Yorug‘ kunlar sog‘inchi…

Bobom tik qomatli, basavlat inson edi. U kishining ismi Boyqaro bo‘lib, qat’iyatli, bir so‘zli, talabchan va sofdil bo‘lganidan qarindosh-urug‘, mahalla-ko‘y ichida obro‘-e’tibor va o‘z o‘rniga ega bo‘lgan. Onam bobomning yagona farzandi bo‘lib, biz opa-singillar bobo-buvimizni juda yaxshi ko‘rar va ular bilan faxrlanardik. Men ular bilan shaharda, opa-singillarim ota-onam bilan qishloqda yashardi.

 

Bobom ko‘pincha o‘z boshidan kechgan voqea-hodislarni so‘zlab berar, bu hikoyalar men uchun g‘oyat qiziq edi. 

Bir kun uyimizga buvimning nafaqasini berish uchun pochtachi keldi. Pulini olgach, buvim bobomga:

— Hoy chol, nima qiladi, siz ham el qatori munday davlatdan pensiya olsangiz, nima qiladi? — deb qoldi.

Bu gapni eshitgan bobomning quyuq qoshlari chimirildi. 

— Nevaralarning g‘amini yemay qo‘ya qol, ularning rizqini Allohning o‘zi yetkazadi, — dedi. 

Buvim yana bir gal nafaqa haqida gap ochgandi, bobom: “Kampir, qaytib nafaqa to‘g‘risida menga og‘iz ochmagin, maylimi?” — dedi qat’iy qilib. U kishining fe’lini hammadan ko‘ra yaxshiroq biladigan buvim qaytib bu to‘g‘rida gapirmadi. Mening esa ko‘nglimda bir tugun qoldi: nega bobom pensiya olishni xohlamaydi?

Oradan qancha vaqt o‘tdi, hozir aniq yodimda yo‘q, ishqilib, bir kuni buning boisini so‘rashga ahd qildim.

— Buning tarixi juda uzun, Mirkomil bolam, — dedilar. Bobom bizni qiz bola bo‘lsak ham, erkalab, o‘g‘il bolalarning ismi bilan chaqirar edi.

— Bir paytlar mening kattagina yerim bo‘lardi, — hikoyasini boshladi u kishi. — Qo‘ra to‘la qo‘y-qo‘zi, og‘ilda sog‘in sigirlar, yerni shudgorlaydigan ot va ho‘kizlar bilan birga, alohida parvarish qilinadigan uloqchi otlarimgacha bor edi. Har yili yerdan ikki marta hosil olinardi. Xirmon donga to‘lgach, to‘plangan don miqdoriga qarab, qishloqdagi yetim-esir, beva-bechoralarga kafsan tarqatardim. Qolgan hosilni qoplarga joylab, omborxonaga joylardik. 

O‘ttizinchi yillar yurtda kolxozlashtirish davri boshlanib ketdi. Barcha boy-badavlat, o‘ziga to‘q odamlarni birin-ketin kolxoz yig‘ilishiga chaqirib, ularning yer-suv, mol-mulkini kolxozga tortib olib, o‘zlarini o‘zga yurtlarga surgun qila boshlashdi. Shunday qora kunlar mening ham boshimga tushdi. Kechqurun kolxoz tuzuvchi yo‘qsillar meni ham yig‘ilishga chaqirdi. Butun mol-mulk, yer-suvlarimni xatlab kolxozga o‘tganini, o‘zimni esa allaqaerga surgun qilinganimni aytishdi. Bir necha daqiqada hayotim ostin-ustun bo‘ldi. Mol-mulk mayli, yigit moli ko‘chada deyishadi, bosh omon bo‘lsa, do‘ppi topilar, lekin hech qanday aybsiz otameros qishloqdan, yurtdan quvilish, ota-bobolar xokini, ular mozorini tashlab ketish, yigit kishi uchun o‘lim bilan barobarligini angladim, xo‘rligim keldi. Kolxoz tuzuvchilardan qishloqda qoldirishni so‘radim, lekin ular o‘zing kelib, bor-budingni kolxozga ixtiyoriy topshirganingda, bunday bo‘lmasmidi, endi iloji yo‘q, sen hukumat tomonidan “quloq” qilinding, deb javob berishdi. Boshimga tushgan musibatdan karaxt holda uyga qaytdim, bo‘lib o‘tgan gaplarni buvingga aytdim, sakkiz farzandini yerga qo‘yib, tilab olgan, ko‘zimizning oqu qorasi bo‘lgan, endigina uch yoshga kirgan onangni bag‘riga bosib, aytib-aytib, o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi, bu yig‘iga onam rahmatli ham qo‘shildi, bisotlaridagi bor qarg‘ishlari bilan kolxoz tuzuvchilarni la’natladi. Onang bilan buvingni nima deb, qanday qilib yupatishni bilmas edim, chunki ahvolim ularnikidan ham besh battar edi. 

