoliyatiga chek qo‘ymaydi? – degan savolni berishadi. Agentlik tahlillari asosida, so‘nggi yillarda turli saviyasiz, oldi-qochdi, milliy mentalitetimizga xilof bo‘lgan adabiyotlarni nashr etish ishiga ma’lum darajada to‘siq qo‘yildi, talab darajasida faoliyat yuritmayotgan 10 dan ortiq nashriyotlarning noshirlik huquqi bekor qilindi. 

Lekin hayot faqat ma’muriy chora bilan, ish bitmasligini aksincha, nashriyotlar faoliyatini muntazam tahlil qilib borishni, sohani yaxshi biladigan kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yishni, mutaxassislarning kasbiy mahorati, malaka va tajribalarini oshirish bilan birga, ularning sohaga oid qonun hujjatlari, ishlab chiqarish standartlari borasidagi bilimlarini, jamiyat oldidagi burch va mas’uliyatlarini ham oshirib borishni taqozo qilmoqda.

Shu sababli Matbuot va axborot agentligi Prezidentimizning 2017 yil 11 avgustdagi “Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, shubhasiz, ana shunday nashrlarni ommaviy axborot vositalari orqali tahlil etishni, jamoatchilik o‘rtasida keng muhokama qilishni, ularga uslubiy yordam ko‘rsatish, faoliyatiga baho berish, hamda sohadagi kamchiliklarni bartaraf etishda o‘z vakolatlaridan foydalanadi.

Shu kunga qadar bu kabi jarayonlar faqat yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish choralarini ko‘rish yuzasidan kiritib boradigan “Taqdimnomalari” ham “Ko‘rsatmalari” bilan cheklanib kelingan edi. Yiliga o‘nlab shunday taqdimnomalar kiritilsa-da, kamchiliklar barham topmadi, necha yillardan beri nashriyotlarning biri sodir etgan xatoni ikkinchisi takrorlashda davom etmoqda. Buning boisi, mazkur taqdimnomalarning mazmuni bilan faqat ushbu xatolarga yo‘l qo‘ygan nashriyotning o‘zigina tanishadi, nashriyotga javobgar mutasaddi xatoni astoydil tan olib, tuzatsa, tuzatadi yoki bo‘lmasa, Agentlikka, “taqdimnoma ijodiy jamoada muhokama qilingani-yu, unda tanqid qilingan kitoblarni nashr etilishida o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan qaragan xodimlarga intizomiy chora qo‘llanilgani to‘g‘risida” silliqqina javob xati yuborib, qutuladi-qo‘yadi. Shu bilan taqdimnomaning ta’sir kuchi ham, ijimoiy-amaliy ahamiyati ham tugaydi. Lekin birgina ogohlantirish yoki hayfsan bilan, hattoki, bilimi, saviyasi talab darajasida bo‘lmagan muharrir va musahhih bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish bilan ham, nashriyotdagi asosiy masala hal bo‘lib qolmasligini, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni tag-tubi bilan bartaraf etib bo‘lmasligini amaldagi tajribamiz isbot qildi.

Agar nashriyotlar faoliyati bo‘yicha kiritiladigan taqdimnomalarga diqqat qaratiladigan bo‘lsa, ularning aksariyatida bir xil turdagi xatolar ko‘zga tashlanadi. Birinchi galda bu nashriyotlar o‘z litsenziyasi bilan belgilab berilgan yo‘nalishlardan chetga chiqishida, o‘zi ixtisoslashmagan, mutaxassislarga ega bo‘lmagan sohalariga qo‘l urishida namoyon bo‘ladi. Masalan, tibbiyotga oid, yoki diniy yo‘nalishdagi kitoblarni, huquqiy-yuridik adabiyotlarni, o‘quv adabiyotlari, monografiyalar, entsiklopedik adabiyotlarni nashr etish vakolati bo‘lmagani holda shunday adabiyotlarni nashr etilishi qayd etiladi. Holbuki, nashriyotlardan ularning noshirlik faoliyati bo‘yicha berilgan litsenziyasida ko‘rsatilgan yo‘nalishlarni qamrab olishi talab etiladi.