Ertasiga tong-sahar uyimizga kolxoz tuzuvchilar kirib keldi, darhol uyni bo‘shatib, qishloqdan chiqib ketishga shaylanishimizni, xatlangan barcha yer, chorva, uy-joy va mol-mulklar kolxoz mulki bo‘lganini, hech narsani olib ketishga haqimiz yo‘qligini aytishdi. Barcha kolxozlardan “quloq” qilinganlar tuman markazida to‘planishini, u yerdan belgilangan joyga jo‘natilishimizni tayinlashdi. Aravaga baquvvat otlardan ikkitasini qo‘shdim va unga ukam Mirzaahmad bilan ro‘zg‘orga kerakli buyumlarni yukladim. Og‘ildan sog‘in sigirlardan birini olib chiqib, buzoqchasi bilan aravaning orqasiga bog‘ladim. (Qishloqdan badarg‘a bo‘lib, o‘zga yurtlarga quvg‘in qilinganimni bilsam-da, nima uchun bunday qilganimni hanuz tushuna olmayman). Onam va buvingni yonimga chaqirib, o‘tgan ota-bobolarimiz ruhiga atab Qur’on tilovat qildim, so‘ng buvingga qatiq suzadigan xaltalarning yuvilgan, tozasidan bittasini berishini so‘radim. Shu damda boshimizga tushgan musibatni eshitgan qarindosh-urug‘, yaqinlarimiz, Hasan va Husan akalarim, ularning farzandlari kirib keldi, ular befoyda ekanligini bilsalar-da, onam bilan bizga taskin berishga harakat qilishardi. Ko‘z yosh bilan xayr-xo‘shlashdik, Akalarim onamni o‘zlari bilan qolishlarini yolvorib so‘rashdi, lekin onam Boyqaro qaerda bo‘lsa, men ham o‘sha yerda bo‘lay, shunda xotirjam bo‘laman, deb yig‘ladi. 

— Boyqaroni o‘zga yurtda qanday kunlar kutyapti, taqdiri nima bo‘ladi, siz biz bilan qolganingiz ma’qul, ukam, albatta, qaytadi, — dedi Hasan akam. U kishining gapini qarindosh-urug‘lar ma’qulladi, onamni qishloqda qolishga ko‘ndirishdi. Shu payt kolxoz faollari yana kelib qoldi. Ular aravadagi ikkinchi otni ham, o‘zimning doimiy yo‘ldoshim — qorabayirimni ham, bolali sigirni ham tortib oldi, arava bilan ot ham temir yo‘l vokzalida olib qolinishini do‘q bilan ta’kidlashdi. Arava yo‘lga chiqdi. Orqamizdan zor-zor yig‘lab onaizorim, aka-ukalarim, hamqishloqlarim va bolaligim, eng baxtli kunlarim o‘tgan qadrdon otamakonim Hojintoli qishlog‘im qoldi…

Aravaga qo‘shilgan ot ustida ketar ekanman, onamning zor qaqshab yig‘lagani, dod-faryodi ko‘z o‘ngimdan nari ketmas edi. Xo‘rligim kelib, tomog‘imga nimadir tiqilib qolgan, nochor va baxtsizligimdan dod solgim kelar edi. Shunday qildim ham, suzma xaltadagi hovlimizning bir siqim tuprog‘ini ko‘zimga surtib, hayotimda bir marta o‘ksib-o‘ksib, unsiz va alamli ko‘z yoshi to‘kdim… Achchiq, alamli ko‘z yoshlarimni tiyib, o‘pkamni to‘ldirib chuqur nafas oldim va iztirob bilan orqamga, aravada sukut saqlab kelayotgan buving bechoraga qaradim, u yuzidagi chachvon(paranji yuziga yopiladigan to‘r)ni ochib olgan, yoshdan qizarib, shishib ketgan ko‘zlari ancha jiddiy tus olgan edi. U dunyo tashvishlaridan bexabar shiringina qizchamiz, onangni bag‘riga bosib jimgina o‘yga tolgandi. Shunda, och qolsam-da, zulm va zo‘ravonliklar, talon-torojliklar, ko‘z yoshi va musibatlar evaziga qurilgan bu hukumatdan bittanga (sovet puliga 20 tiyin) olsam, Boyqaro otimni boshqa qo‘yaman, otamning farzandi emasman, deb qasam ichdim.

“Quloqlar” (katta yer egalari, boylar), sinf sifatida mamlakatdan surgun qilinadiganlar oilasi bilan tuman markaziga yig‘ildik. Bularning ichida ko‘p yillik qadrdonlar, tanish-bilishlar ham bor edi. Bizni Andijon temir yo‘l vokzaliga olib kelishdi, u yerdan barchamizni g‘arb tomonlarga yuborishadigan bo‘ldi. Namozshom payti vagonlarga chiqdik. Shunda norinliklardan biri, qadrdonim Mirsolihboy: “Boyqaro aka, taqdirimizga yaxshi kunlar bitilmagan ekan, oldinda bizni musibat, ayanchli vatangadolik kutyapti, xudo biladi, yurtga qaytish nasib qiladimi, yo‘qmi. Shunday ekan, siz qochib bo‘lsa-da, yurtimizda qoling, qancha kulfat bo‘lsa, shu yerda torting, chunki tilab olgan farzandingiz qiz bola, uning ustiga juda yosh, nuridiydangiz o‘zga yurtlarda xoru zor bo‘lmasin, biznikilar ko‘pchilik, ulg‘ayib qolishdi, bir kunini ko‘rishar”, dedi. Bu fikrni qolgan birodarlarimiz ham qo‘llab-quvvatladi. Imkoniyatlari darajasida pul, oziq-ovqat hadya etishdi. Biz Yaratgandan yana diydor ko‘rishishni so‘rab xayrlashdik. Keyingi stantsiyalarning birida bir ilojini qilib, bizni vagondan tushirib qoldirishdi.

Qop-qorong‘i tun qo‘ynida yelkamda va qo‘llarimda yuk bilan buvingning qo‘lidan tutib olganman. Buving bo‘lsa onang To‘xtaxonni bag‘riga bosib, yuziga urilayotgan qamishlardan bir qo‘li bilan pana qilishga urinardi. Shunday qilib, biz surgundan qochib qoldik. Bu sirdan nafaqat yaqinlarimiz, balki begonalar ham voqif bo‘lishi mumkin emas edi. Shu tufayli odamlardan olisda, qamishzorlar ichida kapa tikib yashashga majbur edik. Qo‘limizdagi oziq-ovqatimizni yeb bo‘lgach, men kechqurunlari vokzalga chiqib, vagondan yuk tushirib, topgan pulimga yeguliklar olib kela boshladim. Iloji boricha odamlarga kamroq ko‘rinishga, ular bilan kamroq muloqotda bo‘lishga harakat qildim. Buving esa bor kuch-g‘ayratini yakkayu yagonamiz, onangning sog‘lig‘ini asrashga sarfladi, chunki qamishzorda kun ko‘rishning o‘zi bo‘lmaydi, kunduzlari dim bo‘lsa, kechqurunlari chivin chaqishiga toqat qilib bo‘lmasdi. Shunday bo‘lsa-da, buving qaysi paytda, qanday qilib ulguradi, bilmayman, qamishzordagi o‘t-o‘lanlardan yig‘ib, bizdan birmuncha olisda bo‘lgan qishloqqa borib, ularni sut, qatiqqa almashtirib qaytadi. U kunlarni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman. O‘z yurtingda aybsiz aybdor bo‘lib, elu yurtdan qochib yurishdan ham og‘irroq kulfat yo‘q ekan. Qanday og‘ir kunlarni ko‘rsam ham, qamishzorda yashasam ham, Vatanimda qoldim-ku, uning havosidan to‘yib nafas olyapman-ku, farzandim yonimda, o‘lsam qabrim shu yerda qoladi-ku, olis yurtlarga ketgan birodarlarim singari vatangado emasman-ku, deb o‘zimni-o‘zim yupatar edim. Kunlar ketidan kunlar, oylar ketidan oylar o‘tdi, kech kuzgacha qamishzorda it kunini ko‘rdik…