Misol tariqasida eng so‘nggi taqdimnomalardan ayrimlariga murojaat qilaylik. “Qoraqalpog‘iston” nashriyotida chop etilgan “Menin   yyemgi Qaraqalpaqstanыm” kitobining 4-, 5-, 6-, 11-betlarida diniy kitoblardan olingan Nuh payg‘ambarning kemasi, Yaratuvchining olamni yaratishi, Nuh payg‘ambarning avlodlari haqida ma’lumotlar berilgan. Ma’lumotlar qaysi diniy manbadan olingani aniq ko‘rsatilmagan. Faqat kitobning 13-betida: “Jahon tsivilizatsiyasi tarixida bu zamonlarda odamzod dehqonchilikning yomg‘ir suviga ko‘karib chiqadigan turidan sug‘orilib ekiladigan turiga va ekinlarning tubiga ketmon bilan ishlov berish usullariga, chorvachilikda esa yovvoyi hayvonlarni qo‘lga o‘rgatish, ko‘chmanchi hayot tarziga o‘tayotgan, ilk yozuv-chizishlar, quldorlik (Yaqin Sharq, Xitoy, Shimoliy Amerika) paydo bo‘lgan davrlar edi. Masalan, hozirgi monoteistli-islom, xristian va iudey dinlarining muqaddas kitoblariga asos solgan “Tavrot” (ivritte-Tora, xristianlarda “Vetxiy Zavet” yoki “Moiseyning “Besh kitobi”) rivoyatlar turkumi muallifi – Muso payg‘ambar (Moshe Abram, prorok Moisey) dinshunos olimlar taxminicha, miloddan avvalgi 1200 yillarda yashagan”, degan chalkash ma’lumotlar berilgan.

48-betda Turk xoqonligining Tangrichilik dini va unga e’tiqod qilish urf-odatlari haqida so‘z yuritilgan. Bundan tashqari, kitobning 60—65-betlarida ma’jusiylik dini haqida asl manbalari noma’lum ma’lumotlar taqdim etilgan.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Noshirlik faoliyatini litsenziyalash komissiyasi tomonidan “Qoraqalpog‘iston” nashriyotiga berilgan litsenziyada hamda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi va “Qoraqalpog‘iston” nashriyoti o‘rtasida imzolangan “Noshirlik faoliyatini amalga oshirish to‘g‘risida”gi litsenziya shartnomasida badiiy, o‘quv adabiyotlar, lug‘atlar, ilmiy-ommabop adabiyotlar, albomlar, blankalar, afishalar, taklifnomalar nashr etish huquqi berilgan. Biroq litsenziyada nashriyotning diniy yo‘nalishdagi adabiyotlarni nashr etish huquqi belgilanmagan. 

Respublika Adliya vazirligida 2006 yil 14 aprelda 1561-son bilan ro‘yxatga olingan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktorining 2006 yil 15 martdagi 29-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Nashrlarni chop etish qoidalari”ning 6-bandi talablariga muvofiq, diniy xususiyatga ega bo‘lgan bosma asarlarni nashr etishga doir buyurtmalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada ekspertizadan o‘tkazilishi kerak. Biroq “Menin  yyemgi Qaraqalpaqstanыm” kitobida uning Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada ekspertizadan o‘tkazilgani va qo‘mitadan xulosa olingani qayd etilmagan.

Nashriyotlar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan yana bir xatolik bu kitoblarda haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish bilan bog‘liqdir.

Masalan: “Qashqadaryo ko‘zgusi OAV” nashriyotida chop etilgan X.Eshimov muallifligidagi “Umr manzaralari” nomli kitobdan o‘rin olgan “Tarix – jamiyat ko‘zgusi” sarlavhali materialda: “Hadis ilmining ulug‘ bilimdoni Al-Buxoriyning to‘rt ming hadisni yoddan bilishi inson ma’naviyati yuksalishining amaldagi ko‘rinishlaridir” – deya noto‘g‘ri ma’lumot berilgan. Aslida, Imom al-Buxoriy jami 600 mingga yaqin hadis to‘plagan bo‘lib, shundan 100 ming “sahih” va 200 ming “g‘ayri sahih” hadisni yoddan bilgan (manba: O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi, 2-jild, 279-bet).

Ayni shu nashriyot o‘quvchilar hukmiga taqdim etgan N.Davron muallifligidagi “Tirik suv” kitobida chop etilgan “Nafisaning jarangdor ovoziga qasida” sarlavhali materialda: “2012—2016 yillari Qarshi davlat pedagogika universitetida tahsil ko‘rib…” deya noto‘g‘ri ma’lumot tarqatilgan. Aslida, bu o‘rinda Qarshi davlat universiteti deb yozilishi lozim edi. Chunki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 28 fevraldagi “Respublikaning yangi oliy o‘quv yurtlarini tashkil qilish to‘g‘risida”gi farmoni bilan H.Olimjon nomidagi Qarshi davlat pedagogika instituti negizida Qarshi davlat universiteti tashkil etilgan. 

“Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 7-moddasi talablariga ko‘ra, tarqatilayotgan axborot haqqoniy bo‘lishi kerak. Yuqorida keltirilgan holatlarda ushbu qonun talablari buzilgan.

“Iqtisod-moliya” nashriyotida nashr etilgan “O‘zbekiston tarixi” kitobining 308-betida: o‘zbekistonliklarning Ikkinchi jahon urushida ko‘rsatgan mardligi va jasorati haqida so‘z yuritilib, “32 nafar o‘zbekistonlik jangchi uchala darajadagi “Shuhrat” ordeni bilan mukofotlandi”, deya noto‘g‘ri ma’lumot tarqatilgan. Aslida, Ikkinchi jahon urushida ko‘rsatgan mardligi va jasorati uchun 82 nafar o‘zbekistonlik jangchi uchala darajadagi “Shuhrat” ordeni bilan mukofotlangan (manba: O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi, 12-jild, 178-bet).