Vaqt hamma narsaga davo, sekin-asta bu hayotga ham ko‘nikdik. Vokzalda yuk tushirib yurgan kunlarimning birida yaxshi bir inson bilan tanishib qoldim. U kishi menga juda iliq muomalada bo‘ldi. Boyqaro aka, kechqurun doimiy vokzaldasiz, nima ish qilasiz, oilangiz bormi, deb so‘radi. Men kechqurunlari vagondan yuk tushiraman, oilam bor, deb javob berdim. Shundan keyin biz tez-tez ko‘rishib turadigan bo‘ldik, keyin bilsam, u kishi mashhur bastakor To‘xtasin Jalilov ekan, shuning uchun Toshkentga tez-tez borib turar ekan. Vaqt o‘tib, u kishi ba’zi yumushlarni qilib berishimni aytib, meni uylariga ham taklif qildi. Shunday qilib, biz do‘stlashib qoldik, boshimdan o‘tganlarni unga gapirib berdim, jimgina tingladi, so‘ngra, bu gapni menga aytdingiz, boshqa hech kimga og‘iz ochmang, shunda o‘zingizga ham, bola-chaqangizga ham yaxshi bo‘ladi, dedi. Bir kuni vagondan ko‘mir tushirayotsam, bastakor do‘stim yo‘qlab kelib qoldi. Mahallasidan biz uchun ijaraga uy topganini, ertaga ertalab ko‘ch-ko‘ronim bilan mahallaga borishimni, uy egasi bilan tanishtirib qo‘yishini, mahallada so‘raganlarga u kishining qarindoshi ekanimni aytishni tayinlab, xayrlashdi. Bu mehribonchilikdan boshim osmonga yetdi, qanday qilib ishni tugatganimni bilmadim, qo‘lbola qilib qurib olgan kapamizga qanot chiqazib, uchib bordim, chunki bu xabarni buvingga tezroq yetkazishga, uni xursand qilishga shoshilardim. Yetti-sakkiz oy sarson, uy-joysiz, quvg‘inda yashagan odamlar uchun bu kutilmagan baxt edi. Shu tariqa biz Andijonning eski shaharidagi Chorguzar mahallasiga ko‘chib o‘tdik.

Oradan bir-ikki yil o‘tgach, adashmasam, 1936 yil edi, bastakor do‘stim Toshkentga ko‘chib ketayotganini, u yerda Filarmoniya tashkil etilib, uni ishga chaqirishganini aytib qoldi. Shuning uchun uyimni siz olib qolsangiz, siz vatanli bo‘lardingiz, men esa bemalol kelib-ketib turardim, dedi. Men biroz xijolat chekib, xursandligimni, bizga ko‘rsatgan g‘amxo‘rliklari uchun bir umr qarzdor ekanimni, jamg‘argan mablag‘im esa uy sotib olishga yetmasligini aytdim. Do‘stim kulib, bosh chayqadi, Boyqaro aka, sizning pulingiz yetmasligini juda yaxshi bilaman, lekin sizda pulga topilmaydigan sofdillik, to‘g‘rilik, odamgarchilik bor. Men ham qadrdon go‘shamni sizdek inson oilasiga qoldirishni xohladim, har zamonda kelsam, uyga kiritsangiz bo‘lgani, dedi hazil aralash. Qarabsanki, biz uyli bo‘ldik. Hozirgi yashayotgan mana shu hovlimiz do‘stimning bizga qoldirgan tuhfasi bo‘ladi.

Bobom biroz tin oldi-da, “Qancha insonlarni yurtidan mosuvo qilib vatangado qilgan, qancha musibat va kulfatlarni boshiga solgan, shirin hayotimizni zahar-zaqqumga aylantirgan, el orasida yomonotliqqa chiqargan hukumatdan nafaqa tugul, bittanga ham olmasligimning asl sababi mana shu”, dedi. 

U kishi 1981 yilning 7 fevral tongida 97 yoshida vafot etdi. 

Oradan o‘n yil o‘tib, yurtimiz mustaqillikka erishdi. Ozodlik e’lon qilingan kuni bobomni eslab yum-yum yig‘ladim, farzandlarim bilan ularning qabrini ziyorat qildim, siz ko‘rmagan ozodlikni men ko‘rdim, armonlaringiz bu kun ushaldi, bobojon, siz orzu qilgan ozod va erkin Vatanda endi biz, sizning nevara va chevaralaringiz, hayotingiz davomchilari, siz kabi yurt mustaqilligini ko‘rishga intizor o‘tgan insonlarning farzandlari yashaymiz. Endi ruhingiz shod, tinch va osoyishta bo‘lsin, bobojon, deyman…

 

Komila RAHMON

 


Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 3 =