Xuddi shu kitobning 362-betida: “Davlat madhiyasining matni O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov, musiqasi O‘zbekiston xalq bastakori Mutal Burhonov tomonidan tayyorlangan”, deya noto‘g‘ri ma’lumot berilgan. Aslida, mamlakatimizda “O‘zbekiston xalq bastakori” unvoni mavjud emas, shu bois kitobda “O‘zbekiston xalq artisti” deb berilishi lozim edi.

401-betda: “Respublikada 17 diniy konfessiya ro‘yxatga olingan va rasman faoliyat ko‘rsatmoqda”, deya noto‘g‘ri ma’lumot berilgan. Aslida, ayni paytda respublikamizda 16 ta diniy konfessiya davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan (manba: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning rasmiy veb-sayti — religions.uz).

Afsuski, bu kabi misollarni yana va yana davom ettirish mumkin. Ushbu kitoblarning bevosita ta’lim jarayonlariga daxldorligi, ularda yo‘l qo‘yilgan xatolarning salbiy ta’sirini yanada oshirishi shubhasiz.

Shu bilan birga, eng achinarlisi, ayrim nashriyotlar sohaga oid standart talablarining ham buzilishiga yo‘l qo‘ymoqdalar.

“Iqtisod-moliya” nashriyotida chop etilgan “O‘zbekiston tarixi”, “Byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi: nazariya va amaliyot”, “Avtomobil yo‘llaridagi suv o‘tkazuvchi inshootlarni loyihalashda suv va sel toshqinlarining tavsiflarini hisoblash”, “Muhandislik geodeziyasi”, “Iqtisodiyot nazariyasi”, “Dehqon va fermer xo‘jaliklari iqtisodiyoti” kitoblarida tasniflovchi indekslar UDK, BBK tarzida yoki UO‘K, BBK tarzida noto‘g‘ri ko‘rsatilgan. O‘zDSt 2317:2012. Nashrlar. Chiqish ma’lumotlari 4.10-bandi talablariga ko‘ra, klassifikatsiya indekslari kitoblarga UO‘K va KBK shaklida qo‘yilishi lozim.

“O‘zbekiston tarixi” kitobida muallif huquqining himoya belgisi (©) qo‘yilmagan. Bu holat O‘zDSt 2317:2012. Nashrlar. Chiqish ma’lumotlari (4.1-band) talablariga zid bo‘lishi bilan birga O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonuniga ham xilofdir.

Kitoblarning kim uchundir ahamiyatsizdek tuyuluvchi chiqish ma’lumotlarining noto‘g‘ri berilishi, ularda mualliflik huquqlarining qayd etilmasligi, imlo xatolari bilan nashr etilishi kabi holatlar ham shunchaki kamchilik emas, balki amaldagi O‘zbekiston Respublikasi “Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni 7-moddasi, “Davlat tili haqida”gi qonunining 7-moddasini buzish, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni 19-moddasiga rioya etmaslik, sifatida baholanishini bilmog‘i shart.

Bugun nashriyotlarda faoliyat yurituvchi har bir ijodiy xodimdan, muharrirdan talab qilinayotgan jihat nafaqat chuqur bilim, kasbiy malaka yoki mahoratga ega bo‘lish, balki sohaga oid qonunchilik asoslarini chuqur bilishdan va ularga qat’iy rioya etishdan ham iboratdir.

 

Bir so‘z bilan aytganda, ayni kunda noshirlikka bel bog‘lab, bu sohada ish yuritayotgan har mas’ul shaxs, mutasaddilardan noshirlik ishiga biznes deb emas, balki chin ma’nodagi ma’rifat va ma’naviyat targ‘iboti sifatida munosabatda bo‘lish, bu kasbning asl mohiyatidan, noshirlik – ziyokorlik ilmu ma’rifat tarqatish ekanligidan kelib chiqib, faoliyat yuritish talab etiladi. Boshqacha yo‘l bo‘lishi mumkin emas. Agentlik bundan keyin, nashriyotlarga kiritilayotgan taqdimnomalarni keng jamoatchilik hukmiga havola etib borish bilan birga, mazkur xatolarni tuzatishga shoshilmayotgan, sohaga oid qonun hujjatlarigi rioya qilmayotgan nashriyotlarni noshirlik huquqidan mahrum qilish yuzasidan vakolatli komissiyaga belgilangan tartibda xulosalar berib borishini ta’kidlash joiz. Zero, biz bugun huquqiy demokratik jamiyatda yashayapmiz va bu jamiyatning bosh tamoyili barcha sohalarda qonun ustuvorligini ta’minlashdan iboratdir.

 

Muhiddin OMONOV,

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi

OAV va nashriyotlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi bosh muharriri

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven − 10 =